Savod “G‘OVLAB” ketganda yoki faoliyati tugatilgan nashriyot va soxta bosmaxona xususida

Bugungi kunda “savod” juda o‘tkir masalaga aylanmoqda. Ayniqsa, ko‘plab xususiy gazetalar va nashriyotlarning  “savodsizlik” avj olishiga yaxshigina hissa qo‘shayotgani kishida qattiq taassuf uyg‘otadi. Vaholanki,  ularning asl vazifasi tilimiz sofligini asrash, odamlar savodxonligini oshirishdek ezgu amallardir. Har bir kitob, har bir ommaviy axborot vositasida, har bir asarda, har bir yozishmamizda bunga jiddiy e’tibor qaratishimiz shart.

 

Yaqinda shu yili chop etilgan Yunus O‘g‘uzning Rustam Jabborov tarjimasidagi «Otabek Eldengiz» tarixiy romani qo‘limga tushib qoldi. Kitob muqovasidagi rasmda Eldengizlar davlati hukmronlik qilgan davr xaritasining ozarbayjoncha berilganligi meni biroz taajjubga soldi. Uni varaqlay boshladim. Kitobning birinchi betidanoq imloviy xatolar yarq etib ko‘zga tashlandi: «Ozarboyjon tilidan…». Bu mamlakat va til nomi shu paytgacha «Ozarbayjon» deb yozilardi. Keyingi betni ochdim, 3-betdagisi oldida annotatsiyadagi xato holva ekan: «…Sharq xaqlari…» degan jumlani «Sharq xalqlari» bo‘lsa kerak, deb tuzatib o‘qib o‘tdim. Ichkariladim: «…Xuddi shu ovozga bog‘laib qolgandek…» (bog‘lanib), «…o‘z mahsuldotlarini…» (mahsulotlarini), «alik lishdi» (olishdi), «…karvonsaroyga yetib bor Ganja…» (etib borgan) va hokazo. Bular tarixiy romanning ilk sahifasidagi imloviy xatolar, xolos.
Mayli, musahhih o‘qimagandir-da, desangiz, bu kitobni biror muharrir ham ko‘rib chiqmagan shekilli, «…o‘z mahsuldotlarini bozorga chiqarish yoki xarid qilish umidida shaharga kelgan qishloqliklar» (o‘z mahsulotini xarid qilish uchun ham biror joyga borarkanmi odam?), «Men bir bozordan xabar olay» (bozordan bir xabar olinadi), kabi jumlalar ketma-ket ko‘zga tashlanaveradi. Nahotki muharrir «arava» so‘zini «avara» deb yozib bo‘lmasligini bilmasa?! «Ammo yuz yillardan beri yuz yillardan beri» jumlasidagi «yuz yillardan beri»ni bir marta qo‘llash kifoyaligidan bexabar bo‘lsa?!
Asarda Alamut qal’asi, botiniylar, hashshoshiylar haqida so‘z borgan boblar bo‘lib, bu o‘rinda o‘zbek kitobxoni yaxshi xabardor bo‘lgan tarix to‘g‘risida gap ketayotgandek, biror joyda izoh berilmagan. Bu firqa va toifalarning jamiyatga nechog‘li foyda-ziyoni bo‘lgani borasida lom-mim deyilmagan. Holbuki, bu eng qadimiy terrorchi to‘da kirdikorlari xususida bir og‘iz eskartish berib, o‘quvchiga uning insoniy mafkuralarga zid xatti-harakatlarini izohlash kerak emasmidi?! Umuman olganda, buzg‘unchi guruhlar hayotiga doir lavhalarga keng o‘rin berilgan asarlarning hech bir izohlarsiz chop etilishi o‘quvchilar, xususan, yoshlarda bunday to‘dalarga nisbatan qiziqish uyg‘otmaydi, deb kafolat bera olarmikin, kitobni chop etgan mas’ullar.
Har bir yozuvchi o‘z millati tarixiga oid asar yozishga kirisharkan, bu ishga, albatta, o‘z xalqi tarafida turib yondashadi. Yozuvchining milliy pozitsiyasi tarixiy asarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu borada hech bir xalqning yozuvchi-shoirini ayblab bo‘lmaydi. Biroq bunday asar tarjimoni, uni chop etuvchi noshirlarning ham o‘z pozitsiyasi bo‘lishi kerak. Asar yakunidagi «Xorazmshoh bilan kurash» bo‘limi tarixiy haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini yaxshilab o‘rganish kerak, nazarimizda. «Buyuk Otabek» Xorazmshohlarga qay darajada xavf tug‘dira olgan, degan savolga javob topish, «Taraflar orasidagi jangda Xorazmshohlar Otabekdan mag‘lub bo‘lishdi» kabi jumlalarni tarixni o‘rganib chiqib, tarjimon yoki muharrir izohini berib o‘tish lozim edi.
Bunday kitobni kimlar “tayyorlab”, chop etibdi ekan, degan iddao bilan oxirgi chiqish varag‘ini hijjalab o‘qib chiqdik, ammo kitob so‘ngida na muharrir, na sahifalovchi va na musahhihdan nom-nishon bor. Bor-yo‘g‘i oydinlashtiruvchi bitta jumla berilgan: «Ushbu kitob O‘zbekistondagi Xaydar Aliev nomidgi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi asosida chop etildi».
Eng yomoni, garchi UO‘K, KBK, ISBN, litsenziya raqamlari berilgan bo‘lsa-da, «Istiqlol nuri» nashriyoti 2014 yilning 29 sentyabr sanasidagi «Vazirlar Mahkamasining Noshirlik faoliyatini litsenziyalash komissiyasi yig‘ilishining 32-son bayoni»da «Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 11 iyundagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom va ishchi guruhning xulosalariga asosan», «OLMOS-QILICH» mas’uliyati cheklangan jamiyatining «Istiqlol nuri» nashriyotiga 2012 yil 3 avgustda berilgan AI № 218 – raqamli litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-moddasi talablariga muvofiq, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlagani hamda O‘zbekiston Respublikasi «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni 7- va 15-moddasi talablarini buzganligi sababli» litsenziya bekor qilingan.
Vaholanki, «Istiqlol nuri» nashriyoti tomonidan 2016 yilda «Mardi maydonlik abadiyatga daxldordir» kitobi (kitobning 2-sahifasidagi «Do‘stga sadoqat» sarlavhasi ostida berilgan bir betlik maqolada 24 ta imloviy xatoga duch keldik), 2017 yilda esa «o‘oyalar jangi XIX-XX a.a. Turkiston va Janubiy Kavkaz» kitobi (sarlavhaning o‘ziyoq kitobning qay darajada tayyorlanganini ko‘rsatmoqda) nashr etilgan. Bu kitoblar ham na imloviy, na stilistik jihatdan til qoidalariga, na mazmun jihatidan belgilangan talablarga javob beradi.
Buni qarangki, faoliyati allaqachon tugatilgan nashriyot tomonidan tayyorlangan kitoblar («Otabek Eldengiz», 2018; «o‘oyalar jangi», 2017) «SHAROFOV DILSHOD BAHROM O‘G‘LI» YaTTning «kompyuter markazida kompyuter yordamida» nusxalanibdi. Biroq bunday YaTT umuman mavjud emas, hech qanday organ tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan ekan. 2014 yilda faoliyati tugatilgan «Istiqlol nuri» nashriyoti va uning ro‘yxatdan o‘tmagan soxta «bosmaxona»sining qonunga zid ravishda hanuzgacha muntazam ishlab kelayotganligi mutasaddi tashkilotlar hukmiga havola.
Ammo bunday nashriyotlar tomonidan chop etilayotgan «mahsulotlar» kitobxonlarning tafakkuri hamda ma’naviy-ma’rifiy didiga qanchalik putur yetkazishi, bu endi o‘ta jiddiy muammo.

Mansur JUMAEV,
O‘zMAA huzuridagi ekspert guruhi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =