Navbahorni yetaklab, Navro‘z keldi yurtimga!
Bunyodkorlik va yaratuvchanlikni, mehr-muruvvat va hamjihatlikni, bir so‘z bilan aytganda, butun borliq, zaminni uyg‘otuvchi suyukli ayyom — Navro‘zni mana necha asrdirki xalqimiz orziqib kutadi. Turli nizo va adovatlarni unuttirguvchi, qalblarda mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, hamjihatlik, saxovat kabi insoniy tuyg‘ularni jo‘sh urdiruvchi ushbu ayyom ayni kunlarda yurtimizning har bir go‘shasida, hatto chekka ovulu qishloqlarigacha keng nishonlanayapti. Kunni tunga ulagan ko‘klam sadolari Navro‘z sayllari boshlanganidan darak bersa, qadrdonlar bir-birini bag‘riga bosib, samimiy qutlovlar, ezgu tilaklar bildirishadi.
Keksalari duosidan panoh tilagan, osmoni musaffo yurtda istiqomat qilayotgan har bir inson borki, yuzida shukronalik hissi ufurib turibdi. Saylgohlarni aylanar ekanmiz, xalqimizga mana shunday otameros ayyomlar yarashadi aslida, degan o‘y beixtiyor dilimizdan tilimizga ko‘chadi.
— Navro‘z shunday bayramki, unda bugun bilan o‘tmish bog‘lanadi go‘yo. Navro‘z onlarida ota-bobolarimizdan meros boy madaniyatimiz, betakror qadriyatlarimiz namunalari bir butun bo‘lib gavdalanadi ko‘z o‘ngimizda, — deydi tarix fanlari doktori, etnograf olim Adham Ashirov. — Poytaxtimiz va barcha viloyatlarda o‘tkazilayotgan bayram sayllari ham ayni shu maqsadga xizmat qilayotir. Bu kabi sayllar yurtdoshlarimiz qalbida jo‘shqinlik, yaratish, yangilanishga bo‘lgan maqsad va istaklarni jo‘sh urdirishi aniq. Qolaversa, yoshlarimizga ham milliy qadriyat va an’analarimiz tub mohiyatini anglab yetish, boqiy merosimizni asrash va hurmat qilish singari bir qator insoniy tuyg‘ularni tarbiyalaydi.
Dorbozlar, qiziqchilar, xalq teatri vakillari, askiyachilar, badiiy havaskorlik jamoalari, folklor-etnografik ansambllar, tsirk artistlari, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarining chiqishlari tashkil etilgan bayram sayllariga o‘zgacha shukuh bag‘ishlayapti.
— Prezidentimiz qarori bilan Navro‘z bayramining har bir mahalla va qishloqda sayl sifatida keng nishonlanishi biz kabi barcha hamyurtlarimizni quvontirdi, deb o‘ylayman. Mana yonginamizdagi o‘afur o‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida ham bayram avjida, — deydi nevaralarini yetaklagancha saylga yo‘l olgan vodiylik yurtdoshimiz Inoyat aya Mansurova. — Erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari mahallamizdagi barcha xonadon a’zolarini shu go‘zal bog‘ sari chorladi. Mana qarang, yoshu qarini birdek to‘lqinlantirib qalb qo‘rida bayramona baxtiyorlik tuyg‘ularini uyg‘otgan ayyom shukuhini ularning yuzidagi sevinch, ko‘tarinki kayfiyatidan bilsangiz ham bo‘ladi.
“Ilik uzar” pallada sal kam bir kechayu bir kunduz tayyorlangan halim, doshqozonlarda qaynayverib, darmonga to‘yingan sumalak, ayni qishda suvga to‘yingan ko‘katlar hamda yalpizdan tayyorlangan somsa, chuchvara, manti, o‘rama, varaqi va qatlamalar bugun bayram dasturxonining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Bahor faslidagi bu kabi taomlar shinavanda xalqimizning har bir vakiliga yoqishi tabiiy.
— Navro‘z kunlarida barcha qishloqdoshlarimiz qatorida bizning oila a’zolarimiz ham bayram sayllari tashkil etilgan qiru-adirlarga shoshilishdi. Ko‘pkari, kurash, arqon tortish kabi xalq o‘yinlarimiz lapar aytishuvlaru folklor ansambllarining chiqishlari san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi, — deya bir olam quvonch bilan o‘z taacsurotlarini o‘rtoqlashdi surxondaryolik yurtdoshimiz Muqaddas Hamidova. — Dugonalarim bilan gulchambarlar yasab, boshimizga ildik. Qoshimizga o‘sma qo‘yib, birga qo‘shiqlar kuyladik. Momolarimiz tomonidan pishirilgan sumalagu halimlar, yangi kelinchaklarimiz tomonidan tayyorlangan ko‘k somsayu varaqilar esa raqsdan biroz horigan jismimizga oro bo‘ldi. Navro‘z sayli hammani birdek xushnud etmoqda.
Bayramni shodu xurramlik bilan qarshi olgan xalqimiz, ayniqsa, yoshi keksa otaxonlarimiz yaxshi niyatlar bilan ko‘chat o‘tqazish ishlarida o‘zlari bosh-qosh bo‘lishdi.
— E’tibor bersangiz, Navro‘zda mahalla-ko‘y, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy birdamlik yorqin namoyon bo‘ladi, — deydi navoiylik 80 yoshni qarshilagan Ahmadjon ota Fayziev. — Ish, turmush tashvishlaridan ortmay, qo‘li qo‘liga tegmay o‘tayotgan mahalladoshlarimiz Navro‘z bahona diydorlashib, dildan suhbat qurishdi. Nevaralarimiz bilan yerga yangi nihollar o‘tqazdik. Kelinlarimiz rang-barang gullar ekishdi. Ana shunday insoniy rishtalarni yanada mustahkamlayotgan, birdamlik hissini orttirayotgan milliy bayramlarimiz bor bo‘lsin! Tinchlik-omonligimiz abadiy bo‘lib, yurtimizga aslo ko‘z tegmasin!
Yuqoridagi yurtdoshlarimizning dil so‘zlaridan ham bilsak bo‘ladiki, Navro‘z ayyomi tabiat bilan birga ruhiyatimizga-da yangilanish olib kiradi. Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilayotgan bayram sayllari taassurotlari esa har bir qalbda bir umrga muhrlanajak. Zero, tinch va osoyishta yurtga yarashiqli sayllar barchamizga mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, birdamlik va ahillik tuyg‘ularini qon-qonimizga-da singdirishga qodir. Bayram tomoshalarini ko‘rib, uy-uyiga tarqalayotgan kishilar qalbini o‘zgacha kayfiyat — shu kunlarga yetkazgani uchun shukronalik hissi chulg‘ab olganining guvohi bo‘ldik. Xalqimizni ana shunday ko‘tarinkilik, shodumonlik aslo tark etmasin deymiz. Shoir bobomiz ta’biri bilan aytsak, har kuning Navro‘z bo‘laversin, O‘zbekistonim!
Go‘zal MALIKOVA,
“Nurriyat” muxbiri