O‘zbekiston — najot qal’asi. “Men mehr-oqibat nimaligini Toshkentda o‘rgandim”


Mamlakatimizda   yaqinda  9 may  —  Xotira va qadrlash kuni katta tantanalar bilan nishonlanganiga  guvoh bo‘ldik. Darhaqiqat,  urush yillarida janggohlarda va urush ortida  jonbozlik ko‘rsatgan  ota-bobolarimiz jasoratini eslash va ular  xotirasini e’zozlash doimo biz  uchun qarz va farzdir. Zero, tinchlik-osoyishtalik, el  omonligi va  farovonligidan buyukroq ne’mat yo‘qligi hech  qachon esimizdan chiqmasin. 
Mehr-muhabbat, bag‘rikenglik odamzodni hamisha balo-qazolardan qutqarib, to‘g‘ri yo‘lga da’vat etib kelgan. Ahli basharning ming-ming yillardan buyon Yer yuzida yashab, ko‘payishi ham ana shu mehr-muhabbat, do‘stlik, qardoshlik tufaylidir.

Xalqimiz ham Yer yuzidagi barcha insonlar qatorida azal-azaldan nafaqat o‘z qarindosh-urug‘idan, balki yetti yot begonadan ham o‘z mehr-muruvvatini darig‘ tutmay kelgan. Uzoqqa bormaylik, ota-bobolarimiz ishtirok etgan Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan mehr-oqibat, matonatini yaxshi bilamiz. Bu haqda bitilgan ko‘plab asarlar, jumladan, o‘afur o‘ulomning “Sen yetim emassan” she’ri, adib Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani va roman asosida yaratilgan badiiy film ko‘pchilikka tanish.
Xalqimizning  bu urush maydonlaridagina emas, balki front ortida  ko‘rsatgan  jasorat va  matonati xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu  yil 9 may — Xotira va qadrlash   kuniga bag‘ishlangan  marosimdagi nutqida jumladan, shunday  dedi: “Urush davrida xalqimiz tomonidan frontga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘, yuzlab harbiy-sanitariya poezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, juda katta miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berildi. 1941—1945 yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylandi. Bu yerda ming-minglab jangchilar davolanib, urush va mehnat frontlariga qaytdilar.
O‘sha suronli yillar haqida gapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari to‘g‘risida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib so‘z yuritsak, arziydi, albatta. O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishini o‘z yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi.
Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadoni ana shunday oilalardan biri edi. Bahri aya va Shoahmad ota 14 nafar och-yupun, yetim bolani o‘z tarbiyasiga olib, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdilar. Xalqimizga xos ana shunday buyuk  insonparvarlik  yuksak ma’naviy  jasorat namunasi sifatida  butun dunyoda e’tirof etildi”.
Shu ma’noda “Bolalikning so‘nggi yozi” hujjatli filmini ham aslo hayajonsiz ko‘rib bo‘lmaydi. Film O‘zbekiston tarixining aynan o‘sha sahifalaridan, ya’ni bu respublika Ikkinchi jahon urushi yillarida minglab qochoqlarni o‘zining issiq bag‘riga olib, ularga non, boshpana va ish bergan kunlardan hikoya qiladi.
Kartina rejissyori Nabi Razzoqov bizga O‘zbekiston televideniesi va “O‘zbekfilm” kinostudiyasida faoliyat ko‘rsatgan paytlarda olgan filmlari bilan tanish. Film stsenariysi Vyacheslav Shatoxin tomonidan yozilgan.
Vyacheslav Shatoxinga Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Shu yerda maktabda o‘qigan, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning huquqshunoslik fakultetini tugallagan. U onasi va buvisining urushgacha o‘zlari istiqomat qilgan Poltava shahri haqidagi hikoyalarini ko‘p eshitgan. Ochlik. Urush yillarining mashaqqat va qiyinchiliklari. Bor-yo‘g‘idan ayrilgan, abgor, bitlab ketgan, kir-yag‘ir holda kelgan insonlarga boshpana bergan, ularni isitgan va hayotlarini saqlab qolgan O‘zbekiston. Hali bularni ko‘rgan odamlar tirik paytida ushbu voqealar shohidi bo‘lgan insonlarni izlab topib, ularning xotiralarini yozib olib, xujjatli film ishlashga qaror qiladi. Ko‘pdan- ko‘p gazetalar, jurnallarga e’lonlar beradi. Xalqaro axborot tarmog‘i — internet Shatoxinning ushbu so‘rovini jahonning barcha burchaklariga yetkazdi. U radiolarda, Nyu-Yorkdagi RTN telekanalida chiqishlar qildi.
Bu so‘rovni AQSh, Isroil, Rossiya, Avstraliya, Germaniya aholisi eshitdi. O‘zlarining urush xotiralari bilan bog‘liq xatlari, otkritkalari, banderollarini hamda ushbu mavzuga bag‘ishlangan kitoblarini jo‘natishadi. Film suratga olib bo‘lingach, barcha ishtirokchilar Bruklin xiyoboniga to‘plandilar. Ular shu yerda bir-birlari bilan tanishib, O‘zbekiston haqidagi samimiy xotiralarini gapirib berishadi.

Mino Mazo, uy bekasi.
U O‘zbekistonda qanday yashagani, o‘zbeklardan ko‘plab do‘st-dugonalar orttirgani va o‘zbek maktabida o‘qish hamda yozishni qanday o‘rganganini aytib berdi. Oradan ancha yillar o‘tib, urush yillarida birga yashagan o‘zbekistonlik qo‘shnilari uni atay izlab Belorussiyaga kelishadi. Aniqrog‘i, o‘zi yashagan xonadon oqsoqoli nevarasi bilan keladi. Mezbon ularni Minskka tomoshaga olib boradi.

Libus Isroil Aronovich. 1926 yil martda Vinnitsa viloyatining Gaysin shahrida tug‘ilgan.
“Toshkent shahriga 1941 yil 30 iyulda kelganman, — deydi u. —Yo‘lda bombardimon paytida biz akam bilan vagondan tushib qolib, bug‘doyzorga yashiringanmiz. Shu tariqa poezddan qolib ketganmiz. Oradan olti oy o‘tib, Toshkentga kelib ota-onamiz bilan topishganmiz. Keyin esa akam frontga ketdi, meni esa, aviatsiya zavodiga ishga qabul qilishdi. Men u yerda fibrli benzobaklarni parchinlashni o‘rgandim.”

Chuprun Sonya, Odessa shahrida tug‘ilgan.
“1941 yilda Toshkentga ko‘chirilganmiz, — deydi u . — Men o‘n uch yoshda edim. O‘zbekistonda qishloqda yashaganmiz. U yerda men uch qiz — Farida, Manzura va Muqima bilan do‘stlashdim va bu do‘stligimiz juda uzoq yillar davom etdi”.

“Men Klara Baumshteyn, qizlik familiyam — Veytsman.
1927 yilda Odessada tug‘ilganman. Toshkentda otam 307-harbiy zavodda ishlagan. O‘n besh yoshga to‘lganimda men ham shu zavodda ishlay boshladim. Zavoddan bizlarga yarimta xona berishgan edi. Faner to‘siqning orqasida boshqa oila yashardi. Urushning bunday qiyinchiliklariga qaramasdan men bu yerda o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, saxovatini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”.

Sadogurskaya Asya Cemenovna 1934 yil 21 iyunda tug‘ilgan.
“1941 yilning iyulida Kievdan O‘zbekistonga, Buxoroga yaqin bir shaharchaga kelganmiz. Bu yerda maktabning ikki sinfini tugatdim. Sinfimizdagi barcha o‘quvchilar (mahalliy va qochqinlar) juda ahil, inoq edilar”.
U yuborgan she’rdan satrlar:
O‘zbeklar, qozoqlar, gruzinlar,
Ta’zimimiz qabul aylangiz bugun.
Dahshatli urush yillarida bizlarning
Hayotimiz asrab qolganingiz uchun.

Iosif Veserman, 1934 yil 17 sentyabrda Moldovaning Floreshti shahrida tug‘ilgan.
“1941 yilning iyun oyida onam va ukam bilan dastlab Ukrainaga, keyinchalik Namanganga ko‘chirildik. Men va oilam O‘zbekistondan juda-juda minnatdormiz. Aziz va qadrdon o‘zbek xalqini hech qachon esdan chiqarmaymiz. Ularsiz bizlarning yashab qolishimiz dargumon edi. Rahmat! Rahmat! Katta rahmat!”

