OSHIQ YIGITNING ORZUSI. Taxayyul va tafakkur mahsuli

Marg‘ilonda tarqalgan rivoyatga ko‘ra, bir usta g‘aroyib gullar silsilasi va rang-barang naqshlar uyg‘unligi, kamalakning suvdagi jilvasiga guvoh bo‘lgan. Ranglar jilvasidan lol qolgan to‘quvchi-usta uni shoyi matoga ko‘chirgan. Shu yo‘sin serjilo ranglar paydo bo‘lgan, deya izohlanadi. Rivoyat haqiqatga qanchalar yaqin bilmadigu, biroq abrli matolardagi ranglar jilvasi chindan samoviy kamalakni eslatishi rost. Bir-birini takrorlamas nigoru naqshlar, shaklu tasvirlar, ulardagi izchillik har qanday insonni  hayratga soladi. Bunday matoni to‘qish mo‘’jizaga mengzaladi! Shunday mo‘’jizaki, unda inson tafakkuri, ijodu mehnati, o‘y-xayollari, azobu mashaqqatlari mujassam.

— Bir muddat urfdan chiqqan ipak matolar bugun yana kundalik hayotimizga qaytdi. Xorijda ham ularga qiziqish katta, — deydi Binafsha Nodir.
— Xalqimiz hamisha o‘zining amaliy san’ati, urf-odat va an’analari bilan dunyo ahlini hayratga solib kelgan. Ayniqsa, Marg‘ilon atlasu adrasi, Buxoro zo‘rdo‘zisi har bir inson qalbida havasu hayrat uyg‘otishi rost. Ulardagi naqshinkorlik, ranglar jilosi, hayotiy suvratlar tasviri ko‘zni qamashtiradi.
Ipak matolar, avvalo, bezak va gullarning gazlamaga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chizilishi bilan qadrli. Bitta tolaning uzilishi butun mahsulot sifatiga putur yetkazishi bilan murakkab hamdir. Ipakni kashf etgan Chin xalqi undan tola olish va gazlama to‘qish borasida zamonlar osha yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, uni qayta ishlash tajribasi qadimiy Baqtriya va So‘g‘d davlatlari – bugungi O‘zbekiston hududida yaxshi rivojlangan. Xususan, V–VI asrlarda So‘g‘d shahri hududida shoyi va shoyi aralash mato ishlab chiqarilgan. Keyinchalik o‘lkada to‘qish jarayoni takomillashgan. Movarounnahrdagi ko‘plab shaharlarda mohir hunarmandlar shoyi va shoyi aralash gazlama to‘qish bilan shug‘ullangan. Bular haqida o‘tgan yili chop etilgan “Avlodlarni bog‘lovchi rishta” albom-katalogida keng ma’lumot berilgan.
Abrli matolar xalqaro tajribada tayyorlanish texnologiyasiga ko‘ra, ya’ni umumiy naqshga, gulga o‘ziga xos jilo bag‘ishlashi uchun  bo‘yash jarayonida tolani taramlab zaxiralash usulidan kelib chiqib, ikat (malaycha-indonezcha «bog‘lamoq», «to‘qimoq») deb nomlanadi. Ikat, avvalo, Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Ayniqsa, o‘zbek abrli gazlamalarining bo‘yash va tayyorlash uslubi, naqshining mazmun-mohiyati, rangining uyg‘unligi bilan alohida ajralib turadi.
Yurtimizda abrli gazlamalar sof ipak toladan ham (shoyi), ipak va paxta tolasi aralashmasidan (adras) ham tayyorlangan. Adras matoda mahsulotning asosini ipak, arqog‘ini esa paxta tolasi tashkil qilgan. Ikat uslubi qachon va qaerda paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. Lekin uning Buyuk ipak yo‘li sarhadlarida yuz ochganiga shubha yo‘q.
Sirasini aytganda, Sharqda har bir kasbu hunar san’at darajasiga yetkazilib vaqt o‘tishi bilan yangi avlod tafakkuri hamda taxayyuliga uyg‘un tarzda takomillashib-boyib borgan. Aytish joizki, zaminimiz o‘zining qadimiy “abrbandi” uslubidagi to‘quvchilik maktabi bilan jahonda ma’lum va mashhur. Abr matolar to‘qish san’ati xalqimizning avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan noyob madaniy boyligi, desak aslo yanglishmaymiz.
XIX asrda Farg‘ona vodiysi shoyi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi markaz sifatida dong taratgan. Ko‘pdan-ko‘p ipakchilik ustaxonalari bo‘lgan. Unda mahsulot tayyorlashning barcha bosqichlari amalga oshirilgan: biri pilla xarid qilgan bo‘lsa, boshqasi ipakni yigirgan, uchinchisi tolani yuvib, xom ashyo sifatida sotgan. Mahsulot Marg‘ilon ustalaridan, tortib boshqa shaharlardagi hunarmandlarga ham yetkazib berilgan. Masalan, ipak kalava Buxoro, Toshkent, Xo‘jakentga jo‘natilgan, Afg‘oniston, Turkiya, hatto, Italiyaga eksport qilingan Marg‘ilon shahrining shuhrati yetti iqlimga yoyilgan..
Sovet davlati tomonidan yuritilgan hunarmandchilik mahsuloti badiiy qiymatini keskin tushirish borasidagi siyosat soha vakillarning yakka tartibda ish yuritishini ta’qiqladi. Xususiy mulk musodara qilindi.
O‘tgan asrning 60-yillariga kelib o‘zbek shoyi markazi – Marg‘ilonda ipak matoni to‘qish to‘la-to‘kis mashinada amalga oshirila boshlandi. Mato yalpi ishlab chiqarishga qo‘yildi. Barcha kuchlar pilla va ipak xom ashyosini tayyorlashga safarbar qilindi. O‘sha kezlarda  gazlama ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshsa-da, uning sifati keskin pasayib boraverdi. Miqdor ortidan quvish oqibatida pilla tayyorlash rejasini bajarmagan pillachilar jazolandi. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan badiiy hunarmandchilik an’anasi yo‘qlikka yuz tutdi.
Marg‘ilonlik mashhur abrbandchi sulolasi vakili Turg‘unboy Mirzaahmedov ham o‘sha davr zug‘umini ko‘rgan, bir qancha nohaqlikni boshdan kechirgan usta-hunarmanddan biridir. O‘sha yillari usta ijodiy imkoniyatini to‘la ro‘yobga chiqarish saodatidan mahrum etilgan bo‘lishiga, fabrikada oddiy usta sifatida ishlashiga qaramay, mashinada konveyer usulida ishlab chiqariluvchi bezakdan tubdan farq qiluvchi naqshlarni yashirincha yaratar, shoyi matoni qo‘lda tayyorlashning qadimiy uslubini tiklashga intilar edi. Uning insoniy jasorati shundaki, usta o‘z ota-bobolari kasbi, hunarini tashlab qo‘ymadi, uyidagi qo‘lbola dastgohini to‘xtatmadi…
Oqibat abrbandi usta nohaq jazoga giriftor etildi — 1982 yilda o‘n yetti hunarmand qatori unga ham besh yillik qamoq jazosi berildi. Ustaning birgina “aybi” yashirincha mato chiqarib, otameros hunar bilan shug‘ullanganida edi.
Turg‘unboyning qamalishi bilan oilasi boshiga kulfat yog‘ildi: uy-joyi musodara qilindi, nevaralarini qaramog‘iga olib, farroshlik bilan ro‘zg‘or tebratayotgan buvi ko‘p vaqt o‘tmay, olamdan ko‘z yumdi.
Jazo muddatini “bekamu ko‘st” o‘tab chiqqan ustaning ozodlikda ham ishi yurishmaydi. Uqubatlari poyoniga yetmaydi. Qamalgani peshonasiga tamg‘a qilinib, eski ish joyiga qabul qilinmaydi. Shahar pionerlar uyiga bog‘bon bo‘lib ishga kiradi. Bog‘bonning arzimas oyligiga oila tebratish qiyin, usta shahardagi 9-o‘rta maktabda rassomlik ham qila boshlaydi. Endi u nigohni o‘g‘irlovchi naqshlar yaratish o‘rniga maktab devorlari va plakatlarga sho‘ro davri shiorlarini chizishga mahkum edi.
Oyning o‘n beshi qorong‘u, o‘n beshi yorug‘, deganlaridek, oradan bir yil o‘tib, o‘z sevimli kasbiga qaytadi. Ikki yil oilasidan yiroqda, Andijonda atlasning yangi namunalarini yaratib, bir qancha shogirdlar tarbiyalashga ulguradi.
Mustaqillik arafasida besh-olti xil mato ishlab chiqariladigan, malakali ustalar yetishmaydigan «Yodgorlik» fabrikasiga  ishga joylashadi va qizg‘in ijodda davom etadi. O‘tkir zehni, talanti va yuksak mahorati uni yana mohir usta sifatida elga tanitadi.
Otasining sud jarayoniga eshik ortidan guvoh bo‘lgan to‘qqiz yoshli Rasul ustaning “Hali ko‘rasan, o‘g‘lim, shunday kunlar keladiki, adras ham urfga kiradi. Dunyoni bezaydi!” degan armonli so‘zlarini hamon hayajon bilan eslaydi. Ayni kunlarda otasining orzulari ushalayotganini ko‘rib sevinadi. Boisi unutilayozgan milliy matolarimiz bugun yana sevimli, badiiy hunarmandlik an’analarimiz rivojlanmoqda.
— Matoni bo‘yash murakkab jarayon, — deydi Binafsha Nodir. — Matoga rang tanlash, ipaklarni bo‘yashga tayyorlash, xom ashyoni bo‘yoqlash uchun tayyor holga keltirishning o‘zi bo‘lmaydi. Mato bo‘yashda har bir unsurni tanlay bilish muhim ahamiyatga ega. Farg‘onalik abrbandchi-usta Rasul Mirzaahmedov bu haqda shunday deydi: “Ustaning rang ustida ijod qilishni, bo‘yash uchun ketadigan xom ashyo va vositalarni, bo‘yash uslubini yaxshi bilmasligi mahsulotning xaridorgirligini yo‘qqa chiqaradi. Rangni to‘g‘ri tanlay olmaslik yoki rang tarkibini yaxshi bilmasligi matodagi naqsh va gullarni, ayrim hollarda matoning buzilishiga ham olib keladi.”
Tabiiy bo‘yoq bilan matoni bo‘yash siri bugungi kunda abrband ustalar tomonidan qayta tiklanib, amaliyotda keng qo‘llanilmoqda. Ustalar tabiiy bo‘yoq tayyorlashda yong‘oq, anor, piyoz, ro‘yan va boshqa o‘simlik ildizidan keng foydalanishadi.
— Bugungi kunda mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unutilayozgan xalq amaliy san’ati turlarini qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilayotir. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Hunarmandlarga taklif etilayotgan bank xizmatlari, imtiyozli kreditlar, soliq yengilliklari shular jumlasidandir.
Bir necha yillardan beri Buxoroda o‘tkazib kelinayotgan “Ipak va ziravorlar”, Marg‘ilondagi “Atlas bayrami” xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivallari ham o‘zbek shoyichiligi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur festivallarda ko‘plab xorijlik mehmonlarning ham ishtirok etayotgani quvonarli hol. Festival doirasida hunarmandlar o‘z mahoratini namoyish etib qolmay, yosh hunarmandlarga kashtado‘zlik, tabiiy bo‘yash, libos dizayni bo‘yicha saboq ham berishmoqda.
“Ustoz-shogird” an’anasi qayta tiklangani ham shoyichilik sir-asrorining kelajak avlodga bus-butun yetib borishida muhim rol o‘ynaydi.
Bugun shoyi gazlamalar yurtimizning turli hududida tayyorlansa-da, hamon abr matolarning markazi Marg‘ilon shahri hisoblanadi. U yerdagi kichik ustaxonalarda paxta va ipak ipidan turli ko‘rinishdagi bir-biridan ko‘rkam matolarni ishlab chiqarayotgan shoyi to‘quvchilarni ko‘rib havasingiz keladi.
Soha rivoji yo‘liga hissa qo‘shayotgan sulola haqida gap ketganda, Rasuljon Mirzaahmedov, Fazliddin Dadajanov, Nurmuhammad Valiev, Asadulla Qosimov, Ibodulla Asqarov kabi hunarmandlar nomini tilga olmay bo‘lmaydi. Ular hanuz an’anaviy texnologiyalardan foydalangan holda shoyi to‘qishmoqda.
Mirzaahmedovlar sulolasining to‘qqizinchi avlodi bo‘lmish Rasul Mirzaahmedovning izlanishlari tahsinga loyiq. U shoyi matolar ishlab chiqarishning asosiy yo‘li va usullarini puxta biladi. Usta otameros ishni sadoqat bilan davom etirar ekan, unutilgan Buxorocha “a’lo baxmal”, Xorazmcha “turma belbog‘”, “olacha”, adras kabi g‘oyat noyob matolarni tayyorlash an’analarini tikladi. R.Mirzaahmedov “a’lo baxmal”ni  tiklagani uchun 2005 yil YuNYeSKO sertifikatiga sazovor bo‘lib, G‘arbdagi yetakchi dizaynerlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ustaning matoni bo‘yash usuliga bag‘ishlangan “Tabiiy bo‘yoqlar siri” risolasi bugun yosh abrbandchi va to‘quvchilar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayotir.
— Shuni ta’kidlamoqchi edimki, — deydi san’atshunos, — o‘zbek abr matosi allaqachon jahon miqyosida O‘zbekistonning «milliy brendi» sifatida tan olingan. Ko‘plab yirik auktsionlarda adras va shoyi matomiz, undan tikilgan kiyimlar qimmatbaho lot sifatida sotiladi. Xorijlik kollektsionerlarning shaxsiy to‘plamlarida, shu bilan bir qatorda mashhur dizayner va modelerlar kollektsiyalarida ham albatta o‘zbek ikat matolarini uchratish mumkin. Bu esa ushbu matolarimizning allaqachon noyob badiiy asar sifatida qabul qilinganidan dalolatdir. Shu o‘rinda, soha vakillarining bir orzusini aytsam. Talay mamlakatlarda shoyi yoki to‘qimachilik muzeyi mavjud. O‘zbekiston abr matosini ishlab chiqarishda yetakchilik  qilayotgan, bu sohada dong‘i ketgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sababdan, O‘zbekistonda ham albatta, o‘zbek shoyisi muzeyi tashkil etilsa, juda yaxshi bo‘lardi. Bu o‘rinda, Marg‘ilon bugungi kunda shoyi ishlab chiqarish markazi bo‘lgani uchun muzeyni ham aynan Marg‘ilonda ochilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =