Orolda birgalikda bog' yaratamiz!

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan “Oroldagi bog'im“ — “My garden in the Aral Sea” agro va ekoturizm innovatsion loyihasi bo'yicha www.aralforest.org sayti ishga tushirildi.

“Oroldagi bog'im“ loyihasining asosiy maqsadi ko'kalamzorlashtirish loyihasini ishga tushirish bo'lib, butun dunyo vakillari va mahalliy aholining Orol dengizining qurishi oqibatlarini yengib o'tishda bevosita ishtirok etish hissini uyg'otishdir. Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan 2020 yilda loyiha doirasida 100 ming tup daraxt ekish mo'ljallanmoqda. Daraxtlarni ekishda suvni tejaydigan texnologiyalar qo'llaniladi.

Cho'l o'simligining har bir ko'chatini ekishga 1 dollar (10 ming so'm) sarf qilinadi, manzarali daraxtlarning har bir ko'chatini ekish uchun esa 5 dollardan 20 dollargacha (50 ming so'mdan 200 ming so'mgacha) xarajat qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, Orolbo'yi xalqaro innovatsiya markazi Mo'ynoqqa tashrif buyuruvchi sayyohlar tomonidan xayr-ehson qilish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun Uzcard, Viza, Mastercard to'lov terminallari o'rnatiladi va qo'shimcha ravishda to'lov tizimlari yo'lga qo'yiladi.

Har bir ishtirokchi daraxtlarni o'ziga kerakli miqdorda sotib olishi va Markaz qoshidagi “Mo'ynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasidan ajratilgan joyga ekilishini ta'minlashi mumkin. Bog' doimiy qo'riqlanadi, daraxtlarga g'amxo'rlik qilinadi va bundan tashqari, har bir ekilgan ko'chatni parvarish qilish, sug'orish va o'g'itlash ishlariga ham mas'ullik belgilanadi.

Markazda sayyohlarning umumiy elektron ma'lumotlar bazasi bo'ladi. Ushbu ma'lumotlar bazasiga esa sayyohlar to'g'risidagi ma'lumotlar (ism, familiya, mamlakati, ko'chatlar nomi, tug'ilgan sana, elektron pochta manzili) kiritiladi. Loyiha ishtirokchilariga ko'chatlar bo'yicha moliyaviy, foto va video hisobotlar elektron ko'rinishda doimiy ravishda taqdim etiladi. Bir yil o'tgach, markazga tashrif buyuradigan sayyohlar o'z ko'chatlarini Orol dengizi hududiga ko'chirib o'tqazishlari mumkin, agar tashrif buyurishning iloji bo'lmasa, markazga ko'chatlarni Orol dengizining qurigan tubiga transplantatsiya qilishlari mumkinligi haqida xabar yuboriladi.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu aksiyada qatnashish istagida bo'lgan barcha hamyurtlarimiz va xorijiy fuqarolarni faol ishtirok etishga chaqiradi!

Feruza Berdiyeva,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 3 =