Maydon keng, tanlashda shoshmagan yutadi

Shu kunlarda blogerlik harakati ommalasha boshladi. Blog atamasi inglizcha so'z bo'lib, “web log” — voqea-hodisaning internet kundalik jurnali ma'nosini beradi. Uning har bir varag'i qaydlar, matn, tasvir, multimedia bilan to'ldiriladi.

Albatta, internetdagi atamalar bloglarning ish yuritish tizimini anglatadi. Hatto davlat rahbarlari, bosh vazir va vazirlarning ham o'z tvitteri borligi, bu harakatning keng ommalashib borayotganini bildiradi. Avval bosh­­da blogerlik eng arzon va qulay axborot manbai sifatida baholangan. Keyinchalik bu oqimning kuchayishi interaktiv jarayonda kuzatiladigan gorizontal axborot vositalarning samaradorligini oshishiga sabab bo'ldi. Ijodkor shaxs nuqtai nazari, hech qanday cheklovlarsiz virtual harakati “internet jurnalistikasi” iborasini fanga olib kirdi.

Bugungi kundagi blog — ma'lum makonda ro'yxatdan o'tmagan, muallifi, muharriri, noshiri bir kishi bo'lgan internetdagi ko'rinishidir.

Istaymizmi-yo'qmi, bloger jurnalistlar bilan raqobatlasha olishi,   axborot asrida ko'proq auditoriyaga ega bo'lishi bilan diqqatga sazovor. Mualliflik tarkibi bo'yicha bloglar shaxsiy, guruhiy, jamoaviy bo'lishi mumkin. Mazmuniga qarab biror mavzuga yo'naltirilgan yoki ijtimoiy bo'ladi. Bundan tashqari, “Shaxsiy blog”, “Anonim blog”, “Jamoaviy blog”lar qatorida “korporativ blog”, ya'ni tashkilot xodimlari tomonidan tuzilgan yoki “Reklama blogi” — piar blog bo'lib, biror kompaniya, jismoniy shaxs, yoki jamoalar manfaatiga xizmat qiluvchi reklamaga yo'naltirilgan, turli ma'lumotlar yetkazuvchi sayt­lar mavjud.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, blogerlar ikki asr avval varaqalar yozib tarqatuvchi mualliflarga o'xshaydi, ularning o'zaro o'xshash va farqli jihatlari quyidagicha:

— tezkorlik, sub'yektiv fikr bildirish usuli. Ikki asr avval ham biron kishining shaxsiy mulohazalari yozilgan varaqalar, pamfletlar ko'cha-ko'yda tarqatilgan.   Bloglar esa internet tarmog'idan foydalanadi;

— o'sha paytdagidek hozirda ham anonimlik dolzarb hisob­lanadi. Ammo ma'lum hurmatga erishgan blogerlar haqiqiy ismlarini yashirmay, ochiq faoliyat yuritadilar;

Olamga tanqidiy ko'z bilan qarash, kesatiq gaplar yozish blogerlarga xos xususiyat.

Internet jurnalistikaga xos belgi — ma'lumotlarning haqqoniyligiga ishonchsizlik tushunchasida.

Siyosiy bloglarni mashhur siyosatchilar olib borishadi. Bundan tashqari, internetdagi “kundalik hayot”, “sayohatlar”, “ta'lim”, “moda”, “musiqa” hamda “axborot tahlil” bloglar turlari faoliyat yuritadi.

Zamonaviy multimedia texnologiyalarning taraqqiy etishi bloglarda axborot almashish va tarqatishda audiovizual imkoniyatlarni kengaytirdi. Bu texnologik imkoniyatlarning tasviriy vositalarga ko'ra ixtisoslashuvi uchun zamin hozirladi.

Odatda telefonda yoki SMS xatda ko'proq ikki taraflama muloqot aks etsa, bloglar   interaktiv jurnalistikaning turli toi­falar bilan aralash holdagi muloqotini ifodalaydi. Umuman olganda, blogerlik harakati — internet tarmog'ida ommaviy kommunikatsiyaning aks etishi bilan an'anaviy jurnalistikaga aloqasi yo'q, desak ham bo'ladi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda, ya'nikim blogda faol bo'lgan ko'plab shaxs­lar “bekorchi vaqtlarini o'tkazish” ilinjida soatlab, hatto kunlab “latifa” sotadi. Shunday ekan, mas'ul shaxs hisoblanmagan, ammo tarmoqda mavjud blogerlardan himoyalanishni ham bilish juda zarur.

Yulduz Ortiqova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =