Qurishga mahkum bog‘lar yoxud «tilla baliqchalar»ga suv kerak

Tilla baliqcha haqidagi ertak yodingizdami? To‘rga tushgan baliqcha choldan uni suvga qo‘yib yuborishi evaziga xohlagan tilagini bajo keltirishini aytib, iltijo qiladi. Chunki suvsiz tilla baliq ham hech qanday karomat ko‘rsatolmasligi tayin. Aslini olganda, yer yuzidagi barcha yaratiqlar uchun suv birdek aziz. Sayyoramizning 70 foizi mana shu bebaho ne’mat bilan qoplangan. Inson tanasida ham shuncha  miqdorda suv bor. Tabiiyki, suvsiz odamzod  ham halokatga yuz tutadi. Gapni bu aziz ne’mat haqidagi ertak va raqamlardan boshlashimizga sabab bor.

 

Yaqinda Qibray tumani Tuzel qishloq fuqarolar yig‘ini, Mirishkor mahallasida yashovchi 85 yoshni qoralagan Ne’matjon ota tahririyatimizga telefon orqali murojaat qildi. Otaxonning so‘zlariga ko‘ra, hududda bir oydirki suv yo‘q. Barcha fermer xo‘jaliklari, aholi yerlari suv tanqisligidan aziyat chekayotgan ekan. Natijada ekin yerlari suvsizlikdan qovjirab, hosili yig‘ishtirib olingan dalalar kechki ekinga suv yo‘qligi sabab hanuz tayyor emas. Chirchiq daryosida suv bosimi ko‘payishi oqibatida Qibray tumanidagi Parnobod to‘g‘onini suv urib ketayotgani muammoning asosiy sababi, deb aytildi murojaatda. Otaxonning so‘zlariga ko‘ra, qachonki to‘g‘on berkitilib, suv bosimi kamaytirilsagina qishloq yerlari ana o‘shanda suv ichishi mumkin ekan. Ajabo… Suvni isrof qilmaslik, ichimlik suvining tobora kamayib borayotgani, suv muammosi kun mavzusiga aylanib ulgurgan mahalda suv bo‘la turib (hatto keragidan ortiq), suv icholmay quriyotgan bog‘lar, shudgor va ekinni kutib bo‘sh yotgan yerlar taqdiri bizni qiziqtirib qo‘ydi. 

Shu bois masalaga oydinlik kiritish, muammoni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida Mirishkor mahallasiga yo‘l oldik. Dastavval daryoni borib ko‘rdik. Haqiqatda suv pishqirib oqyapti. Chirchiq daryosi bo‘yiga borganimizda to‘lqinlarning mavjlanishidan, bo‘ysunmas ayg‘irdek shiddat bilan oqayotgan suvni ko‘rib, bizni ozroq vahm ham bosdi. Oldingda shunday shoshqin daryo bo‘laturib, chanqog‘ingni bosolmasang-a?! 

 Qishloq xo‘jaligini suvsiz kanal, zovur va ariqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu o‘yda Tuzel fuqarolar yig‘inidagi barcha yerlarga suv yetkazuvchi Tolariqni ko‘zdan kechirdik. Suvsizlikdan qurib-qaqshab yotgan ariq, uning irmoqlari ilondek to‘lg‘onib yotibdi. Yo‘l-yo‘lakay Jo‘ra Normuhammedov fermer xo‘jaligidagi yerlarga ko‘zimiz tushdi. Bu yerda ham suvsizlik muammosi. Qulupnay dalasida hosil yig‘ib olinganiga ancha vaqt bo‘lsa-da, bo‘shagan yer hali shudgor qilinmagan. Vaholanki, barcha ekin dalalari 1 iyulga qadar haydalib, 15 iyulgacha ularga kechki ekinlar ekilishi lozim. 

Uzoqdan suv ichayotgan yerlarga ko‘zimiz tushdi. Ana suv bor ekan-ku, deya yaqinroq bordik. Bizni o‘rta yoshlardagi uch kishi kutib oldi. Ularning aytishicha, yerlari sug‘orilayotgan suv toza ichimlik suvidan ekan. Hayron bo‘ldik: ichimlik suvi tanqis bir paytda aholi yerlarini mazkur suvdan sug‘orishi to‘g‘rimikan?! Ular aytgandek, hisoblagich orqali barcha to‘lovlarni amalga oshirish mumkindir, ammo butun dunyoda ichimlik suvini isrof qilmaslik haqida bong urilayotgan bir paytda bu holat… Boz ustiga bu suvda xlor borligi sababli yerlar qotib, ekinlar qurishi mumkin. Biroq cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi, deganlaridek, suvsizlikdan quduq qazishga tushganlar ham bor. 

— Ikki yil oldin uch gektar yerga olma ko‘chati o‘tqazgandim. Hozir ayni hosilga kirgan payti. Ammo suv yo‘qligi oqibatida yigirma tupga yaqin daraxtim quridi, hosilga kirganlarining mevasi ham quruq va juda mayda. Ana ko‘rishingiz mumkin, boshqa daraxtlarning barglari ham birin-ketin sarg‘ayib boryapti. Mehnatimga kuyinganim uchun bog‘ yonidan men ham quduq kovladim. Hozir yetti metr qazildi. Hali suv ko‘ringanicha yo‘q, — deydi bog‘ egalaridan biri Jamol Karimov. 

“Suv-suv” deya tashna bog‘dagi daraxtlar quduqqa dardini aytayotgandek, go‘yo. Koshki, quduqdan qamish o‘sib chiqsayu, nay yasab, ularning ayyuhannosini olamga yoyish mumkin bo‘lsa… Afsuski, suvi yo‘q quduqda qamish ham o‘smaydi. 

Bir mahal Jo‘ra Normuhammedov fermer ho‘jaligida ishlovchi o‘afur Shodmonov dalasidan tushgacha kovlagan yarim qop kartoshkasini ortmoqlagancha, yonimizga keldi. Yong‘oqdek keladigan kartoshkalarini ko‘rsatib, fermerdan ikki yarim million so‘mga ijaraga olgan yeridagi birinchi yarim yillik hosilning ahvoli shu bo‘lsa, kechki ekindan qanday natija kutishini aytib arzi-dod qildi. To‘g‘ri-da, yer o‘ziniki bo‘lmasa, hosilning ahvoli bu! Yong‘oqdek keladigan kartoshkalarni xaridorlar oldiga olib chiqishga yuz qani!..

Holat yuzasidan mahalla raisining fikrini bilish uchun Mirishkor MFYga bordik. Binodan chiqib kelayotgan uch-to‘rt otaxon bizni ko‘rib izlariga qaytishdi. Ular ham shu masala bo‘yicha rais qabulida bo‘lishgan ekan. Maqsad-muddaomizni anglagan nuroniylar biz bilan idoraga qaytib kirishdi. Hartugul mahalla raisi Nuriddin Nortoev o‘z ish joyida ekan. Raisdan muammoga oydinlik kiritishini so‘raganimizda, u shunday dedi:

— Mahallamizda 2045 aholi istiqomat qiladi. Ularning qariyb 90 foizi dehqonchilik ortidan kun ko‘radi. Suv mo‘l bo‘lsa, hosillari ham barakali bo‘ladi. Lekin shu yil suv muammosi chindan qishloq ahlini qiynab qo‘ydi. Ilgarilari traktor olib borib, qoplarga qum solib suv yo‘lini to‘sishgan ekan. Biz ham har erta bahor imkon qadar an’anani davom ettiramiz. Joriy yilda suv bosimi ko‘payib, to‘sgan bandimizni yuvib ketdi. Ohangarondan mashinalarda tosh ham olib kelib tashlanyapti. Biroq foydasi bo‘lmayapti. Daryo hamma narsani oqizib ketyapti. Hozir hamma fermerlar bug‘doyini o‘rib bo‘lgan. Kechki ekin uchun shartnomalar ham imzolashgan. Yerlarni shudgorlab, kartoshka, qulupnay ko‘chati, bulg‘or qalampiri kabi poliz mahsulotlari ekishlari kerak. Ammo suvdan hamon darak yo‘q. Yangiobod qishloq fuqarolar yig‘ini, Tuzel qishloq fuqarolar yig‘ini kabi yigirmaga yaqin mahallalardagi 200 dan oshiq fermer xo‘jaliklardagi jami ming gektar yer bir oydan beri suv ichmagan.

O‘zini tanishtirishni istamagan bir otaxon suhbatga qo‘shildi. Aytishicha, yaqinda mashina yollab, ekinlari va bog‘idagi daraxtlarini pulga sug‘ortiribdi. Otaxonning fikrini tasdiqlagan ikki-uch nafar ijara yer egalari ham yaqinda yerlariga xuddi shu usulda pulga suv septirishgan ekan. “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunimizning 47-moddasida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanish va suv iste’moli qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari, tashkilotlari, shuningdek, fuqarolarning sug‘oriladigan yerlarida qulay suv rejimini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tilgan. Bunda suvdan foydalanishning umumiy va maxsus tartibiga rioya qilinib, fermer va dehqon xo‘jaliklarining suv olish limitlari ularning roziligisiz o‘zgartirilishi mumkin emas. Manbalarning suvi kamaygan hollar bundan mustasno, deya qo‘shimcha qilingan. 

Bundan tashqari, jamoa bog‘lari, tokzorlari, ekinzorlari va tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash suv iste’moli to‘g‘risidagi shartnoma asosida suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi qonunning 53-moddasida belgilangan. Ma’lumki, fermerlar suvdan foydalanish uyushmasiga ma’lum miqdorda haq to‘lab, yerlarini sug‘orishadi. Galdagi vazifamiz shu uyushma haqida surishtirish bo‘ldi. Mahalladagi qator fermer xo‘jaliklar suvdan foydalanish uyushmasi — “Agrofirma”ga qarashar ekan. Mahalla raisining ta’kidlashicha, suvsizlik muammosi bilan eng avvalo, ana shu uyushma shug‘ullanishi kerak. Demak, hamma gap shu tashkilotda qolibdi! Shu o‘yda “Agrofirma” raisi Karim Mutalov bilan telefon orqali suhbatlashdik. Iloji bo‘lsa, yuzma-yuz ko‘rishib, masalaga oydinlik kiritishlarini so‘radik. Biroq rais hozir kombayn ortidan yurgani, g‘alla yig‘imida ishtirok etayotganini vaj qilib biz bilan uchrashmadi. Telefondagi suhbatimiz davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, mazkur holat yuzasidan yuqori tashkilotlar xabardor qilingan. Hatto yaqinda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligidan vakillar kelib, muammoni o‘rganib, chora-tadbirlar ko‘rilishi haqida aytib ketishibdi. Karim akaning so‘zlariga ko‘ra, muammoni to‘g‘on qurish orqali bartaraf etishmoqchi. Nasos qurib, u orqali sug‘orish qimmatga tusharkan. Eng qulay chora bu to‘g‘onni mustahkam tiklash ekan. Karim Mutalovning so‘zlarini eshitgach, ijobiy natijadan umidvor bo‘lib, ortimizga qaytishga chog‘landik. Mahalla idorasi oldida javobni kutib turgan qishloq ahlidan g‘alla o‘rimi allaqachon yakuniga yetgani va shu bahona bilan “Agrofirma” boshlig‘i bizdan qochgani haqida eshitib taajjublandik. Qayta telefon orqali bog‘lanishni ixtiyor etdik. Bu gal tushdan keyin bo‘lsa ham ko‘rishaylik, yuzma-yuz suhbatlashaylik, bizni to‘g‘onga olib boring (ruxsatnomasiz yoki mas’ul shaxslarning ishtirokisiz muxbirlarning o‘zi kirolmas ekan), degan taklifimiz javobsiz qoldi. Turli bahonalar qilib, poyoniga yetmagan suhbatimizni yakunladi. Tanish raqamni ikki-uch qayta terdik, javob bo‘lmadi. Boshqa bog‘lana olmadik. Aytgancha, telefondagi suhbatimiz davomida Karim akadan “Agrofirma” nechta fermer xo‘jaligi va qancha gektar yerga xizmat ko‘rsatishini so‘ragandik. Uyushma raisi esa raqamlar hozir yodida emasligi, erta qayta bog‘lansak, albatta aytishini va’da bergandi. Keyingi holat esa o‘zingizga ma’lum. Qiziq, mas’ul shaxs ishi doirasidagi raqamlarga shu qadar befarq bo‘lsa, qolgani bilan necha pullik ishi bor?! 

Ketish chog‘i bir narsa bizni o‘yga toldirdi: bir oydan buyon dalalarini sug‘ora olmayotgan fermerlarning ham, bog‘lari kundan-kunga qurib, tobora daromad manbai pastlayotgan aholining ham niyati tezroq muammo hal etilsayu, suvsizlikdan qiynalayotgan ona zamin qayta jonlansa, yashillikka burkansa, dehqon yana o‘z ketmoni bilan uymalansa! Barcha shu ezgu niyat tarafdori. Biroq… shoshqaloq daryo, o‘ynoqi toshqin suv hozir to‘g‘on qurilishiga imkon berishi tushdek bir gap. Toshlarni pisand ham qilmay, bemalol o‘ynoqlab-o‘ynoqlab oqizib ketkizayotgan daryo hali beri “egardan tushgisi” yo‘q. Bu fursat ichida esa kechki hosil chindan-da kechikishi, endi hosilga kirgan yong‘oq, nok, olma daraxtlarining mevasi esa bozor yuzini ko‘rmay, qurib bitishi, baridan-da achinarlisi, allaqachon imzolangan shartnomalar qog‘ozdagina qolib ketish ehtimoli yuqori. 

Butun umrini dehqonchilikka bag‘shida etgan qishloq ahlining rizq-nasibasi, orzu-havaslari birgina shu unumdor tuproq bilan bog‘liq. Har qarich yerga esa mehr bilan birga tiriklik manbai suv havodek zarur. Ertani erta, kechani kecha, issiqni issiq demay, yil o‘n ikki oy ketmon ko‘tarib, dalada yer chopayotgan bobodehqon ham tavakkal qilib, ro‘zg‘or tebratmoqda, bola-chaqasini boqib, xalqqa beminnat xizmat qilmoqda. Ularning peshona ter to‘kib, topgani chindan halol. Chunki dalasiga urug‘ sepsa, xalq rizqini ham qo‘shib sepadi. Bog‘idagi har niholda ham shu yurt farzandlarining rizq-nasibasi qo‘shilgan. Shunday ekan, suvsizlik birgina qishloq ahlining emas, barchamizning muammomizdir. Zero, dehqon hosili barakali unsa, bozorlarimiz ham mo‘l-ko‘l, rizqimiz ham serob bo‘ladi. Buning uchun yerga ham, dehqonga ham, hosilga ham suv kerak, suv havodek zarur. Biroq uni hal qiladigan mas’ullarda aniq ijobiy yechim yo‘q. Bo‘lsa ham, guvohi bo‘lganingizdek sansalorlik oqibatida tobora ortga surilmoqda. Mahalla raisi  “ana, hokimiyat biladi yoki “Agrofirma”ning vazifasi bu”, deb mas’uliyatni o‘zidan soqit qilsa, suvdan foydalanish uyushmasi boshlig‘i esa yuqoridan ko‘rib ketishganini pesh qilib, natija bilan qiziqmay, muxbirlarga qorasini ham ko‘rsatmay, bemalol davrini surib yuraversa, muammoni kim hal qiladi? Qaysi zamonda olma pish degan bilan og‘izga tushibdiki, endi tushsa?!       

Dehqonlar bilan suhbatlashar ekanmiz, xayolimizga yana “Tilla baliqcha” ertagi indi. Birgina suvga qaytish uchun istalgan tilakni bajo keltiruvchi tilla baliqchani fermeru dehqonlarga qiyos etgimiz keldi. Mitti jonivor sehru jodusi bilan cholning turmushini yaxshilagan bo‘lsa, bobodehqonlarimiz tinimsiz mehnati, halol peshona teri bilan el dasturxonini rohatbaxsh noz-ne’matlarga to‘ldirishayotgani ayni haqiqat. Oq oltinu dondan tog‘dek xirmon yaratib, zimmalariga yuklatilgan vazifani ham ortig‘i bilan ado etishayotir. Baliqchadek ularning ham yagona o‘tinchi — yerlari suvsiz qolmasa bas! 

…Ortga, manzilimizga qayta turib, qishloq ahlining jon kuydirib aytgan quyidagi so‘zlari qayta-qayta quloqlarimiz ostida yangrardi: “Yerlarimiz yana o‘n kun davomida suv ichmasa, bizga keyin hech qanday yordam kor qilmasligi tayin!” 

Olislarda qolgan suvsiz yerlar esa bir oy oldin suv bilan og‘zini yopib, hanuz iftorlik qilmagan ro‘zadorni eslatardi.

P.S. 

Ushbu maqolani chop etish arafasida vaziyatni yana bir bor aniqlashtirib olish uchun ushbu mavzuda ko‘mak so‘rab tahririyatga murojaat qilgan fuqaro Ne’matjon ota bilan telefon orqali bog‘landik. U kishi bir kun suv keldi, desa, ertasiga yana to‘xtab qolganini aytdi. Yanada aniqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Mirishkor mahalla raisi yordamchisi Mahfuza opa bilan ham qayta bog‘landik. Ma’lum bo‘ldiki, qishloq yerlari bir haftadan beri navbatma-navbat sug‘orilyapti ekan. Bunga ular daryoga xarsangtosh bilan band urish, ya’ni suv oldini to‘sib, qishloqqa suv yetkazishga erishibdi. Ko‘rinib turibdiki, yuzaga kelgan muammoni bu yo‘l bilan ham hal etib bo‘lmaydi. Bu vaqtincha ko‘rilgan chora. Mazkur muammoga uzil-kesil barham berilmas ekan, quriyotgan bog‘lar, ekinga tayyor bo‘lmagan dalalar dehqonlarni yana va yana tashvishga solaveradi. Shu boisdan mazkur maqolani chop etishga qaror qildik. Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar muammoning uzil-kesil yechimini topishadi. 

 

Go‘zal MALIKOVA, Sanjar ESHMURODOV, 

“Hurriyat” muxbirlari

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =