Ijtimoiy tarmoqlarga ishonsa bo'ladimi?

Dunyoning ishlari qiziq ekan-da, odamlar orasida vahima uyg'otish nechog'li xavfli ekanini koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo jamoatchiligi anglab qoldi. Oqibatda Rossiya hukumati bir qancha ijtimoiy tarmoqlar, saytlar va ayrim blogerlarning faoliyatiga taqiq o'rnatish to'g'risida qaror chiqardi. Sababi, yer yuzini larzaga keltirayotgan mittigina virusni internet sahifalarida o'ta qo'rqinchi yengilmas mahluq qilib, go'yo yo'lida uchragan odamni komiga tortadigandek, turli fotoshop­lar orqali aholi orasida tarqatish koronavirusdan ko'ra xavfliroq, vahimaliroq ekanligida.

Xo'sh, aslida voqea va hodisalarni vahimali qilish maqsadida bo'rttirib yozish kimga va nimaga kerak? Jurnalistmi yoki blogermi biron masala yuzasidan mulohaza yuritayotganda chuqurroq tahlil qilishi, uni ijtimoiy tarmoqqa joylashdan oldin qarindosh-­urug'iga, qo'ni-qo'shnisiga, mahalla a'zolariga, qolaversa, jamiki eldoshlariga qanday ta'sir qilishini ko'z oldiga keltirmog'i lozim emasmi?

Soxta obro' orttirish maqsadida hali hayotda o'z yo'lini topib ulgurmagan, o'zini bilmagan, o'z oilasi, farzandlari salomatligi, turmushi va ro'zg'ori butligi uchun o'zi harakat qilishdek, halol rizq topib, savobli ishning boshini tutishni anglab yetmagan fuqarolarni topib, amalda olib borilayotgan siyosatga, hukumatning fuqarolarga bo'lgan munosabatini yomonotliq qilish, ko'rilayotgan iqtisodiy choralarga qarshi ular fikr aytishlari uchun o'zlari o'rgatib, so'ng tasvirga olib, ommaga namoyish qilayotgan ba'zi saytlar, blogerlar va ularni qo'llab-quvvatlayotgan haybarakallachilar aslida kim va nima uchun xizmat qilayotganini bilisharmikin?..

Afshonadek Buxoroning bir chekka qishlog'ida tug'ilib, voya­­ga yetgan, savod chiqarib, Qur'oni Karim, Hadisi Sharif ilmini o'rgangan va tibbiyotga mehri tushgan bobomiz Abu Ali ibn Sino: “Vahima yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sog'lik, sabr esa shifoning boshlanishi”, degan edi.

Shu kunlarda vahima tarqatmasdan, xotirjamlikni saqlab, sinovlarga sabr qilish borasida okean orti, Yevropa, Osiyo mintaqalari davlat rahbarlari televidenie orqali o'z xalqiga tez-tez murojaat qilishmoqda.

Shunga qaramay, qo'shimcha daromad topish maqsadida sodda, go'l odamlarni jalb etib, evaziga mab­lag' orttirish (biror xabarni o'qish yoki biror suratga olingan tasvirni tomosha qilish, vahimali vi­deoni ko'rish uchun uning profiliga tashrif buyursangiz, hisobingizdan ma'lum ma'noda mablag' yechib olinadi) uchun patent olgan tarmoqlar, o'zining profiliga a'zolarni ko'paytirishga harakat qilishmoqda. Afsuski, ular voqeaning asl mohiyatiga yetmay, chala tushirilgan tasvirlarni o'zlaricha sharhlashi, qo'shimchasiga mavhum roliklar joylashi, kurakda turmaydigan, millat manfaatiga to'g'ri kelmaydigan fikrlar bildirib, internetga tiqishtirmoqda. Barchani birdek o'ylantirayotgan muammo esa ayrim ijtimoiy tarmoqlarning pandemiyaga munosabati shifoni tezlatadimi yo kasallikni ko'paytiradimi?.. Ha to'g'ri, bu kasallikni ko'paytiradi, xolos!

AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda o'z ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida: “Asosiy dushmanim menga qarshi kurashayotgan siyosatchi raqiblarim emas, balki men haqimda yolg'on ma'lumot tarqatayotgan blogerlardir”, deb yozadi.

Ayrim ijtimoiy tarmoqda faoliyat yuritayotgan odamlar o'zi yoqtirmaydigan shaxsning aybini topib, uning no'noqligiga asos topganday ommaga jar solishi natijasida unga ergashadigan kimsalar hech narsadan bexabar yomonotliq qilib, ba'zida “go'riga g'isht qalab” fikr yozishadi. Bunday munosabat virusdan ko'ra xatarliroqdir.

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri shunday deydi: “Uyda o'tirib ham millionlab pul topsa bo'ladi”. Ha, to'g'ri, hozirda (karantindan keyin, albatta) davlat xizmatlari agentligiga borib, pulini to'lagan odam pullik sayt yoki telegramda, instogramda o'z sahifasini ochishi mumkin. Albatta, uni yurgizishning o'zi bo'lmaydi. Buning uchun kutilmagan voqealarni yoritishi, vahimali yoki yalong'och tasvirlarni joylashtirib borishi, juda bo'lmaganda shov-shuvli holat girdobida o'zi bosh qahramon bo'lishi kerak bo'ladi. Masalan, Urganch­dagi istirohat bog'idagi ko'p­rikda o'zini yoqib, suvga sho'ng'igan o'spirin voqeasini eslash, kifoya. Aslida u hayotdan to'ymagandi, balki o'zini reklama qilish orqali sayti a'zolari sonini keskin oshirmoqchi bo'lgan. Afsuski, voqea anchayin fojiali yakun topdi. Tanasining uchdan biri kuyib qoldi.

Shu kunlarda mamlakatimizda Sardoba voqealari va “suv balosi”ga uchragan aholining bugungi ahvoli internet sahifalarida tez-tez yoritilayapti. Albatta, dunyoda o'zbek xalqidek saxovatpesha xalq yo'q. Sirdaryolik millatdoshlarimiz, dindoshlarimiz dardiga sherik bo'lish uchun butun mamlakat aholisi oyoqqa turdi. Ko'rpa-to'shagi, kiyim-kechagi, oziq-ovqati va mablag'i bilan yordam qo'lini cho'zdi.

Avval boshda xalqimizning bunday mo'l-ko'l xayriya qilishini ehtimol hamma ham kutmagandi. Lekin amalda kutilgandan-da yuksak saxovat ko'rsatildi. Deyarli savobli ishdan hech kim chetda qolmadi. Keyinchalik butun mamlakat aholisidan yig'ilgan ashyo bitta “Sardoba”dan jabr ko'rganlar oshyoniga sig'masligi ma'lum bo'ldi. Ammo ayrimlar shu holatdan ham “ochko” olish maqsadida foydalanib qolishmoqchi. Ularning video sharhida nima emish hokimiyat xalqimiz qilgan ehsonni e'tiborsiz qoldiribdi.

Men ham o'sha videorolikni ko'rdim, yig'ilgan mol-mulkning arzimagan bir qismi yomg'irda qolgan ekan. Yonidagi bino ayvoni, o'zlarining gapiga o'zlari qarshi borib ko'rsatishdi, ko'rpa-to'shak, kiyim-kechakka liq to'la, hovlida qolgan bir uyum buyum sig'masligi ayonlashdi. Bunday payt ozgina bag'rikeng bo'lish, masalaga xolis yondashish har bir fuqaroning bugungi sinovli kundagi burchi. Zero, “tojdorvirus” pande­miyasi hali ko'cha kezib yurgan bir paytda har qanday vahima yarim dard, ya'ni sog'lom odamni ham kasal qilib qo'yishi mumkinligini unutmaslik lozim.

Maqsadimiz Vatanimiz ertasi — kelajak avlodning shu yurtning mutlaq egasi bo'lishi uchun sog'lom jamiyatni shakllantirish ekan, o'z xalqimiz, o'z vatanimiz tinchligi, farovonligi yo'lida xizmat qilaylik. Ana shunda xotirjam yashashga, ilm o'rganishga imkon yaraladi.

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − two =