PARAGVAY STEVIYASI: SHIRASI TILNI YORADI


Mamlakatimizda shifobaxsh giyohlar va dorivor o‘simliklarni yetishtirib, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish hamda mahalliy bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli dori-darmon bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor sohaning istiqbolli yo‘llarini belgilab berdi.

Prezidentimizning 2017 yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni yurtimizning tog‘li hududlarida o‘sadigan turli noyob dorivor giyohlarni yetishtirib, ko‘paytirish barobarida xorijda parvarishlanadigan shifobaxsh o‘simliklarni mahalliy sharoitga moslashtirib, undan samarali foydalanishga qulay imkoniyat yaratdi. Tarmoq rivoji ishbilarmonlar qiziqishi va intilishini oshirdi.
Mazkur farmonga muvofiq Surxondaryo viloyatida tashkil etilayotgan “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasida mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish uchun mahalliy va xorijlik sarmoyadorlar jalb etilib, ularning samarali investitsiya loyihalarini ruyobga chiqarishga zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, Boysun tumanida aniqlangan yigirmadan ortiq turdagi yovvoyi holda o‘sadigan noyob dorivor giyohni madaniylashtirish choralari ko‘rilmoqda. 15 turdan ortiq tibbiyot buyumlari va dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni barpo etish rejalashtirilayotir. O‘nga yaqin madaniylashtirilgan shifobaxsh o‘simliklarni yetishtirish yo‘lga qo‘yilayotgan bo‘lsa, o‘n uch turdagi dorivor giyohlardan sanoat plantatsiyasi yaratish mo‘ljallanmoqda.
Viloyatdagi erkin iqtisodiy zona tarkibida yetishtiriladigan ana shunday o‘simliklardan biri – asl vatani Paragvay bo‘lgan steviyadir.
Mutaxassislar fikricha, sayyoramizning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida shirin steviya (Stevia rebau-diana bertoni) xom ashyosidan  tayyorlanayotgan preparatlar farmatsevtika sanoatida noyob mahsulot sanaladi. Oziq-ovqat va  parfyumeriya-kosmetika sanoatida keng foydalaniladi. Qishloq xo‘jaligida  ma’dansiz o‘g‘it, biostumlyator va zararkunandalarga qarshi kimyosiz kurashuvchi tabiiy vosita sifatida qo‘llanilayotir. Qizil lavlagidan uch yuz baravar shirin bu o‘simlikdan olingan preparatlar jahon tibbiyotida oshqozon-ichak, kamqonlik, ortiqcha vazn kabi  ko‘plab kasalliklarni  davolashda samarali  vosita hisoblanadi. O‘simlik bargidan  olinadigan  steviozid moddasi  shirin ta’m beruvchi birikma bo‘lib, Amerika, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy kabi   mamlakatlarda uni iste’mol qilishga  ehtiyoj ortib borayotir. Steviozit moddasi qandli diabet bilan kasallangan  bemorlar  uchun shakar va boshqa shirinlik o‘rnini bosuvchi, quvvat beruvchi noyob darmondori, oziq-ovqat sanoati va salqin ichimliklar ishlab chiqarishda xushbo‘y ta’m beruvchi modda sifatida qo‘llaniladi.
Sho‘rchi tumanidagi “Ollohyoroxun” steviya-eksperimental fermer xo‘jaligida 26 yildan buyon mazkur o‘simlik O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti olimlari hamkorligida sinovdan o‘tkazilib, samarali yutuqlarga erishilmoqda. Undan ochiq dala sharoitida  dastlabki sifatli urug‘i olingani va fermerning tajriba maydonida parvarishlanib, mahalliy iqlimga chidamli, serhosil  “Surxon” formasi yaratilganiga ham yigirma yildan oshdi. Lekin uni keng maydonlarda yetishtirish rahbarlar e’tiboridan chetda qolayotgan edi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2016 yil noyabr oyida Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida bu o‘simlikni keng maydonlarda yetishtirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilishini alohida ta’kidladi, – deydi “Ollohyoroxun” steviya-eksperimental fermer xo‘jaligi rahbari Hikmatullo Allayorov. – Bu uzoq yillik izlanish va mehnatimizga berilgan yuksak baho edi. Shu uchrashuvda noyob o‘simlikning dalamizda yaratilgan yangi formasi sinovdan o‘tkazilganida kutilganidan ham yaxshi natija bergani beixtiyor yodimga tushdi. O‘shanda bargidan olinadigan steviozid moddasi o‘simlik vatani – Paragvayda 6-7 foizni tashkil etsa, biz o‘stirgan steviya bargida bu ko‘rsatkich 12,4 foizgacha bo‘lgani qayd etilgan edi. Mahalliy iqlimga moslashtirgan o‘simligimizning “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi tarkibida yetishtirilishi biz uchun yana bir qator imkoniyat va imtiyoz berdi.
Fermer xo‘jaligining tajriba maydonida parvarishlangan steviya ko‘chatlarida tomirlarga ajratish usulini qo‘llash, o‘simlik umrini uzaytirdi. Mahalliy iqlimga moslashtirilib, madaniylashtirildi. Natijada dastlabki yilda hosildorlikning  gektaridan bir tonnagacha, keyingi yillardan boshlab 1,5-2 tonnagacha ko‘payib borishi kuzatildi.  Steviozid moddasi (fitapasport asosida) 12,4 foizgacha bo‘lgan  sovuqqa chidamli, shirinligi yuqori, hosildor,  dala sharoitida gullab, sifatli urug‘ beradigan mahalliy formasi yaratildi. Xo‘jalikda  olib borilgan ilmiy tajriba va tadqiqot ishlari jamlanib,  «Steviya o‘simligini urug‘idan yetishtirishning  asosiy agrotexnikasi» mavzuida metodik qo‘llanma chop etildi.
Sho‘rchida yetishtirilgan    o‘simlik tarkibida steviozid moddasining yuqoriligi xorijliklarga ham manzur bo‘ldi. 
– Subtropik iqlimga mansub mazkur o‘simlik  besh yilgacha tabiiy holda ko‘karib chiqadi, – deya suhbatni davom ettiradi fermer. – Tajriba maydonimizda  portuklyatsiya, ya’ni  ko‘chatlarni  tomirlarga ajratish  usulini  qo‘llash orqali umrini  uzaytirishga erishdik. Yetishtirayotgan  mahsulotimizga ichki bozorda ham, xorijda ham  katta  ehtiyoj bor. Xususan, 2000 yil dastlabki hosilning bir qismini  Slovakiya Respublikasining «Agrokonsulsteviya» kompaniyasiga eksport qilgan edik. Dastlabki mahsulotimiz xorijliklarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Uni keng maydonlarda o‘stirishga e’tibor berilmagani bois hamkorligimiz to‘xtab qoldi. Shu paytgacha bu o‘simlikni   tajriba uchastkamizda parvarishlab, urug‘ini olib kelayotgan edik. Hosilini Chirchiq tumanidagi “Chirchiq steviya interfarm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik. Bu yerda shifobaxsh choy tayyorlanib, “Stiveya shirin hayot choyi” tamg‘asi bilan  iste’molchilarga yetkazib berilayotganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak.
Ayni paytda keng maydonlarga ekish uchun uch gektar yerdagi o‘simlik nihollari baravj rivojlanmoqda. Fermer kelgusi yillarda ming gektar maydonda steviya parvarishlab, undan mo‘l hosil olishi belgilangan. Shuningdek, keng dalalarda yetishtirish uchun bir gektar maydonda ko‘chat tayyorlanadigan issiqxona barpo etilmoqda. Yirik loyihani “Asakabank” moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotir. Kelajakda vohaning o‘zida xom ashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona bunyod etish ham mo‘ljallanmoqda.

Amalga oshirilayotgan barcha ishlar  steviya xom ashyosi xorijdan kirib kelishining oldini olib, mahalliy iste’molchilarni  arzon, sifatli mahsulot  bilan ta’minlashga, nafaqat farmatsevtika, balki qishloq xo‘jaligi, parfyumeriya-kosmetika va oziq-ovqat sanoatini izchil rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

                                                                                                                             Jonibek NURMANOV.
                                                                                                                             Surxondaryo viloyati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =