XALQARO TAJRIBA

Oilaviy tadbirkorlik Vatanimizda qadim-qadimdan muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ammo sobiq ittifoq davrida barcha ishlab chiqarish turlarining umumlashtirilishi bu jarayonni to‘xtatib qo‘ydi. Natijada yillar davomida shakllangan oilaviy xo‘jalik yuritish an’analari, kasb-hunar tajribasi yo‘q bo‘lish darajasiga kelib qoldi. Shukrki, istiqlol yillarida bozor munosabatlariga o‘tish, xususiy mulkni tiklash, qadimiy kasb-hunar an’analari, hunarmandchilik, kasanachilik, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rivojlantirishga keng yo‘l ochildi. Bu boradagi islohotlar yil sayin kuchayib bormoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida ham xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor berilgan. Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilning 7 iyunida O‘zbekiston Prezidentining «Har bir oila – tadbirkor dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Hujjatda mamlakatimizdagi amaliyot va jahon tajribasi umumlashtirilib, joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, boy mehnat resurslari va mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanish borasida katta imkoniyat va zaxiralar mavjudligi ta’kidlandi. Har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad olishi uchun shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari belgilandi.
Darhaqiqat, oila tadbirkorligida  keng imkoniyatlar mavjud. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, oila tadbirkorligiga asoslanadigan oila iqtisodiyoti yoki uy, xonadon xo‘jaligi milliy iqtisodiyotning boshqa sektorlari – davlat, korxona, kompaniya, tashkilotlar faoliyatidan katta farq qiladi. Oila iqtisodiyoti — milliy iqtisodiyotning birlamchi, dastlabki bo‘g‘ini. Uning o‘ziga xos xususiyatlari shundaki, uy xo‘jaligi iqtisodiyotda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning pirovard iste’molchisi bo‘lib, oila xo‘jaligi abstrakt tushuncha bo‘lmasdan, milliy boylikni yaratishda faol ishtirok etadi. Oila a’zolari mehnatiga asoslanadigan kichik, mitti korxonalar yirik ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan «yoriqlarni» to‘ldirishga xizmat qiladi. Chunki yirik ishlab chiqarish korxonalari bozor talabiga tez moslashuvchan bo‘lmaydi. Qolaversa, jamiyat rivojlanishining bosh maqsadi, asosiy ijtimoiy prioriteti ham oiladir.     
Oila iqtisodiyotining milliy iqtisodiyotning yirik va o‘rta korxonalaridan printsipial farqli va afzallik jihatlari ko‘p. Bular: oila iqtisodiyoti mayda tovar ishlab chiqarish va iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining soni kam, ko‘pchilik turlarida qo‘l mehnatining darajasi yuqori bo‘ladi. Shuningdek, iqtisodiy faoliyatning yirik va o‘rta sub’ektlari uchun ahamiyatli bo‘lmagan resurslardan foydalanish (masalan, eskirgan bino va inshootlar, ko‘p konturli yer uchastkalari), oila xo‘jaligida shaxsiy va jamoa manfaatlarini yuqori darajada qo‘shib olib borish imkoniyati mavjud. Qulay ma’naviy muhit, ya’ni ishonch, oila a’zolarining bir-birini yaxshi bilishi, o‘zaro yordam va bemalol bir-birining o‘rnini bosa olishi, mehnat va hayot tajribasi, bilim va ko‘nikmalarni bir-birlaridan tez o‘rganishi, bolalar, o‘smirlar, nafaqadagilar, nogironlarni ham jalb qilish imkoniyati, yuksak mas’uliyat kabi xususiyatlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga  esh tarzda avloddan-avlodga o‘tib keladi.
Bugun mamlakatimizda yaratilayotgan yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 63–65 foizini oila mehnatiga asoslanadigan dehqon xo‘jaliklari berayotir. Umumiy oila daromadlarining 71,5 foizi birlamchi daromadlar deb atalib, ular ishlab chiqarish va mulk orqali shakllanmoqda. Qolgan 28,5 foizi esa transfertlar orqali kelmoqda.
Endi jahon tajribasiga ko‘ra, oila tadbirkorligining nufuzi aylanma mablag‘larni tez boshqarish, savdo va umumiy ovqatlanish, maishiy xizmatlar sohalaridagi, tomorqa xo‘jaligidagi faoliyatni kengaytirish bilangina emas, balki ishlab chiqarish sohalari – sanoat, qurilish, yuqori texnologiyali axborot xizmatlari ko‘rsatish kabilar bilan ham belgilanmog‘i lozim. Qolaversa, tadbirkor oilaning nufuzi uning qancha ish o‘rinlari yaratayotgani, eksportga tovar ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot tannarxini pasaytirish imkoniyatlari bilan ham baholanishi lozim. Ko‘rinib turibdiki, oilaviy tadbirkorlikka va tadbirkor oilaga qo‘yiladigan talab yildan yilga oshib boraveradi. Bu zamon talabidir.
Xo‘sh tadbirkor kim o‘zi? Uddaburon, ishning ko‘zini biladigan, hisob-kitobini puxta qiladigan kishini tadbirkor sanasak bo‘laveradimi? Haqiqiy tadbirkorlik kishilarning tavakkal qilib, mulkiy javobgarlik asosida, qonunchilik doirasida tashabbus bilan faoliyat yurgizishidir. Bu faoliyat kapital va resurslardan oqilona foydalanish orqali ko‘zda tutilgan maqsad — foyda, daromad olishga qaratiladi. Xuddi ana shuning o‘zi oila tadbirkorligining harakat mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Ammo tadbirkorlik to‘g‘ri kelgan yo‘llar bilan emas, balki yaratuvchanlik, tashabbuskorlik faoliyati orqali daromad olishdir. Shu sababli yollanib ishlash, foiz olish va yerni ijaraga berib renta olishni tadbirkorlik deyish qiyin.
Ma’muriy ta’sir, buyruqbozlik hukmron joyda oila tadbirkorligi bo‘g‘iladi. Erkinlik bor joyda tomir otadi. Tadbirkorlik, eng avvalo, kapital hajmini kam talab etuvchi, qisqa muddatlarda foyda keltiruvchi tarmoqlarda keng rivojlandi. Bu o‘z navbatida kichik va xususiy tadbirkorlikning ravnaq topishiga xizmat qiladi. Keyin boshqa yangi sohalarga ko‘chadi.
Albatta, oila tadbirkorligi va iqtisodiyotiga berilayotgan katta e’tibor yirik ishlab chiqarishning ko‘zini yopib qo‘ymasligi lozim. Umuman, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish mumkin emas. Ular bir-birini to‘ldiradigan bo‘linmalardir. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, innovatsion iqtisodiyotga o‘tishni, axborot-kommunikatsiya texnologiyasi vositalarini yaratish yirik korxonalar – kompaniya, kontsern va xoldinglarnigina qo‘lidan keladi. Ulargina milliy iqtisodiyotning yetakchisi, lokomotivi sifatida uni xalqaro maydonga olib chiqa oladi. Qolaversa, oila xo‘jaligi uchun zarur ishlab chiqarish vositalari ham ana shu korxonalarda yaratiladi. Ularning faoliyatini qanday muvofiqlashtirish mumkin?
Frantsiya, Yaponiya kabi ilg‘or mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, asosan oila atrofida qaror topgan mayda korxonalar yirik korporatsiyalar bilan bog‘langan, ular buyurtma asosida korporatsiya uchun zarur butlovchi qismlarni yetkazib beradi. Frantsiyada, masalan, 10 million dollargacha aylanma mablag‘i bo‘lgan korxona kichik korxona sifatida tavsiflanadi. Tabiiyki, buncha mablag‘ni kichik korxona yirik ishlab chiqarish bilan hamkorliksiz amalga oshirishi mushkul.
Shubha yo‘qki, kelgusida yurtimizda ham yirik korxonalar bilan mutanosib bo‘lgan kichik korxonalar o‘sib chiqadi. Ammo hozircha bu boradagi ahvol shundan iboratki, yalpi ichki mahsulotning qariyb 57 foizini berayotgan, bandlikning 78 foizini ta’minlayotgan kichik tadbirkorlikning eksportdagi ulushi 30 foizga ham yetmaydi. Bu yerda nomutanosiblik o‘z-o‘zidan ayon. O‘sha kichik korxonalar qaerda? Qishloq xo‘jaligidami? Restoran, kafelardami, umumiy ovqatlanishdami yoki savdoda? Ular yuqori texnologiya bilan qachon shug‘ullanadi?
Demak, yuqoridagi qarorning qabul qilinishi tasodif emas, davr, hayot taqozosi.
Yana xalqaro tajribaga e’tibor bersak, kichik tadbirkorlik Frantsiyada ko‘p asrlik o‘z rivojlanish tajribasi va an’analariga ega. Mamlakatdagi 3 milliondan ziyod kichik korxonaning yarmi individual yoki oila biznesi tamoyillariga muvofiq, yollanma ishchisiz faoliyat yuritdi. 50 foiz yangi ishchi o‘rinlari ham kichik biznes sub’ektlariga to‘g‘ri keladi.
Xitoyda ulkan iqtisodiy rivojlanish darajasiga kichik biznesning tez o‘sishi orqali erishilgani ma’lum. Xitoyliklar tadbirkor, mehnatsevar va tez birlashadigan xalq. Bu mamlakatda qadim-qadimdan kichik kustar (kosib, hunarmandchilik) ishlab chiqarish rivojlangan. Ana shu kustar ishlab chiqarishdan hozirgi zamon xitoycha xususiy tadbirkorlik o‘sib chiqdi va tez ko‘payib ketdi. Hozir mamlakatda 32 milliondan ziyod individual oila a’zolari mehnatiga asoslanadigan kichik korxona faoliyat yuritmoqda. Bu sektor Xitoy iqtisodiyotining asosiy kalitidir. Chunki bu yerda mehnatga yaroqli aholining 60 foizi ish bilan band. Bu sektor ilmiy-texnika taraqqiyotining motori hamdir. Unda eng ko‘p innovatsiyalar, kashfiyotlar va texnika yangiliklari yaratiladi. Loyiha byurolari, tadqiqot laboratoriyalari, dizayn agentliklari, yangi texnologiyalar va dasturlash bo‘yicha turli xil kichik korxonalar eng zamonaviy mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarmoqda. Ular uchun tashkil etilgan texnoparklarda innovatsion biznes uchun zarur infratuzilma yaratib beriladi. Ko‘pchilik yirik xitoy korxonalari xuddi ana shunday kichik korxonalar va texnoparklardan o‘sib chiqqan. Mamlakat milliy mahsulotining 55 foizi shu sektorda yaratilmoqda.
Lekin boshqa bir holatni ham nazardan qochirmaslik lozim. Iqtisodiy taraqqiyotimizning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy-madaniy an’analari bor. Qarorda ta’kidlanganidek, bizda kasb-hunar, hunarmandchilik an’analarining o‘z o‘rni bor. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab harakat qilgan tovarlar zavod va fabrikalarda emas, oila a’zolari mehnatining mahsuli edi. Hozir ham bu an’analar davom etib, Samarqand va Buxorodagi kashtachilik va zardo‘zlik, Farg‘ona vodiysi bozorlaridagi atlas, adras, do‘ppichilik, kulolchilik, pichoqsozlik mahsulotlari, Xivadagi xalq amaliy san’ati namunalarini ko‘rib, ko‘zingiz qamashadi. Bozorlarimizdagi rang-barang xalq hunarmandchiligi tovarlari faqat tirikchilik vositasigina emas, balki yuksak madaniyat va san’at namunasi hamdir. Ular allaqachon ichki bozorni to‘ldirib, jahon bozorini egallamoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimizda milliy va tashqi turizmning rivojlanishi bu jarayonga yangicha ilhom bag‘ishlayotir. Natijada sohada raqobat maydoni kengayib, tovarlar sifati oshib, ish bilan bandlik yaxshilanmoqda.
Qisqasi, mamlakatimizda bozor islohotlarini chuqurlashtirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida aholining yangi qatlami – tadbirkorlar shakllandi. Tadbirkorlarning ish yuritish, tovar ishlab chiqarish va sotish malakasi yuksalib bormoqda. Qonun doirasida faoliyatini tashkil etish, ijtimoiy ma’suliyatni his qilish va davlat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘nikmalari rivojlanmoqda. Bularning hammasi oila tadbirkorligining yanada rivojlanishiga asos bo‘ladi.     
Shu jihatdan Prezidentimizning  yuqorida nomi zikr etilgan qarori g‘oyat muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan dasturiy hujjatdir.      

Nurislom TO‘XLIYEV,  
iqtisod fanlari doktori,
professor 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =