Cho‘lpon

Otashnafas shoir, hassos adib Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon xalqimizning ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy mavzulardagi o‘tkir publitsistik asarlari bilan jurnalistikamiz rivojiga ham katta hissa qo‘shgan fidoyi farzandlaridan biridir.

 

Zamonasidagi og‘ir siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol shoirni g‘oyatda tashvishga solgan, yurtning jonkuyar bir o‘g‘loni sifatida jamiyatda kuzatilayotgan kamchiliklar uni befarq qoldirishi mumkin emas edi. Ana shu ruhiy qiynoqlar, bezovtaliklar ijodkorni “Adabiyot nadir?” (“Sadoi Turkiston”, 1914 yil 4 iyun), “Til bilmaganlik xosiyati” (“Sadoi Farg‘ona”, 1914 yil 94-son), “Vatanimiz Turkistonda ziroatchilik va dehqonchilik” (“Sadoi Farg‘ona”, 1914 yil 10-, 13-, 23-sonlari), “Umid sizdan” (“El bayrog‘i”, 1918 yil 26 yanvar) kabi maqolalarni yozishga undagan. 

O‘tgan yil “Akademnashr” nashriyoti yana bir xayrli ishga qo‘l urdi — Cho‘lponning ko‘pjildlik asarlarini chop etdi. Uning 4-jildidan muallifning adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalari o‘rin olgan (nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari nomzodi Donoxon Ne’matova).

Quyida taqdim etilayotgan publitsistik guldasta sizga Cho‘lpon ijod bog‘i, xususan, undagi ajib gulzor tarovatini bersa, ajab emas. 

Elmurod MAHMARAYIMOV

YOSHLAR IJODI HAQIDA

Endi o‘rtoqlar, yoshlar ijodi xususida bir gapni aytmoqchiman. Hali o‘rtoq Tuyg‘un (1908 — 1979 yillarda yashagan shoir va dramaturg Shukurjon Xudoyqulovning adabiy taxallusi) so‘zladi. U menga bir she’rini bergan edi. “Shu she’r to‘g‘risida fikringizni bering, men yaqinda bostirmoqchiman”, — dedi. Men yolg‘on gapirsam, majlisning sha’niga aslo yarashmaydi. Uning ijodi badiiy jihatdan nihoyatda past saviyada. Agar men unga shu gapni aytsam, u mendan arazlab qolgan bo‘lardi. 

O‘rtoq Tuyg‘un bu yerda: “Mening yettita asarim bor”, — dedi. Bu balki yoshlarga yaxshi tarbiya bermaslikning natijasidir. Endigina yoza boshlagan yosh yozuvchining yettita asari bosilib chiqibdi… Yoshlarga adabiy maslahat bergan vaqtda ular yoshini, saviyasini bilib berish kerak. Bitta she’r yozib kelsa, “yaxshi” deb, uni o‘qib-tahlil qilib o‘tirmasdan bostira berish to‘g‘ri emas. Masalan, biz sanoat korxonalarini qanday qayta qurdik? Sanoat korxonalariga juda murakkab mashinalar keltirildi. Ular kvalifikatsiyasi ko‘tarilmagan bir rabochiyga (ishchiga) ishonib berilmaydi-ku! Xuddi shuningdek, maslahatni ham, mavzuni ham o‘ylab berish kerak.

O‘ylaymanki, bu gaplarni aytayotganim uchun o‘rtoq Tuyg‘un mendan aslo xafa bo‘lmaydi. Uni ko‘proq tarbiya qilish o‘rniga hadeb she’rini bosa berish yaxshi emas… Shuning uchun bundan keyin yoshlarni ham tekshirishimiz, ularning soz asarlarinigina bosib chiqarish kerak. 

(O‘zbekiston yozuvchilarining 1937 yil 7-8 aprel kunlarida bo‘lib 

o‘tgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqidan)

 

TEATR TANQIDCHILIGI XUSUSIDA

…Tanqid jihatimiz tiyotrumiz bilan birga bora olmay yotubdir. Tanqidchilarimiz nima uchundir tiyotru san’atini yaqindan anglayolmag‘an holda maydonga chiqadirlar. Buning sababini nimadan aqtaramiz? Menimcha, sahnamiz uning o‘z ichiga kirganlar tomonidan zo‘r g‘ayrat bilan ilgari olib borilmoqda; o‘sha sahna xizmatchilarining faoliyati bilan yuksaltirilmakdadir. Ammo sahna ahli, sahnani sevganlar va sevdim deganlar o‘yin (spektakl nazarda tutilmoqda. — Tahririyat) o‘ynalg‘an kuni bir tomoshachi qatorida zalga kirib o‘ltirib, o‘yin bitgach, o‘sha kunlik taassurotni ko‘tarib mubohasa yo‘li bilan uyga qaytadirlar. Erta bilan uxlab turganlarida kechagi taassurotlaridan hech narsa qolmaydir. Chunki ular o‘z ishlariga ketadirlar. Ba’zi bir sahna ahli yoki “san’at muhiblari” tekin belat (kantramarka) olish uchungina san’atga sevgi baslaydirlar. Bu yaramas jarayon hatto tushunchali yigitlarimizni ham, taassufga qarshi, hanuz o‘z oqishig‘a solib ketmakdadir.

(“Tiyotru tanqidlariga ahamiyat” maqolasidan)

 

DEHQONLARNING AHVOLI TO‘G‘RISIDA

O‘tgan maqolamda dehqon qarindoshlarimizdan hech birlarining ziroat mashinalari ishlatmaganliklarini yozgan edim. Maqolani yozgandan so‘ngra qishloqlarda yurub, o‘zum ko‘b dehqonlar bilan ko‘rushib fikr oldim. Endi alarni fikrlarini o‘ylagan millatparvar kishi ko‘zlaridan qonlik yoshlarini oquzmay mumkin emas. Alar aytadurlarki:

“Durust ziroat mashinalari qandaylik ekan, ammo pul kerak. Bizning qo‘limizda bo‘lsa naqd tayyor pul yo‘qdur”.

Men aytdim: “Ekin vaqtida pul bo‘lur yoki pul o‘rniga ekkan ekinlardan olub borub bersangiz ham mumkin-ku…”

Ular shu taassuflik yomon javobni beradurlar: “Paxta eksak g‘o‘zapoyasig‘acha, bug‘doy eksak somonig‘acha qarzimiz badalig‘a xo‘jayinlarimiz boylarg‘a olub borub beramiz. Yana ikkinchi ekinga beradurg‘an bo‘lub boylardan pul olub, qish ichi bola-chaqalarimiz ila ming mashaqqat va ming qiyinlik ila ovqat o‘tkaramiz. Qish chiqqanidan keyin bola-chaqalarimiz ila ishga tushamiz. Bolalarimiz o‘qushdan qoladurlar. Mardikor olsak, yana sarf ziyoda bo‘ladur, pul yo‘q. Noiloj bolalarimizning maktabdan qolishiga rizo bo‘lub bo‘lsa ham bolalarimizni dalaga olib chiqub, qo‘sh haydash, g‘o‘za chopish, chigit ekish — shunga o‘xshash qiyin ishlarga qo‘yamiz. Chigitga pul deb borsak, xo‘jayinlar so‘kub, har turlu haqoratlar ila yig‘in-terin vaqtida 100 so‘m qilub berishga 40-50 so‘m pul beradurlar… 

(“Vatanimiz Turkistonda 

ziroat va dehqonchilik” maqolasidan)

 

ADABIYOT HAQIDA

Endi ey qardoshlar! Adabiyot o‘quylik. Adiblar yetishdirayluk, “Adabiyot kechalari” yasayluk! Ruh, his, tuyg‘u, fikr, ong va o‘y olayluk, bilayluk. Agarda “bayoz” va bema’ni bir-ikki dona kitoblar ila qolsak, mahvu inqiroz bo‘lurmiz. Yuragimiz kundan-kun toshdan ham qattig‘ bo‘lur. Yurakni eritayluk, ruh berayluk, inqiroz bo‘lmayluk… Hozir bizga birdan-bir lozim bo‘lg‘an narsa — adabiyot, adabiyot, adabiyot… 

(“Adabiyot nadir?” maqolasidan)

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =