Sarhad bilmas illat
Keyingi yillarda odam savdosi eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Sarhad bilmas bu jirkanch illatning ildizini yo‘q qilish jahon hamjamiyatining eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘TKINCHI HAVASLAR QURBONI
Ruqiya opaning ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmaydi. O‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Erta-indin hovlisida to‘y bo‘lsa-yu, kuyovdan darak yo‘q. Yuragi besaranjom. To‘yga barcha narsa taxt. O‘g‘li paydar-pay pul jo‘natib turdi. U esa bozordan kelmadi. Bir to‘y qilayki, yetti mahallaga ovoza bo‘lsin deya, nafsi orom topadi uning. O‘zi ham tinmadi, bolasini ham tindirmadi.
So‘nggi bor gaplashganda: «Biz ishlayotgan firma bankrot bo‘pti, shunga boshqa ishga o‘tmoqchiman, ikki-uch oy bo‘lsa ham ishlaymikin-a? Harna-da», dedi o‘g‘li, oxirgi so‘zini ichiga yutib.
— Hali kam-ko‘stlar bor, mayli, — dedi ona. «Notanish odamlar bo‘lsa, tavakkal qilmay kelaver», demadi. Tinchgina shu yerda ishlab yurgan yigitni onaning hoyu havaslari «uzoqning bug‘doyi»ga oshiqtirdi. Bir haftadan keyin uning orzusidagi to‘y bo‘lishi kerak, ammo butun oila intiqlik, xavotir bilan telefonga quloq tutib turibdi.
Kutilgan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, ammo ming afsuski, go‘shakdan najotkor ovoz emas, ayanchli hayqiriq yangradi. Navjuvon yigit ish izlab, odamfurushlar to‘riga ilingan, tutqunlikda gazdan zaharlanib, vafot etgandi.
…To‘yxonani onaning yuraklarni o‘rtovchi o‘tli nolasi bosib ketdi. Kuyovning musofirchilikda ming mashaqqat bilan topgan pullariga kelgan sarpolari tobut ustini yopdi. Bo‘lajak kelinchakning faryodi, onaning ohu nolasi bilan qo‘shilib, butun bir qishloqni yig‘latdi. «Orzumand» ona o‘zi istaganidek, elga ovoza bo‘ldi…
JABRDIYDALIK SABABLARI
Yigit onasining o‘tkinchi havaslari yetovida odamfurushlarning qurboniga aylandi. Nega ko‘pchilik bila turib shu ko‘rgiliklarni o‘ziga «sotib» olayapti? Odam savdosi jinoyatlari sarhad oshib, qanchalab oilalarga g‘am-tashvish keltirayotganining sababi nimada?
Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, yurtdoshlarimizning ushbu jinoyat qurboniga aylanishining bir necha sabablari bor: odamlarning soddaligi va ishonuvchanligi; qisqa vaqt ichida moddiy muammolarni hal etish ilinji; yengil ish, mo‘may daromad topish orzusi; to‘y-hashamlar uchun ortiqcha xarajatlar; huquqiy bilimlarga ega bo‘lmaslik; ayrim nopok hamyurtlarimizning g‘ayriinsoniy va g‘ayriqonuniy harakatlari; jinoyatdan jabrlanganlarning tor dunyoqarashi yetarli darajada ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormaslik.
OG‘RIQLI RAQAMLAR
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, odam savdosi hozir 150 dan ortiq mamlakatni bamisoli o‘rgimchak to‘ridek o‘rab olgan.
Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashuvchi tashkilotning so‘nggi hisobotiga ko‘ra qariyb 35,8 million erkak, ayollar va bolalar mehnat va jinsiy zo‘ravonlikning qurboniga aylangan. Ayniqsa, jahonning olovli nuqtalaridagi qirg‘inbarotlar millionlab oilalarning tinch boshpana istagidagi sarsongarchiliklari xalqaro terrorizm, migratsiya odamfurushlarning savdosini avj oldirdi. Bu borada Nepal, Sudan, BAA, Hindiston, Gabon, Gaiti kabi davlatlarda eng og‘ir holatlar kuzatilmoqda. Xalqaro Bloomberg nashrida yozilishicha, BMT qo‘liga «Islom davlati» jangarilarining «Qul bolalar narxi» qog‘ozi kelib tushgan. BMTning yuqori lavozimli vakilining xabar berishicha, «qizlar barrel neft narxida sotilmoqda. Bir qiz turli erkaklarga besh-olti marta sotilishi mumkin».
Har yili yer yuzida 5 milliondan ortiq katta yoshdagi kishi o‘z xohishlariga qarshi ushlanadi, sotiladi, sotib olinadi. Odam savdosi tufayli har yili 10 milliondan ortiq bola qullikka giriftor bo‘lmoqda. Tahlilchilarning fikricha, har yili o‘rtacha 3 millionga yaqin ayol qul sifatida sotiladi.
Odam savdosi transmilliy ko‘rinish olib, bu illatdan biror davlat chetda qolayotgani yo‘q. So‘nggi paytlarda yurtimizdagi ayrim soxta ishbilarmonlar o‘zgalar ishonchiga kirib, ularni pinhona kelishuv asosida chet ellarda ishlashga taklif qilgan. Aslida bu og‘zaki bitimlarning aksariyati quruq va’dalar va g‘irt yolg‘ondan iborat ekanligi isbotlanayapti.
INSON MANFAATLARI — OLIY QADRIYAT
Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda normativ-huquqiy baza shakllantirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 60 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan va BMT tomonidan mazkur sohada qabul qilingan 6 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylangan. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan 29 ta shartnoma va kelishuv imzolangan.
2008 yili 8 iyulda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Mehnat vazirligi huzurida komissiyaning ushbu jinoyat jabrdiydalariga tezkor psixologik, tibbiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatadigan, ularning qarindoshlari bilan muloqot o‘rnatishiga, ijtimoiy huquqlari tiklanishiga ko‘maklashadigan 30 o‘rinli Respublika reabilitatsiya markazi ochildi. Shuningdek, sohaga daxldor qator dasturiy rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Bu esa mamlakatimizda inson huquqi va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganining amaliy isbotidir.
Bugun elat va hudud tanlamayotgan terrorizm, giyohvandlik kabi tinchlik va osoyishtalikka tahdid solayotgan odam savdosiga qarshi keng jamoatchilik kurashmog‘i kerak.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joylarda komissiyalar, hududiy davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirmasdan turib, bu sohada kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Misol uchun, hududdan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolarning aniq hisobini mahalla fuqarolar yig‘inlari yordamisiz yuritib bo‘lmaydi.
Yoki uzoq muddat xorijda bo‘lib qaytgan, odam savdosidan jabrlangan, deportatsiya bo‘lgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ishga joylashtirish masalalarini bir idora kuchi bilan hal etish mumkin emas. Bu masalalarni hal etish uchun ichki ishlar idoralari, tibbiyot muassasalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalliy hokimliklar va boshqa idoralar birgalikda ishlashi lozim.
Aholi orasida targ‘ibot va tashviqot, tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda «Mehnat yarmarkasi» tadbirlari, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har bir mahalla kesimida ommalashtirish lozim.
Nigora MANNOPOVA
Farg‘ona viloyati