Obod manzillar taassuroti

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturiga muvofiq Oq oltin tumanida 2019-2020 yillarga mo'ljallangan 16 ta lo­yiha shakllantirilgan. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 182 milliard 241 million so'mni tashkil etadi. O'tgan yili umumiy qiymati 20,6 milliard so'mlik 10 ta lo­yiha ishga tushdi.

Mamlakatimizda ulkan islohotlar va evrilishlar jarayoni kechmoqda. O'zbekistonni birgalikda qurish ishtiyoqida mehnat qilayotgan xalqimiz ruhiyatidagi ko'tarinkilik qalam ahlini ham ilhomlantirayapti. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan bir guruh jurnalistlar Sirdaryo viloyati Oq oltin tumanida tashkil etilgan media-turda ishtirok etishdi.

Tadbirda qatnashgan 30 nafar jurnalistlar dastlab tumandagi Farg'ona shaharchasida qad rostlagan “Sardoba tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo'lishdi. Tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar masalalari bo'yicha o'rinbosari Alisher Haydarov bizni yo'l-yo'lakay tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib bordi.

Dov-daraxtlar bilan burkangan qo'shqavatli bino hovlisida qarshi olgan jamiyat raisi Nurilla Abdurahmonov korxona o'z faoliyatini 2013 yilda boshlagani, dastgohlari xorijdan keltirilgani, ayni damda korxonada 90 nafar xotin-qiz ish bilan ta'minlangani xususida ma'lumot berdi.

“Sardoba tekstil” MChJda trikotaj mahsulotlari asosan paxta xomashyosidan tayyorlanadi. Xorijda ham o'z xaridorlari bor. Hozirda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar 100 foiz Rossiyaga eksport qilinmoqda. Bu yerda tayyorlangan maykalar, ko'ylaklar, bosh kiyimlar ko'rimliligi va pishiqligi bilan xaridorgir hisoblanadi.

— Korxonada bajargan ishimizga qarab maosh to'lanadi, — deydi jamiyat ishchisi Nodira Norboyeva. — Bundan tashqari, korxona tomonidan qo'shimcha ovqat puli beriladi. Uzoqdan keladiganlarga avtoulov ajratilgan. Oilamiz byudjetiga peshona teri bilan top­gan daromadim qo'shilayotganidan xursandman.

— Hozircha “Sardoba tekstil” MChJ xomashyoni xo'jaliklardan sotib olayotgan bo'lsa-da, kelajakda qo'shimcha ishchi o'rinlari yaratish evaziga xomashyo yetishtiradigan xo'jalik tashkil qilish rejamizda bor, — dedi N.Abdurahmonov.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturiga muvofiq Oq oltin tumanida 2019-2020 yillarga mo'ljallangan 16 ta loyiha shakllantirilgan. Mazkur lo­yihalarning umumiy qiymati 182 milliard 241 million so'mni tashkil etadi. O'tgan yili umumiy qiymati 20,6 milliard so'mlik 10 ta loyiha ishga tushdi. Natijada 52 ta yangi ish o'rni yaratildi. Tumanda qiymati 5 milliard 400 million so'mga teng tekstil mahsulotlari ishlab chiqaradigan yana bir “Akbar teks­til” MChJ ish boshladi. Mazkur korxonada 45 ta yangi ish o'rni yaratilgan.

Tuman markazidagi “Ko'rkam diyor” mahallasida qad rostlagan “SUB DRY” MChJ poliz va meva mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan bo'lib, Markaziy Osiyoda yagonaligi bilan ajralib turadi. Korxona direktori o'rinbosari Ulug'bek Qodirov eng zamonaviy texnologiyalarning ishlash jarayonlari haqida so'z yuritdi. Ulkan kamerada qovun, qulupnay, limon kabi poliz va meva mahsulotlari yuqori haroratda qizdirilib, vakuum yordamida suvi so'rib olinadi. Qoqi holiga kelgan tabiiy mahsulot qadoqlanib, xaridorlarga taqdim etiladi. Quritilgan mahsulot suvga solinsa, o'z tabiiy holiga keladi. Mahsulotdagi barcha foydali elementlar saqlanib qoladi.

— Bu jarayon ancha murakkab, — dey­di Ulug'bek Qodirov. — 10 tonna xom­ashyodan 1 tonna tayyor mahsulot olinadi. Tayyor mahsulotning narxi ham shunga yarasha baland bo'ladi. Korxona to'liq quvvat bilan ishlay boshlaganda yana 50 nafar yoshlar ish bilan ta'minlanadi.

2019 yilda tumandagi korxonalar 4 million 217 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlarni xorijga sotishgani e'tirofga molik.

“Obod qishloq” dasturi doirasida ham ishlar qizg'in davom etmoqda. Tumandagi “Yangi davr”, “Ahillik”, “Ko'rkam diyor” mahallalarida 5 milliard 902 million so'mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilgan. Bunyodkorlik “Obod” va “Saxovat” mahallalarida davom ettiriladi.

Media-tur yakunida tuman hokimligida matbuot anjumani tashkil etildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga tuman mutasaddilari javob qaytarishdi. Tadbir davomida “Oq oltin” gazetasining bosh muharriri Abdurashid Pardayevga O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Faxriy yorlig'i va esdalik sovg'alari topshirildi.

Xolmurod Salimov,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi

raisining o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =