Ellik yillik do‘st

Shomuhitdin Mansurov bilan 1966 yilda, u Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qiyotgan kezlari tanishgan edim. Biz universitetga endigina kirgan g‘o‘r talabamiz, ular bo‘lsa, madrasa tuprog‘ini bir yildan beri yalayotganlari uchun bizdan tajribaliroq. Hali yuqori kursdagilar u yoqda tursin, kursdoshlarimiz bilan ham tuzukroq tanishib ulgurmay, paxtaga safarbar qilinganmiz.

 

Bizni Jizzaxga jo‘natishdi. Birinchi va ikkinchi kurs talabalarini hayhotday dalaning o‘rtasida qo‘qqaygan bir omborga tiqishdi. Barak ichiga taxtadan ikki qavat so‘ri ko‘tarilib, uchdan ikki qismi o‘rtasidan kanop shol tortilgan. Filologiya fakultetida, odatda, qizlar ko‘proq. Shuning uchun barakning katta qismi ularga tegishli bo‘lardi. Paxta kampaniyasi talabalar uchun bir musofirlik. Musofirlikda, ayniqsa, mashaqqat tortganda kimning kimligi tezroq bilinadi. Birov oqko‘ngil, boshqasi sal mundayroq, kimdir mehnatsevar, kimdir tanbal va hokazo. Turli viloyatlardan kelgan yigit-qizlar tezda til topishib, do‘st bo‘lib ketishdi. Tongdan shomgacha paxta dalasida “javlon uramiz”. Qorong‘i tushganda burnimizdan tortsa, yiqilgudek bo‘lib, horib-charchab qaytamiz. Lekin yoshlik ekan-da, allaqaerdan kuch keladi, tashqarida gulxan yoqib, ashula aytamiz, raqsga tushamiz, she’rxonlik qilamiz. Oramizda shoirlar bor ekan, mashqlarini o‘qib, qizlar oldida o‘zlarini ko‘z-ko‘z qiladi. Bir payt kursdoshlarimizdan xorazmlik Qodir degan yigit o‘rtaga chiqib, qizlarga yuzlanib, she’r o‘qiy ketdi. 

Yuzingiz to‘la hasrat,

Boqdingiz, malaklarim!

Na qilay, uzdim faqat,

Ezildi yuraklarim…

So‘nggi satrlarni o‘qir ekan, Qodirning qo‘li tomog‘iga uzandi, bo‘yin tomirlarini paypasladi, ko‘zlaridan potirlab yosh quyila boshladi. (Keyin bilsak, uning bo‘ynida ko‘z yoshi oqizadigan bir tomir bor ekan, u g‘amgin she’r o‘qiganida shu tomirni harakatga keltirib, ashk to‘kar ekan. Tibbiyot buni qanday izohlaydi – bilmadim, lekin bu haqiqatda bo‘lgan gap, kursdoshlarimiz buning guvohi). Barcha ma’yus tortdi, qizlarning ko‘zida yosh aylandi. Qodir she’rni o‘qib bo‘lgach, o‘rtada mag‘rur turaverdi. Birdan gulduros qarsaklar yangradi, ayniqsa, qizlar bor kuchi bilan chapak chalardi. Bunday ta’sirchan she’r yozadigan shoir birinchi kurslarni qo‘yavering, ikkinchi kurslar orasida ham yo‘q ekan. Qodir birdaniga mashhur bo‘ldi-qo‘ydi. Bir kursdoshimiz mahzunlikni oradan ko‘tarish maqsadida bo‘lsa kerak, rubobda “Tanovar”ni boshlab yubordi, yigit-qizlar birpasda g‘amni unutib, o‘yinga tushib ketishdi.

O‘yin-kulgi bitdi, hamma tarqaldi. Shu payt ikkinchi kursda o‘qiydigan jingalak soch yigit yonimga keldi.

— Siz xorazmliksiz-a? — dedi u kulimsirab va qo‘l uzatib, ilova qildi: — Ismim Shomuhitdin.

Qo‘l siqisharkanmiz, men ham ismimni aytdim.

— Sizni taniyman, — dedi u. – Axir, paxtani hammadan ko‘p terayotgan siz-ku? Sizni deb biz gap eshitayapmiz, “to‘rttangiz bir bo‘lib shu bolacha paxta terolmaysiz” deb domlamiz bizni urishgani-urishgan.

— Bolalikdan paxtaning ichida o‘sganmiz, sizlar endi shahar bolasi, paxtani ko‘rmagansizlar, — dedim xijolat tortib.

— Ha, mayli. Sizga boshqa gap aytmoqchi edim. Bu Qodir og‘ayningizga aytib qo‘ying, birovning she’rini o‘ziniki deb o‘qimasin, uyat bo‘ladi.

— Kimnikini o‘qibdi?

— Oybekning she’rini o‘ziniki deb o‘qidi.

— Hali bu she’r…

— Shunday, men arxivdan olib o‘qib, ko‘chirib olgandim. Kitoblarida berilmagan, badbinlik ruhida deyishgan. “Chechaklar terganda” deb nomlangan bu she’rini Oybek 1926 yilda yozgan. Buni ko‘p odam, hatto kursdoshlarimiz ham bilmaydi. 30-yillarda bunaqa she’r yozganlar u yoqda tursin, o‘qiganlarni ham qatag‘on qilishgan. Bu gap ikkimizning o‘rtamizda qolsin, hali siz bilmaysiz, domlalar orasida ham har xil talqin qiluvchilar bor, yana ikkovimiz ham baloga qolib o‘tirmaylik. Yaxshiyamki, bugungi oqshomda domlalarimiz yo‘q.

Qodirga sekingina masalani tushuntirdim, qattiq uyaldi, qaytib bu ishni qilmadi (she’rlarni juda qiroat bilan o‘qiydigan bu do‘stimizning umri qisqa ekan, yosh vafot etib ketdi, Alloh rahmat qilsin). Ammo Shomuhitdin bilan suhbat meni o‘yga soldi. Oybekning, hatto muxlislarining ta’qib qilingani meni o‘ylantirib qo‘ydi. Hayotda quvonch ham bor, g‘am ham bor. Shoir unisini ham, bunisini ham qalamga olishi mumkin emasmi, gap nimani qalamga olish emas, qanday ma’no chiqarishda emasmi? Bu jumboq ustida anchagacha bosh qotirdim. Javobini yuqori kursga o‘tganimizdan keyin Ozod Sharafiddinov, Norboy Xudoyberganov, Umarali Normatov singari ustozlarimizning saboqlaridan topdim. Mustamlaka sirtmog‘i ostida ezilgan elining hasratida Oybekning jigar-bag‘ri ezilgan, bu va shunga o‘xshash she’rlari bilan xalqimizning ko‘zini ochmoqchi bo‘lgan, shu bois shoir qizil imperiya ta’qiblariga duchor bo‘lgan. Lekin hatto, biz o‘qigan 60-yillarda ham bu gaplarni ochiq aytib bo‘lmasdi. Domlalarimiz ko‘pincha pardali qilib gapirishar, milliy ruhda yozilgan asarlar qatida pinhon ma’nolarni anglashga o‘rgatishardi. Filologiya fakulteti haqiqiy demokratiya maktabi edi. Talabalar konferentsiyalarida, yozuvchi, shoirlarning yangi kitobi chiqishi munosabati bilan o‘tkaziladigan muhokamalarda erkin fikr ruhi hukm surardi. Yosh Abdulla Oripov, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Rauf Parfi va boshqa iste’dodli adiblarning birinchi va keyingi kitoblari birinchi marta ayni shu fakultetning talabchan talabalari muhokamasidan o‘tgan. Bu yig‘ilishlarda Shomuhitdin ham so‘zga chiqar, dadil fikrlarni o‘rtaga tashlar edi.

Ozod muallim erkin fikrni qo‘llab-quvvatlar, hur fikrga qarshi bo‘lgan ayrim “qizil” domlalarning yoshlarni g‘ajib tashlashiga yo‘l qo‘ymas edi. Bu gap kafedra yig‘ilishlariga ham taalluqli. Bunday yig‘ilishlarda “qizil” domlalar hur fikrli yosh domlalarni chaynashga uringan hollar bo‘lardi. Yosh o‘qituvchilar bilan munosabati qandayligidan, hatto ayrimlarini yoqtirmasligidan qat’i nazar, Ozod aka ularni qattiq turib himoya qilardi. Chunki u iste’dodlarni qadrlardi, adolat, haqiqat uning mezoni edi. Kafedra yig‘ilishlarida o‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov kabi domlalarimiz uni qo‘llab-quvvatlagani haqidagi shov-shuvlar darhol talabalarning qulog‘iga yetib kelardi. Shu bois yosh domlalar ham, biz ham Ozod akani yaxshi ko‘rardik. 

Shomuhitdin bilan shu yerda, erkinlik, hurlik dargohida tahsil oldik, tarbiya topdik. Xullas, yuqorida tilga olingan oqshomgi suhbatimizdan keyin u bilan oramizda do‘stlik paydo bo‘ldi. Uning boshqalar bilmagan manbalarni topib o‘qishi, erkin fikrlashi menga o‘rnak edi. Goh-goh uchrashib, o‘qigan kitoblarimizni muhokama qiladigan, “shakkokona” fikrlarimizni o‘rtoqlashadigan bo‘ldik. Bu do‘stligimiz uning vafotigacha qariyb ellik yil davom etdi.

Shomuhitdin universitetni tamomlaganidan keyin bir yilcha “Kino” jurnalida ishladi, keyin “O‘zbekiston” nashriyotiga muharrir bo‘lib o‘tdi. Shu-shu, uning butun umri kitob bilan bog‘liq holda kechdi. Bu otaxon nashriyotda u bilan bilimdon va mehribon, keragida qattiqqo‘l Naim o‘oyibov rahbarligida o‘n yil birga ishladik. “O‘zbekiston” nashriyotida kitoblar nashri, xususan, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashri alohida mas’uliyat talab qiladi. Umuman, nashriyot muharrirligi – g‘oyat mashaqqatli, keng va chuqur ilm talab qiladigan kasb. Muharrir muallifning qo‘lyozmasi saviyasini baholay olishi uchun kamida u darajasida ilmli bo‘lishi kerak. Shomuhitdin, dissertatsiya yoqlamagan bo‘lsa-da, bir olimchalik ilmli edi. U avvaliga ijtimoiy-iqtisodiy adabiyotlar bo‘limida muharrir bo‘ldi, bu yerda u o‘zini o‘sha soha mutaxassislari bilan bemalol bellasha oladigan mutaxassis sifatida ko‘rsatdi. Nashriyot jamoasi uni bilimi uchungina emas, odamgarchiligi, jonkuyarligi, o‘zgalardan yordamini darig‘ tutmaydigan inson bo‘lgani uchun ham yaxshi ko‘rardi.

Bir gal ish og‘ir kechib, tonggi soat to‘rt yarimgacha bosmaxonada qolib ketdik. Ishni tugatgach, yelkamizdan tog‘ ag‘darilganday bo‘lib, tashqariga chiqdik. O‘larday charchaganmiz. Erta bahor edi, izg‘irin a’zoyi badanimizni muzlatyapti, boz ustiga och qorin ham quldiraydi. Qarasak, direktor o‘rinbosarimiz bizni uyga eltishi kerak bo‘lgan navbatchi mashinani jo‘natib yuboribdi. Bu vaqtda Navoiy ko‘chasidan na taksi o‘tadi, na yo‘lovchi mashina. Shomuhitdinning uyi nisbatan yaqinroq, yayov ketsa ham bo‘ladi, men shahar chekkasida yashayman, piyoda yetib bo‘lmaydi. Yangi chiqqan risolani respublika ahliga xabar berishi uchun televideniega eltib berish kerak. “Mashina topib, sizni jo‘natsam bo‘ldi, kitobni televideniega o‘zim tashlab ketaman”, dedi u tishlari takillab. Shu holda ham, o‘zini emas, meni o‘ylaganini hech unutmasam kerak. Oxiri, bir mashina ko‘chaga suv sepib kelaverdi, oldiga chiqib to‘xtatdik. Tabiiyki, shofyor o‘z vazifasini bajarishi kerak bo‘lgani uchun, oyoq tiradi. “Besh so‘m beraman”, desam ham ko‘nmadi. Qo‘l siltab ketayotsam, Shomuhitdin “Birpas to‘xtab turing”, dedi. Shofyor bilan biroz gaplashdi, keyin menga kabinani ko‘rsatib, “Chiqing”, dedi. Shu tariqa Qorasuvga yetib oldim, pul uzatsam, shofyor olmadi. “Og‘ayningiz berdi”, dedi u. “Qancha berdi?” (Bilishim, qaytarishim kerak-da). “O‘n so‘m”. Bu masofaga taksi bir yarim-ikki so‘m olardi. O‘n so‘m katta pul, bu pulga o‘n besh kun tushlik qilish mumkin edi. Ertasiga do‘stimning xonasiga kirdim. Horib-charchagani yuz-ko‘zidan bilinib turgan bo‘lsa-da, har doimgiday yuzlaridan nur yog‘ilib kutib oldi. “Ja-a Hotami Toy bo‘lib ketibsizmi, nega muncha ko‘p pul berdingiz, nima balo Qorunmisiz?” – dedim. “Og‘aynilar uchun bor paytda Qorunmiz, yo‘q vaqtda qashshoq Afandimiz. Yaxshiyamki, cho‘ntakda bor ekan, berdik, sovqotmaslik uchun Afandiga o‘xshab tonggacha yugurib chiqishingizga yuragim chidamadi”, dedi u kulib. “Maoshgacha uch kun bor, pulingiz bormi? Yo‘q bo‘lsa, yarmini olib turing, yarmini o‘shanda olasiz”. U kuldi-da: “Bermasangiz ham bo‘ladi, lekin o‘zingizga yetarli bo‘lsa, mayliga, bo‘lmasa, bir amallarman”, dedi. Xullas, qarzni maosh olgan kuni to‘liq uzdim. Do‘stimning jo‘mardligiga yana bir marta qoyil qoldim. 

Shomuhitdin hazil-huzulni yaxshi ko‘rar, yaqin do‘stlari davrasida hazillashib so‘zlashar, o‘zi ham hazilni ko‘tarar edi. 

Undagi kamtarlik, odob farzandlariga ham o‘tdi. Shomuhitdin mehribon va talabchan ota edi. Ko‘p yillar davomida maktabda nemis tilidan dars bergan mehribon rafiqasi Ohista xonim bilan o‘g‘il-qizlarini solih farzand qilib tarbiyaladi. Shahriyor yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishdi, xalqqa xizmat qilmoqda. Qizi Shahnoza otasining izidan borib, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida ishlayapti. Umuman, Shomuhitdinning oilasini noshirlar oilasi, desa bo‘ladi. Opasi Xolida Mansurova ham uzoq yillar o‘afur o‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining yetakchi, bilimdon muharrirlaridan edi. 

Shomuhitdin respublikamizning atoqli noshirlaridan biri edi. Istiqloldan keyin u davlatimiz siyosatini xalqqa yetkazuvchi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy kitoblar, kishilarimiz ma’naviyatini boyitishga hissa qo‘shuvchi adabiy-badiiy, ma’rifiy adabiyotlar nashr etishga katta hissa qo‘shdi. Yangi davlat, yangi jamiyat qurish barcha soha vakillaridan fidoyilarcha mehnat qilishni taqozo qiladi. Shomuhitdin bu mas’uliyatni yurakdan his qildi, jonini, jahonini shu ishga bag‘ishladi. U chop etishga yo‘llanma bergan minglab kitoblar bugun ilmga, ma’rifatga xizmat qilmoqda.  Bugina emas, u yaxshi tarjimon sifatida Yavdat Ilyosovning asarlarini, Kuba yozuvchilari hikoyalarini, Yangi Zelandiya ertaklarini rus tilidan o‘zbekchaga mahorat bilan o‘girdi. Buning ustiga kitob va risolalar ham yozdi.

U kitobni qadrlaydigan inson edi. Kitob yozgan kishini ham, noshirni ham yaxshilik farishtasiga o‘xshatar, hazillashib “bularning ichiga bizni qo‘shishsa, katta baxt” deb qo‘yardi. Farishtasifat Shomuhitdin do‘stimning umri kitob, ma’rifat tarqatish, ya’ni ezgulik bilan o‘tdi. U  yaxshi inson, professional noshir, mohir tarjimon sifatida qalbimiz to‘rida yashamoqda. 

Boboxon SHARIF

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − five =