Mahmudxo‘ja Behbudiyning vakolati

Atoqli davlat va jamoat arbobi, noshir va publitsist, dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1919 yil mart oyidagi, ya’ni Samarqanddan  chiqib ketguncha bo‘lgan hayoti va faoliyati ko‘pchilik mutaxassis va tarixchilarga mavhum.

 

1919—1920 yillar matbuoti, ayrim zamondoshlar xotira va esdaliklarida Behbudiy nima sababdan Samarqanddan chiqib ketgani haqida aniq ma’lumot uchramaydi. Faqatgina Hoji Mu’in Shukrulloning Hojimurod Xudoyberdievning “Ma’rifat qurbonlari” pesasi zaminida tayyorlagan shu nomli besh pardali dramasida ayrim dalillar bor. Shu spektakl haqida maxfiy xizmat idorasiga xabar bergan “Somnitelniy” laqabli agent o‘z axborotida pesada Behbudiyning Yevropa sayohatiga chiqmoqchi ekani, yo‘lda Nuriddin Og‘aliqning uyida to‘xtagani haqida fikrlar borligini xabar qiladi. Binobarin, Hoji Mu’in Behbudiyning o‘limini taftish qilish komissiyasining xulosasidan xabardor bo‘lgan va  ustoziga bag‘ishlangan maqolalarida bor haqiqatni yoza olmagan. Shu bois asl voqeani  pesa tarzida ma’lum qilishga intilgan. Bu masalada H.Xudoyberdievning pesasi qo‘l kelgan. Behbudiyning Yevropaga safarga chiqmoqchi ekani, Nuriddin Og‘aliqning uyida to‘xtashi haqidagi ma’lumotlar boshqa biron joyda uchramaydi, hatto S.Ayniy, A.Shohmansurzoda va boshqalar maqolasida ham. 

“Somnitelniy”ning ma’lumotidan va pesadan ma’lum bo‘lishicha, M.Behbudiy o‘zining doimiy hamrohlari Mardonquli O‘rinboy o‘g‘li va Mardonqul Shomuhammad o‘g‘li bilan birga Yevropaga otlangan. Ammo yo‘lda… Buxoro amirligi hududida qo‘lga olingan…

Xo‘sh, Mahmudxo‘ja Behbudiy Yevropaga nima uchun ketayotgan edi?!

Endi 1919 yil mart oyiga qaytaylik. Ayrim manbalarda Behbudiyning Turkiston bolsheviklari boshlig‘i Tobolin bilan uchrashgani, oziq-ovqat muammosi, shaharlarda avj olayotgan  ocharchilikning oldini olish masalasi haqida suhbatlashilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ammo bolsheviklar lideri bilan bo‘lgan uchrashuvda Behbudiy Muxtoriyat masalasini ko‘targanmi, asosiy maqsadga erisha olganmi, bu ma’lum emas. Ammo Behbudiy yana kimlar bilan uchrashdi, qanday masalalarni hal qilmoqchi bo‘ldi — bular haqida ma’lumot yo‘q. Munavvar qori Abdurashidxonov “Xotiralar”ida M.Behbudiyning xorijga  ketayotganini va tashkilot majlisida ishtirok etganini, so‘ng Buxoroda qo‘lga tushib, sheriklari bilan amir tomonidan mahv etilganini aniq yozadi. Ammo Behbudiy oilasini bolsheviklar tajovuzidan muhofaza qilish uchun maqsadni sir saqlaydi. Binobarin, M.Behbudiy 1919 yil mart boshidagi “Milliy ittihod” tashkiloti yig‘ilishida ishtirok etgan.

Voqealarning siyosiy tadrijiga qaraganda, yig‘ilishda Behbudiy va Turkiston Muxtoriyati nozirlari bolsheviklarining Farg‘onadagi jazo ekspeditsiyasini to‘xtatmoqchi va Muxtoriyatni himoya qilmoqchi bo‘lishgan. Shu bois tashkilotning Turkiston Muxtoriyati ayrim a’zolari ishtirokidagi yig‘ilishda jahon afkor ommasini bor haqiqat bilan tanishtirish maqsadga muvofiq topilgan. Bu masalani bolshevik tarixchilari ham tan oladilar.   

Turkistondagi fuqarolar urushi tarixini o‘rgangan A.I.Zevelev, Yu.A.Polyakov, A.I.Chugunov “Bosmachilik: tashkili, mohiyat, inqiroz” asarida bor haqiqatni bo‘yab yozishar ekan, “musulmon delegatsiyasi” “Frantsiyaga borib”, “Turkistonni bolsheviklar zulmidan ozod qilish” talabini qo‘ymoqchi edilar” degan fikrni bildiradilar. Biz mualliflarning tarixiy haqiqatni nechog‘lik bo‘yaganliklari va tarixiy shaxslar haqida bo‘htonlar yog‘dirganlari, “musulmon delegatsiyasi” tarkibini yashirganlari ustida to‘xtalib o‘tirmaymiz. Binobarin, maqsad aniq. Mahmudxo‘ja Behbudiy Sharq va o‘arb olamida o‘z obro‘-e’tiboriga ega adib edi. Ana shu dalil e’tiborda tutilgan holda  Parijga borib xalqaro tinchlik konferentsiyasiga murojaat qilish topshirilgan. Xalqaro konferentsiyaga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mustafo Cho‘qaev, Ubaydulla Xo‘jaev, Sayyid Nosir Mirjalilovdan iborat vakolatli vakillar Parijga yo‘l olishgan. Delegatsiya uch guruhga bo‘lingan: Behbudiy guruhi va Sayyid Nosir Mirjalilov hamda Ubaydulla Xo‘jaev, Mustafo Cho‘qaev Tiflis shahrida uchrashib, u yerdan Yevropaga bormoqchi bo‘lishgan. 

Turkistonda milliy qarshilik ko‘rsatish harakati vakillaridan biri Ahmad Rajab Boytursun “Turkiston istiqlol harakatlari…” xotira kitobida “Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sayyid Nosir afandi, Mardonquli va do‘stlari  Xo‘qand hukumatining tom bir vakolati ila sulh konferentsiyasiga ketishar ekan, yo‘lda Qarshi viloyatinda Buxoro amirining amri ila o‘ldirildilar”. “Bunlardan Sayyid Nasir afandi Chorjo‘y  yo‘li bilan Tiflisga bordi” deydi.  

Ahmad Rajab Boytursun va A.Zevelev, Yu.Polyakov, A.Chugunov fikrlari bir nuqtada kesishgani bois ochiq aytish mumkinki, Mahmudxo‘ja Behbudiy va hamrohlari Turkiston Muxtoriyati hukumatining to‘liq vakolati bilan Parijga, jahon tinchlik sulhi konferentsiyasiga yo‘l olishgan. Maqsad Yevropa davlatlarini kengashlar hukumati Farg‘onada olib borayotgan jazo ekspeditsiyasining qonli harakatiga e’tiborini tortish, Muxtoriyatni tiklash masalasini konferentsiya majlisiga kundalik vazifa qilib qo‘yish bo‘lgan. Afsuski, sho‘ro josuslari Buxoro amiri qo‘li bilan bu jarayonni to‘xtatgan. Natijada maqsad amalga oshmagan va sho‘ro hukumati jahon afkor ommasi oldida o‘zining sharmandali va qonli tajovuzini yashirishga erishgan. Mustabid hokimiyat o‘z niyatiga yetmoq uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi diktaturaga qarshi tura oladigan va faqatgina O‘rta Osiyoda emas, balki nomi o‘arbiy Osiyo va Yevropada mashhur bo‘lgan mutafakkir, siyosiy arbob hamda adibni mahv etishdan qaytmagan. Shu bois uning nomi uzoq muddat parda ostida saqlandi. Ammo, tarixda hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Bir kunmas-bir kun har qanday tarixiy sir oshkor bo‘ladi. Bu oddiy tarix haqiqati. 

 

Sirojiddin AHMAD

“Hurriyat” uchun 

maxsus tayyorladi.

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − four =