Tabiat gultoji – ayolni asrang!

Har bir jamiyatning madaniy va ma'naviy darajasi ayollarga bo'lgan munosabati bilan belgilanadi. Darhaqiqat, ayolga bo'lgan munosabat, e'tibor har bir xalq, millatning qay darajada ulug'ligini ko'rsatuvchi omillardandir.

Mamlakatimizda ayolga munosabat tubdan yangilanish kasb etdi. Ularni ichki va tashqi tajovuzlardan asrash, konstitutsiyaviy huquqini himoya qilish davlat e'tiboridagi masalaga aylandi.

Afsuski, urush olovi yonib turgan o'lkalarda mutaassiblik libosini kiygan ayollar to'g'risida, ya'ni turli ijtimoiy tarmoqlardagi “qarmoq”larga ilinib, jihod qilayotgan jangari erkaklarga o'zini bag'ishlagan ayollar haqidagi xabarlarni ham o'qib turibmiz.

Ayollarning ushbu mudhish olamga kirib qolishi moddiy qiyinchilik, oiladagi yetishmovchilik, alamzadalik, ishsizlik, diniy va dunyoviy bilimlarning yetarli darajada emasligiga bog'lanmoqda. Ammo o'z yurti, o'z uyida yashab turib ham tazyiqqa uchrayotgan ayollar borligi har qanday sog'lom fikrli odamni o'ylashga majbur etadi.

Misol uchun, Farg'ona viloyatida homilador ayol erining nav­batdagi zo'ravonligidan qochib, uchinchi qavatdagi uyi derazasidan o'zini tashlagani haqidagi xabar ayrim internet saytlarida e'lon qilindi. Holbuki, Islom ta'limotida insonga berilgan jon Yaratganning eng buyuk ne'mati ekani uqtiriladi. Bolaligida otasi chet elga pul topish uchun, onasi esa o'z vazifasini ado etishdan voz kechib, uydan chiqib ketgan, oqibatda amakisining qo'lida qolgan I. ismli qizning achchiq qismati ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko'pchilikni iztirobga soldi. Bunday misollar afsuski, oz emas. Ma'lumotlarga qaraganda, joriy yilning yanvar oyi davomida yurtimizda 1,5 mingdan ortiq ayol zo'ravonlikdan jabr ko'rgan.

O'tgan yili mamlakatimizda xotin-qizlar qo'mitasining viloyatlardagi bo'limlari qoshida zo'ravonliklardan jabrlangan ayollar uchun 130 dan ziyod reabilitatsiya markazlari (shelterlar) ochildi. Ushbu markazlar davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etildi.

Markazlar faoliyati o'z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi ma'naviy-axloqiy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi boshqa holatlarni qo'zg'atuvchi nizolar, depressiv vaziyatlarni erta aniqlash va oldini olish choralarini ko'rishga mo'ljallangan. Bu yerga murojaat qilgan ayollarga malakali mutaxassislar, psixolog, yurist tomonidan zarur yordamlar ko'rsatiladi.

Bugungi kunga kelib respublikamiz bo'yicha markazlar soni 165 taga yetdi. Bu o'z uyi­da begonadek, xorlik, tah­qirlash azoblariga duchor qilinayotgan xotin-qizlar taqdiriga befarq bo'lmagan davlatimizning g'am­xo'rligi namunasidir.

Joriy yilning 2 sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi ikki qonun qabul qilindi. Ushbu qonunlar ayollarimizning manfaatlarini himoya qilish yo'lidagi ishlarni tartibga solish borasida mustahkam huquqiy asosdir…

— Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari joriy yilning 22 iyunida bo'lib o'tgan Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida bu haqda gapirib, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta'kidlagan edilar, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdullajon Hamroqulov. — Xususan, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanayotgani qayd etilib, yaqin vaqt ichida ikkita yangi qonunni qabul qilish haqida ma'lum qilingandi. Shuningdek, bugungi kundagi o'ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma — Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo'yicha qo'mita tuzish taklifi bildirilgan edi.

Jahon tajribasini olib qaraganda, erkak va ayolning teng huquqliligi 143 davlatning konstitutsiyasida ko'rsatilgan, 52 mamlakatda esa e'lon qilinmagan. Shunga qaramay, birorta davlatda gender tengligiga to'la erishilmagan. Aniqrog'i, barcha mamlakatlar uchun modul bo'ladigan qonun yaratilmagan edi. Albatta, mazkur qonunlarni qabul qilishga sabab bo'lgan boshqa omillar ham bor. O'tgan yilgi ma'lumotlarga qaraganda, turli jinoiy harakatlar tufayli 932 nafar ayol jabr ko'rgan. Shundan 215 nafari jinsiy erkinlikka, 169 nafari hayotga va 366 nafari sog'liqqa qarshi qaratilgan, 182 nafari esa boshqa jinoiy harakatlar tufayli tazyiqqa uchragan. Bular ro'yxatga olinganlari. Hali ro'yxatga tushmay qolganlari ham bo'lishi mumkin.

Endi qonunchilik sohasiga nazar tashlaylik. Xotin-qizlarga oid huquqiy normalar mavjud bo'lgan o'ttizdan ortiq qonun bor, ammo tarqoq holda edi. Ularning ijrosi, nazorati ham shunga yarasha to'kis bo'lmagan. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida yaxlit qonunning mavjud emasligi, ish ko'rilganda o'sha o'ttizta qonun va yuzdan ortiq qonunosti hujjatlarni ko'rib chiqish murakkablik tug'dirgan. Bundan tashqari, shu yo'nalishda huquqiy tartibga solish bo'yicha hamkorlik, monitoring olib borish mexanizmi ham yo'q edi. Mavjud qonunlarda esa asosiy tushunchalarga huquqiy ta'rif berilmagan.

Yangi qonunlarni yaratishda o'ttizdan ziyod qonunlar ko'rib chiqilib, xorijiy tajribalar o'rganildi. O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va BMT Taraqqiyot dasturining qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilgan maxsus guruh, YuSAIDning O'zbekistondagi vakilligi xulosalari olindi. Jamoat muhokamasiga qo'yilganda birgina “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun loyihasini 1477 kishi ko'rib, 45 ta taklif bildirgan. Bularning hammasi ana shu ikki qonunni ishlab chiqishda hisobga olindi. Muhimi esa ayollarimizni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilishgina emas, balki ana shu illatlarning oldini olishga qaratilganidir, — deydi A.Hamroqulov biz bilan suhbatda.

Mamlakatimizda ayol shunday e'tibor va e'zozga loyiq ko'rilgan bir paytda hali o'nlab davlatlarda ayolning jamiyatda hech qanday o'rni yo'qligi, saylovlarda qatnashmasligi ham bor gap. Masalan, besh davlatda saylovlarda xotin-qizlar ovozi chegaralangan: Vatikan, Bruney, Livan, Saudiya Arabis­toni va Birlashgan Arab Amirliklari.

Ma'lumki, o'rta asrlarda xiyonat yoki o'g'rilikka qo'l urganlar toshbo'ron qilingan. Ayrim mamlakatlarda ayollarga nisbatan ana shunday shaf­qatsizlarcha jazo hamon qo'llanilmoqda. O'tgan yili “zen.yandex.ru” sayti o'tkazgan tadqiqotga ko'ra, ayb­dorlar toshbo'ron qilib jazolanadigan davlatlardagi ahvol maxsus karta orqali o'rganib chiqilgan. Ba'zi mamlakatlarda xiyonatkor ayollar ochiqchasiga toshbo'ron qilinishi qonunchiligida ko'rsatilgan. Hatto toshning hajmi mushtdan katta ham, kichik ham bo'lmasligi kerakligi aytiladi. (1994 yilda Fransiyada chop etilgan shunday jazo turi haqida hikoya qiluvchi Freydon Saebjanning asari mamlakatda bestsellerga aylandi. Ayollarga bo'lgan bu kabi yovvoyilarcha munosabatni yozuvchi butun dunyo bilishini istagan. Ammo uni boshqa davlatlarda chop etishga ruxsat berilmadi. 2008 yilda fransuz-eron jurnalistining ushbu asari asosida rejissyor Sayrus Nauraste film suratga olgan).

Insoniyat yaralibdiki, manfaatlar to'qnashuvi, ezgulik va yovuzlik, adolat va jaholat yonma-yon yuradi. Insonning irodasi ana shu ikki yo'lda sinaladi. Shukrki, azaldan xalqimiz madaniyati, umuminsoniy qadriyatlari yuksak darajada shakllangani bilan nom qozongan. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, yot g'oyalar ta'siriga tushib qolganlar ham topiladi. Xotin-qizlarimizni endilikda bunday kimsalardan mustahkam asosga ega yangi qonunlarimiz himoya qiladi…

Xolida Fayziyeva,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + seven =