Qovurg‘angiz sinsa og‘rimaydimi?

Bozor… Dehqon bozor, kiyim bozor, ulgurji bozor… Xullas, bu charxi dunyoda bozordan ko‘pi yo‘q. Biroq yigirma birinchi asrga kelib, barcha sohalar o‘zgarib, rivojlanib, texnika taraqqiyoti davri boshlanishi bilan bozorlar nomi ham kengaydi. Endilikda “mardikor bozori” degan atama ham tilimizdan keng o‘rin oldi. Negaki, bunday bozorni bugun istagan tumandan topa olasiz. Deylik, qaysidir hududda kutubxona yo xiyobon bo‘lmasligi mumkin, ammo mardikor  bozor albatta, topiladi.

 

To‘g‘ri aytasiz, bozorning bu turi paydo bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Biroq ana shu bozorda erkaklar bilan bir qatorda biz doim ardoqlab, ko‘klarga ko‘targuvchi, eng shirin va samimiy so‘zlarimiz bilan e’tirof etguvchi ayollarimizning ham borligi va ular uyida, soya-salqinda jon saqlab o‘tirgan yo bola-chaqasini tashlab allaqayoqlarga ravona bo‘lgan erkagining yukini bo‘yniga olgani yoxud ayrim ma’sullarning e’tiborsizligi, o‘z ishini sidqidildan bajarmagani oqibatida ana shu bozorga kirib qolgani  vijdoni bor odamni o‘ylantiradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 30 iyunda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qurultoyidagi so‘zida ham yoshlar hayotining o‘y-kechinmalari, orzu-niyatlari, ularni qiynayotgan eng muhim masalalar, afsuski, radio va televidenie, gazeta va jurnallarda o‘z ifodasini to‘liq topmayotganini, hammasi joyida bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qaerdan paydo bo‘layotganini alohida ta’kidlagandi. Rostdan hamma narsa joyida, olam guliston bo‘lsa, ertangi kunimizga mas’ul bo‘lgan munis ayollarimiz farzandlariga bilim va tarbiya berish o‘rniga moddiy ahvolini yaxshilash uchun o‘z shahridan chiqib, o‘zga bir viloyatga kelib ovorai sarson bo‘lib yurarmidi? Ushbu maqolada og‘riq nuqtamizga aylangan ishsizlik muammosini ko‘tarib, ish izlab ko‘chaga chiqqan ayollarni kelgan joyiga quvib solish yoki kimnidir ishidan nuqson axtarish emas. Balki qaerda ishsizlik bo‘lsa, o‘sha joyda yangi ish o‘rinlarini yaratish, bir paytlar xususiylashtirilgan, lekin hali ham davlat hisobida turgan binolardan samarali foydalanish, zavod, fabrika, fermalarni qayta tiklab mardikor bozorlarida qiynalib yurgan odamlarni, ayniqsa, ayollarni ishga jalb qilishning allaqachon fursati kelganini eslatib qo‘yishdir.

Prezidentimiz bu borada so‘z yurtganida, hali oldimizda katta rejalar, niyatlar, odamlarning umidlari turganini, halol mehnatimiz bilan korruptsiyani yo‘q qilib, faqat ishlashimiz kerakligi, aravani birga tortsak, hammasi izga tushib ketishini takror va takror aytmoqda. Deylik, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ichki ishlar tizimi mutlaqo yangidan o‘zgarib borayotganligi, prokuraturaga qancha masalalar yuklatilgani, sudyalar, din vakillari oldiga ham juda dolzarb savollar qo‘yilayotganligi, yoshlarga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani  ertamizning bugunimizdan yaxshiroq bo‘lishiga zamin yaratadi. 

Davlatimiz rahbari yosh o‘smirlar, ayniqsa, xotin-qizlarimiz uchun yangi ish o‘rinlarini yaratib, to‘rt-besh kishini ish bilan ta’minlagan tadbirkorni boshimda ko‘taraman deb turgan bir paytda nahotki, bitta tumanda mutasaddilarning o‘n-o‘n beshta ayolni ish bilan ta’minlashga qurbi yetmasa?! Albatta, har kim aqliy yoki jismoniy qobiliyatidan kelib chiqqan holda kuchini qanday ishlarga sarflashi o‘z ixtiyorida. Lekin o‘zbek ayolining mardikor bozorlarda yurishi, o‘tgan-ketgan mijozga o‘z mehnatini taklif qilishi – diniy va milliy qadriyatlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Tenglik nuqtai nazaridan, jamiyatimizda erkak va ayollarning o‘z o‘rni aniq bo‘lsa-da, qonunlarimizda yozilmagan shunday qoidalar ham borki, xalqimiz bunga azaldan amal qilib kelgan. Masalan, erkak va ayolning ishlari bir-biridan farq qilgan. Shu ikki farq orasida hozir ayollarimiz qaysi o‘rinda? Qanday bir mavqedaki, tirikchilik ko‘yida zir yugurib yuribdi, oila boshlig‘i esa o‘z oldidagi mas’uliyatni xayoliga ham keltirmaydi. 

Har gal Eski shaharga yo‘lim tushganda, ko‘chadan o‘tayotgan mashinaga umid bilan ko‘z tikib turgan o‘ttiz yoshdan tortib, ellikkacha bo‘lgan ayollarni ko‘rib, vijdonim qiynalib ketadi. Bu safar ular bilan yaqindan, jonli muloqot qilish, dardlariga yelkadosh bo‘lish uchun mardikor bozoriga yo‘l oldim. Bir hafta  davomida bu yerda tirikchilik vajida yurgan opa-singillarimiz bilan suhbatlashib, ochiq, ammo achchiq gaplarni o‘rtaga tashlashga to‘g‘ri keldi. Odatda “mardikor” deganda yollanib ishlovchi erkaklar nazarda tutilardi… Falakning gardishini qarangki, bugun mardikor bozori ojiz jins vakillari uchun ham ishsizlikdan qutulishning eng so‘nggi chorasiga aylanib ulgurdi. Mardikor ayollar yoniga kelgan odamga: “Ish bormi, hamma ish qo‘limdan keladi, faqat pulini bersangiz bo‘ldi”, deya javdirab qarashlari, ohori to‘kilgan kiyimda yurishlari, mehnatdan qavargan qo‘llari, quyosh tig‘ida dag‘allashgan yuzlarini tasvirlashga kuchim yetmaydi. Holbuki, u ham inson – kimningdir gulday qizi, bitta oilaning bekasi, yaxshi niyatlar bilan uch-to‘rtta farzandni dunyoga keltirgan, u ham hamma qatorida hayotda baxtli yashashga haqli. Mardikor ayollarning ko‘ngliga qo‘l solib, o‘zimni tanishtirgach, ochiqchasiga gaplasha boshladim. Ular suhbat jarayonida ism-shariflarini o‘zgartirmasdan berishimni iltimos qilishdi. Ehtimol, shu bilan og‘irlari yengil bo‘lishiga umid bog‘lagandir.

– Qaerdan kelgansiz, –  deyman mehnatdan toliqqan, ko‘zi ma’yus ayolga yuzlanib.  

– Namangandanman, – deydi Maxfirat opa Mahmudova. – O‘n bir yildan beri mardikor bozorida ishlayman. O‘zim tikuvchiman. O‘zimizdagi ko‘plab tikuvchilik artellari sotilib ketdi. Xususiy korxonalardan ish topolmadim. Ajrashganman. Hozir bolalarim yigirma yoshdan oshdi. “Ona, endi mardikorlikni yig‘ishtiring, sizga o‘zimiz g‘amxo‘rlik qilamiz”, deyapti. It azobida ishlash o‘zimga ham malol kelyapti.

– Mardikorlik ayol kishining ishi emas. O‘zbek ayoli degan nomni arzimagan ishlardan balandda tutishimiz kerak. Butunlay qishloqqa qaytish haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi? Hozir qaerda bo‘lmasin, qo‘lida hunari bor, ishlayman, degan odamga yetarli sharoitlar yaratilayapti, o‘g‘illaringiz ham bunday nosog‘lom muhitdan uzoqlarda bo‘lardi… 

Oraga uzoq sukunat cho‘kdi… 

–  Qachon televizor qulog‘ini burama, faqat shifokorlar, o‘qituvchilar hayotini muhokama qilasizlar, nima, mardikorlar odam emasmi?! Bizni ham bundoq eshitinglar-da, – suhbatga qo‘shildi samarqandlik Gulmira Samieva. – Mardikor bozoriga hech kim havasakiga chiqmaydi. Turmush o‘rtog‘im boshqaga uylanib ketgan. Aliment to‘lash xayoliga kelmaydi. Bolalarimga yordam so‘rab, mahallagacha bordim. U yerda ham tanish-bilish. Ish izlab bormagan tashkilotim qolmadi, kim ham sizga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi? Unda-bunda topilganlari hujjatdan oldin “shapka”ning “uchi”dan ozroq uzatishimni so‘rashdi. O‘ylab ko‘rdim, qo‘lim uzun bo‘lmasa, bu ish menga to‘g‘ri keladi, bunisi yo‘q, deb uyda o‘tirsam, ikki bolamni kim boqadi? Oddiy bitta oyoq kiyimning o‘zi qirq besh ming so‘m turadi. Gaz, suv to‘lovlari degandek, xullas, hammasi o‘zimning bo‘ynimda. Bobo-momom tarixda mardikor bozoriga chiqmagan. Menga ham chiqish oson, deb o‘ylaysizmi? Buni uyimdagilar bilmaydi. Bilsa, qanday ahvolga tusharkan? Qishlog‘imizda bekorchi ko‘p, aksariyati ayollar, agar yangi ish o‘rinlari ochilsa, o‘zimizda ishlardik.

– Nima, farroshlik, ofitsiantlik, uy, dala ishlari qishloqda topilmaydi, deysizmi? Har holda, u yerning ob-havosini yaxshi bilasiz, bola-chaqangiz yonida bo‘lasiz, ijarada o‘tirmaysiz…

– Mana, biz dalada ishlaganmiz. Onam bilan birga, hatto fermer xo‘jaliklari bilan kelishib, gektarlab yer olib yagana, chopiq qildik, paxtasigacha terib berdik – qishin-yozin ishlagan bilan fermerlar bir so‘m  ham bermaydi, – deydi 22 yoshli qashqadaryolik Feruza Kenjaeva. – Umrim mardikor bozorida o‘tib ketmasligi uchun onam tibbiyot kollejida o‘qitdilar. Qo‘limda hamshiralik diplomi bor, o‘zim to‘ylarda idish-tovoq yuvib yuribman. Oyligi qancha bo‘lsa ham, mutaxassisligim bo‘yicha biror joyga ilinsam qani? Hozir bo‘sh ish o‘rnining o‘zi yo‘q. Mardikor bozorida kuniga 40-50 ming so‘m topish uchun o‘n, o‘n besh soatlab xonadonlarda ishlashga to‘g‘ri keladi. Zil-zambil qoplarni ko‘tarish, uy anjomlarini u yoqdan-bu yoqqa surish rostdan ayol kishiga og‘irlik qiladi. Yana tanigan-tanimaganlar bilan muloqotga kirishish, kunning issiq-sovug‘iga qaramay, ko‘chada och-nahor ish kutib o‘tirish va bizga arzon ishchi kuchi sifatida atrofdagilarning qarashlari odamga og‘ir botadi. 

– Bolalarni kimga qoldirib chiqayapsizlar? Ularning sog‘lig‘iga kim e’tibor beradi, tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan odam bormi?

– Turmush o‘rtog‘im falokat tufayli vafot etgan. Uzoq yillar maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Sog‘lig‘im ko‘tarmagach, bog‘chaga ishga o‘tdim. Ko‘zim xiralashib qolgach, u yerdan ham ketishga to‘g‘ri keldi. Besh-olti yildan beri, mardikor bozoridaman. Uyda qaraydigan odam yo‘qligi uchun o‘g‘limni o‘zim bilan birga har kuni mardikor bozoriga olib kelaman, – deydi toshkentlik Jamila opa Rasulova. – Uyimiz sotilib ketgan. Uy-joy masalasida Uchtepa tuman hokimiyatiga bir necha marta murojaat qildim. “Erta kel, indin kel” bilan ishimni hal qilib berishmadi. Pasportimni yo‘qotib qo‘yganim uchun nafaqaga ham chiqolmayapman. O‘g‘lim maktabga borishi kerak, topgan pulim shunga ketyapti. Shahrimizdagi zamonaviy loyihadagi yangi qurilgan uylardan kreditga bo‘lsa-da, olish uchun murojaat qilmagan tashkilotim qolmadi. Hatto tuman xalq ta’limi bo‘limidagilar faxriy o‘qituvchi sifatida menga yordam berolmasligi, Mehnat vazirligidan sog‘lig‘im ko‘taradigan biror ish so‘rashimni aytishdi. Shu ham insofdanmi? 

– Orangizda ayol kishining topgan puli evaziga uyalmay-netmay hayot kechirayotgan tanbal, tekinxo‘r erkaklarning zaifalari ham bormi?

– Turmush o‘rtog‘im menga faqat farzand orttirish uchun uylangan ekan. To‘rt nafar bolam bor. Eng kichigi hali ikkiga kirmagan. O‘zlari ayollarga o‘xshab, uydan tashqariga chiqmaydi. Ilojsizlikdan mardikor bozoriga chiqib ketdim, – deydi yoshgina onalarimizdan biri Sitora Elmurodova. – Tirikchilikdan ortib bolalarimning sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor berolmayapman. Mardikor bozoridagi yuzlab ayollar orasidan ish topib, ishlatgandan keyin mehnat haqini olish o‘limdan battar. Ustiga-ustak, erim uyning notozaligi, bolalarning ko‘p kasal bo‘lishi, oshxonada biror taom bo‘lmasligidan noliydi. Axir, oila baxt-saodati uchun kimdir kurashishi kerak-ku!..

Endi suhbatimiz qizigan mahalda qaerdandir ichki ishlar xodimlari paydo bo‘lib, mardikorlarni do‘q-po‘pisa bilan bekatdan hayday boshladi. Erkaklar abjirlik bilan yo‘lning o‘rtasidagi beton to‘siqlar tomonga qochdi. Ayollar esa bir necha tahqirlar ostida pana-pastqam joylarga haydalib,  “oh, ish…” deb kechki soat beshlargacha payt poylab o‘tirdi. Nozirlar esa kun bo‘yi mardikorlardan ko‘zini uzmay, mushuk-sichqon o‘yinini davom ettirdi. Ha, keyingi paytda insonning qadr-qimmati pasayib ketayotgani haq gap. Odamning o‘z yurtida bunday xo‘rlanishiga befarq qarab bo‘lmaydi. Aytish kerakki, militsionerlarimiz ham xalq bilan muloqotga kirishganda, madaniyat bilan gaplashishga odatlansa, yaxshi bo‘lardi. Ularning baqir-chaqiridan qo‘rqqanidan mardikor ayollarning bolalari ham yig‘lab yuborishdi.

Shu paytda turmush o‘rtog‘ining muhabbatiga sazovor bo‘lib, u topgan pulni ehtiyoji uchun sarflab shod-xurram hayot kechirayotgan ayollar ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Hozir ular bola-chaqasi bilan salqinlash uchun tog‘larga chiqib ketgan, turmush o‘rtog‘ining yangi mashina olgani yoki yangi uyga ko‘chib o‘tganidan baxtiyorligini atrofdagilar bilan bo‘lishish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, ne ajab! Ammo mardikor bozorida yupun kiyimlarda, qoq jaziramada hansirab ish kutib o‘tirgan bu ayollarning aybi nima? Ularning ham bekamu ko‘st yashagisi, oyda, yilda bir marta bo‘lsa-da, chiroyli liboslarni kiyib, kino yoki teatrga tushgisi kelmaydimi? Bu ishchilar o‘z-o‘zidan mardikor bozoriga kelib qolayotgani yo‘q. Avval qishloq, tumandagi mutassadilardan ish so‘rab borayapti, hech ilojini topolmagach, shuncha yo‘l bosib poytaxtga kelayapti. Demak, u yashayotgan qishloqdagi hayot ham asal-qand emas. Millionlab egatlarga sochilgan ayollarimizning ishini texnika bajaradigan zamonlar kelgan bo‘lsa-da, hali ham ko‘pgina opa-singillarimiz paxta maydonlaridan boshini ko‘tarmay mehnat qilyapti. 

Shu o‘rinda fermer xo‘jaliklari faoliyati haqida ikki og‘iz achchiq so‘z aytish kerakka o‘xshaydi.

Savol: Yer fermerlarga faqat o‘zlari boyish uchun berilganmi? Bu savolga javob beradigan vaqt ham yaqin qoldi.

Hech bo‘lmasa, paxta yig‘im-terim mavsumida terimchilarga yaxshiroq haq to‘lansa, ular ikki-uch oy ish bilan ta’minlangan bo‘lardi. Shunda ko‘pchilikni norozi qilayotgan – o‘qituvchi yoki shifokorlarni paxta maydonlariga jalb etish masalasiga ham o‘z-o‘zidan yechim topilardi. Shu o‘rinda, yana bir gap xayolimdan o‘tadi. Xo‘sh, mahalladagilar qaerga qarayapti? Mahalla raislari o‘z fuqarolarining qaerda, nima ishlar bilan shug‘ullanib yurganini bilarmikan? Axir, har bir mahallada ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida hukumatimiz tomonidan ozmuncha e’tibor berilayotgani yo‘q. Nega mardikor ayollar bunday g‘amxo‘rliklardan chetda qolyapti, turmush qiyinchiliklarini yelkasiga olib, qishloqdan bosh olib ketayapti? Bundan boqibeg‘am erkaklarimizning vijdoni qiynalmasmikin? Nikohdan o‘tayotganda turmush o‘rtog‘iga har qanday vaziyatda ham tashlab ketmaslikka va’da bergan mardu maydonlar qani? Aytishlaricha, ayol kishi erkak kishining chap qovurg‘asidan yaralgan ekan. Qovurg‘angiz sinsa og‘rimaydimi?

Ba’zan matbuot anjumanlarida jurnalistlarni yig‘ib, katta-kichik rahbarlar, ishboshilarning olis qishloqlarimizda bir yilda qanchalab tsex ishga tushirilgani, qancha odam ish bilan ta’minlangani haqida bergan axborotlari faqat yaltiroq hisobot uchun, amalda esa shuning o‘ndan biri ham yo‘q ekan-da! Bu jabrdiydalar faqat o‘zi uchun yashashga o‘rganib qolgan besh-oltita noinsof, oyog‘i yerdan uzilgan rahbarning mas’uliyatsizligi tufayli mardikor bozorlarida sarg‘ayib yuribdi.  

Prezidentning “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq Toshkent shahrining o‘zida sakkizta vaqtinchalik ish bilan ta’minlash byurosi tashkil etilgan. Mazkur qarorda mehnat bozoridagi odamlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash, ishga joylashtirish, yoshlar, ayollar, ayniqsa, imkoniyati cheklangan shaxslarni kasb-hunarga tayyorlash, shuningdek, ularning talab-ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda moddiy madad berish zarurligi alohida qayd etilgan. Xo‘sh, bu byurolar qanday samara berayapti? Ikki kun Shayxontohur tumanidagi vaqtinchalik ishlarni tashkil etish byurosidan bunga javob axtardim. Kuniga byuroga yuzlab odamlar, aksariyati, xotin-qizlar murojaat qilisharkan. Lekin natija yana o‘sha eski hammom, eski tos. Yog‘och shiplarga jimjimador harflar bilan “Qishloq xo‘jaligi ishlarini bajaruvchilar, elektrogaz payvandchilar, duradgorlar, bo‘yoqchilar, g‘isht teruvchilar” deb yozib qo‘yilgani bilan ishchilarga buning nafi tegmasa, byuro rahbarlarining balandparvoz gaplarini keltirishdan nima foyda? Ustiga-ustak, bu yerda xotin-qizlarning kasb-hunaridan kelib chiqqan holda birorta ish o‘rni e’lon qilinmagan. Ulardan faqat ko‘cha supurish, uy tozalash, yer chopish yoki yuk tashish uchun foydalanisharkan. Mardikorlar “ko‘cha”dan xaridor topib, o‘z kunini o‘zi ko‘rayotgan bo‘lsa, mazkur byurolarda rasmiyatchilik yuzasidan bo‘lsa ham qo‘shimcha ish yarmarkalari tashkil etilmasa, hunarmandlar bilan ochiq muloqotlar olib borilmasa, tadbirkorlar bilan hamkorlikda yangi ish o‘rinlari yaratilmasa, quruq savlat to‘kib turgan bunday binolarning kimga keragi bor? 

Biroq tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, bugun hamma aybni rahbarlarga ag‘darib, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatadigan zamon emas. Zero, ayni paytda mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda yuz berayotgan yangilanishlarga e’tibor beraylik. Bu borada qancha qarorlar, farmonlar va qonunlar qabul qilinib, izchil ijrosi ta’minlanyapti. Birgina misol, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida aholiga har tomonlama qulay uslublarda kreditlar berilmoqda. Buning ma’nisi va ahamiyatini tushungan odamlar allaqachon bunday imkoniyatdan foydalanib qolish uchun o‘zining biznesini yo‘lga qo‘ygan. Bugun ular qora-mol boqish, parrandachilik va poliz mahsulotlarini yetishtirish bilan astoydil shug‘ullanib, moddiy sharoitini tiklab olyapti, hech kimdan kam bo‘lmay yashayapti. Chekka-chekka qishloqlardan poytaxtga ish izlab kelib sarson-sargardon yurgan ayollar ham bunday hayotbaxsh o‘zgarishlardan unumli foydalanishi kerak-ku?! Bunga nima halaqit berayapti. Ular qullik, kimgadir mute bo‘lib yashaydigan zamonlar allaqachon ortda qolganini tushunib yetishlariga umid qilamiz.

Bugun zamon o‘zgardi, bu yangilanishlar bozorlarda, odamlarning munosabatlarida ham sezilib turibdi. To‘g‘ri, hayotimizdagi barcha  muammolar bir kunda hal bo‘ladigan ish emas. Lekin mustaqilligimizga yigirma olti yil to‘ldi. Jamiyatimizda katta o‘zgarishlar bo‘lishini yana shuncha yil kutib o‘tirish kerak emas, albatta. Demak, ishsizlik muammosini hal qilishda har bir tashkilot katta ish qilishi mumkin. Masalan, respublikamizdagi barcha viloyat, shahar, tumanlardagi xotin-qizlar qo‘mitasi raislari hokimning birinchi o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Birgina, shu qo‘mita jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni va faoliyatini kengaytirish, ularni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan yoki tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishda kamarbasta bo‘lsa, shuni o‘zi katta gap.

Aslini olganda Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu muammolarni hal etishga qat’iy bel bog‘laganini bilamiz. Faqat bu ishlarning ko‘ngildagidek hal etilishiga jamoa bo‘lib, hamjihatlikda barchamiz ko‘mak berishimiz kerak.

Xulosa:  nima bo‘lganda ham, ayol bu — ona — buyuklik darajasiga ko‘tarilgan muhtaram zotdir. Agar ular baxtli bo‘lsa, yurtning ham baxti butun bo‘ladi. Bolajon elmiz. O‘g‘il uylantirish, qiz uzatishning o‘zi bo‘lmaydi. Yosh oilalarning uy-joyga ega bo‘lishining o‘zi bir muammo. Lekin bu tashvishlarga ko‘milib, xotin-qizlarimiz ijtimoiy hayotdan chetda qolmasligi kerak. Ayol kishiga uy ishlari, bola boqish va tarbiyalashning o‘zi yetib ortadi, buning ustiga mardikor bo‘lib pul topishi uyat. Buni hammamiz jiddiy o‘ylab oladigan vaqt keldi. 

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × two =