Erkin bilan hamnafas damlar

Poytaxtdagi Huvaydo mahallasi huvillab qoldi. She’riyat olamida nimalardir yetishmayotganday. Badiiy tarjimasini kutayotgan durdona kitoblar oqimi sustlashgandek… Insoniy fazilatlarini, badiiy-intellektual imkoniyatlarini yozilgan, zarurat taqozosi bilan aytilgan so‘z ila ifodalab, o‘zida go‘zallikning barcha ko‘rinishlarini namoyon etib kelgan ijodkor endi oramizda yo‘q.

 

Erkin Vohidovni, shoira aytmoqchi, “bahor keldi uni so‘roqlab, ardoqlab”, u javob aylamoqda nafis misralarini takrorlab. Sakson yillik vaqt masofasini bosib o‘tgan o‘sha misralar bugun muborak yoshdagi shoir qalami ila sayqal toparmidi?! 

O‘tgan asrning 60-yillaridagi izlanishlari shoirga emas, “she’r shaydosi”ga ta’rif va tavsif berilishini istagan bu qalam sohibi dastlabki devonlaridan birini “Debocha” deb atamoqchi bo‘lganida kamina “Shabnam” yoxud “Tonggi shabnam” (shudring) navqiron yoshingizga ham mos, degan edi. Misralaringiz ham shabnamdek nafis, ko‘rkam, musaffo. Keyinchalik Erkinning ijodiy safdoshi Abdulla Oripov “yoshlik degani asli poklik ekan” deb yozgan, xulosa qilgan edi… 

Bir tush ko‘ribman. Oqteva (Nazarbek Oqtepasi) guzari yonginasida katta bog‘imiz bo‘lardi. Qovun, tarvuzlar suzib yuradigan, atrofidagi maysazor, bog‘ni aylanib o‘tadigan ariq bo‘yida erta ko‘klam o‘t-o‘lan, ayniqsa, xushbo‘y yalpizning tarovatini hozir ham his etib turibman. Bu fayzli, ko‘ngilga yaqin manzaraning bir tafsilotini endi ma’yus bir holatda tilga olaman. O‘zi sarg‘ishroq-malla, qanotlarida taram-taram qora belgilari bo‘lgan qushlar bog‘imizni hech tark etmasdi. Musichadan yirikroq bu beor qushni (“subto‘rg‘ay” derdik), “biyov-biyov” deb sayrab turishi bag‘ri keng boqqa fayz kiritib turardi. Dadamdan bu qush nima deyapti, deb so‘rayverardim. Bir gal javobini oldim. 

— “Biyov-biyov…” degani “So‘fining tobi yo‘q. Sizlarni men uyg‘otaman” degani. So‘fi azonda azon aytadi-da.

Lirik kayfiyatdagi ikki kursdosh muloqotining ayrim tafsilotlarini keltirmoqning indallosi shuki, o‘sha bolakay kamolot yoshiga yetganida tush ko‘ripti. 

— O‘sha bolalik bog‘i etagida ketmon, belkurak, zambillar betartib qalashib yotganmish. Bir tarafda “polvon” nomini olgan ekskavator, greyder, buldozerlar ishga shay bo‘lib turganmish. Shunday ko‘rinishni izohlab turgan shaxs “ardoqlab kelgan bog‘ing buziladi, ko‘rib qol. Vaqt g‘animat” deb xitob qilibdi.

Ertasiga, tongda o‘sha tanish manzarani qo‘msab bordim. “Salom, bog‘im!”. “Salom, yer bag‘irlab o‘sgan o‘rik daraxtim!” — so‘zlarini aytib bog‘ ichra yursam, tushimda ko‘rgan qurilish texnikasi — karkalar, ketmonlar yotipti. So‘lim boqqa bostirib kirishga shay buldozerlar motorlari qizdirilib, quyuq qora tutun bilan xushhavoni buzayapti… Bunga nima deysiz? 

— Menga — o‘sha ko‘rkam bog‘ning umrbod shaydosi bo‘lib qolgan odamga kim xabar yetkazgan, tushimga kiritib ogohlantirgan? 

— Bunday sirli damlar uchrab turadi. Eshitganman. O‘zimning boshimdan o‘tganini eslolmayman. Insoniyat zakovati o‘sib borib, olamshumul ixtirolar millionlarning mulkiga aylanishi hali ko‘p jumboqlarni yechishi muqarrar, — deydi suhbatdoshim. 

Uning mulohazalarini ko‘p o‘yladim. O‘sha kungi muloqot davomida badiiy tarjimaning piri bo‘lmish Erkin Vohidovga moskvalik mashhur olim, dramaturgning xonadonida bo‘lgan uchrashuv tafsilotlaridan bir shingil gapirib berdim: 

— Viktor Shklovskiyni bilasiz-a, Erkin?

— “Navoiy” stsenariysining mualliflaridan biri-da! Yozuvchi, olim. 

— Uning xonadonida bo‘ldim. U gapni Navoiydan boshladi: “Bilasizmi, Navoiy mahbubangning ko‘chasidan chiqqan itni ham ardoqlashing, yaxshi ko‘rishing kerak deydi”, jumlasini tugatganimcha yo‘q edi, suhbatdoshim kula-kula: 

— Zo‘r aytibdi! Qoyil! Mavlononing aynan shunday misralarini o‘qimaganman, lekin sevgi-muhabbatning shu darajadagi badiiy ifodasini sezib turaman. Aslida tarjima shunday bo‘lishi kerakdir. So‘zma-so‘z tarjima ham laboratoriya xizmatini o‘tashini inkor qilmagan holda originalning ruhinigina bera oladigan misrani izlash lozimmikin… Asliyatga teng keladigan qimmatli misrani topish jarayoni biroz mashaqqatli bo‘lar, lekin qiziqarli ham. Viktor Borisovich Alisher Navoiyning o‘ziga xos poetikasidan, sevgining ehtirosli ta’sirchan ifodasidan kelib chiqib unga ekvivalent, ya’ni ruhan unga mos keladigan so‘z, ibora, o‘xshatishlarni izlagan, topgan ham. 

Bu asnoda asliyat muallifining holatiga kirish ham zarurligini sezaman har gal. Lekin Gomer, Shekspir holatiga kirib, “Iliada”, “Odisseya”ni, “Qirol Lir” yoki “Otello”ni tarjima qilish oson bo‘lmas, deb badiiy tarjima san’atini yangi pog‘onaga ko‘targan Erkin Vohidovning fikrini bilmoqchi bo‘lganimda u:

— Faqat tarjima jarayonida emas, original asar yozilishida ham holatga kiriladi. Faqat muallif holatigagina emas, ta’riflanayotgan qahramonlar holatiga ham. 

— Pesa, stsenariy yozilishida-chi? Teatrda, kinostudiyada rejissyor, aktyor bor-ku. Ular ham matn ustida ishlaydi-ku! 

— Stsenariy yozmaganman. “Oltin devor” pesasini yozib teatrga topshirganimda, spektakl qo‘yilishini ko‘rdim. Rejissyor kompozitsiyani o‘zgartirishi, u tanlagan aktyor talqin yo‘liga yangilik kiritishi, rassom voqea sodir bo‘ladigan joyni o‘zicha tanlashi tabiiy bir hol ekan. Shu sababdan “muallif” so‘zi spektaklga nisbatan ishlatilishi munozarali ko‘rindi. Katta ijodiy-texnik guruhning bevosita ishtirokida yaratiladigan sahna asarining ijodkori dramaturgdan tashqari teatr xodimlari hamdir. 

Muloqot damlarida bildirilgan fikrlarning muxtasar ifodalari:

— Talabalik yillari qaysi kitob tengdoshlaringiz orasida mashhur va manzur edi?

— Egel Voynichning “So‘na” romani. Ayniqsa, Artur obrazi. (Milliy universitet bog‘idagi suhbatdan)

prp

— Aqlli qalami bo‘lgan shaxs martabaga erishish haqida o‘ylaydimi?

— Bu haqda o‘ylamaganman. Bir gal poligrafiya sohasi bilimdoni Adham Akbarov qolib meni nashriyotga direktor etib tayinlashganida, Adham akaga, endi siz she’r yozing, men nashr qilaman deb hazillashganman. 

— O‘tgan asr 30-yillari voqealariga munosabatingiz? 

— Baxt, ozodlik haqidagi qo‘shiqlar baralla yangrab turgan, ziyolilar hibs qilinavergan. Ruslarda maqol bor: “Pir vo vremya chumы” — “Bir damda ham vabo, ham bazm”. (Kinochilar uyidagi suhbatdan)

…Olim, shoir Shoislom Shomuhamedovning Saodat ismli qizlarining nikoh to‘yi. Davrada to‘rt mehmon — Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, kamina — Hamidulla Akbarov, Mohira Akarova. Ozod Sharafiddinov:

— Erkin, shuhrat — zangning o‘zginasi-da. Temirga yopishib oladi-da, uni bamisoli kemirib, asta yo‘q qiladi. 

Erkin Vohidov: 

— Ozod aka, inson ochlikka, ko‘p qiyinchiliklarga chiday oladi. Shon-shuhrat sinovga bardosh bera olmaydi… 

Izoh: Erkin bardosh berdi. O‘z maslagiga ibratli hayotining oxirigacha sodiq qoldi. 

Yana bir suhbatimizdan:

— Farzandlaringiz ta’lim oladigan maktabga borib turasizmi? 

— Ha, uyda ham, maktabda ham bolalarning o‘qishi, davomatini kuzatib boraman. Ikki marta maktabdan hayratomuz holatda qaytganman. Bir gal o‘qituvchidan: “Farzandimning kundalik daftari besh bahoga to‘la. Haqiqatan shunday bilimdonmi? — deb so‘radim… Bir necha oy o‘tib yana maktabga borishga to‘g‘ri keldi. Sababi kundalik daftarida besh, to‘rt baholar umuman ko‘rinmay qoldi. 

— Ko‘p ashulalarning kuyi ham, so‘zi ham talab darajasida emas. Ularni eshitish sizga erish tuyulmaydimi? 

— She’r shaydosi edim. Shoir deb tan olishdi. Shoir shoir haqida munozarali gapni aytishi odobdan bo‘lmas…

 

Olti-etti yil muqaddam bo‘lsa kerak, birodarlar: “Xalq so‘zi”ni o‘qidingizmi, Erkin Vohidov katta maqolasida siz haqingizda ham yozipti, deb qolishdi. Topdim o‘sha gazetani. Ikki qayta o‘qidim. Shoir til haqida har galgidek aqlli, iliq so‘zlarni yozipti, kaminani ham qalamga olipti. U bilan uchrashganimizda mendan oldin gap ochdi: 

— O‘qidingizmi gazetani? Bor gapni yozdim, to‘qimadim. 

— Ko‘pchilik gapiryapti ko‘targan masalangiz bo‘yicha. Bizning uyda ham bayram bo‘ldi. Ovoz chiqarib o‘qidik, — minnatdorligimni shunday izhor qildim.

Kenja o‘g‘lim Umidjondan nikohga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda so‘ragan edim: “To‘yni kim ochishini istar eding?”. U darhol javob berdi: “Qani edi, vaqtlari bo‘lsa, Erkin aka Vohidov to‘yimizga kelsalar, birinchi so‘zni aytsalar”. Temir otni minib, jilovni mahkam ushlab Huvaydo mahallasiga bordim. To‘yga birinchilar qatori aytdim. …Rafiqangiz bilan kelib shirin so‘zlarni aytdingiz. Oq fotihadan minnatdor yosh oila hozir ikki farzandlik bo‘ldi. 

Erkin o‘zi, ijodi haqida deyarli so‘zlamas, o‘zgalar maqtov so‘zlarini aytganlarida xijolat bo‘lardi. Shu bois o‘zimni o‘rinli madhdan ushlab, cheklab turardim. 

Erkin Vohidovning bu kabi mulohazalari kontseptual ahamiyatga ega bo‘lib, ular tadqiqotlarning metodologik yo‘nalishini ko‘rsatib beradi. Bizga qolsa, “Erkin Vohidov mutolaasi” mavzusida ikki kun davom etadigan anjuman tashkil etib, bu noyob iste’dod sohibi, chin inson hayoti, ijodining barcha sohalarini qamrab olgan holda ilmiy ma’ruzalar tashkil etib turilishi kerak. Erkin Vohidov ijodi ochilmagan qo‘riq, tubsiz ummon. Ular o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.

 

Hamidulla AKBAROV

 

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 20 =