Yigirma mingga yaqin shaxsning huquqi tiklangan

Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo'linmalariga joriy yilning o'n oyi mobaynida Prezidentning virtual hamda Xalq qabulxonalari orqali 79 775 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 76 foizi qanoatlantirilgan, 19 021 nafar shaxsning huquqlari tiklanishi ta'minlangan.

Jamiyatimizdagi o'zgarishlar odamlar ongida ham aks-sado beryapti. O'z haq-huquqini taniydigan, kimdan nima so'rab, qaerga murojaat qilishni biladigan fuqarolarimiz ko'paymoqda.

Birgina Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo'linmalariga joriy yilning o'n oyi mobaynida Prezidentning virtual hamda Xalq qabulxonalari orqali 79 775 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 76 foizi qanoatlantirilgan, 19 021 nafar shaxsning huquqlari tiklanishi ta'minlangan.

Xo'sh, yuqoridagi raqamlarda, asosan, qaysi yo'nalishdagi murojaatlar aks etgan? Bular — fuqarolik, pasport va viza masalalari, jazoni ijro etayotgan mahbuslar tomonidan afv etishni so'rab yozilgan, mol-mulk va pul mablag'larini undirish, tergov va surishtiruv organlariga doir, yo'l harakati xavfsizligi, ichki ishlar tizimiga ishga joylashish yoki sobiq ichki ishlar xodimlarining ishga tiklanishi bilan bog'liq murojaatlarni tashkil etadi.

— Aholining mavjud muammolarini o'rganish maqsadida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past, eng olis, chekka va tog'li tumanlari hamda chegara hududlarida joylashgan aholi punktlarida ommaviy sayyor qabullar o'tkazib kelyapmiz, — deydi IIV Tashkiliy departamenti murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig'i, podpolkovnik Ozodbek Jo'raboyev. — Shu yilning o'tgan vaqti davomida 136 marta sayyor qabul o'tkazilgan bo'lsa, jarayonda 7296 ta turli mazmundagi murojaatlar kelib tushgan. Ulardan 2786 tasi (32 foizi) ijobiy hal etilgan. 35,6 foizi bo'yicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi, 162 tasi qonuniy asoslarga ko'ra rad etilgan. 17,5 foizi tegishliligi bo'yicha vazirlik va idoralarga yuborildi. Ushbu qabullarda kelib tushayotgan murojaatlar ko'proq uy-joy va moddiy yordam ajratish, ichki ishlar organlari xizmatiga qayta tiklash va ishga kirish, O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish, surishtiruv va tergov harakatlari, amnistiya va afv etish kabi masalalarga qaratilgan. Sayyor qabullar tasdiqlangan reja asosida tashkil etiladi. Ularning shaffofligini ta'minlash va aholini oldindan xabardor qilish maqsadida o'tkazilishi rejalashtirilgan qabullarning vaqti va joyi to'g'risidagi ma'lumotlarni kamida ikki-uch kun avval saytimizda, mahalliy va markaziy matbuotda berib boramiz. Unda har bir fuqaro qatnashish huquqiga ega.

Darvoqe, turli sabablar bilan asossiz javobgarlikka tortilgan deb topilib, ular bo'yicha oqlov hukmlari chiqarilgan va hozirgi vaqtda ichki ishlar organlari oldiga qo'yilgan vazifalarni bajara olishi mumkin, deya hisoblangan sobiq xodimlarning 200 nafarga yaqini ishga qayta tiklangan.

Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida shular xususida so'z bordi va yuqoridagi masalalarga oid ko'plab savollarga oydinlik kiritildi.

X. Ahmadjonova

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + four =