Gazetani o'zini tanigan odam o'qiydi

(Yozuvchi Shukur Xolmirzayevning bir maqolasidan ta'sirlanib…)

Kecha   ertalab   bir tush ko'rdim: tonggi g'ira-shira ekan.Bir tomon baland devor. Devor tagi ham xira yorug'. Bir chetda odam soyasi ko'rinadi. Uning yonida peshonasidan tortib, to dumigacha aniq ikki xil rangda — bir tomoni qizil, ikkinchi tomoni oq ot. Ot oyoqlarini kerib, boshini baland ko'tarib turibdi. Shu payt qaerdandir katta oybolta paydo bo'lib, otning peshonasidagi ikki rang o'rtasiga   chopilib, butun tanani ikkiga bo'lib tashladi. Shu payt mo''jiza ro'y berdi: ikkiga bo'lib tashlangan ot tanasi bo'laklaridan bittasi qizil, ikkinchisi oq ot paydo bo'lib, ikki tomonga yurib ketishdi… Bu holni ko'rib, nimalarnidir gapirdim, nimalardir xayolimdan o'tdi. Eslolmadim. Uyg'onib ketdim. Kun yoyilib qolgan ekan. Kechgacha ko'rgan tushimni nimaga yo'yishni bilmay ko'nglim g'ash bo'lib yurdim. Eskilar tushdagi ot — murod   deyishadi. Men ko'rgan ot halok bo'ldi… Ammo uning nimtalaridan boshqa ikkita — oq va qizil otning vujudga kelgani esa ko'ng­limni ko'tardi.

Xayolimdan keyingi besh oy mobaynida dunyoni larzaga solayotgan voqealar kechdi. Shu vaqt oralig'ida insoniyat o'z tamadduni davomida   ko'rilmagan hodisaga duch keldi. Olamni go'yo Pompey zilzilasi titratdi va hamon titratib turibdi. Ayrim kishilar dunyo tarixi endi ikkiga: koronavirus pandemiyasigacha va undan keyinga davrga ajraladi,deb bashorat qilishmoqda. Bo'lsa bordir. Bunday “bashoratlar”dan internet saytlari yorilib ketish arafasida. Chunki internet moddiy energiya bilan bog'liq. O'ta qizib ketsa, yorilishi tayin…Men esa ko'rgan tushimni yaxshilikka yo'yib, insoniyat bugungi tang ahvoldan albatta chiqib ketishiga, bu ishda qo'llovchi Allohning qud­rati buyukligiga ishongan holda yozuvchi ustozim Shukur Xolmirzayevning bir maqolasini o'qib, ta'sirlanib ruhiy energiya manbai bo'lgan gazetalar haqida   ba'zi o'ylarimni bitishni lozim topdim.

Ochig'i, bugungi ko'chaga chiqish taqiqlangan bir davrda gazeta o'qish ham qiyin ish bo'lib qoldi. Shunday ekan, ixtiyorimdagi koronavirusgacha chop etilgan nashrlarni ko'zdan kechirib, yuqorida keltirganim, ayrim kishilarning koronavirus tarixni ikkiga ajratadi, degan “bashoratlari” bizning gazetalarimizga ta'sir ko'rsatmasa kerak, degan o'yga boraman. Qani endi gazetalarimiz koronavirus daf etilgach, ertaklardagi kabi bir yumalab… “o'qishli gazitlar”ga aylanib qolsa! Shularni o'ylab, anchadan buyon bosma nashrlarning inqirozi haqida gap-so'z ko'paygani yodimga tushdi. Aslida o'zbekning gazeta o'qiy bosh­laganiga ko'p bo'lgani yo'q. Nari borsa ikki-uch asr bo'layapti. Dunyo xalqlarining ilg'orlari esa bu matohni go'yo almisoqdan qolgan deb bilishadi. Shu bois bo'lsa kerak, ularning aksariyati gazetani, ya'ni doimiy nom bilan muntazam chop etiladigan ikki yoki o'nlab sahifalardan iborat bo'lgan bosma nashrga katta hurmat va e'tibor bilan qarashadi.

Xo'sh, vatanimiz Turkistonda gazeta qachon paydo bo'ldi? Bu haqda ma'lumotlar keng tarqalgan. Jumladan, professor Begali Qosimovga ko'ra, Turkistonda davriy matbuot aslida jadidlardan ilgariroq, 1870 yilda paydo bo'lib, Rusiya hukumatining istilochilik siyosatiga xizmat qilgan. Mazkur gazeta “Turkestans­kie vedomosti” edi. Shu yilning o'zida, ya'ni rus tilidagi “Turkestanskie vedomosti” chiqarilgandan ikki oy o'tib, gazetaning o'zbek tilidagi ilovasi ham chop etila boshlaydi. “Gazeta, — deb yozadi B.Qosimov, — tabiiyki, rasmiy xabarlarga, chunonchi, oqpodshohning farmo­yishlari, vazirlarning faoliyati, Rusiya ichki hayotiga katta e'tibor berdi, o'rni bilan Turkiston tarixi, madaniyati, hozirgi turmushiga oid maqolalar uyushtirdi”. Shu o'rinda Begali domla qiziq bir ma'lumotni keltiradi: “Masalan, gazetaning 1911 yil, 45-soni (19 iyun)da bosilgan “15 iyunya 1911g. v Tashkente” (ahamiyatiga ko'ra muhim maqolalar ruscha nomlangan) maqolasini olaylik. Maqola Toshkentning ruslar tomonidan bosib olinish sanasiga   bag'ishlangan. Bu sana har yili tantanali nishonlangan. Shu kuni Toshkentning ruslar yashaydigan Yangi shahar qismidan   Eski shahardagi bosqin paytida   o'ldirilgan ruslarning qabri joylashgan Kamolongacha bo'lgan ko'chalar obdon tozalanib, suvlar sepilib, har ikki tarafiga bayroqlar osilib bezatilgan. Minglab mahalliy xalq ko'chaga chiqarilib, katta bayram uyushtirilgan… Gazeta bayram shodiyonalarini hikoya qilar ekan, istiloda qatnashgan “urush faxriylari”ning mahalliy xalq bilan “uchrashuv”lariga keng o'rin beradi. Xalqning “ilgariroq dushman ko'zi bilan qaragan bo'lsalar”, “Endi ushbu odamlarga do'st va birodarlik ko'zi bilan qaramoqlari” lozimligini ta'kidlaydi. Chunki ular “Sizlarni(ng) obodlik va taraqqiyda bo'lmog'ingizga sabab bo'lgan” deb ko'rsatadi…”

Begali domla (u kishining oxiratlari obod bo'lishini Allohdan so'rab qolamiz)dan iqtibos keltirganimizning sababi bor. Bu haqda keyinroq. Hozir esa o'zbek matbuotiga   jadidlarning va Rusiya musulmonlarining ko'rsatgan ta'siri xususida qisqacha to'xtalamiz. Tarixchilarga ko'ra, gazeta aslida turkiy xalqlar hayotiga o'n to'qqizinchi asrning 30-yillarida Tur­kiyada “Taqvimi vaqoe” (“Voqealar kalendari”)ning chop etilishi bilan kirib kelganligi aytiladi. Noshir Ismoil Gaspiralining “Tarjumon”iga qadar Turkiya va Ozarbayjonda bir qator gazetalar chop etildi, ammo ularning hech biri Rossiya mustamlakasi bo'lgan Qrimning Bog'chasaroyida dunyo yuzini ko'rgan “Tarjumon”chalik mashhur bo'lmadi. Gapni cho'zmay, mazkur gazetaning   turk olamiga ko'rsatgan ta'siri xususida ikki og'iz so'z keltiramiz xolos. “Turkis­ton makotibi jadidining lisoni istiqboliyasi yoinki pro'g'ram lisoniyasidan bir qoch (necha) satr yozalim, — deydi Behbudiy. — Umumrusiya musulmonlarinda, Turkistoni Rusiy va Samarqandda usuli savtiya kitoblari   turkcha o'laroq vujudga chiqdi. Jumla muallim va ustozlar, muovinlar turkiy “Tarjumon” tili soyasinda matlab va ma'lumotlara noil o'ldilar. Turk tili va adabiyoti Rusiya musulmonlarini sayd etajakdir. Matbuot bunga shohiddir”.

Shu o'rinda yuqorida Begali domlaning “Turkestanskie vedomosti” gazetasidan keltirganimiz iqtibosi xususida ham fikr yuritish joiz. Buning uchun domlaning o'zi yozgan “Milliy uyg'onish” kitobidan yana iqtibos keltiramiz: “1906 yilda g'ayriruslar maorifi masalasi jiddiy tus oladi, — deb yozadi Begali domla. — Maorif vazirligidagi korchalonlar Rusiya musulmonlari uchun ochilgan rus-tatar, rus-tuzem maktablarida ona tilini rus alifbosida o'qitish masalasini ko'taradilar. Shunda “Tarjimon” “Foydasiz xizmat”(122-son) degan maqola bosadi. “Ey g'o'spo'da”lar, aql(g)ga murojaat eting. Bizim o'z alifbomiz vor, ham diniydur, ham dunyoviydur. Ruscha va fransuzcha o'quruz, lekin o'z alifbomizni hech bir vaqt, hech bir o'rinda tark etma(y)miz”, deb yozilgan edi mazkur maqolada. Maqola muallifi Ismoil Gaspirali edi”.

Shunday qilib, “Turkestanskie vedomosti” gazetasi mahalliy xalqni “Sizlarni(ng) obodlik va taraqqiyda bo'lmog'ingizga sabab bo'lgan” kishilarni (chor Rusiyasi bosqinchilarini) hurmat qilishga majbur etsa, Ismoil Gasprinskiyning “Tarjumon” gazetasi o'sha xalqni yot alifboga o'tkazmoqchi bo'lganlarga “Ruscha va fransuzcha o'quruz(o'qiymiz), lekin o'z alifbomizni hech bir vaqt, hech bir o'rinda tark etma(y)miz”,deya turkiylarning, jumladan, o'zbek xalqining ham ming yillar mobaynida tarix yaratib kelgan yozuvini himoya qiladi. Nazarimda ushbu manzilda so'zamollikka hojat yo'q. Ikki xil niyatda tashkil bo'lgan gazetalardan keltirilgan iqtiboslarning o'zi kimning kim ekanini ko'rsatib turibdi.

Shu nuqtada bir jihatga e'tibor qaratishingizni istar edim. “Tarjumon” xususiy gazeta edi. “Turkestanskie vedomosti” gazetasi esa chor hukumatining harbiy vazirligi organi bo'lgan. Qarang, ikki asr narida chop etilgan gazetadan tortib bugungacha   mavjud nashrlarning jilovi hamon u yoki bu rasmiy tashkilotning qo'lida ekanini ko'ramiz. Sovet davrini qo'yaturaylik, mustaqillikka erishganimizdan so'ng qachon bir xususiy yoki aksiyador gazetaga ega bo'ldik? Gazetalarimiz albatta qaysidir bir tashkilotning pinjida turib “jon saqlaydi”. O'sha tashkilotlarning o'zlari ham boshqa bir kattaroq tashkilotning pinjida o'tirgan bo'ladi. Vaholanki, dunyo matbuoti bunday tajribadan allaqachon yuz o'girgan. Masalan, Yevropa, Angliya va boringki ana Rossiyada ham yuzlab gazeta-jurnallar chop etiladi. Ular orasida butunjahonga mashhur gazetalar borki, bu nashrlarning aksariyati xususiy yoki aksioner guruhlarga qaraydi. «Tayms» va «Gardian» gazetalari liberal gazetalar hisoblanib, yuksak saviyadagi axborot vositasi sanaladi. Mayli, Ang­liya bizdan har jihatdan olis, shundoq kechagi “og'amiz” Rossiyada chop etiladigan gazetalarni olaylik. Ularda ham ayrim “Pravda”ga o'xshagan gazetalarni aytmasa, “organ-porgan”lar qolmadi. “Argumentы i faktы” gazetasining umumiy adadi qayta qurish yillarida besh milliondan oshardi. Hozirda bir yarim million atrofida. Bundan ancha yillar narida Rossiya gazetalaridan “Trud” va yana “Literaturnaya gazeta”lar juda mashhur edi. Sirasini aytganda, o'sha respublikalar o'rtasidagi iqtisodiiy va ma'naviy aloqalar uzilib qolgan 90-yillarda, ayniqsa, “Trud” nashrining ahamiyati katta bo'lgan. Bu haqda ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev: “mazkur gazetada e'lon qilingan maqolalar o'zining ishonch­liligi, salmoqli fikrlari bilan o'quvchilarni o'ziga jalb etadi. Gazeta birovning nog'arasiga o'ynamagan. Aytaylik, bir paytlar “o'zbek mafiyasi” haqida afsonalar to'qish sovet matbuoti uchun urf bo'lib, hattoki, ayrim maqolalarda butun xalq jinoyatchiga   chiqarib qo'yilgan edi. Yaqinda (1994y.) o'sha yillarda chop etilgan   gazetalarni varaqlab chiqdim. “Trud” xalqimiz sha'niga bo'hton uyushtirmagan ekan.

Zotan, gazeta o'q­otar quroli bo'lmasa-da, nishonga olgan jo­yida bir o'zgarish yasash qudratiga ega axborot vositasidir. Uning asosiy nishoni esa inson aqli va qalbidir. O'shanday gazetalarning nufusi ham bugunga kelib pasayishga turmoqda. Ha, to'g'ri, ta'bir joiz bo'lsa, jamiyatda barometr rolini avvallari gazetalar bajargan bo'lsa, bugun ular o'rnini televidenie va ijtimoiy tarmoqlar egallay boshladi, desa bo'ladi. Ammo bu hali bosma nashrlar endi tugadi, degani emas.

