BOLAMIZNI noxush axborotdan asrayapmizmi?

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida seminar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

 

 Tadbirlarda “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati ijrochilar, aholining keng ommasiga tushuntirilyapti. 

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 15 noyabrda o‘tkazilgan mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ommaviy axborot vositalari vakillari oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar ijrosi muhokama qilinmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 8-moddasi bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi. Tadbirlar davomida mazkur qonunning maqsad va vazifalari, uning ayrim moddalarini qo‘llash, axborot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning axborotlarni yoshga oid tasniflash, ekspertizadan o‘tkazish, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar vakolatlari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalarining bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalarining bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari va vazifalari batafsil tushuntirilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 3 avgustda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda adabiyot, san’at, madaniyat sohasini yanada rivojlantirish, bu borada ish samaradorligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekaniga alohida e’tibor qaratib, shu yo‘nalishda qator farmon va qarorlar loyihasi tayyorlanayotgani haqida gapirib o‘tgan edi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani mazkur yig‘ilishda aytilgan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchillik asosida olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Bugun mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimi samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish  –  buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir”.

Uchrashuvlar davomida sohaning yetuk mutaxassislari OAV va noshirlikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishning dolzarb muammolari, kitobning o‘rni va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishning muhim masalalari, milliy axborot media makonini ravnaq toptirishda jurnalistlarning roli va mas’uliyati haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashmoqdalar.

Mazkur tadbirlar mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan vazifalarni amalga oshirish, farzandlarimizni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish, respublikamizda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda ijodkor ziyolilar, ommaviy axborot vositalarining o‘rni,  ahamiyati  va ularning bu boradagi vazifalari belgilab olinishi bilan ahamiyatlidir.

 

Ulug‘bek MAMADALIEV,

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi

Axborot xizmati 

boshlig‘i

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 20 =