Zomin tog‘laridan ruh, sharsharalaridan quvvat olib

Aytishlaricha, Jaloliddin Rumiyning hayotiga ustoz Tabriziy kirib kelguniga qadar mudarrislik qilgan ekan. Rumiydagi iste’dod, iqtidor bulog‘i ustozi Tabriziy sabab “ochilib”, dunyoga betakror ijodkor tanilgan deyishadi. Chindan ham, ba’zan insonning o‘zi nimalarga qodirligini, qalb bulog‘ida ko‘milib yotgan po‘rtanani bir umr anglamasligi mumkin. Ana shunday pallalarda bunday iste’dod chashmasini kimlardir topib, elning chanqog‘ini qondiradi. Qaysidir buloqlar esa changu to‘zonlar, hayotning taloto‘plari dastidan yopilib, yo‘qolib ketaveradi. Lekin odamzod har doim chanqoq, unga mudom musaffo, shirinsuvli buloqlar, kerak…

 

 Ayni shu ma’noda yurtimizda iste’dodlarni izlab topish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish borasida tinimsiz harakat va izlanishlar olib borilmoqda. Xalqimizning ko‘p ming yillik – ustoz-shogirdlik an’anasidan tashqari bu go‘zal odat hukumat doirasida ham e’tiborda, albatta. Bugungi kunda yoshlarga berilayotgan e’tibor o‘z mevasini bermoqda. Bir paytlar xalq ma’naviyatini uyg‘otish, madaniyati, urf-odati, o‘zligini saqlab qolish uchun jon berganlar avlodi bugun ana shu ma’naviyat bilan butun dunyoni o‘ziga rom etyapti. She’riyat, nasr, teatr san’ati, publitsistika, tarjima yo‘nalishlari orqali butun bir xalqlarning ko‘ngliga kirib boryapti. 5–7 iyul kunlari Yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin seminarida qatnashgan ishtirokchilar – bo‘lajak shoirlar, adiblar, dramaturglar, publitsistlar hamda tarjimashunoslarning ko‘nglida ham xalq mehrini qozonishdek ezgu tilak mujassam edi. Bir necha kundan buyon televidenie, internet orqali seminarning qanday kechganligini ko‘rib, guvoh bo‘layotganingiz aniq. Ekran orqali Zomin vohasining qaynoq yoz chillasida ham bahor nafasi kelib turgan go‘zal tabiati, liboslari kabi oppoq tuyg‘ularni his etayotgan yuzga yaqin ishtirokchi va ustozlar, ularning ko‘zidagi hayrat va ishonch allaqachon sizning ham xonadoningizga kirib borgan bo‘lsa, ajab emas. Biroq fotokameramizning ko‘zgusidan qochib qutulgan, yo tutilmay qolgan, yo bo‘lmasa sig‘maydigan tuyg‘ular, holatlar ko‘p bo‘ldiki, biz ularni ishtirokchilar tilidan yetkazishni niyat qildik. 

— Hayajonim seminarga qatnashishimni aytishgan chog‘dayoq boshlandi. Sevinchdan “Ukamning koptogiday sakrayverdim tinmayin”. Endigina ijodga kirib kelayotgan qizgina uchun bu hazilakam gap emas, axir. Mendan ijodkor chiqarmikan, yozganlarim biror nimaga arzirmakin o‘zi, haqqim bormikin bu qutlug‘ dargohga qadam bosgani deganga o‘xshash qiynoqli, ichki savollarga javob topishim mumkin edi Zominda. Agar ustozlar she’rlarim haqida yaxshi gap aytishsa, davom etaman, bo‘lmasa… Ana shunday xayollar bilan kiyimlarimni bir jomadon qildim-u, Andijonimning duosini olib, birinchi yig‘ilish manzilimiz – ijod ahlining orzusi – O‘zbekiston Yozuvchilarining “Do‘rmon” ijod uyiga qarab yo‘l oldim, — deydi Mohidil Abdullaeva. Aslini olganda, Mohidilning xayolidan o‘tgan o‘ylar yetmish ishtirokchining barisida ham bo‘lgan. Ishonch, ikkilanish, quvonch, hayajon, bir umr kitobini o‘qigan, ammo o‘zini faqat suratlarda, televizorda ko‘rgan sevimli ijodkorlari – pinhona ustozlarini ko‘rish, ulardan saboq olish haqidagi orziqish…  Ehhe, Do‘rmonga kelib erta tongga qadar ko‘z yumdirmagan nimadirlar shular bo‘lsa, ajabmas asli! 

Do‘rmon! Adabiyotimizning buyuk siymolari umri o‘tgan, eng buyuk asarlari yozilgan go‘sha bilan ilk tanishuv. Hammaslak, “hamkasb”lar bilan, ustozlar bilan ilk tanishuv. Ta’bir joiz bo‘lsa, ijodkor sifatida o‘zing bilan o‘zingning ilk tanishuving! Mushoira, samimiyat, qiziqishlar, olqishlar va so‘ng uyqu kelmagan uyquga yotish…

Avtobus yuqorilagani sari Zominning purviqor tog‘lari, go‘zal manzarasi, jildirabginamas, to‘lib-toshib oqayotgan, go‘yoki, biz qalbi qaynoq yoshlarning tashrifidan zavqlanib, o‘z tilida allanechuk chuldirayotgani, jilg‘alar xayolimizni olaverdi qayta-qayta. Kimdir bu go‘zallik hayratidan shu yerning o‘zidayoq she’r yozdi, kimdir ijod haqida yonidagi hamrohi bilan suhbatlashib ketdi, boshqa birov ustozlar gurungiga quloq tutdi. Biroq hammamiz ichu tashdagi olovdan qochib, yam-yashil archalaru, tip-tiniq soylar makoni, ertakdagi susambil – Zominga yetgimiz kelardi tezroq.  

“Zomin! Unda tabiatning tiniqligi, tongning beg‘uborligi bor. Bugun uning bag‘ri mustaqil mamlakatimizning baxti kulgan biz seminar qatnashchilariga, ko‘ngli sof, tuyg‘ulari beg‘ubor yoshlariga to‘ldi. Onamning o‘sma siqqan kaftlari singari yashillik qoplagan tog‘lar bizni g‘urur bilan hovuchida tutib turgandek, go‘yo. Yosh ijodkorlarning ko‘ksida ochilgan ijod bulog‘i “O‘riklisoy” sharqirog‘iga hamohang tarzda qo‘shilib jo‘shadi. Zomin surati hali oq qog‘ozlarda, qutlug‘ kelsin deya ilk qadamini bag‘riga avaylabgina bosayotgan qorako‘zlarda mangu qolajak!”

Zulxumor (Orifjonova)ning ko‘ngliga bo‘ylab ilg‘aganim, ko‘zlaridan payqaganim bu so‘zlarning bari chin. Chindan-da, “O‘riklisoy” ijodkorlarning ko‘ngliga qo‘shilib jo‘sh urardi. Bunda ijod ahlining ko‘ngli jilg‘adan, jilg‘a ko‘ngillardan nusxa ko‘chirdi. Haligina hayiqibroq turgan ishtirokchilar ko‘ngli ustozlar e’tibori, haqli e’tiroflaridan Zomin tog‘lariga bo‘ylashib o‘sdi! Ustozlar ijodlardagi yangilik, tashnalik, soflikni sezib Zomin yaylovlari qadar yashnab ketishdi…

Xonalarga joylashuv, biroz hordiq, kechki tanovvul va nihoyat, mushoira. Azaldan qonimizga qo‘shilib oqadi she’r. Ona allasi-la butun vujudimizga yoyilib ketgan ohang va she’rning sehri biz necha yoshga kirmaylik, qay sohada, qay yerda ishlab, yashamaylik,  o‘zini namoyon etaveradi. She’r o‘qilardi. Yo‘q, she’r emasdi bu, kuy bo‘lib quyilardi u dillarga. Haqiqiy sehr edi bu! Bunda jamlangan yuzlab jonni qaylargadir olib ketdi u o‘zi bilan! Ko‘ngilga shukrona, hayrat, hayajon va biz hali nomini bilmaydigan, so‘zlarga sig‘maydigan, faqat eshitganda, faqat his qilganda tuyuladigan alg‘ov-dalg‘ov tuyg‘u edi bu! Ana shundan so‘ng ko‘ngillardagi cho‘g‘ alanga oldi. Ketma-ket shoirlar, yosh ijodkorlar she’r o‘qiy boshlashdi. Osmonda kelinchakdek kun sayin to‘lib borayotgan oy, yoqimli, zarrin shamolda tebranayotgan daraxtlar, yaproqlar shiviri, musaffolik va davra o‘rtasida yonib-yondirib she’r, yo‘q, tuyg‘u aytayotgan shoir! Bari tabiiy, bari go‘zal. “Bu holatni qanday sharhlayman”, bilmaysan kishi! Dadaxon Muhammadiev, Begali Eshonqulov, Alisher Boymurodov, Ruxshona Ashurova, Nozima Habibullaeva, Gulyor Jumaniyozova, Shohinur Usmonova, Ro‘ziqul Ochilov kabi yosh ijodkorlar ovozi tabiat kuyiga qo‘shilib ketdi, go‘yo. Shu tariqa birinchi kunga ko‘ngil ohanglari bilan yakun yasaldi.

Seminarning asosiy — ikkinchi kunida ishtirokchilar she’riyat, nasr, adabiy tanqid, dramaturgiya, badiiy tarjima, badiiy publitsistika, bolalar adabiyoti kabi sho‘’balarga bo‘linishdi. Ijod namunlari taniqli ustozlar, ijodkorlar nazaridan o‘tkazildi. 

— Bu holat ayniqsa, juda qiziqarli kechdi. Tarjima shunday narsaki, uni his qilmasangiz, hech nima o‘xshamaydi. Ba’zi tarjima qilingan asarlar asliyatdagidan ko‘ra yaxshiroq chiqqanini bilamiz. Buning sababi salohiyat, bilim, so‘z, tuyg‘ular boyligida. Biz ana shunday darajaga yetishishimiz kerak. Seminar mashg‘ulotlarida bilim, tajriba, ko‘plab maslahat va tavsiyalar oldik. Biroq eng muhimi IShONCh oldik biz! Avvallari ovulimizdan oshmagan ovozimiz bugun butun respublikadagi tengdoshlar, ustozlar ko‘ngliga kirib bordi. Ular tomonidan munosib e’tirof etildi! Ana endi men tanlagan yo‘limning to‘g‘riligini, mashaqqati ortida rohati borligini, o‘quvchi mehrining qanchalik katta baxt ekanini angladim, his qildim! Ayni shu narsa kerak edi menga! Endi men, biz yo‘limizda ishonch bilan davom etamiz, – degandi suhbat davomida Xurshida (A’zamjonova). Bu qizning jurnalistika, tarjima bilan birga yana she’riyatga ham qiziqishi, undagi jo‘shqinlik, ro‘stgo‘ylik, mulohaza ayni paytda samimiy va soddalik o‘ziga rom etadi sizni. Bundagi har bir ishtirokchi shunday. Ishonavering! Chunki ularning yuragi buloqdek toza, tuyg‘ulari suvdek musaffo, so‘zlari  rost! Xudoyberdi To‘xtaboev, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, Mahmud Toir, Oydinniso, Abduqayum Yo‘ldoshev, Isajon Sulton, Shuhrat Rizaev, O‘ktam Mirzayor, Suvon Meli kabi ustozlar bilan uch kunlik qizg‘in va qiziq suhbatlar, yosh ijodkorlarning “bellashuvlari”, do‘stlashuvlari, Zomin sharsharasiga sayohat, jizzaxchasiga mehmondo‘stlik, samimiylik taassurotlari uzoq yillar saqlanib qoladi ko‘ngillarda. “Xalq ardog‘idagi ustozlar – Xalq shoirlari, Xalq yozuvchilari bilan ovuldosh bo‘lish qanchalar maroqli ekanini so‘z bilan aytib bo‘lmaydi. Erkin suhbat, tanqid, tahlil, hamda yangi ijodkorlarning kashf etilishi – bu Vatanda yana bir o‘ziga xos manzara va tasavvur desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundagi taassurotlarni hammasini aytishning iloji yo‘q. Faqat aytish mumkinki, Zomin tabiatini shartta ko‘tarib qog‘ozga ko‘chirib qo‘yging keladi… To‘g‘ri ko‘zlarga ko‘chirdik, endi bugunmi-ertami, albatta, qog‘ozga to‘kiladi. Xullas, Zomin Zomin-da!” Begali (Eshonqulov)ning aytganicha bor! Chindan ham Zomin seminari taassurotlari, so‘zlarga yuraklarga sig‘maydi! Ularni oppoq qog‘ozgina sig‘dira oladi faqat… Ijodkor uchun bundan oshiqroq nima kerak yana?! Kun adog‘ida ustozlardan eshitilgan fikrlar, tanqid va tavsiyalarga qo‘shilib, Prezidentimiz tomonidan har bir ishtirokchiga berilgan qimmatbaho sovg‘alar hammamiz uchun bir umr esda qolarli tuhfa bo‘ldi! Katta-kichikning yuzida bu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan suyunish, minnatdorlik tuyg‘ularini ko‘rish mumkin edi. Ana shunday yuksak tuyg‘ular bilan o‘tgan seminar Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim qilingan kitoblar, Jizzax viloyati hokimligining alohida sovg‘alari va ustozlarning oq fotihasi bilan yakunlandi. Yo‘q, adashdim, seminar tugagan bo‘lsa-da, barchasi endi boshlandi! Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qayta tiklangan Yosh ijodkorlarning Zomin seminari yangi iqtidorlarni, ijodkorlarni o‘z bag‘rida jam qilish bilan birga, Vatan farzandlarini bir-biriga tanitdi, ularni beg‘ubor do‘stlik, qadrdonlik iplari bilan bog‘ladi. Tog‘lari qadar yuksaklikni, yaylovlari kabi go‘zallik, musaffolik va boqiylikni ko‘nglimiz va ijodimizga joylab kuzatib qoldi Zomin! 

 

Qaytarkanmiz, nogoh sevimli shoir Asqad Muxtorning Jizzax cho‘llarida yo‘qolgan yulduzi haqidagi she’ri yodimga keldi. Ammo yo‘lga chiqqanimizdan buyon to‘xtamayotgan, go‘yo butun dunyoni she’rga do‘ndirmoqchidek berilib she’r aytayotgan, tinglayotgan yangi qadrdonlarimga qarar ekanman, Asqad Muxtorning Jizzax cho‘llarida yo‘qolgan bitta yulduzi Zomin bag‘rida ko‘payib, o‘nlab yulduzlarga evrilib qaytayotgandek tuyuldi menga… 

Feruza XAYRULLAYEVA,

Yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin 

seminari ishtirokchisi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 6 =