OLAMNI VA ODAMNI MUNAVVAR KO‘RISH SAODATI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan shu yil 15-17 may kunlari AQShga amalga oshgan birinchi rasmiy tashrifi chog‘ida boshqa sohalar qatori madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlar qo‘yildi.

 Prezidentimizning mazkur  tarixiy tashrifi arafasida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan “Zamonaviy Amerika romanlari” to‘plami mazkur sohadagi muhim voqeadir. Ushbu to‘plamga asarlari jahon kitobxonlariga yaxshi tanish Amerika modern adabiyotining uch yirik vakili – Daniela Stil, Xolid Husayniy va Og Mandino qalamiga mansub besh roman jamlangan. 

E’tiboringizga atoqli olim Akmal Saidovning zamonaviy Amerika romanchiligiga bag‘ishlangan maqolasini havola etmoqdamiz.

 HAJVCHINING ENG BUYUK ROMANI

 Amerika Qo‘shma Shtatlari   adabiyotining tarixi Yevropa va Osiyo mamlakatlarinikiga qaraganda sezilarli darajada qisqa bo‘lsa ham, XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab kurrai zaminimiz kitobxonlarining diqqat-e’tiborini tobora ko‘proq jalb eta boshladi va tez orada o‘z badiiy ijod maktabini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.  O‘zbek o‘quvchilari Amerika adiblaridan buyuk hajvchi Mark Tven, sarguzasht janri asoschilaridan biri bo‘lgan Edgar Allan Po, mashhur romannavislar  Jek London, Teodor Drayzer, Ernest Xeminguey, ilmiy fantastika klassigi  Rey Bredberi va boshqa ko‘pgina iste’dodli ijodkorlarning romanlari, qissalari, hikoyalari, shu jumladan davlat tilimizda nashr etilgan asarlari bilan yaxshi tanishlar. 

Amerikaning eng mashhur hajvchisi sifatida e’tirof etiladigan Mark Tven aslida ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy muammolarni chuqur tahlil etadigan jiddiy adib. U yoshligida Missisipi daryosida suzadigan kemada yo‘l ko‘rsatuvchi – lotsman vazifasida ishlagan va 20 yillik mehnat faoliyati davomida hayotni chuqur o‘rgangan. Uning adabiy taxallusi – Mark Tven ham dengizchilar tilida “daryo tubigacha ikki sarjin masofa bor, kema bemalol suzaverishi mumkin” ma’nosini bildiradi.

Yozuvchi badiiy ijodga nisbatan kech kirishganiga (27 yoshida jurnalistlik faoliyatini boshlagan, birinchi kitobi 34 yoshida e’lon qilingan) qarmasdan, juda ko‘p janrlarda – hajviya, satira, falsafiy fantastika, publitsistikada qalam tebratgan va asarlarining hammasida insonparvar va demokrat nuqtai nazarini namoyon etgan.

Mark Tvenning eng mashhur romanlaridan biri – “Tom Soyerning sarguzashtlari”da («The Adventures of Tom Sawyer», 1876) murakkab qismatli, ayni paytda juda jo‘shqin,  sun’iy ertaknamo emas, balki  “hayotiy bola”ning oddiy kunlari hikoya qilinadi.   Ana shu asarning davomi sifatida ko‘riladigan “Geklberri  Finning sarguzashtlari” (“The Adventures of Huckleberry Finn” 1985) uydan qochib ketib,  Missisipi daryosi bo‘ylab suzishda turli voqealarning guvohi bo‘lgan  bola to‘g‘risida gap boradi. Mazkur mashhur asarda bolaning ko‘zi orqali ko‘rilgan dunyo hayratga soladigan darajadagi haqiqiy tasvirlangan. Gek Finn – hursevar Amerikaning ramzi, o‘z maqomiga solishga tayyor turgan  jamiyat qonunlariga bo‘ysunishni istamaydigan “yovvoyidir”. Adabiy tanqidchilar bu asarni Amerikaning eng buyuk romani deb baholashadi. 

Nobel mukofoti laureati Ernest Xemingueyning ta’rificha, “Amerika hozirgi davr adabiyotining hammasi Mark Tvenning bitta kitobidan boshlanadi, uning nomi “Geklberri Finning sarguzashtlari” deb ataladi”. Yana bir amerikalik Nobel mukofoti laureati Uilyam Folkner esa: “Mark Tven chinakamiga birinchi Amerika yozuvchisi bo‘lgan va o‘sha paytdan beri biz hammamiz – uning merosxo‘rlarimizdir” deya e’tirof etgan.

O‘zbek kitobxonlari Mark Tvenning “Tom Soyerning yangi sarguzashtlari” asari, bir qator hikoyalari, ocherklari va esselarini o‘z ona tillarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. 

 G‘AYRIODDIY HODISALAR UMMONI

 “Zamonaviy Amerika romanlari”  to‘plamida kitobxonlar e’tiboriga Daniela Stilning Rustam Jabborov tomonidan tarjima qilingan “Taqdir so‘qmoqlari” (“Leap of Faith”, 2001), Dilfuza Sobirova o‘zbekchalashtirgan “O‘g‘irlangan baxt” (“Vanished”, 1993)  va “Bo‘sa” (“The Kiss”, 2001) romanlari havola etilgan.

Munaqqidlarning ta’rificha, “Taqdir so‘qmoqlari” – o‘z bolaligi o‘tgan uyini hiylagardan qaytarib olish uchun hamma narsaga tayyor irodali ayol hamda uning muhabbatini qozonish uchun vosita tanlab o‘tirmaydigan, so‘zini o‘tkaza oladigan  erkak munosabatlari tarixidir. Bu roman – vaqt  sinovidan o‘tgan sadoqatli do‘stlik va jonni fido qilishga arzigulik ehtirosli muhabbat qasidasidir. Bu asar – kitobxonni sehrlashga qodir  sirli ishqiy sarguzashtlar, javobini topish o‘lim xavfini tug‘diradigan g‘aroyib jumboqlar, g‘ayrioddiy hodisalar  ummonidir.

Roman yozuvchining boshqa ishqiy asarlari qatori sarguzasht voqealariga boy. Unda ham bolaligida avtohalokat oqibati ota-onasi va akasidan judo bo‘lgan Mari-Anj Xokinsning yoshligi tufayli do‘st bilan dushmanni, otashin muhabbat bilan sevgi niqobi ostidagi firibgarlikni ajrata olmay ko‘rgan-kechirganlari ta’sirchan ifodasini topgan. 

Daniela Stilning “O‘g‘irlangan baxt” romani qahramonlari Mariel va Charlz birgalikda baxtiyor hayot kechirishadi. Ammo fojea yuz berib, ularning o‘g‘li halok bo‘ladi. Bundan larzaga tushgan Charlz farzandidan judo bo‘lishida  xotini Marielni ayblaydi. Asossiz da’vodan asabiy dardga yo‘liqqan Mariel  kasalxonaga tushib qoladi. Tuzalgach esa eri bilan ajrashadi va hayotini yangidan boshlash uchun Nyu-Yorkka jo‘nab ketadi. Bu yerda u katta boy Patterson bilan tanishadi, uning san’at asarlari kollektsiyasi nazoratchisi bo‘lib xizmat qila boshlaydi. Ular o‘rtasidagi amaliy munosabatlar chuqurlashib, ishdagi ishqqa aylanadi va  Mariel Pattersonga turmushga chiqadi. Ular farzand ko‘radi. Mariel hayoti izga tushib ketganiga ishonchi komil, biroq kutilmaganda o‘g‘li g‘oyib bo‘ladi. U o‘tmishining fojeali xotiralari iztirobida. Dalillar esa yangi oiladagi o‘g‘ilning yo‘qolishi  sobiq eri Charlz Deloni bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi… 

“Bo‘sa” romanida ham romantik muhabbat va uning iztiroblari o‘z ifodasini topgan. Asar qahramonlari Izabel va Bill avtomobil falokatida sal bo‘lmasa halok bo‘lishlari mumkin edi. Ana shunday fojea onlarida ular bir qarashdayoq bir-birlarini sevib qolishadi. Bunday dahshatli paytlarda har bir inson ko‘z o‘ngida beihtiyor butun hayoti, quvonchlari va uqubatlari o‘tadi. O‘tkinchi dunyoda hayotning qadriga yetish, o‘z baxtini topish uchun kurashish zarurligi yanada oydinlashadi. “Bo‘sa” romanining qahramonlari ham bahtiyor turmush kechirish uchun turmush qurish niyatidalar. Ammo Izabel oilali, erining esa u bilan aslo ajralish niyati yo‘q. Sevishganlar o‘z baxtlariga erisha olarmikin? Romanni o‘qisangiz, bu savolga javob topasiz. 

Daniela Stilning Gulchehra Muhammadjon tomonidan tarjima qilingan yana bir romani – “Sayohat” da media-magnat Jek Xanter va uning rafiqasi televidenie ko‘rsatuvlari yulduzlaridan hisoblangan Meddini Vashington baxtiyor juftligining kechinmalari qalamga olingan. Bu oiladan hamma hayratga tushadi, ularga havas qilishadi. Biroq juda risoladagi oilaning tashqi nigohlardan yashirin haqiqiy turmushi zulmat ichida, nihoyatda jirkanch, qabih sirlar bilan qoplangan.

Bunday oila boqiylikka da’vo qilishga ojiz. O‘zgalar uchun bahtiyorlikni namoyish qilaverishning ham chegarasi bo‘ladi. Sabr kosasi to‘lib-toshadi, metindek mustahkam deb hisoblab kelingan qo‘rg‘on parokandalikka yuz tutadi. Kechagi hamma havas bilan qaraydigan Meddini Vashington o‘tmishidan voz kechib, hammasini boshqadan boshlashga majbur…

 ERKAKLAR QISMATI

 Xolid Husayniyning (Khaled Hosseini) ilk asari – “Shamol ortidan yugurib…” (“The Kite Runner”, 2003) jahonda XXI asrning bosh romani, uning muallifi — tirik klassik deb ataladi. Xususan, 2009 yilda “The Millions” jurnali tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra ushbu roman yangi ming yillikning eng yaxshi 20 asari ro‘yxatidan o‘rin oldi. “Shamol ortidan yugurib…” ellikdan ortiq tillarga tarjima qilingan va 10 million nusxada chop etilgan.

Asarlarini ingliz tilida bitadigan yozuvchi Afg‘oniston poytaxti Qobulda 1965 yilda tug‘ilgan. Uning otasi afg‘on diplomati, onasi qizlar maktabida fors tili va tarixdan dars bergan. Otasi Afg‘onistonning Erondagi elchixonasida xizmat qilgan, 1976 yilda  Frantsiyada  diplomatik lavozimga tayinlanishi munosabati bilan oila Parijga ko‘chib kelgan. 

Ikki yil o‘tgach Afg‘onistonda davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lishi oqibatida Husayniylar vataniga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan va ular AQShdan siyosiy boshpana so‘rashga majbur bo‘lgan. Bu yerda bo‘lajak yozuvchi Santa-Klara va Kaliforniya universitetlarida tibbiyotni o‘rgangan. Universitetni tugallaganidan so‘ng biroz vaqt o‘z ixtisosligi bo‘yicha ishlagan, keyin esa Sharq tamadduni, xususan Afg‘oniston tarixi bilan bog‘liq romanlar yoza boshlagan. 

Adibning, ushbu to‘plamdan joy olgan,   Rustam Jabborov tomonidan tarjima qilingan “Shamol ortidan yugurib…” romanida do‘stlik va sadoqat, sotqinlik va bu aybni yuvish mashaqqati  g‘oyat ta’sirchan tasvirlangan. Asar qahramonlari Amir va Hasan do‘st, biroq oralarida ulkan jardek farq bor. Amir Afg‘oniston aholisi  ko‘pchiligini tashkil qiladigan pushtun, mahalliy zodagonning farzandi,  Hasan esa kamsitib kelinadigan hazoriylardan. Buning ustiga Amirning otasi ko‘rinishi ko‘rkam va el-yurtda nufuzli inson, qirol Nodirshoh bilan to‘yida tushgan rasmi qasrining mehmonxonasida osig‘lik turadi. Hasanning otasi Alining oyog‘i  bolalikdan oqsaydi, yuzi falaj oqibatida huddi haykalnikidek qotib qolgan, bolalar ko‘pincha uning orqasidan “Babalu” (“alvasti”) deb  ermak qilishadi.

Xolid Husayniyning “Shamol ortidan yugurib…” romani 2005 yilda Frantsiya radiosi tomonidan har yili beriladigan adabiyot bo‘yicha  “Dunyo guvohi” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Roman bo‘yicha 2007 yilda rejisser Mark Foster tomonidan shu nomda badiiy film ham yaratilgan.

“Shamol ortidan yugurib…”ni shartli ravishda erkaklar qismati haqidagi asar deb baholansa, “Ming quyosh shu’lasi”ni (“A Thousand of splendid suns”, 2007)  ayollarga bag‘ishlangan roman deyish mumkin. 

Rustam Jabborov o‘zbek tiliga tarjima qilgan “Ming quyosh shu’lasi”  markazida esa Afg‘onistonni larzaga solgan fojealar qurboniga aylangan ikki ayol taqdiri yotadi. Mariyam nikohsiz  onadan tug‘ilib,  “haromi”  tamg‘asi bosilgan, juda yoshligida o‘zidan ancha katta kosibga turmushga uzatilgan, og‘ir uqubatlarni boshidan o‘tkazgan  baxti qarolardan. Asarning ikkinchi bir qahramoni Laylo esa aksincha ahil oiladagi suyukli farzand. Ularning bahtiyor  hayot kechirish orzulari o‘rtasida biror bog‘liqlik yo‘q, chunki o‘zlari turli dunyoga mansublar. Agar urush bo‘lmaganida ular to‘qnash kelishi amri mahol edi. Ammo xalq boshiga tushgan og‘ir sinov davrida  Laylo va Mariyam bir-biriga juda bog‘liq bo‘lib qoladilar. Lekin o‘zlari kimligini – bir-biriga dushmanmi, dugonami yoki opa-singilmi bilishmaydi. Ular ro‘y berayotgan fojealar ro‘parasida yolg‘iz qolsalar, nochorlar. Ammo birgalikda azob-uqubatlarni yengib o‘tadilar, baxt ahyon-ahyonda bo‘lsa ham  ularga kulib boqadi…

“Ming quyosh shu’lasi” Afg‘onistondagi urush dahshatlaridan yurakni ezadigan, ammo qora kunlar ortidan muqarrar ravishda quyosh charaqlab chiqishiga umid qilishga undaydigan hoyat ta’sirchan asardir. Asar qahramonlari zulmat ichida yashasalar ham o‘zlarining insoniy qiyofalarini yo‘qotishmaydi.

Xolid Hasaniyning o‘ziga xos “Afg‘oniston trilogiyasi”ning uchinchi romani — “Tog‘lar uzra aks sado uchadi”da (“And The Mountains Echoed”, 2013)  ham yozuvchi o‘z vatani — XX-XXI asarlarda turli siyosiy kuchlar manfaatlari to‘qnashgan,  qirg‘in urush maydoniga aylangan jafokash Afg‘oniston muammolarini ko‘targan.

Amerikalik doktor AQShdagi to‘q va osuda hayotidan so‘ng bu yerdagi dahshatli voqelikka duch kelib, urushning fojealari guvohi bo‘ladi. Asar qahramonlari orasida Qobuldagi kasalxonada yarador  bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan bosniyalik hamshira, uchayotgan o‘q va bombalar ostida ham operatsiya stoli yonidan jilmaydigan gretsiyalik jarroh,  tinch hayotga moslasha olmayotgan sobiq dala qo‘mondoni ham bor. Bu yerda G‘arbning oqilligi Sharqning hassosligiga  to‘qnash keladi, ikki tamaddunning dunyoqarashi turli ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.

Xolid Hasaniy yozuvchilik faoliyati bilan bir qatorda  Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo‘yicha xodimidir. Bu vazifada u afg‘onlar, birinchi navbatda afg‘on bolalariga insonparvarlik yordami ko‘rsatib kelmoqda. Xolid Hasaniy Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha o‘z jamg‘armasini ham tashkil etgan.

 YAXSHI YASHASH SIRI

 Og Mandino (Og Mandino, 1923-1996)  — asarlari eng ko‘p o‘qiladigan yana bir amerikalik yozuvchidir. Uning asarlari 25 tadan ko‘proq tilga tarjima qilingan, 50 million nusxadan ortiq kitoblari sotilgan. Jahondagi turli mamlakatlardagi minglab odamlar – Amerika korporatsiyalarining ma’murlaridan tortib Yaponiya fabrikalarining ishchilarigacha, Meksika qamoqxonalarining mahbuslariyu  nemis uy bekalari, futbol trenerlari hamda  Filipindagi ruhoniylar  yozuvchi asarlaridagi maslahatlarga amal qilishlari natijasida o‘z hayotlarida   mo‘’jizalar ro‘y berganligi uchun  Og Mandino oldida umrbod qarzdor ekanligini e’tirof etadilar. 

Ogning onasi uning bolalik paytidayoq yozuvchi bo‘lishini bashorat qilgan. Haqiqatan ham Mandino maktabning yuqori sinflarida gazetaga muharrirlik qilgan va Missuri universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirishni rejalab qo‘ygan. Biroq 1940 yilda kutilmaganda onasining vafot etishi hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan. U kollejga o‘qishga kirish o‘rniga qog‘oz fabrikasida ishlay boshlagan, 1942 yilda AQSh harbiy havo korpusiga qabul qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida “B-24 Liberator” strategik bombardirovkachi samolyotida uchgan. 

Harbiy xizmatdan so‘ng u sug‘urta agenti bo‘lib ishlay boshlagan. U oilasini boqish uchun kechayu kunduz tinmay ishlashiga qaramasdan qarz botqog‘iga tobora botavergan. Nochorlik uni mayxonalarning doimiy mijoziga aylantirgan. Muttasil ichkilikbozlik xotini bilan ajralib ketishiga, ishdan haydalishiga  ham  olib  kelgan. Og Mandino bu yillarni o‘zi shunday ta’riflaydi: “Ikki yil azob-uqubatlar ichida o‘tdi. Shaloq mashinamda ish qidirib, mamlakatni darbadar kezishga tushdim. Bir shisha arzon sharob uchun har qanday ishni bajarib ketadigan bo‘ldim. Kechalari duch kelgan xarobalarda tunab qolar va o‘zimning nochor qismatimga achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kar edim”. 

Og Mandino hatto o‘z joniga qasd ham qilmoqchi bo‘lgan. Ana shunday kunlarning birida u Nyu-Xempshirdagi Konkord shahar  kutubxonasiga tasodifan kirib qolgan va qo‘liga Uilyam Klement Stoun va Napoleon Xillning “Ijobiy dunyoqarash yordamida muvaffaqiyatga erish” (“Success Through a Positive Mental Attitude”) kitobi tushib qolgan. Ushbu asarda bayon qilingan maslahatlar uning dunyoqarashini tamomila o‘zgartirib yuborgan.

Bo‘lajak adib uzoq izlashlardan keyin Uilyam Klement Stounning Birlashgan sug‘urta agentligi (“Combined Insurance Company of America”) prezidenti ekanligini aniqlagan va ushbu kompaniyaning Boston shahridagi filialiga sug‘urta agenti bo‘lib ishga kirgan. Bir yil ichida Og Mandino  ushbu kompaniyaning Men okrugidagi menejeri vazifasiga ishga tayinlangan. Bu vazifada u o‘z xodimlarini U.Stoun falsafasiga o‘rgatgan va tezda kompaniya miqyosida eng yuksak natijalarga erishgan.

Keyin o‘zi yozuv mashinkasini sotib olib, ijodga qo‘l urgan. Uilyam Klement Stoun “Success Unlimited” (“Cheksiz omad”)  jurnalini ham ta’sis etgan. Bu nashr oz nusxali bo‘lib, kompaniya aktsiyadorlari va xodimlari o‘rtasida tarqatishga mo‘ljallangan. Og Mandino bu nashrning muharriri etib tayinlaganidan ko‘p vaqt o‘tmasdan uni umummiliy jurnal darajasiga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Kunlarning birida jurnal uchun materiallar taqchil bo‘lganida muharrirning o‘zi dahshatli avtohalokatga uchrab nogiron bo‘lib qolgan Ben Xogen ismli kimsaning nafaqat oyoqqa turganligi, balki AQSh ochiq birinchiligining g‘olibi bo‘lganligi haqidagi maqolani yozadi va “Success Unlimited”da chop etadi. Bu maqola bilan tanishgan Nyu-Yorkdagi nashriyotlardan biri muallifga hamkorlik qilishni taklif etadi. Shundan atigi 18 oy o‘tgach, jurnal muharririning bugungi kunda dunyoda mashhur “Dunyoning eng buyuk savdogari” (“The Greatest Salesman in the World”) kitobi ana shu nashriyotda chop etiladi. Bu paytda Og Mandino hali mashhur yozuvchi sifatida tanilmagan edi. Shuning uchun  kitobning ilk adadi  5 mingta nusxa qilib belgilangan. Amerikadagi yirik “Amway Corporation” kompaniya rahbari De Vosning yig‘ilishda o‘z ta’rifiga ko‘ra, bu kulgili bir ism sohibi yozgan “Dunyoning eng buyuk savdogari” asarini o‘qishni xodimlariga tavsiya qilishi ikki yil ichida bu kitob 350 ming nusxada sotilishiga sabab bo‘ldi. Shundan mana 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham bu kitob qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda. 

Hayotda o‘z o‘rnini topa olgan va “Success Unlimited” jurnali prezidenti darajasiga ko‘tarilgan Og Mandino 52 yoshida — 1976 yilda bu yuksak lavozimini tark etib, hamma vaqtini adabiy faoliyatga bag‘ishlashga azm etgan. 

Rustam Jabborov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan “Dunyoning eng buyuk savdogari”da bag‘dodlik tadbirkor Xafidning savdo sohasida muvaffaqiyatga erishish sirlari o‘n nomada bayon qilinadi. Ularda muvaffaqiyatga erishish uchun qat’iyatli bo‘lish va harakat qilish, o‘zini o‘zi boshqarishga o‘rganish, Tangridan maslahat va to‘g‘ri yo‘l so‘rash, boshqa o‘gitlar  lo‘nda ifoda etilgan.

Ko‘pchilik o‘ziga omad kulib boqishi uchun astoydil harakat qilish zarurligi haqidagi pand-nasihatlarni deyarli har kuni eshitadi. Og Mandino esa o‘z asarida buni quyidagicha juda ibratli tarzda bayon etgan: “Bugun va har kuni sizga haq to‘langanidan ko‘proq ish qiling. Agar sizdan kutganlaridan ko‘proq ish qilish nechog‘li muhim ekanligini anglab yetsangiz, muvaffaqiyatning yarim lazzatini tuyasiz. Sizning ishingizni shu qadar yuqori baholashsinki, bora-bora sizni eng kerakli xodim sifatida tan olishsin. Ishga qo‘shimcha kuch sarflash huquqingizdan foydalaning va buning evaziga berilgan mukofotga quvoning. Siz unga loyiqsiz!”

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Fanlar 

akademiyasining

 akademigi

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − sixteen =