G'allaorolliklarni qanday uyg'otishdi?

Ertasi kuni bu voqea butun G'allaorol bo'ylab tarqaldi. Eshitganlar “Judayam to'g'ri, kimdir masalani shunday qo'yishi, yon-atrofdagilarni uyg'otishi kerak edi”, degan gaplarni aytishdi. Hafta o'tib, ko'zda tutilgan odamlar jam bo'lishdi. Ko'pdan ko'p gap chiqar ekan.

Salohiddin ota Nazarov sakson beshinchi yoshga qadam qo'ydi. Butun umri el-ulus orasida o'tganligi uchun tabiatan atrofda ro'y berayotgan voqealarga befarq bo'lolmaydi. Hozir ham televidenie orqali Prezidentimizning chekka viloyatlardan biriga tashrifi haqidagi maxsus ko'rsatuvni zo'r qiziqish bilan tomosha qilardi. Ha, Yurtboshimizning har bir tashrifi alohida maktab. Qarang, yurtimizda qanday ajoyib o'zgarishlar yuz bermoqda. Hamma narsa insonning yaxshi yashashiga xizmat qilishiga yo'naltirilgan. Bu yangilanishlar bahri-dilingni ochadi. Lekin ko'ngilni xijil qiladigan narsa — bunday islohotlar G'allaorolda qachon bo'ladi? Bitta hokimning 7-8 nafar o'rinbosari bo'lsa. Papka ko'targan amaldor ko'pu lekin natijadan darak yo'q.

Shunday o'ylar bilan o'tirganda tuman hokimi o'rinbosari qo'ng'iroq qildi: hokimlik zalida katta yig'ilish bo'ladi, sizni taklif qilamiz. Telefon qilgan odam qo'shib qo'ydi: majlisda Prezident administratsiyasidan mas'ul xodim ishtirok etadi.

Ha, dilidagi gaplarni aytish payti kelibdi. Aytilgan vaqtga borsa, odamlar endi yig'ilayotgan ekan. Tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev oqsoqol bilan quyuq ko'rishib, tepaga hay'at a'zolari o'tiradigan joyga taklif qildi. “Sizning tajribangiz bizga kerak, Salohiddin aka” deya so'z qotdi.

Anjuman avvalida tuman rahbari yig'ilganlarga kun tartibi bo'yicha ma'ruza qildi. Bugungi davr yangicha talablar qo'yayotgani, islohotlar tomoshabinlikni qabul qilmasligini, o'zgarishlar har bir fuqarodan faollik ko'rsatishni taqozo etayotganligi xususida gapirdi.

Salohiddin ota zalga nazar tashladi. Qatnashchilarning ba'zilari mudrab o'tirar, muhokama etilayotgan masalaga e'tiborsizligi shundoq ko'rinib turardi.

— Bugungi yig'ilishimizda G'allaorolda uzoq yillar rahbar lavozimida ishlagan Salohiddin Nazarov ishtirok etayaptilar. Oqsoqolga so'z beramiz, — tuman hokimi taklif qildi.

Salohiddin otaning ilk so'zi yoz osmonida yangragan momaqaldiroqdek bo'ldi.

— Siz, hokim, juda to'g'ri vazifalar haqida gapirdingiz. Prezidentimiz, davr­ning o'zi haqiqatda hayotiy masalalarni kun tartibiga qo'yyapti. Lekin hozir atrofingizdagi mana bu odamlar bilan islohot qilib bo'lmaydi. Ularning o'y-xayoli qanday qilib cho'ntakni qappaytirish bilan band. G'allaorol qay ahvolga tushdi?! Bitta amaldoringiz besh ming tup daraxtni pullab yubordi. Tuman markazi tobora xarob ahvolga tushyapti. G'allaorol o'z oti bilan G'allaorol edi, bir vaqtlar 100 ming tonnadan oshirib g'alla bergan. Endi esa 8 — 10 ming tonna atrofida qolyapti. Biz shunchalik nazardan qoldikki, G'allaorol stansiyamizga poezdlar to'xtamaydigan bo'ldi…

Bunday otashin chiqish hammaning e'tiborini o'ziga tortdi. Ayniqsa, yuqori idoradan kelgan vakil “To'g'ri, sizga rahmat” degan so'zlarni aytdi.

Endi nima qilish kerak? Bu savolga ham Salohiddin ota o'zi yechim taklif qildi:

— Tumanimizda 300 ta qishloq bor. Har bir qishloqdan ikki nafardan haqiqiy vatanparvarni chaqirsak, 600 ta bo'ladi. Ular dil-dilidan o'z yurti uchun yonadigan, G'allaorolim mening o'z uyim, uni obod qilish, avvalo, bizning vazifamiz deydigan odamlar bo'lishi kerak. Menga Forishdan Erkin Qozoqov telefon qildi. U yerda islohotlar shu qadar avjiga chiqibdiki, hozir Forishni tanimay qolasiz. Bitta gap aytay. Forish tarixi haqida 600 betlik kitob yaratilibdi. Har kuni maktablarda shu kitobdan bir necha sahifa o'qilar ekan. Buni tinglagan bolalarning ko'zi yonarmish. Ana shunday kayfiyat bizda bormi?! Menda taklif bor. Boshlanishiga chin vatanparvarlar bilan gaplashaylik-da, tuman ahliga Murojaat qabul qilaylik.

Ertasi kuni bu voqea butun G'allaorol bo'ylab tarqaldi. Eshitganlar “Judayam to'g'ri, kimdir masalani shunday qo'yishi, yon-atrofdagilarni uyg'otishi kerak edi”, degan gaplarni aytishdi. Hafta o'tib, ko'zda tutilgan odamlar jam bo'lishdi. Ko'pdan ko'p gap chiqar ekan. Har kim ko'nglidagi gapni aytdi. G'allaorolliklar orzu-armoni, o'y-andishasi ifoda topgan Murojaat vujudga keldi.

1926 yilda tashkil etilgan G'allaorol tumani butun O'zbekiston miqyosida alohida mavqega ega bo'lgan. Bu zamindan ne-ne olimu fozillar, vazirlar, madaniyat va san'at arboblari yetishib chiqqan. G'allaorol 60 ming tonnagacha meva-sabzavot tayyorlagan. Bugun shu ko'rsatkichning yarmi ham yo'q. Ko'pni ko'rgan, boy tajriba to'plagan yoshi ulug' insonlar tumanimizning azaliy shuhratini tiklash mumkin, deb o'ylaydi. Biz kindik qoni to'kilgan, bugungi kunda el-yurtga tanilgan g'allaorolliklarga murojaat qilamiz. Kichik vataningiz gullab-yashnashiga arzirli hissa qo'shishga ahd qilsangiz, qanday yaxshi bo'ladi.

Aholining kattagina qismini tashkil etuvchi olovqalb yoshlardan umidimiz katta! Sizlar chinakam jo'shqinlik va tashabbuskorlik ko'rsatib mehnat qilish, yangiliklar yaratish borasida o'zligingizni ko'rsatish payti keldi. Yangilangan O'zbekistonda yangi davr talablari asosida faoliyat yuritish yoshlarimiz g'ayrat-shijoatida namoyon bo'lishi kerak. Ilgari falon maktabdan bitiruvchilarning 70-80 foizi oliy o'quv yurtiga kirdi, degan ko'rsatkichlar faxr bilan tilga olinardi. Ke­yingi paytlarda bu raqam juda pasayib ketdi. Oriyati, g'ururi bor yoshlar astoydil izlanib yaxshi natijalarga erishishlari kerak. “Toza joyga farishta keladi” deganlaridek, shaharu qishloqlarimiz qanchalik ko'rkam bo'lsa, zaminga fayzu baraka qo'nadi. Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, elektr energiyasi va gaz yetkazib berish nochor ahvolda. Bu borada xizmat ko'rsatish sohasi xodimlari jon ko­yitsalar, el-ulus rozi bo'ladi.

Tuman dalalarida turfa xil noz-ne'matlar yetishtiriladi. Lekin bozorlarda fayz yo'q, narx-navo osmonda. Xalq­ning turmush darajasi aynan bozorlarda aks etadi. Kelinglar, ishni oqilona tashkil etish hisobiga bozorlarda tartib o'rnataylik.

G'allaorol shahri va tumandagi ayrim aholi punktlarida yer ustiga yaqin bo'lgan sizot suvlarini qochirish, yangi kollektorlar qurish, mavjudlarini ta'mirlash ustuvor vazifalardandir.

Tuman bo'yicha 90 ming gektar qishloq xo'jaligi ekinlariga yaroqli yerlar mavjud. Bu juda katta imkoniyat. Shuncha ekinzorning umrini behuda o'tkazayotganimiz kechirilmas xatodir. Axir bir vaqtlar tuproq unumdorligini oshirish bo'yicha G'allaorol maktabi yaratilgan edi-ku! Bu borada ishlarni oqilona tashkil etsak, avvalo, xalqimiz bahramand bo'ladi. Aynan bizning tumanda dehqonchilik akademiyasi yaratilgan, bizdan boshqalar o'rganib kelgan. Tumanimizning to'rt tomonida tog'lar bor. Ana shu hududlarda pista, bodom bog'lari yaratilsa, katta xazinaga ega bo'lamiz.

Bizning xalqimiz, Yurtboshimiz aytganidek, baxtli yashashga haqli. Biz hamisha eslaymiz, Prezidentimiz 1996 — 2001 yillarda viloyatimizda ishlaganlarida inson hayotini yaxshilash uchun biror masalani yoddan ko'tarmaslik kerakligini uqtirardilar. O'sha talablar qanchalik adolatli ekanligini hayotning o'zi ko'rsatdi.

Bu fikrlar tuman hokimligi va Nuroniylar kengashi a'zolari nomidan tayyorlangan Murojaatda bayon etildi va tuman gazetasida e'lon qilindi. Hamma bu Murojaatni qiziqib o'qidi. G'allaorol tuman markazi qurilish maydoniga aylandi. Odamlarning yuqori kayfiyatda harakat qilishi hammaning havasini uyg'otdi. 2019 yil bahori va yozida islohotlar shiddat bilan amalga oshirildi. Tuman markazidagi bozorda 400 ta do'kon qurildi. Katta yo'l yoqasida 73 ta ixcham do'konlar barpo etildi. Zamonaviy imkoniyatlarga ega 327 kvartirali to'rt qavatli uy-joy binolari bunyod etildi. 11 ta yangi bog'cha qad rostladi. 3 ta yangi maktab qurildi, 11 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Qo'ytoshda 60 o'rinli tikuv fabrikasi vujudga keldi. San'at saroyi (kutubxonasi bilan), shifoxona, maktablar yangi maskan sifatida el ko'zida namoyon bo'ldi. 12 mahallada 7500 xonadonga gaz keltirildi. 54 km. yo'lga asfalt va shag'al yotqizildi. Sanoqli oylar ichida yillarga tatiydigan o'zgarishlar ro'y berdi. Usmat muyulishida Jamshid Hasanov tashabbusi bilan yangi shifoxona bunyod etildi. Bu qurilishlar necha-necha odamlarni ish bilan ta'minladi.

Qurilish tufayli tuman hududida obod­lik manzaralari ko'zga tashlangan sayin odamlarning ertangi kunga ishonchi oshyapti. Ruhiy bardamlik bevosita islohotlar ishtirokchisi bo'lgan g'allaorolliklarga kuch-quvvat ato etyapti. Aholining har biri ro'y berayotgan o'zgarishlarga o'zini daxldor deb bilishi ayni muddaodir.

Qisqa fursatda avvalgi ko'rinishlar o'tmishga aylanmoqda. G'allaorol yangilangan O'zbekistonda yaratilayotgan ko'rkam va havas qiladigan umumiy fonga uyg'unlashib bormoqda.

Shunday o'zgarishlar bardavom bo'lsin. Bu istak yoshi ulug', mo''tabar nuroniylarning duosida yangramoqda.

Shuhrat Jabborov,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 4 =