Yangi tizim – yangi imkoniyat

 Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bojxona organlari uchun ham  aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, o‘tgan yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya’ni tadbirkorlarning qanchalik halol ekaniga qarab, ularni “yashil” va “qizil” yo‘laklardan o‘tkazishni joriy etish nazarda tutilgan.

 

Prezidentimizning 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan o‘tgan yil 1 sentyabrga qadar bo‘lgan muddatda tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o‘tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlash belgilandi.

Ushbu farmon bilan Davlat bojxona qo‘mitasida Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi tashkil qilindi. Mazkur boshqarmaga bojxona organlarida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi yuqori bo‘lgan tovar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini nazorat qilish uchun kuch va vositalarni jamlashni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Jahonning yetakchi davlatlarida ushbu yo‘nalishda foydalanilayotgan axborot texnologiyalari imkoniyatlarini o‘rgangan holda xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqildi va 2018 yil 1 sentyabrdan sinov tarzida ishga tushirildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 oktyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan esa mazkur yangi tizimni qo‘llash samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Yana bir hujjat —Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq rejimda joriy etildi. Ushbu farmonga binoan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab, “Sariq” va “Qizil” yo‘laklar ishga tushirildi. Joriy yil 1 martdan esa “Yashil” va “Ko‘k” yo‘laklar ishga tushirdi. 

“Bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimining to‘liq joriy etilishi — halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil” mavzusida kuni kecha o‘tgan matbuot anjumani ana shu o‘zgarishlarga bag‘ishlandi.

Unda Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Muxtorov va boshqa mutasaddi vakillar mazkur tizimning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berdi.

— Xavfni boshqarish, tizimni to‘laqonli amalga kiritish orqali “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan voz kechiladi va xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar, transport vositalarining nazorati to‘rtta yo‘lakdan biriga yo‘naltirilgan holda amalga oshiriladi, — deydi I. Muxtorov. — “Sariq yo‘lak”da bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha nazorat shakllari xavf darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

“Qizil yo‘lak”da esa xavf darajasi yuqori yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan nazorat amalga oshiriladi. Xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, “Yashil yo‘lak” qo‘l keladi, ya’ni bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan qo‘llanmaydi. Xavf darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlar nazorati esa ular chiqarib yuborilgandan so‘ng “Ko‘k yo‘lak”da amalga oshiriladi.

Bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimini qo‘llash orqali bir qator maqsadlarga erishiladi: xavfni boshqarish tizimini qo‘llash orqali qonun hujjatlariga rioya etilishini hamda bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi ta’minlanadi. Qonun hujjatlariga muvofiq, bojxona nazorati ob’ektlariga nisbatan nazoratni yetarli darajada ta’minlaydigan bojxona nazoratining shakllarini hamda darajasini tanlash mumkin. Nazoratni tezlashtirish hamda xavf darajasi kam bo‘lgan tovar va transport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib o‘tilishida nazoratni soddalashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Xo‘sh, mazkur tizim tadbirkorlarga nima beradi? Eng avvalo, tizim tashqi savdo aylanmasining oshishiga va xalqaro savdoning rivojlanishiga xizmat qiladi. Tashqi iqtisodiy faoliyatning (TIF) halol ishtirokchilarini rag‘batlantirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish imkonini beradi. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqt sezilarli darajada qisqaradi. Har bir TIF qatnashchisiga individual baho berish va ularning halolligiga qarab saralash, bir-biridan farqlash imkoni tug‘iladi. TIF qatnashchilariga bojxona ko‘rigida yengillik yaratiladi. Ularning tovarlari aylanmasi davri qisqaradi.

Endilikda tadbirkorlar Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona.uz saytidagi http://service.customs.uz havolasi orqali bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yo‘lakka joylashtirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq vaqtda bilib olishlari mumkin.

Ma’lumki, bojxona organlariga taqdim qilinadigan barcha ma’lumotlarni tekshirish va ularning ishonchliligini to‘la va bekamu ko‘st ta’minlashning imkoni yo‘q. Xavfni boshqarish tizimi esa bojxona organlarining cheklangan resurslaridan eng katta samaradorlik asosida foydalanish imkonini beradi. Bunda asosiy e’tibor yuqori stavkali, doimiy xarakterdagi bojxona qonunchiligining buzilishi yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlariga putur yetkazadigan yoxud davlatning boshqa manfaatlariga tahdid soladigan, eng xavfli holatlarga qaratiladi.

Xavf-xatar bo‘lmasa yoki uning ehtimoliy qonunbuzilishlarining oqibatlari minimal darajada bo‘lsa, bojxona rasmiylashtiruvining eng sodda texnologiyalari qo‘llaniladi va transport vositalarining kutib qolishi, yuklarni tashish, bojxona terminallarida saqlash bilan bog‘liq asossiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tadbirda mutaxassislar jurnalistlar va tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Sholaziz ShOXIDOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =