Do‘stim yayrasin desangiz…
Hayotda dilining yayrashini, qalbining bir olam quvonchlarga limmo-lim to‘lishini istamaydigan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. Kamina ham yaqinda shunday ajib va zavqli tuyg‘ular og‘ushida qoldim. Buning sababi jurnalist To‘xtamurod Toshevning “Adolat” nashriyotida chop etilgan “Mehr qolur, muhabbat qolur” kitobi bo‘ldi. “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlidir” deganlaridek, kitobning ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning “elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q” degan so‘zlari-yu, hazrat tavalludining 500 yilligi bilan bog‘liq quyidagi ma’lumotdan boshlangani ayni muddao bo‘libdi.
“Ma’lumki, 1948 yili kechroq bo‘lsa ham buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi nishonlanadi. Sobiq ittifoqning barcha hududlaridan, Sharq mamlakatlaridan ko‘plab mehmonlar kelishadi. Yubiley tantanalaridan keyin mehmonlarga ziyofat berish odati bor edi. O‘sha davrlarda yozuvchilar uyushmasining raisi bo‘lgan Oybek tezlik bilan Kavardonga yetib kelib, do‘sti Omilboy Yoqubov (Omilboy Yoqubov o‘sha paytda Kavardondagi mashhur “Mehnat — birlik” xo‘jaligining raisi edi) bilan mehmonlarni qaerda, qanday kutib olishni maslahatlashdi. Omilboy Yoqubov do‘stiga qarab: “Siz xijolat chekmang. Biz mehmonlarni ko‘ngildagidek kutib olamiz” deydi. Shunday qilib Kavardonga tashrif buyurgan mehmonlar uchrashuvdan va mehmondorchilikdan mamnun bo‘lib qaytadilar …”.
Kitob muallifi Toshkentdan o‘ttiz chaqirim narida Chirchiq daryosining ajralib chiquvchi Qorasuv irmog‘i bilan Hamdam (davomi Parkent) kanali oralig‘ida o‘zi dunyoga kelgan ajib bir so‘lim go‘sha Kavardon qishlog‘ining tarixini ishonarli tarixiy dalillar asosida tasvir etadi. Qishloq ahlining Oybek, o‘afur o‘ulom kabi ulug‘ allomalar bilan Qorasuv daryosi bo‘ylarida hamsuhbat bo‘lganini maroq bilan hikoya qiladi.
Muallif kitobidagi “O‘zimizning o‘afur o‘ulom” o‘zbekning zabardast xalq shoiri ikki daryo oralig‘idagi so‘lim va go‘zal go‘sha Kavardon qishlog‘iga maftun bo‘lib yoz oylari hamkasb, ijodkor do‘stlari bilan shu yerda dam olib ijod qilganligi, keng bedazorlarda ot minib sayr qilib yurgani-yu gohida bedana ovida ishtirok etib bolalardek quvonib turganining ko‘p bor guvohi bo‘lgani, yonlariga chaqirib olib erkalab qo‘yishlarini hayajon bilan hikoya qiladi. Shu o‘rinda ulug‘ shoirning kavardonlik Po‘latxo‘ja buva bilan yaqin do‘st bo‘lganligi, buvaning hozir hayot bo‘lgan farzandlaridan yozib olingan yodnomalar ham o‘rin olganligini alohida qayd etib o‘tish kerak.
Kitobda e’tiborimizni “Yod aylang bu kamtarin Chustiyni” deb nomlangan xotira asar o‘ziga tortdi. U hech bir kishini aslo befarq qoldirmaydi. Kitobxon g‘azalnavis shoir Chustiy domlaning hali ham chop etilmagan asarlari bilan ham tanishadi.
Risola muallifining mohir jurnalist, taniqli yozuvchi va publitsist, yetuk tarjimon Sa’dulla Karomatov haqidagi badiasi ham mehr bilan qalamga olingan. “Oqshom nuri” badiasida qariyb qirq besh yillik ijod va izlanish yo‘llarini bosib o‘tgan, minglab xonadonlarning qalblariga ziyo taratgan, yozgan asarlari bilan kitobxonlar ko‘nglidan munosib o‘rin olgan Sa’dulla Karomatovning g‘oyat iste’dodli jurnalist, tug‘ma gazetachi, gazetani ipidan ignasigacha biladigan, voqealarni avvaldan his etadigan yirik qalam sohibi va mard, qo‘rqmas muharrir sifatidagi siymosi yorqin dalillar bilan hikoya qilingan. Risola muallifi “Toshkent oqshom”da ishlagan yillari, bu yerda orttirgan va umrbod do‘st bo‘lib qolgan hamkasblari haqida dil izhorlari bilan o‘rtoqlashgan.
Xalqimizda “Xotira uyg‘onsa go‘zaldir” degan yaxshi hikmatli ibora bor. Kitobga butun umrini ijod zahmatlariga bag‘ishlagan insonlar haqida badialar ham bisyor. Muallif o‘tgan asrning 80-yillarida yuksak iste’dod egasi, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bilan tanishib, aka-ukadek bo‘lib ketgani, bo‘sh qolgan chog‘larida Muhammadjon bilan adabiyot, san’at haqida soatlab gurunglashib o‘tirganini yodga oladi.
Risoladan o‘rin olgan “Javohirlar sandig‘i”, “Chinorga aylangan do‘stim”, “Sulola”, “Munavvar hayot” badialarini ham kitobxon sevib va zavq bilan mutolaa qiladi.
Muallifning akademik Erkin Shayxov, O‘zbekiston Qahramoni Masharip Quvoqov, betakror olim Begali Qosimov, qishloq xo‘jaligi ilmining bilimdoni o‘ulommahmud Abdullaev, el dardiga malham qo‘ygan shifokor Husan Abdullaev, huquqshunos Amrullo Rahmonov va Ibrohim Omon, taniqli shoir Muhammad Rahmon, shoir va yozuvchi Nosir Zohid to‘g‘risidagi bitiklar ilhom bilan qalamga olingan. “Mehr qolur, muhabbat qolur…” kitobidagi xotira-badialarni o‘qir ekansiz, beixtiyor ko‘ngilingizdan o‘tganlarning ruhini shod etib, tiriklarning hurmatini joyiga qo‘yish bilan birga, yoshlar qalbiga ota-bobolarimiz ibratli hayoti va mehnatining qadriga yetish ona vatanga, xalqimizga mehr-muhabbat, shu yurtga munosib farzand bo‘lishdek ezgu tuyg‘ular o‘tadi.
Solih YOQUBOV,
O‘zbekiston
Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan
madaniyat xodimi