YANGI HAYOT EVRILISHLARI

Ko‘pchiligimiz “smart watch” — aqlli soat, “smartphone” — aqlli telefon, “smart TV” — aqlli televizor, “smart home” — aqlli uylar haqida eshitganmiz, ba’zilaridan foydalanamiz ham. Sohibining yuz tuzilishi, ovozidan tanib, eshiklarini o‘zi ochuvchi yoki qadamlarni sezishi bilan chiroqlarini o‘zi yoqib-o‘chiruvchi uylar bugun mo‘’jiza yoki bir tush emas. Inson tafakkurining mahsuli va texnikaning mo‘’jizaviy kuchi sabab bugun undan-da yuksak yutuqlarga erishilmoqda. Ayni kunda ko‘rinishi va tuzilishi jihatdan tubdan o‘zgarayotgan ba’zi shaharlar ham borki, ularni hech ikkilanmay, “aqllilar” qatoriga qo‘sha olamiz.

 

“Aqlli” soat yoki telefonlarning foydasi birgina insonga tegsa, “aqlli shahar” — “Smart City”lardagi AKT imkoniyatlari, innovatsion «nou-hau»lar ko‘pchilik insonlarning manfaati uchun “ishlaydi”. Ya’ni ularning ish faoliyatini maksimal darajada yengillashtiradi. “Smart City”larning tarixi shunday — axborot texnologiyalarida jiddiy odim bo‘lishini his qilgan bir guruh tadqiqotchilar 90-yillar o‘rtalarida “Aqlli shahar” kontseptsiyasi haqida o‘ylay boshlashdi. Qizig‘i shundaki, atrof-muhitni inson ta’siridan himoyalovchi imkoniyat sifatida baholangan mazkur kontseptsiya va u bilan bog‘liq g‘oyalar davlatlar hamda investorlar diqqatini o‘ziga jalb etgunga qadar oradan 20 yil vaqt o‘tdi. Boisi, bu fikr tug‘ilgan mahal hali texnika va texnologiya bugungidek darajada emas edi. 2008 yilgi butunjahon moliyaviy inqirozidan so‘ng IBM bosh direktori Sem Palmisano o‘zining “Aqlli sayyora: dunyo rahbarlari uchun yangi maqsad” nomli ma’ruzasi orqali ko‘pchilikni g‘aflat uyqusidan uyg‘otgandek bo‘ldi. Sababi Palmisano ma’ruzasi davomida ishtirokchilarni jamiyat aqlli tizimga o‘tishni talab etadigan texnologik jarayonni e’tiborsiz qoldirgani uchun ana shunday moliyaviy pasayish kuzatilganiga ishontiradi. Shundan so‘ng mazkur yangilik xususida chuqurroq o‘ylay boshlanadi. 

Xo‘sh, shaharlar “aqli”ni tanish uchun ularga nima zarur? Bir necha yillar muqaddam “Aqlli shahar” deyilganda, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan shaharlar nazarda tutilar edi. Eng avvalo, shahar mulkini, jumladan, maktablar, shifoxonalar, kutubxonalar, umumiy ovqatlanish joylari, elektrostantsiyalar, transport qatnovlari, suv ta’minoti kabi qator xizmatlarni boshqaruvchi integratsiyalashgan yagona axborot-kommunikatsiya texnologiyasi kerak. Ammo bugun aholining zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib olishi ham “aqlli shahar” tushunchasini anglatmoqda. 

Bundan uch oy muqaddam mamlakatimizda ham ana shunday ilk “aqlli shahar” qurilishi haqida ma’lum qilindi. Toshkent viloyati ma’muriy markazi — Nurafshon (avvalgi To‘ytepa) shahrida ma’muriy binolar, zamonaviy va qulay turarjoylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona, maktablar, ko‘p tarmoqli shifoxona bunyod etilishi, istirohat bog‘lari, bog‘lar, maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun alohida xiyobonlar tashkil etilishi hamda shahar markazi orqali oqib o‘tishi rejalashtirilgan sun’iy anhor yoqasida kafe, do‘kon va boshqa ob’ektlar ochilishi e’lon qilindi, va aytish mumkinki, bugun ana shu ishlar qizg‘in davom etmoqda.   

Endi navbat poytaxtimiz — Toshkent shahriga yetdi. U ham tez orada “aqlli” shahar qiyofasiga kiradi. Zamonaviy binolar, turarjoylar, yanada qulay temiryo‘l va transport xizmatlari, shifoxona hamda maktablar — barcha-barchasi yaqin yillar ichida poytaxtimiz ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shadi. Shuningdek, davlat boshqaruv organlari faoliyatini ham elektronlashtirish ko‘zda tutilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida Toshkent shahar hokimligida “Raqamli ofis”, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, davlat xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha tizimlarni tatbiq qilish hamda poytaxtimizda Seul ko‘chasining qurilishi bilan yaqindan tanishish uchun Janubiy koreyalik mutaxassislarni yurtimizga taklif etgan edi. Yaqinda shu maqsadda yurtimizga tashrif buyurgan bir guruh delegatlar qator joylarda bo‘lishdi. Delegatsiya a’zolari tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligida bo‘lib, “Hudud” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uchun yaratilayotgan “Obod uy” dasturi, 1055 xizmatida AKTning joriy qilinganini o‘rganishdi. Shuningdek, ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham bo‘lib, u yerda davlat xizmatlarini taqdim etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, shikoyat va arizalar ijrosini nazorat qilish mexanizmi bilan yaqindan tanishdi.

Seul shahri meriyasining xalqaro munosabatlar bo‘limi vakili Jong Mun Baikning ta’kidlashicha, zamonaviy shaharsozlik ilg‘or texnologiyalar hamda samarali axborot tizimlarini joriy etishga asoslangan. Delegatsiya tashrifidan ko‘zlangan maqsad ham Toshkent shahar hokimligi faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq qilish orqali davlat xizmatlarini kengaytirishga hissa qo‘shishdir. Mamlakatimizdagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganib chiqqan xorijlik delegatlar “Raqamli ofis” tizimini yaratish bo‘yicha o‘z taklif-tavsiyalarini ham bildirdilar. Shuningdek, poytaxtimiz va mamlakatimizdagi mavjud kamchiliklar haqida ham fikr bildirishdi. Jumladan, O‘zbekistonda elektron hukumat bo‘yicha mukammal infrastrukturaning yo‘qligi, internet va Wi-fi xizmatlari tezligini oshirish zaruriyati hamda davlat xizmatlari va fuqarolar o‘rtasida elektron hukumatni keng targ‘ib etish lozimligi haqida alohida to‘xtaldilar. 

Raqamli hokimiyatda endi barcha sohalar, jumladan, fuqarolarning talab va takliflarini o‘rganuvchi tashkilotlar, uy-joy xizmatlari, ta’lim, tibbiyot, transport va boshqa shu kabi tizimlar birlashadi. 

“Aqlli shahar” barpo etilgandan so‘ng asosiy e’tibor uning xavfsizligiga qaratiladi. Albatta, bu masalalar ham hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi. 

“McKinsey” xalqaro konsalting kompaniyasining aytishicha, 2020 yilga borib dunyo bo‘yicha “aqlli shahar”lar soni 600 dan oshadi. Poytaxtimiz ham o‘sha ro‘yxatdan munosib o‘rin egallashini chin dildan tilab qolamiz.

Go‘zal MALIKOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =