Jurnalist har joyda ham jurnalist

YUNESKO tomonidan o‘tkazilgan teleko‘rsatuvlar tayyorlashga oid seminar treningda jurnalistlarga mahorat darsi o‘tkazilib, unda BBS kanali mutaxassisi Jon Bell bilan soha faoliyatiga doir dolzarb masalalar haqida suhbatlashdik.

 

Jon Bell ko‘p yillardan buyon mazkur kompaniyada sayohatlar haqida materiallar tayyorlab kelayotgan tajribali jurnalist bo‘lishi bilan birga, yoshlarga saboq beruvchi mohir pedagog ham. Ilk savolimiz zamonaviy axborot texnologiyalari keng ommalashib borayotgan globallashuv jarayonida televidenie taraqqiyoti haqida bo‘ldi. 

 

— Men O‘zbekistonga to‘rtinchi bor kelishim. Bu safar ham kelishim bilanoq televizorni yoqib ko‘rsatuvlarni kuzatishga harakat qildim. Yil sayin telekanallar, xususan, ixtisoslashgan kanallar soni ortayotgani meni quvontirdi. Ayniqsa, yosh va iqtidorli jurnalistlarning ishtiyoq bilan ijod qilishayotgani diqqatga sazovordir. So‘nggi yillar soha rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlar samarasini berishiga ishonaman. Hozir odamlarning alohida vaqt ajratib televizor ko‘rishga vaqti yo‘q. Kelajakda tomoshabinlar o‘zlariga qulay vaqtda kerakli ko‘rsatuvlar to‘plamini tomosha qilish imkoniyati bo‘lgan televidenieni tanlashadi. Ana shu jihati bilan internetga joylashtirilgan ko‘rsatuvlarning samarasi bugungi kunda jahonda yuqori bo‘lmoqda. Shu bilan birga uch xil ko‘rinishda, ya’ni ko‘rsatuv, veb-sayt, blog shaklida material tayyorlanishi axboriy materialning auditoriya uchun qulay shaklda tarqatilishini ta’minlaydi. Masalan, dunyoda Youtube orqali joylashtirilgan qiziqarli loyihalarni bir kecha-kunduzda juda katta auditoriya tomosha qilishini aytish mumkin. Kamxarj, katta studiyalar talab etilmaydigan bunday dasturlarni hatto avtomashina ichida ham tasvirga olish variantlari bor. Kelajak televideniesini men blogerlar ijodi bilan bog‘layman. Bunda jurnalist, boshlovchi, tasvirchi, montajyor, chiroq ustasi kabi bir nechta mutaxassislar bajaradigan ishni bitta ijodkorning o‘zi amalga oshiradi. Tayyorlangan materiallar hajmi ham katta bo‘lmay, tomoshabinni zeriktirmaydigan qiziqarli shaklda beriladi. Bunday amaliyotni men o‘zbekistonlik yosh iqtidor vakillari ijodlarida ham kuzatdim. Afsuski, ular faqat o‘zbek tilida ekan. Agar o‘zbekistonlik blogerlar o‘z ishlarini ingliz yoki boshqa bir xorij tillarida ham tayyorlab, internetga joylashtirishsa bu ko‘rsatuvlarning samarasi ancha yuqori bo‘lib, moddiy manfaat ham keltiradi. Bu shakldagi material O‘zbekiston haqida tayyorlansa, xorijliklarning yurtingizga bo‘lgan qiziqishini oshirib, turizmni rivojlantiradi, bu esa iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir qiladi. 

— O‘zbekistonlik jurnalistlarning faoliyatiga ham to‘xtaldingiz, ularning ijodi, efirga berish shakli bo‘yicha qanday tavsiyalaringiz bor?

— Menimcha, tayyorlanayotgan axborot dasturlarida rasmiy uslub ustunlik qilmoqda. Mutaxassislarning respondentlardan intervyu olish mexanizmini biroz o‘zgartirib, rasmiy ma’lumot olish shaklidan ikki insonning samimiy suhbati tarziga o‘tish lozim. Oddiy tomoshabinni ana shunday samimiyat o‘ziga tortadi. Efirda ham mikrofon tutgan qo‘llarni ko‘rgandan ko‘ra, ikki insoning o‘zaro suhbatini tomosha qilish ma’qulroq, nazarimda. Respondent shunchaki ma’lumot berishi emas, balki hissiyotlarini ulashishi kerak. Hozir texnika keng taraqqiy etgan zamonda mikrofonlarning ko‘rinmaydigan shakllari ham ishlab chiqarilmoqda. O‘zim radioda ishlagan paytlarimda ham suhbatdoshimga mikrofonni ko‘rsatmay shunchaki oddiy «gaplashish»ni xush ko‘rardim. Turli davlatlarga borib, tasvirga olish ishlarida odamlarning samimiyatini aks ettirish uchun ko‘rinmaydigan kameralardan foydalanishni xush ko‘rardik. Jurnalistlar qaysi davlatga borishmasin, ularni oddiy aholi xorijlik sayyoh deb emas, aziz mehmon sifatida qabul qilishsa, tasvirga olish ishlari, tayyorlangan material ta’sirchanligi respondentlarning samimiyati bilan yuqori bo‘ladi. O‘zim rasmiyatchilikni yoqtirmayman, masalan, bo‘yinbog‘ taqishni xush ko‘rmayman. Seminarlar jarayonida ma’ruza qilishni emas, balki qiziqarli suhbat tarzida mashg‘ulot o‘tishni xush ko‘raman. 

— Siz tayyorlangan material ta’sirchanligi, uning iqtisodiy samaradorligi xususida so‘z yuritdingiz. Bu borada yurtingizda qanday ishlar amalga oshiriladi?

— Bugungi kunda barcha OAV o‘z auditoriyasini o‘rganish, tadqiq etishi davr talabiga aylangan. Jurnalist ijodkor bo‘lishi bilan birga marketing haqida ham o‘ylashi kerak. Reklamaga bugungi kunda san’at deb emas, balki ilm sifatida qarash lozim. O‘z auditoriyasini yaxshi bilgan jurnalist kim uchun yozayotganini biladi, uning qiziqishlari, talabini qondiradigan material tayyorlaydi. Aynan o‘sha auditoriya vakili uchun qulay bo‘lgan shaklda, vaqtda ijod namunasini muxlislariga taqdim etadi. Buning uchun bizda Britaniya auditoriyasini o‘rganuvchi maxsus sayt mavjud. Mazkur dasturga katta mablag‘ sarflangan bo‘lib, unga ko‘ra kim, qachon, qanday ekranda qaysi ko‘rsatuvni tomosha qilayotganligini bilish uchun mamlakatdagi 1000 ta xonadonda tadqiqotlar olib borilib, 12 000 nafar tomoshabin fikri o‘rganildi. Tadqiqotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, har bir dasturning aniq muxlisini — tayyorlanadigan axborot mahsulotining “iste’molchi”sini bilish mumkin. Chunki jalb qilinadigan homiylar ko‘rsatuvning aniq auditoriyasini aniqlab, shunga ko‘ra mablag‘larini sarflashadi. Masalan, ayollar yoki yoshlarga mo‘ljallangan dasturning shakli, hajmi hamda ularning homiylari ham bir-biridan tubdan farqlanadi. O‘z auditoriyasini bilish faqat iqtisodiy o‘zini-o‘zi qoplash imkoniyatini yaratibgina qolmay, tayyorlanayotgan materialning sifatiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Bu borada matbuot bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda Britaniyaning 94 foiz aholisi gazeta va jurnallarni mutolaa qilishi,  shundan aksariyati ularni on-line shaklida o‘qishi ma’lum bo‘lgan. Hozir jurnalistlar ham, OAV rahbarlari ham o‘z auditoriyasini bilishi, bu borada aniq tahlillar olib borishi davr talabiga aylangan. 

— Internet nihoyatda ommalashib, taraqqiy etgan bugungi kunda an’anaviy televidenie kelajagi borasida fikrlaringiz?

— Bilasizmi, yangi zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi oddiy tomoshabinlarning televizor ko‘rishiga salbiy ta’sir qiladi, deb o‘ylamayman. Shunchaki teleko‘rsatuvlarni ko‘rish shakli, tarzi, ularning tayyorlanishiga boshqacha yondashuv zarur. Ya’ni endilikda jurnalistlar doimiy tarzda malaka oshirib borishi, izlanishlari talab etiladi. Bunga biz, ijodkorlar, o‘rganib qolganmiz. 

   Keksa jurnalist bilan suhbatlashar ekanman, bu insonning oddiyligi, samimiyati, kamtarligi, ichki madaniyati diqqatimni tortdi. Xuddi o‘zimga juda yaqin, anchadan beri tanish bo‘lgan inson bilan gaplashgandek bo‘ldim. Balki biz jurnalistlar dunyoning qay bir burchagida bo‘lmaylik — kasbimiz, ijodimiz bilan bir-birimizga yaqindirmiz. 

 

Yulduz ORTIQOVA

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − seventeen =