Orzulari ushalayotgan odamlar

Aholi ish bilan ta’minlansa, oilalarda barqaror daromad manbai bo‘lsa, farovonlik oshadi. Davlatimiz rahbarining shu yil 7 iyunda e’lon qilingan “Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori ana shu ezgu maqsadga qaratilgan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash orqali aholi keng ko‘lamda tadbirkorlikka jalb etilib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Ma’lumki, qarorda namunaviy tarzda Andijon viloyatida joriy yilning 10 iyuniga qadar ishchi guruhlarini tashkil etib, tuman va shaharlarda “Har bir oila-tadbirkor” hududiy dasturini amalga oshirish lozimligi alohida qayd etilgan. Bu bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning shu yil 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida mehnat bilan band bo‘lmagan aholini tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik, kasanachilikka o‘rgatish orqali ularga daromad manbai yaratishga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor” dasturining Andijon viloyat misolidagi kontseptsiyasi namoyish etilgan edi.
Viloyatda bo‘lib, andijonliklar zimmasiga yuklatilgan bu vazifani qay tarzda amalga oshirayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Prezidentimiz Andijonga tashrifi chog‘ida viloyatda aholi zichligi, ekin maydonlari cheklangani hamda mehnat resurslari ko‘pligini inobatga olib, har bir oilani tadbirkorlikka va qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish, aholi turmush tarzi va darajasini sezilarli darajaga oshirishga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor” dasturini Andijon namunasi sifatida taqdim etish yuzasidan topshiriqlar berdi, — deydi Andijon viloyati hokimligi iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha kotibiyati bosh mutaxassisi Jamoliddin Atantaev. – Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiev boshchiligida ishchi guruhi tuzildi. Viloyatdagi 878 mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 763 ming 874 oilaning har birini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida iqtisodiy majmua tizimidagi 2 ming 151 nafar ishchi-xodim biriktirildi. Hozirgi kunda respublika banklaridan va viloyatdagi iqtisodiy majmua tarkibiga kiruvchi xodimlar har xonadonda bo‘lib, vaziyatni o‘rganmoqda.
Shu yilning 20 iyuniga qadar viloyatdagi jami xonadonlarning 92 foizi, aniqrog‘i, 490 ming 773 xonadon o‘rganib chiqildi. Xulosa qilib aytganda, 198 ming 141 xonadon egalarining 2 trillion 919 milliard so‘m miqdorida kredit olishga xohishi borligi aniqlandi.
Viloyat ahli olinajak kreditlarni chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxona qurish, bog‘ va tokzorlar barpo etish, sartaroshlik, kosmetologiya, kosibchilik, tunukasozlik, zargarlik, hunarmandchilik, yog‘och va alyumin profilidan eshik va deraza romlarini tayyorlash, avtoservis, hammom faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirishni niyat qilgan.
Safar chog‘ida viloyatning “Andijonnoma” gazetasi tahririyatidagi hamkasblarimiz bilan suhbatlashganimizda ulardan bizni qiziqtirgan mavzuga doir ko‘plab yangiliklar eshitdik.
—    Har bir sektorda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan kredit yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganilyapti — deydi gazeta muxbiri A.Daminov.  Matgir qishlog‘i Solboshi mahallasida yashovchi Murodjon Qobiljonov bir yarim yil avval bedana go‘shti yetishtirishni boshlagan edi. Hozirda xonadonida mingdan ortiq bedana boqyapti. Murodjon yangicha uslubda tashkil etgan inkubatorda 30 ming bedana,  tovuq tuxumidan o‘n besh ming jo‘ja olish niyatida. Sherzodbek Aldashev “Afrika laqqasi”ni parvarishlayapti. Izboskanning Jonobod qishlog‘ida yashovchi Ahmadjon Qo‘ziev imtiyozli kredit sabab har joyda ishlab yurgan usta o‘g‘illarini bir joyga jamlayotganidan xursand.
— Joriy yil 10 iyunidan viloyatimizda dastur ijrosiga kirishildi, — deydi Markaziy bank Andijon viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Hasanboy Mamajonov. — Buning uchun 200 million dollar yo‘naltirildi. Bu mablag‘ tadbirkor bo‘laman, degan oilalarga imtiyozli kredit tariqasida berilyapti. Yo‘nalishiga qarab, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150, kichik tadbirkorlik sub’ektlariga 1000, investitsiyaviy loyihalar uchun 1000 baravaridan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Kreditlar foiz stavkasi yillik  7 foiz miqdorida. Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda viloyatdagi har o‘n oilaning bittasi qamrab olinsa, o‘rtacha kredit summasi 21 million 425 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bu juda katta imkoniyat. Bu imkoniyatdan oqilona foydalangan oilalar kam bo‘lmaydi. Quvonarlisi, aksariyat viloyatdoshlarimiz buni tushunib tadbirkorlikka astoydil bel bog‘lagan.
Darhaqiqat, Andijonda davlatimiz g‘amxo‘rligidan foydalanib, oilasi bilan tadbirkor bo‘lishidek ezgu niyatni ko‘ngliga tukkan insonlar ko‘p. Masalan, Izboskan tumanida 40534 oilaning 10450 tasi chorvachilik, 186 tasi quyonchilik, 715 tasi parrandachilik, 304 tasi baliqchilik, 285 tasi asalarichilik bilan shug‘ullanishga, 1192 ta oila issiqxona qurish, 118 ta oila bog‘ va tokzorlar barpo etish, 41 ta oila sartaroshlik, 72 ta oila kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yish, 25 ta oila kosibchilik, 47 ta oila tunukasozlik bilan shug‘ullanishga ahd qilib, kredit so‘ragan.
Shuningdek, Andijon, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘z, Jalaquduq, Marhamat tumanlarida ham ishchi guruhlarning o‘rganish natijalari har qancha quvonsa arzigulik. Chunki tadbirkor yurtdoshlarimiz qancha ko‘paysa, mamlakatning iqtisodiy qudrati shuncha ortadi. Shuning uchun ham viloyat hokimligi tadbirkor bo‘lamiz, deb niyat qilgan oilalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, zarur shart-sharoitlarni yaratishga astoydil harakat qilmoqda.
Chekka Qo‘rg‘ontepa tumanidan o‘nlab xonadon sohiblari bilan suhbatlashib, bunga yana bir karra ishonch hosil qildik.
—    Shu kungacha tumanimizdagi mavjud 34232 xonadon to‘liq o‘rganib chiqildi, — deydi tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abduqahhor Yo‘ldoshev. — Tumanimiz hududi qir-adirlardan tashkil topgani uchun birmuncha salqin. Chorvachilik, qo‘yning hisori zotini ko‘paytirish, shuningdek, asalarichilik, bog‘dorchilik uchun qulay. Shuning uchun ko‘pchilik oilalar ana shu sohalarda tadbirkorlikni ma’qul ko‘rishyapti. Quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, maishiy xizmat, hunarmandchilik yo‘nalishini tanlagan oilalarimiz ham talaygina.
Tumanda tadbirkorlikni boshlash arafasida turgan oilalarga maktab vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan oilaviy korxonalar anchagina ekan. Shulardan biri Otabek Murzoev rahbarlik qilayotgan “Barlos” mini klasteridir.
— Korxonamizda aka-ukalarim va o‘zimning oilam bilan hisoblaganda 30 kishi ishlaydi, — deydi klaster rahbari Otabek aka. – Korxonani 2009 yilda tashkil qilganmiz. Asosan naslli qo‘y va mahsuldor asalari oilalarini ko‘paytirib sotish bilan shug‘ullanamiz. Bugungi kunda  super, elita, qirriq hisori qo‘ylar zotlarini, asalarining Karpatyanka, Viticheskaya, Chempionka, Kornenka, Italyanka kabi turlarini ko‘paytiryapmiz.
Otabek aka xonadonidagi qo‘ralarda hisori qo‘ylar zotiga qarab alohida-alohida boqiladi. Kelayotgan xaridorlar xohlagan zotini tanlab sotib olayapti.
— Tadbirkorlik koni foyda — deydi Otabek aka. To‘qqiz yildan beri shu sohada faoliyat yuritib kam bo‘lmadik. Quvontiradigan  jihati ko‘pchilik andijonliklar chorvachilik bilan asalarichilik sohasida ish yuritishni niyat qilyapti. Chunki hisori qo‘ylarni qancha ko‘paytirsak, bozorlarimizda go‘sht narxi arzonlashadi. Ularning mahsuldorligi juda yuqori. Asalarining foydasi haqida gapirmasam ham hamma biladi.
“Barlos” tashkil etilganidan buyon havas qilgulik yutuqlarga erishib kelyapti. Bu yil savdosi yurishgandan yurishdi. Qisqa muddatda 1160 qo‘y, 60 asalari oilasini sotdi. Boqib ko‘paytiraman deganlar uchun bitta qo‘y 800-900 ming so‘mdan, nasl olaman deganlar uchun hisori qo‘ylarni 1,5 million so‘mgacha sotayapti.
—    O‘rmon xo‘jaligiga qarashli 7000 gektar yaylovda shartnoma asosida qo‘ylarimizni boqib, parvarishlaymiz, — deydi klaster rahbari. – Hozir u yerda 4 mingga yaqin hisori qo‘yimiz bor. 42 gektar maydonga chorva uchun ekin ekamiz. 13 gektar maydonda asalarilarimiz uchun gulzor tashkil qilganmiz. Bundan tashqari, asalni qadoqlaydigan tseximiz bor. Mahsulotlarimizni Toshkentdagi Chilonzor, Yunusobod, Mirobod, Farhod, Chorsu, Oloy bozorlarida sotamiz.
Otabek aka chorvachilik va asalarichilikni rivojlantirishdan tashqari tuman hududida ekoturizmni tashkil etishni, asalari bilan turli kasalliklarni davolashni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Ha, Qo‘rg‘ontepada “Barlos” mini klasteri kabi korxonalarning faoliyat yo‘li tumanda tadbirkorlikni boshlash arafasida turgan yuzlab oilalar uchun namuna vazifasini o‘tayapti.
—    Oilamiz bilan maslahatlashib, chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritishga qaror qildik, — deydi Muhayyo Alimova. – 20 million so‘m kredit olib, hisori qo‘ylarni ko‘paytirmoqchimiz. Ajab emas, biz ham Otabek akaga o‘xshab kelgusida tadbirkor bo‘lib ketsak. Bizga o‘xshagan oilalarga g‘amxo‘rlik qilib, barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga ming-ming rahmat. Ularning ishonchini oqlash uchun oilamiz bilan astoydil harakat qilamiz.
Biz bilan suhbatda 6 million so‘m kredit olgan Odinaxon Cho‘tboeva, 20 million so‘m kredit olgan Baxtiyor Alixonov ham oilalari bilan chorvachilikda imkoniyatlarini sinab ko‘rishga ahd qilganini aytishdi.
—    Men yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman, — deydi Shahobiddin Nizomov. – Mening xohishimga ko‘ra 100 million so‘m kredit ajratiladi. Xudo xohlasa, zarur asbob uskunalarni sotib olib, farzandlarim bilan yog‘och va alyumin profilidan eshik va deraza romlarini yasab sotishni yo‘lga qo‘yamiz.
—    Prezidentimizga har qancha rahmat aytsak arziydi, — dedi Dilfuza Alixonova. – Men ham ko‘p qatori 20 million so‘m kredit oldim. Farzandlarim bilan hunarmandchilik sohasida ish yuritmoqchimiz.
Biz safarimiz davomida qay bir andijonlik bilan suhbatlashmaylik ularning qalbi ana shunday niyatlar bilan to‘lib turganiga amin bo‘ldik. So‘zimiz yakunida ishlaringiz baroridan kelib, dilingizga tukkan barcha ezgu orzularingiz ushalsin, deymiz.

O‘ktam ABDULLAYEV,
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − one =