QO‘L UZATSANG, ORING TO‘KILAR

Poytaxtimizning mashinalar serqatnov ko‘chalaridan biri. Yo‘l tirband bo‘lgani uchun chorrahada ancha turib qoldik. Shu payt 20-25 yoshlar atrofidagi bir yigit va qiz yetaklashgancha mashinalar oralab yurib, tilanchilik qila boshladi. Yigitning chala ochiq ko‘zlari osmonga qadalgani, yonidagi oqsoq ayol yetovida yurayotganiga qaraganda, uning ko‘zi ojiz edi. Bu juftlikning tezkor xatti-harakatini kuzatib, chorrahada anchadan buyon “faoliyat” ko‘rsatishayotganini anglash qiyin emasdi.

 

Svetoforning yashil chirog‘i yonishi bilan “ish”ga kirishib, qizil chirog‘i yonganida yana o‘z joyiga qaytib kelayotgan bu “tadbirkor”lar yo‘limiz bo‘shaguncha shu tarzda ikki marta borib-kelishdi. “Bechoralar, nogiron ekan”, deya ich-ichimdan ularga achinib, ko‘p qatori men ham ataganimni chiqarib berdim. Shu payt yig‘ib-tergan pullarini cho‘ntagiga joylayotgan yigitning qo‘lidagi soatiga beixtiyor ko‘zim tushib qoldi. Xayolimdan: “Ko‘zi ojiz bo‘lsa, unga soat nimaga kerak?” degan o‘y o‘tib ham ulgurmay, yigit qo‘lidagi soatiga bir qarab oldi-da, ayolga nimalarnidir uqtira ketdi. Shunda yonidagi ayolning oqsoqligidan ham shubhalanib qoldim. Yoshgina yigit-qizning aldov yo‘li bilan odamlardan pul undirib yurganini sezib, ko‘nglimdagi achinish hissi nafratga aylandi. 

Shu voqea sabab bo‘ldi-yu yo‘l-yo‘lakay tilanchilikni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan odamlarni kuzata boshladim. Metro bekatlaridan birining chiqaverishida o‘tiradigan 40-45 yoshlar atrofidagi tilanchi ayolni deyarli har kuni ko‘raman. Qo‘llarini duoga ochib, yerga qaragan ko‘yi o‘z holicha nimalardir deb pichirlab o‘tiradigan bu ayolni nogiron bo‘lsa kerak, deb taxmin qilardim. Bir kuni uning yonginasida qurut, pista sotib o‘tiradigan ayol bilan chaqchaqlashib turganini ko‘rib qoldim. Oyoq-qo‘li but, soppa-sog‘ ayol ekan… Odamlarga nima bo‘lgan o‘zi? 

Erta tongda uydan chiqayotib, har birimiz Yaratgandan halol rizq so‘raymiz. O‘ylanib qolaman, to‘rt muchasi sog‘lom bo‘laturib, mehnat qilishga bo‘yni yor bermaydigan, tirikchilikning oson yo‘lini topib olgan bu nusxalar qanday niyat bilan ostona hatlashar ekan-a? Uyat, andisha, or-nomus degan tushunchalardan tobora uzoqlashib borayotgan bunday kimsalarning aldov yo‘li bilan topgan harom luqmasini yeb ulg‘aygan farzandlar kelajakda kim bo‘lishadi? Ular ham ota-onalaridek tilanchilikni kasb qilib olmasliklariga kim kafolat beradi?

Xayolan shunday adoqsiz savollar girdobida borar ekanman, yupungina kiyingan bir keksa ayolning o‘z bo‘yidan ham uzunroq supurgi ko‘targancha ko‘chalarni supurib yurganiga ko‘zim tushdi. Ushoqqina onaxonning yoniga borib, uni mahkam bag‘rimga bosib olgim keldi.

ULAR HAM O‘ZIMIZDAN…

“Mo‘min kishi sadaqaga chindan muhtoj odam bilan tilanchilikni kasb qilgan kimsani ajrata olishi kerak”, deyishadi ulamolarimiz. “Katta-katta chorrahalarda bolalari bilan birga tilanchilik qilayotgan, shu tariqa mashinalar qatnoviga xalal berib, haydovchining ham, o‘zining ham hayotini xatarga qo‘yayotgan bunday shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi”, deyishadi huquq-tartibot xodimlari. Lekin shunga qaramay, jamiyatimizga dog‘ bo‘lib tushayotgan bunday illatlarning tobora urchib borayotgani sog‘lom fikrli har qanday odamni tashvishga soladi.

Tanti, qo‘li ham, ko‘ngli ham ochiq xalqmiz. Lekin shuning barobarida saxiyligimiz, bag‘rikengligimizni suiiste’mol qilayotganlar ham o‘zimizdan.

Tilanchilikni kasb qilib olgan kimsalarning orsizlarcha cho‘zilgan qo‘lini quruq qaytarmay, ularni boqimandalikka o‘rgatib qo‘yayotganlar ham, afsuski, boshqa birov emas, yana o‘zimiz. Ust-boshlari kir-chir bolakaylarning biz tomon cho‘zilgan qo‘llariga loqaydlik bilan yirtilgan yoki g‘ijimlangan 200-500 so‘m pulni solamiz-da: “Bor-bor, tezroq nari ket”, deya ularni yonimizdan quvamiz. Nogironlar aravachasida o‘tirib olib, o‘zini mayib-majruhdek tutayotgan tilanchining harakatlarini kuzatib, uning to‘rt muchasi sog‘ligini sezib tursak-da, sadaqa beramiz. “Aldayotgan bo‘lsa gunohi o‘ziga, shu arzimagan pulni bersam, kambag‘al bo‘lib qolmayman-ku” deymiz. Agar biz farzandlari hayotini xavfga qo‘yib, chorrahada haydovchilardan pul so‘rashga undayotgan onalarni: “Oyoq-qo‘ling but, ojiz, gung emassan, mehnat qilib pul topsang bo‘lmaydimi?” deya ko‘pchilik orasida izza qilsak, zarracha g‘ururi, or-nomusi bo‘lsa, bu ishga qaytib qo‘l urmaydi. Nahotki, ularning bu xildagi “tirikchilik”laridan mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, oilalardagi ijtimoiy, ma’naviy muhitni o‘rganayotgan turli tashkilot vakillari bexabar bo‘lishsa?! Imkoniyati cheklangan insonlarni huquqiy, ijtimoiy himoyalash, qo‘llab-quvvatlash, ularni boqimandalik kayfiyatidan olib chiqish masalalariga davlat siyosati darajasida yondashilayotgan bir paytda, tilanchilarning (agar u chindan nogiron bo‘lsa!) ko‘chadan rizq terib yurishlari o‘rinlimikan?! Ularning ham hayot tarzini chuqurroq o‘rganib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish fursati kelmadimikan? 

O‘rni kelganda mavzuga oid yana bir noxush holat haqida to‘xtalmasak bo‘lmas: yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarning doimiy “fuqaro”lari ham borki, ular ziyoratchilar, tomoshatalab xorijliklar atrofida o‘ralashib, sadaqa tilanadilar. Bundaylarga ko‘cha-ko‘ylardagi tilanchilardan ham ko‘proq ahamiyat qaratish zarur, nazarimizda. Chunki bu holatda faqat o‘sha tilanchining qadru qimmati emas, yurt sha’ni yerga uriladi, millat g‘ururi toptaladi. Modomiki, har kimga qo‘l uzatib, orini to‘kadigan bunday kimsalarning o‘zida milliy g‘urur tushunchasi shakllanmagan ekan, biz ularga bu tushunchalar mohiyatini anglataylik. Shunchaki tanqidiy nigoh bilan cheklanib qolmay, masalaga jo‘yali yechim izlaylik. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tilanchilikni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan kishilardan birortasini tanisak, bilsak, ularning qilmishini o‘zlari yashaydigan mahalla ahli, qarindoshlari orasida muhokama qilaylik. Salomatligi, imkoni, sharoitiga yarasha biror mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlariga ko‘maklashaylik.

TAHRIRIYATDAN: Maqolada ko‘tarilgan mavzu xususida sizning fikringiz qanday? Jo‘yali taklifingiz bo‘lsa, bizga yozib yuboring. Birgalikda fikrlashsak, har qanday illatga qarshi tura olamiz.

 

Feruza JALILOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 1 =