ZO‘RAVONLAR QAYERDAN PAYDO BO‘LMOQDA?

Poytaxtning Chorsu bozori avtoturargohi. “Jiguli” avtomashinasi egasi ulovini o‘rtaga qo‘yib ketgan. Uning dastidan boshqa ulovlar chiqolmay halak. Ancha vaqtdan so‘ng yosh yigit ulovga yaqinlashdi. Boshqalar, ya’ni o‘zidan 10-15 yosh kattalar unga dakki bermoqchi bo‘lib:

 

 – Uka, mashinani shunaqayam qo‘yadimi? Bir soatdan beri chiqolmay o‘tiribmiz, — dedi. 

– Aka, xohlagan joyimga qo‘yaman. Stoyanka siznikimi? – deya unga qarata gapirayotganlarning yoqasidan olib, mushtumzo‘rligini ko‘rsatib qo‘ydi. 

Yaxshiyamki, ularni ajratib qo‘ydik. Bo‘lmasa, oxiri nima bilan tugardi, xudo biladi. Yosh yigitda bunday vajohat, badjahllik, zo‘ravonlik, kattalarni mensimaslik qaerdan paydo bo‘ldi? 

Darhaqiqat, so‘nggi paytda yoshlarning zo‘ravonligi oqibatida qotilliklar, turli jinoyatlar sodir etilayotgani haqidagi axborotlarni OAVda tez-tez uchratyapmiz. Ayniqsa, yaqinda Borovskiy kollejidagi fojiali hodisa jamoatchilikni chuqur o‘ylantirib qo‘ydi. Afsuski, o‘sha jinoyatchi qotillar ham shu yurt farzandi. Kimningdir jondek jigari emasmidi?! 

Yurtboshimiz yoshlar muammosi xususida barcha chiqishlarida ham alohida to‘xtalib o‘tmoqdalar. Ayniqsa, 30 iyunda “Kamolot” qurultoyidagi nutqida kuyingancha: “ Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.  2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak”, — degan edilar.  

Necha yillardan buyon yoshlar ta’lim-tarbiyasi haqida gapiryapmiz, ularga barcha sharoitlar yaratishga harakat qilinmoqda. Biroq ularning zo‘ravonlik, jinoyat ko‘chasiga kirishiga nimalar sabab bo‘lmoqda? Buni bartaraf etish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida soha vakillarining fikri bilan qiziqdik. 

– Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatlarning bu darajaga yetishi juda achinarli hol, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limining voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘lim boshlig‘i Husan To‘xsariev. – Aksariyat huquqbuzarlik holatlarini o‘rganganimizda, bekorchi, ota-ona nazoratisiz qolgan yoki oilaviy muhiti yaxshi bo‘lmagan bolalar ekani aniqlandi. Ular o‘rtasida ko‘pincha bezorilik, o‘g‘irlik, guruh bo‘lib urishish kabi jinoyatlarni uchratish mumkin. Ularning bu yo‘lga kirib qolishida avvalo ota-ona e’tiborsizligi sabab  bo‘lsa, ikkinchi omil turli kompyuter o‘yinlari, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi filmlardir. Bunday vahshiyliklarni muntazam tomosha qilgan bolalarda zo‘ravonlikka moyillik kuchayadi. Ular uchun jinoyat pista chaqishdek gap. Oxir-oqibati esa maqolamiz boshlanishida zikr etilgan voqea singari ayanchli bo‘ladi. Bugun ko‘plab yoshlar qo‘lida smartfonlar borligini inobatga olsak, bunday vahshiy g‘oyalardan bolalarni asrash imkoni bormikan, deb o‘ylab qolasan. Ayni paytda profilaktika kunlari o‘quv muassasasida bo‘lganda, davomatdan tashqari o‘quvchilarning telefonlarini ham tekshirib turamiz. Tadbirlarimiz o‘z samarasini berib, o‘quvchilarning oddiy telefonga o‘tganining ham guvohi bo‘ldik. Qolaversa, o‘quv muassasalaridagi turli uchrashuvlarda jinoyatlarning kelib chiqish omillari haqida videoroliklar qo‘yib berilmoqda. Bular o‘z samarasini berib, tumanimizda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik sezilarli kamaydi. Bugungi kunda tuman hokimiyatida, ichki ishlar tizimida, mahalla yig‘inlarida ham yoshlar bilan ishlash hamda alohida voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi tashkil etildi. Ular tomonidan tumandagi 54 ta mahallada 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan, bekorchi yoshlarning ro‘yxati olinib, ularni ma’lum bir sohaga, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda. 

Yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasida o‘qituvchilar qanday fikrda ekan? 

– Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarligu jinoyatlarning ortishida ota-onalar, maktab, mahalla – deyarli barchaning birdek aybi bor deb o‘ylayman, – deydi poytaxtimizdagi 159-maktab direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi Hamida Mansurova. – Agar biz qog‘ozda emas, amaliy ish qilganimizda vaziyat bunchalikka yetib bormasdi. Endilikda yoshlar bilan ishlashning yangi tizimlari ishlab chiqilmoqda. Umid qilamanki, bu yil ko‘rsatkichlar o‘tgan yilgiga nisbatan ancha pasayadi. Farzandga qanday tarbiya, mehr berilsa, o‘shanday voyaga yetadi.

Bolalarning eng katta o‘zgarish vaqti 5-sinfga to‘g‘ri keladi. Bu paytda ular yuqori sinfga ko‘tarilib, turli o‘qituvchilar nazoratiga o‘tadi. Agar sinf rahbari barcha bolalarga e’tiborli bo‘lsa, u sinfdan yomonlik chiqmaydi. Teskarisi bo‘lsa, albatta bir noxush holat ro‘y berishi mumkin. Demak, bu masalada katta mas’uliyat sinf rahbarlari zimmasiga yuklanadi. 6-, 7-, 8-sinf esa bolaning ulg‘ayish, shaxs darajasiga yetish pallasidir. Bunday vaqtda ota-ona unga do‘stona munosabatda, yana ham e’tiborliroq bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Afsuski, bunday paytda ko‘p ota-onalar “farzandim katta bo‘lib qoldi, endi o‘zini eplaydi”, deya xato o‘ylab, nazoratni bo‘sh qo‘yadilar. O‘quvchilar esa o‘qishdan ko‘ra turli kompyuter o‘yinlariyu, telefonidagi ijtimoiy tarmog‘u boshqa narsalarga sho‘ng‘iydi. Bundan keyin ularning yurish-turishi o‘zgaradi. O‘zlarini katta his qilib, “men”ini ko‘rsatishni boshlaydi. Yigitlar turli nojo‘ya qiliq chiqarsa, qizlarimiz ham ulardan qolishmay tor, ochiq kiyimlar kiyishni boshlaydi. Bunga ota-onalar jim turishadi. 

Bir narsa aniqki, bolani yoshligidan to‘g‘ri yo‘naltirsak, o‘z  yo‘lini oson topadi. Buning uchun esa uni ko‘proq eshitish, e’tiborliroq bo‘lish, bo‘sh vaqtlarini unumli tashkil etish kerak. Ularni turli to‘garaklarga qatnashtirish yoki kitobga qiziqishini oshirish eng samarali usuldir. 

Tarbiya ota-onalarga bog‘liqligini barchamiz bilamiz. Afsuski, keyingi paytda yoshlardan ham ko‘ra ayrim ota-onalarni tarbiyalash kerakka o‘xshaydi. Ular orasida ommaviy madaniyatga berilgan yoki moddiylikni birinchi o‘rinda deb biluvchilar ko‘p. Ular uchun asrlar osha o‘tib kelayotgan qadriyatlarimiz, qanoat, yaxshilik, mehr-muruvvat kabi hislar begonadek. 

Oqibatda o‘zimizdan boshqani ko‘rmay qoldik. Mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shniga, ya’ni Vatanga bee’tibor bo‘lib, loqaydlik kasaliga duchor bo‘ldik. Moddiylik ketidan quvib, ma’naviyat, kitob esdan chiqdi. Hatto bolalar tarbiyasiga e’tiborsizlik qilayotganlar ham anchagina. Ularning nazdida farzandni moddiy ta’minlab qo‘ysa, bo‘ldi. Bola katta bo‘laveradi. Ammo unga mehrni kim beradi? Hayotni, yaxshi-yomonni unga kim anglatadi? Bularning bari imon-e’tiqodi sustligiyu, ma’naviyatning pastligidan darak. Aslini olganda ota oila ustuni, ona millat tarbiyachisi, oila ma’naviyatchisi emasmi? Oqibatda e’tibordan chetda qolgan bolalar tarbiyani teleko‘rsatuvlardan, internet, ko‘cha-ko‘ydan olmoqda. Mutaxassislar fikricha, bola ongini bir soniya ham bo‘sh qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki bo‘sh qo‘ydingmi, yot g‘oyalarga ergashadi. Chunki u hali, yaxshi-yomonni ajratolmaydi. Misol uchun, mahallada bir bola tanasiga tatuirovka chizdirsa, unga ergashadigan tengqurlari albatta topiladi. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuning uchun qizmi, o‘g‘ilmi doim nazoratda bo‘lib, to‘g‘ri yo‘naltirib tursak, farzandimiz o‘z yo‘lini topib oladi.

Maqola tayyorlash jarayonida ota-onalarning fikrlari bilan ham qiziqqanimizda ular maktablarda, mahallalarda turli to‘garaklarni ko‘paytirish, ayniqsa, sport bilan shug‘ullanish, fanlarni chuqurlashtirish bo‘yicha arzonlashtirilgan kurslar tashkil etish taklifini bildirishdi. Albatta, repititor va xususiy o‘quv markazlari ancha qimmat. Shuningdek, badiiy adabiyot, she’riyat kechalarini, insho, diktant, bayon yozish kabi musobaqalarni ko‘paytirish hamda g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlashdi. 

Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda: “Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o‘g‘rilar, giyohvandlar va nashavandlar…  kecha tarbiyalariga e’tibor berilmagan bolalardir”. Chindan-da, bu so‘zlarni har bir ota-ona to‘g‘ri anglab yetsa, keyin afsus qilib qolmaydi, nazarimizda. 

Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =