Organlar transplantatsiyasi
Davlat tomonidan berilayotgan dori-darmon vositalari bemorlarga nega salbiy ta'sir ko'rsatmoqda?
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi qarori asosida “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo'lagini transplantatsiya qilish tartibi haqida” vaqtinchalik nizom tasdiqlangan. Ushbu hujjat transplantatsiya bajarishga ko'rsatma va qarshi ko'rsatmalarni, donor va retsipientning huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
Qarorda ta'kidlanganidek, transplantatsiya bajarilgandan so'ng donor va retsipient uchun kamida 3 yil davomida profilaktik dispanser ko'rigi tashkil etilishi zarur. Shuningdek, ambulatoriya nazoratida bo'lgan bemorlar tegishli dori-darmon vositalari bilan ta'minlanishi belgilangan.
O'zbekistonda buyragi almashtirilgan bemorlar soni 600 nafardan oshadi. Ular immunitetni pasaytiruvchi dori vositalarini muntazam qabul qilishlari kerak va bu dorilar Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan bepul ta'minlanadi.
Ammo joriy yil avgust oyidan boshlab bemorlarga taklif etilayotgan “Roligraf” dori vositasini ko'pchilik qabul qilishni istamay, o'rniga shu paytgacha qo'llanilib kelingan “Pangraf” dorisi berilishini talab qilishadi. Yangi dorining rad etilishi sababi sifatida uni qabul qilgan bemorlarning ahvoli og'irlashgani asos qilib ko'rsatilmoqda.
Bir guruh bemorlar va ularning yaqinlari “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga murojaat qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muharram Dadaxo'jaeva fuqarolarni qabul qilib, dardlarini tingladi. Parlamentning quyi palatasi binosiga yig'ilgan deputat bilan suhbat asnosida murojaatchilar o'z istaklarini bildirdilar.
Ma'suda Nurmuhammedova, bemorning onasi:
— Qizimga 4 yil oldin otasining buyragi ko'chirib o'tkazildi. Operatsiyani Hindistonda qildirdik va shifokorlar doimiy ichib yurishga dorilar buyurdilar. “Pangraf” dorisi davlat tomonidan berilar, “Mayfotik” degan dori esa dorixonalarda yo'q, internet orqali Hindistondan buyurtma berib, qimmatga sotib olamiz. Shu yil avgustdan beri Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan bepul tarqatiladigan “Pangraf” o'rniga “Roligraf” beriladigan bo'ldi. Lekin uni qabul qilgach, ahvoli og'irlashgan bemorlar haqida eshitdik.
Mahbuba Choriyeva, bemor:
— 2018 yili buyragimni transplantatsiya qilishdi. Men kabi xorijda operatsiya qildirishga imkoniyati yo'qlarga yurtimizda a'zo ko'chirib o'tkazishga ruxsat berilgani yaxshi bo'ldi. Operatsiyadan so'ng dori ta'minotida uzilish bo'lib, “Roligraf”ga o'tildi. Men ham bu dorini olishni rad etdim.
Dilshod Mamadaliyev, bemor:
— Hindistonda operatsiya bo'lganman. O'sha yerda shifokorlar tavsiya qilgan dorilarni ichib kelyapman. Biz har bir qadamimizni shifokor bilan maslahatlashib bosishimiz kerak. O'zimizni asrashga, doimiy parhez qilishga majburmiz.
Jahongir Muxrushboyev, bemorning kuyovi:
— Qaynotamning buyragi 2016 yili Hindistonda transplantatsiya qilingan, unga onasining buyragi ko'chirib o'tkazilgan. Avgustda yana almashtirilgandi “Roligraf”ni qabul qildi va sog'ligi yomonlashdi. Hozir uning ahvoli juda og'ir, qayta buyrak ko'chirib o'tkazishga ehtiyojmand bo'lib qoldi, ammo bunga yetarli mablag'imiz yo'q.
Mohichehra To'raxo'jayeva, bemor:
— 2015 yili Hindistondan operatsiya bo'lib qaytdim. Shundan beri menga davlat tomonidan “Pangraf” bepul berilardi. Keyin “Roligraf”ga o'tkazishdi. Ushbu dorini bir hafta ichdim. Shu vaqt ichida sog'lig'imda salbiy o'zgarishlar sezdim. Masalan, ko'nglim aynidi, ichim ketdi, qornim qattiq og'ridi. Dorini to'xtatib, avvalgi turini sotib oldim. Shukrki, ahvolim yaxshilandi.
Bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan ko'tarilgan muammo yuzasidan Sog'liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unda ta'kidlanishicha, yurtimizda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan har bir dori vositasining seriyasi sifat nazoratidan o'tkazilib, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi. Sog'liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug'bek Yo'ldoshevning aytishicha, ayni paytda bemorlarga berilayotgan “Roligraf” dori vositasining tarkibi va ta'sir etuvchi moddasi “Pangraf” dori vositasi bilan bir xil. “Pangraf”, “Prograf”, “Takrolimus” dori vositalari sutkasiga ikki marta qabul qilingan bo'lsa, “Advagraf” va “Roligraf” dori vositalarining ta'siri uzaytirilgan bo'lib, ular sutkasiga bir marta qabul qilinadi. Farqi shunda.
Deputat Muharram Dadaxo'jayeva murojaatlarni og'zaki va yozma tarzda qabul qilib oldi. Ayni paytda parlamentning quyi palatasida “Inson organlari, to'qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Deputat mazkur qonun ijodkorligida fuqarolarning murojaatida tilga olingan masalalar o'rtaga tashlanishini bildirdi.
Shuningdek, mazkur masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga so'rov chiqarishni ma'lum qildi.
Durdona Alimova.