Xalq ta’limidagi yangiliklar

Kasb taqozosi bilan ko‘plab tadbirlar, anjumanlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keladi. Ularning barchasi ham sermazmun yoki qoniqarli ahvolda bo‘lavermaydi. Gohida ketgan vaqtingga achinasan, kishi. Berilgan savollarning ochiq qolish holatlari ham ko‘p uchraydi. Kuni kecha poytaxtimizning Milliy matbuot markazida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan anjuman jurnalistlarni to‘la qoniqtiroldi, deyishimiz mumkin. 

 

Prezidentimizning “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan mazkur anjumanda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov so‘zga chiqib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. 

Ma’lumki, 2017 yilning 2 va 16 avgust kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish masalalari tanqidiy muhokama qilinib, unda berilgan ko‘rsatmalar va ota-onalarning xohish istaklari asosida 11 yillik majburiy ta’lim joriy etildi. Bugungi kunda umumta’lim maktablarining  9-sinfini bitirgan 467 ming nafar o‘quvchidan 284 ming nafari 10 sinfda ta’lim olmoqda.  

11 yillik ta’limning joriy etilishi munosabati bilan jamiyatni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilikning fikri asosida 10-11 sinflar uchun 12 ta umumta’lim fani bo‘yicha o‘quv rejalari qayta ishlab chiqilib, ularga qator o‘zgartirishlar kiritilgan. 

Fan dasturlari asosida 10 sinf o‘quvchilariga umumta’lim fanlaridan 18 nomdagi darsliklar 7 tilda chop etildi. 

Bugungi kunda 10 sinf o‘quvchilari respublikamiz bo‘yicha 470 ta maktab va 1018 ta kasb-hunar kollejlarida tashkil qilingan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida 50 dan ortiq kasbni o‘rganishmoqda. Kasblar ro‘yxati hududlarning shart-sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, mutaxassislar hamda ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda tuzilgan. Ular murakkablik darajasiga qarab 1 yoki 2 yil davomida o‘rgatiladi va mehnat bozoridagi ehtiyojga qarab o‘zgarib boradi. 10-11 sinf o‘quvchilariga ikki yil davomida haftasiga bir kun 6 soatdan kasbiy ta’lim beriladi. Bitiruvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi. 

Bundan tashqari, o‘quvchilarning kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzluksiz yetkazish maqsadida umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab kasbga yo‘naltirish ishlari olib boriladi. 8-9 sinflarda esa kasbga yo‘naltirish alohida fan sifatida o‘tiladi. Shuningdek, 11-sinfda kasb ta’limi orqali «Tadbirkorlik asoslari» fani ham o‘qitiladi. 

Tadbir davomida sohaga doir ko‘plab yangiliklarga keng to‘xtalib o‘tildi. So‘ngra jurnalistlar tomonidan bir qator masalalar yuzasidan savollar berildi. Bular ta’lim tizimidagi qog‘ozbozlik, darsliklarning sifati, maktablarni isitish masalasi, majburiy ishga jalb qilish, o‘qituvchilarning o‘z haq-huquqlarini bilmasligi, kadrlar yetishmasligi, maktablarda pul yig‘ish kabi bir qator masalalardir. Vazir boshchiligidagi soha mutaxassislari yig‘ilganlar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berishdi.   

 

B.YO‘LCHIYEV 

tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + twenty =