Fira Borisovna Chechelnitskaya, qizlik familiyasi — Grinberg, 1938 yilda Zaporojeda tug‘ilgan.
“Otam Boris Fraymovich 1942 yilning yanvarida Stalingrad ostonalaridagi janglarda halok bo‘lgan, — 1941 yil 18 avgustda onam men va ukam bilan Samarqand viloyati, Komsomol tumani, “Qizil askar” kolxoziga ko‘chirib keltirilganmiz. Men o‘sha yerda feldsher yordamchisi bo‘lib ishladim, buxgalteriya kursini bitirdim. Kolxozda bosh buxgalter o‘rinbosari bo‘lib ishladim. Uzoq yillardan keyin biz yana Zaporojega qaytib ketdik”.

“Mening ismim Yakov, Kremenchugda tug‘ilganman, deydi yana bir suhbatdosh. Urush boshlangan paytda onam ikki nafar go‘dagi bilan O‘zbekistonga yo‘l olgan. O‘shanda men 10, ukam 4 yoshda bo‘lganmiz. Avvalboshda Yangiyo‘lda, so‘ngra Toshkentda istiqomat qildik. Juda ham mashaqqatli davrlar edi. Non kartochka bilan berilardi. Odamlar ochlikdan shishib o‘lganlarini ko‘rganman. Hamma front uchun ishlardi. Shunga qaramay, O‘zbekiston xalqi qochqinlarni mehr-muhabbat, ochiq yuz bilan qabul qilishardi. Olis yurtlardan kelgan ko‘ngli yarim kishilarni boshpana va ish bilan ta’minlashga harakat qilishardi. Qochqinlar ham ularga katta minnatdorlik va ehtirom bilan javob berardi. Onam tikuv fabrikasida ishlardi. U ko‘plab o‘zbek qizlariga tikishni o‘rgatganini bilaman.”
Yana bitta voqea.
“Urushdan oldin ota-onam bilan Minskda yashardik. 1941 yil iyunda onam — tibbiyot instituti tolibasini Mogilevga amaliyotga jo‘natishgan. Men u bilan birga bo‘lganman. U yerda bizlar urush bilan ro‘para keldik. Mogilevdan ming azobda yayov Krichev shahriga yetib bordik. Xayriyatki, u yerda Sharqqa ketayotgan so‘nggi vagonga ilinib ololdik. Tibbiyot instituti evakuatsiya qilingan Toshkent shahriga yetib bordik. Onam institutdagi tahsilini davom ettirdi. Bizlar onamning ikki singlisi oilalari bilan birga yashadik. Oloy bozori yonidagi Shirokiy ko‘chasida joylashgan hovlimiz katta edi. Bu yerda turli millatga mansub o‘nlab oilalar istiqomat qilishar edi. Tortishuvlar, ziddiyatlar ham bo‘lib turardi. Ammo boshimizga bir tashvish tushsa, hammamiz bir-birimizga yordamga shoshilardik. Yarim och-nahor yuradigan paytlarimiz ko‘p bo‘lardi. Zangiladan tishlarimiz liqillab qolgandi. Nimadir sabab bilan onam va meni bir o‘zbek xonadoni bir necha marta mehmonga taklif etib qoldi. Ular bizni to‘yimli milliy ovqatlar bilan siylab, hatto ketishimizda turli meva-chevalar berib yuborgani hech esimdan chiqmaydi. Ochig‘i, bunday himmat va muruvvatlar bizlarni qayta hayotga qaytardi. Otam Moskva ostonasidagi janglarda maxsus avtorota komandiri sifatida ishtirok etgan. 1941 yilning sentyabr oyida bedarak yo‘qolgan”.

Mariya Vinevetskaya, Nyu-York:
“Nemislar chekingan paytda getto asirlarining yarmidan ko‘prog‘ini otib tashladilar. Men 7 oylik o‘g‘lim bilan qochib, yashirinib qoldim. Xolavachchalarim 18 yoshli Manya va 21 yoshli Betyuni avval zo‘rlashib, keyin o‘ldirishdi.”

Raxil Levieva, Nyu York:
Toshkentga biz 1942 yil martda, nemislarning Stalingradga hujumidan keyin yetib keldik. Bizlarni bir o‘zbek oilasi o‘z bag‘riga oldi. Bu xonadon Toshkentning Eski shahar qismida, O‘rda hududida edi. Yaqinimizdan Bo‘zsuv daryosi oqardi. Bir kuni ayni yanvar oyida onam suvga borib, sirg‘anib daryoga tushib ketadi. Suzishni bilmagan onam bechora cho‘kib ketdi. Biz bolalar g‘irt yetim qoldik. Men 16, Klara 5, Isaak 4 yoshda edi. O‘shanda kasb-hunar bilim yurtida o‘qirdim va aviatsiya zavodida frezerchi bo‘lib ishlardim. O‘zbek qo‘shnilarimiz bizlarni bolalar uyiga joylashtirishdi. Xullas, O‘zbekiston, Toshkentning mehri- shafoati bilan bizlar o‘sib ulg‘aydik, yaxshi kasb-kor egalladik va jamiyatga foydali insonlar bo‘lib yetishdik.
 
Gariy Gorelik, Nyu-York:
“1941 yil 22 iyunda fashistlar Germaniyasi SSSRga hujum qilganda men 9 yoshda edim, endi ikkinchi sinfga o‘tgandim. Ota-onam bilan Rostov-Donda yashardik. Shu shaharda tug‘ilganman. Otam Shimoliy Kavkazdagi yirik poyabzal fabrikasida ishlardi. Fabrikani hamda bizni Toshkentga evakuatsiya qilishdi. Biz tushgan eshelonga Mineral suvlar shahri yaqinida osmondan bomba tashlashdi. Anchagina qurbonlar bo‘ldi. O‘lganlar va yaradorlar ko‘p edi. Portlash to‘lqini otamni kontuziyaladi. Keyin Bokuga kelib, paromga o‘tirib Krasnovodskka o‘tdik. Toshkentda bizni mahalliy poyabzal fabrikasining vakillari kutib olishdi. Dastlab fabrikaning Madaniyat saroyida yashashga to‘g‘ri keldi. Toza-ko‘rpa to‘shaklar berishdi, hammomga olib borishdi. Otam Toshkentdagi fabrikada ishini davom ettirdi. O‘sha yillarda o‘zbeklar bilan qo‘shni bo‘lib, mahallada yashab, bu xalqning naqadar bag‘ri keng, insonparvar millat ekaniga amin bo‘ldim. Bizlar urushdan keyin uyga qaytayotganimizda qo‘shni o‘zbek ayollari o‘zlari tikkan chiroyli do‘pillarni boshimizga kiygizib qo‘ygani hali-hali esimda. Men ularni uzoq vaqtlar asrab yurdim. Madaniyat saroyida yashagan paytimizdagi olingan suratlarni hali ham saqlab kelayapman.”

Sofiya Shatoxina:
“Mening onam Mariya Naumovna Xotimlyanskaya Poltavada bomba hujumlari ostidan ikki bolasini arang qutqarib sog‘-omon chiqqan. Uy-ro‘zg‘orning barcha buyum, anjomlari o‘sha joyda qolib ketgan. Otam ko‘ngillilarga qo‘shilib Poltavani himoya qilgan. Jang paytida halok bo‘lgan va birodarlik qabristoniga dafn etilgan. Onam o‘zi bilan bor-yo‘g‘i ikki tugun va chamadonni olib, ming mashaqqat bilan Toshkentga yetib kelgan. Bu yerda o‘zbeklar bizga boshpana, ish berdi. Onam 41 yoshida tul qolib, keyin oila qilmadi. U umr bo‘yi otamga sadoqat bilan yashadi.”

Tatyana Pertseva
“Eski Toshkent haqida ocherklar” kitobini yo‘llaganki, uni aslo hayajonsiz o‘qib bo‘lmaydi. Mana bu kitobdan ayrim lavhalar:
“Malyasova ko‘chasidagi qadrdon “O‘rtoq” fabrikasini hali-hali eslab turaman. U yerdan guldiragancha Oqqo‘rg‘on kanali oqib o‘tardi. Karamel xamirining anvoyi hidi butun ko‘chaga anqib turardi. Biz bu fabrikada maktab amaliyotini o‘tardik. Konveyerdan shokolad konfetlari oqib kelardi. “Qoraqum”, “Belka”, “Mishka” degan konfetlarni tayyorlar edik. Marmelad tsexida quyuq qaylani qolipchalarga quyardik. Qand upasi sepilmagan marmelad yanada mazaliroq tuyulardi. Bu — bolaligimiz va yoshligimizning tansiq va anvoyi hidlari edi! Men Toshkentdagi xiyobonni ham umrbod esimdan chiqarmayman. U men uchun eng qadrdon do‘st kabi edi. Yoshligimizning xiyoboni. Toshkentning ajoyib go‘shasi — kurant xiyobon alleyasining bir qismi edi. Biz uni poytaxtimizning ramzi deb hisoblardik. Xuddi Londondagi Big Ben yoki Parijdagi Eyfel minorasi kabi. Toshkent kurantlari qaerdan kelgan edi? Buning tarixi ham qiziq. Ancha yillar avval, aniqrog‘i, urush tugashi arafasida bir chaqqon yahudiy nemis shaharchasi Allenshtayn ratushasidagi buzilib yotgan soat mexanizmlarini qismlarga bo‘lib yuk vagoniga ortib Toshkentga yo‘l oladi. U ko‘plab mamlakatlar, chegaralarni bosib Toshkentga oshiqadi. U yo‘lda necha oy bo‘lgan, temir yo‘lchilarni vagonni bir sostavdan boshqasiga ulashga qanday ko‘ndirgan, bular albatta, bizga qorong‘u. Generallar urushdan olingan o‘ljalarni vagonlab tashigan paytda, u uyiga soatni keltirgan va keyinchalik Toshkent kurantiga aylangan. Yana bir jihati, bu inson ko‘p yillar davomida kurantning ishlashini nazorat qilib borgan. Men uning qabrini Botkin qabristonida ko‘rganman. Bu inson — Ishiya Abramovich Ayzenshteyn xotiramizda abadiy     yashaydi! Toshkent menga tuhfa etgan ajoyib bayramlarni, quvonchli kunlarni hech qachon esimdan chiqarmayman.”

Leonid Bronevoy:
“Biz, och-yalang‘och, bit bosgan, xo‘rlangan beva-bechoralarni urush yilarida O‘rta Osiyo respublikalari o‘z bag‘riga oldi. O‘zbeklar, qozoqlar, tojiklar qochoqlarni o‘z birodarlaridan ziyod ko‘rib, xonadonlariga qabul qildi, eng so‘nggi nonini ular bilan bo‘lishib yedi”.

NAJOT QAL’ASI
Urush yillari Moskvada, O‘rta Osiyo respublikalari va o‘arbiy Sibir rahbarlarining katta majlisida qochqinlar va evakuatsiya qilinganlarni taqsimlash paytida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Usmon Yusupov: “Qancha kelishsa, hammasini qabul qilamiz” degan ekan.
Haqiqatdan ham shunday bo‘lgan, O‘zbekiston urush, qahatchilik yillarida yuz minglab kishini o‘z bag‘riga qabul qildi. Ulardan 200 ming nafari bolalar edi. Jumladan, minglab yahudiy. Qochqinlar orasida Ukraina, Belorussiya va Rossiyaning bosib olingan hududlarida fashistlar tomonidan shafqatsizlarcha xo‘rlangan, zo‘rlangan, jismonan va ma’nan azob-uqubatlarga mahkum etilgan ruslar, ukrainlar, beloruslar va boshqa millat vakillari bor edi. Yahudiylar esa har lahzada tahdid qilib turgan muqarrar ajaldan qochib kelishardi. Gitler va uning shotirlari yahudiy xalqini Yer yuzida bitta ham qoldirmay qirib tashlashga qaror qilgan edi. O‘zbekiston ular uchun ikkinchi Vatan bo‘lib qoldi. U sovuq qotganlarni isitdi. Ochlarning qornini to‘ydirdi, boshpana berdi. Hech mubolag‘asiz, ularning har biriga o‘z bolasiday g‘amxo‘rlik qildi. Ish berdi. Falokatdan qutqardi. O‘zbek xalqi urush yillarida ming-minglab keksalar, bolalar hamda ayollarning jonini saqlab qoldi. Yuqoridagi dil izhorlaridan kelib chiqadigan xulosa shuki, O‘zbekiston chindan ham millionlarning xaloskoridir.
Ko‘plab ziyolilar, ijodkorlar qatorida Toshkentga evakuatsiya qilingan, nasl-nasabi yahudiy bo‘lgan atoqli shoira Anna Axmatova o‘shanda o‘z dil izhorini “Men mehr-oqibat nimaligini Toshkentda o‘rgandim” deya ifodalagan edi. Ha, mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamisha xalqimizning eng ulug‘ fazilati bo‘lib kelgan va budan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Abdumajid AZIMOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − two =