El netib topgay biznikim…
El netib topkay menikim, men o‘zimni topmasam, deb yozganda Mir Alisher Navoiy hazratlari har bir inson avvalo o‘ziga yaxshilab boqmog‘i, o‘zligini anglamog‘i zarurligini ta’kidlaganlar.
Jurnalist xalqi shundayki, u atrofga hech qachon shunchaki nazar tashlamaydi, biror kamchilik-nuqsonni ko‘rsa, hadisda aytilganidek, “hech bo‘lmasa tili bilan” bartaraf etgisi keladi. Tili bilan aytmoqqa jur’ati yetmaganlarning dilida shu gap yo‘qligiga ishonish qiyin. Axir, jurnalistika fakultetlarida jamiyatga, atrof-javonibga loqaydlik bilan qarashni o‘rgatishmaydi, uning vazifasi ijtimoiy faollik, faol fuqarolik pozitsiyasida turish va el-yurt manfaatini hamisha himoya qilish ekani uqtiriladi.
Kimdir ish faoliyatida o‘z vazifasini, kasb burchini unutgan yoxud bunga chala-yarim amal qilayotgan bo‘lsa, bunga muayyan sabablar bo‘ladi. Yo uning o‘zi “och qornim — tinch qulog‘im” qabilida ma’naviy dangasalik-turg‘unlik xastaligiga chalingan, intilishi (rus tilida “tolk” deyishadimi?) yo‘q, yoki unda shunchaki ko‘zi o‘rganib qolgan nuqsonlarga beparvo qarash ko‘nikmasi shakllanib qolgan…
“Kirish”imiz cho‘zilib ketgani uchun siz, muhtaram o‘quvchidan uzr so‘ragan holda aytmoqchimizki, bugun jamiyatimizda hukm surayotgan ochiqlik, erkin fikrlilik, har bir masalaga tahliliy, kerak bo‘lsa, do‘stona tanqidiy yondashuv muhitida biz, ommaviy axborot vositalari vakillari ham faoliyatimizga ana shunday ruhda yondashmog‘imizni davrning o‘zi taqozo etayotir.
Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “So‘z mas’uliyati, grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat — jurnalist faoliyatining bosh mezoni” mavzuidagi davra suhbati ham ana shu maqsadda uyushtirildi.
“Jurnalistlar hamma narsani tanqid qilishga usta, qani, o‘zlarining sohasida ahvol qanday?” degan savol bugun berilmasa, erta-bir kun albatta o‘rtaga tashlanadi. Xo‘sh, ana shunda beradigan javobimiz qanday bo‘ladi? Biz zamon o‘zgarishlari, taraqqiyot, odamlar dunyoqarashidan ortda qolib ketmayapmizmi?
Bu savol mazkur tadbirga jam bo‘lgan barcha hamkasblarimizni bezovta qilib turganini ularning so‘zlaridan, qarashlaridan anglagandek bo‘ldik.
Davra suhbatida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Prezident devonining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ullari, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy va Jahon tillari universitetlari xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 iyunda O‘zbekiston Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida belgilangan vazifalar haqida so‘z bordi.
Ma’lumki, hozirgi kunda respublikamizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir sutka davomidagi umumiy efir vaqti 616 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, mustaqillikdan oldin bu raqam bor-yo‘g‘i 48 soatga teng edi, xolos. E’tiborga molik jihati shundaki, ommaviy axborot vositalarining tarkibi ham tubdan o‘zgarib bormoqda. Buni yurtimizdagi barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari ekani ham tasdiqlaydi. Bu haqda so‘z yuritganda, eng tezkor axborot vositasi — internet hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini qayd etish lozim. Hozirgi vaqtda global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshib ketgani, ularning aksariyati xorijiy tillarda faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda yangi ijodiy avlod — internet jurnalistlari shakllanib borayotgani e’tiborga sazovordir.
— Albatta, bunday natijalarga erishishda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalasi davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani hal qiluvchi rol o‘ynamoqda, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — Yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlarga javoban xolis va haqqoniy, yuksak mahorat va mas’uliyat bilan faoliyat olib borish har bir jurnalistning burchidir. Ammo keyingi paytda miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, shu asosda ommaviy axborot vositalarining haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib maydonga chiqishiga erishish, milliy media maydonda fikrlar va qarashlar rang-barangligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz. To‘g‘ri, keyingi vaqtda OAVda jonlanish, katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlangandek. Biroq hali oldimizda qilishimiz lozim bo‘lgan ishlar bisyor. Ayniqsa, hayotimizdagi mavjud muammolarni, joylarda tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonada aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish, jamiyatimizda tanqid va o‘zini o‘zi tanqid ruhini kuchaytirish, afsuski, ommaviy axborot vositalari faoliyatida hali to‘la o‘z ifodasini topgani yo‘q.
Anjumanda jurnalistlar oldiga byurokratizm, loqaydlik, tamagirlik, korruptsiya salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qo‘yilgani ham ta’kidlab o‘tildi. Bu kabi mavzular har bir ommaviy axborot vositasida yoritilishi kerakligi, jamiyatimizni bunday illatlardan butkul tozalash zarurligi, bunda biz, jurnalistlar vazifamiz ko‘lami katta ekanligi qayd etildi. Bu jarayonda bizdan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, o‘z so‘zimiz uchun mas’uliyat hissi, ayni vaqtda yuksak grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat ham talab etiladi, albatta. Ana shunday chiqishlarni yorita olgan tahririyat yoki jurnalistgina haqiqiy vatanparvar bo‘loladi.
Davra suhbatida “Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda OAVning vazifalari”, “OAVning haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib maydonga chiqishiga erishish, milliy media maydonimizda fikrlar va qarashlar rang-barangligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifa”, “Jurnalistika sohasining kadrlar salohiyatini mustahkamlash: amaliy tajribalar va istiqboldagi imkoniyatlar” mavzularida ma’ruzalar qilindi. Soha vakillari o‘zaro fikr almashib, bugun matbuotda kuzatilayotgan kamchiliklar, obuna masalalari, kadrlar tayyorlash masalasi kabi mavzularda bahs-munozara qildilar.
E.NISHONOV
tayyorladi.
SH.SHOXIDOYEV
olgan suratlar