Bugungi gazetalarimiz o'zlarining “segment”lariga — o'quvchilariga egami? O'sha o'quvchilar o'zlari yoqtirgan nashrlarni qo'ldan qo'ymay o'qiydilarmi? Bundan o'ttiz besh yillar naridagi O'zbekis­tonni eslayman. Odamlar erta tongdan non do'konida emas, gazeta kioskalarida navbatda turardi.

Bugun mamlakatimizda kengqamrovli islohotlar ketmayaptimi? Bugun Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz Yangi O'zbekistonni   qurayapti. Bizning metrolarimizda, avtobus, poezdlarimizda qancha odam gazeta o'qib yo'lni qisqartiradi? Masalan, Istanbul, Moskva, London kabi shaharlarda ertalablari metroga chiqsangiz o'rindiqlar ustida, vagonlarning oyna chetlarida turli gazetalarni ko'rish mumkin. Yo'lovchilar poezdga o'tirayotib ularni varaqlashadi. O'qigani o'qiydi, o'qimagani ko'z yugurtirib, o'tirgan joyiga tashlab ketaveradi. Boshqacha aytganda, kamxarj talaba met­roga tushish uchun pul topsa bo'ldi, manziliga yetguncha bugungi yangiliklardan bemalol xabardor bo'lishi mumkin. Bizda ham metro bor. Bizda ham gazetalar bor. Ammo metrolarimizda gazeta ham, gazetxon ham yo'q. Bunga kim aybdor? O'qishli gazeta chiqarmayotgan tahririyatlarmi yoki erkin so'zni aytishdan cho'chiydigan muharrirlarmi? Bizning metrolarimizdagi yo'lovchilarning qo'llarida gazeta yoki jurnalni emas, og'ir-og'ir xaltalarni ko'rasiz. Ularning ko'zlari kim nima kiygani-yu, xaltasida nima ortmoqlab borayotganida bo'ladi… Har holda koronavirus tarqalguncha shunday edi.

Shubhasiz, gazeta qiziqarli bo'lishi kerak. Demak, gazeta o'z o'quvchisining tabiatiga moyil maqolalar chop etishga majbur. Albatta, bu degani ayrim chet el nashrlari kabi yoki opponentlarimiz og'iz ko'pirtirib maqtayotgan o'zimizning internet saytlaridagi be­hayolikni targ'ib etuvchi maqolalar va rasmlarni chop etish kerak, deganimas. Biz alhamdulilloh, musulmon farzandlari ekanimizni unutmasligimiz kerak. Ba'zan, biron materialni o'qish yoki qidirib topish uchun internetga kirishga yuraging   bezillaydi. Qidirgan narsangni endi topdim , deganingda nimadir bo'ladi-yu, ekranga bir behayoning surati “lop” etib chiqadi-qo'yadi. Kalovlanib qoladi odam. Siz-ku, “Astag'furulloh”ni aytgancha haligi behayoni ko'zdan yo'qotasiz, ammo yoshlarning tiliga o'sha onda   yuqoridagi tavba kalimasi kelarmikan?! Ana shunday paytlarda internet hayotimizga qanchalik qulayliklar olib kirgan bo'lmasin, yuqoridagi kabi “axloqsizligi” bilan olib kelgan barcha yaxshiliklarini habata qilib yuborishi haqida o'ylab qolasan kishi. Ammo burgaga achchiq qilib ko'rpani o'tga tashlash gumrohlik bo'lganidek, internetning bunday “yuzsizligini” deb undan yuz o'girish yana eski choriqqa qaytish bo'ladi. Ayb internetda emas, ayb o'sha internetning qulog'ini burayotgan, unga behayo suratlarni, og'izga olib bo'lmaydigan so'zlarni, yolg'on-yoshiq bo'htonlarni quyayotgan odamda. Demak, o'zimizda…O'zimizga insof bersin!

Yaqinda bir gazetaning bosh muharriri bilan suhbatlashib qoldim. Mamlakatimizda kitob targ'iboti yaxshi bo'lyapti, ammo “Har bir xonadonga bir gazeta” degan shior o'rtaga tashlansa, balki odamlar yanada ko'proq kitob o'qigan bo'larmidi, degan gapni aytib qoldi o'sha muharrir. Ma'qul taklif.Chunki gazeta o'qimaydigan odamning kitob o'qishiga shaxsan men ishonmayman. Bir ustozimiz: “Gazetani o'zini tanigan odam o'qiydi”, deb to'g'ri aytgan edi. Ammo yana bir muammo shundaki, bizning ko'pgina gazetalarimiz o'sha “o'zini taniganlarni” ham hafsalalarini pir qiladigan darajada sayoz ekanini tan olishimiz kerak. Aslida jamiyatda intellektual fikrni gazeta-jurnallar shakllantiradi. Agar yolg'on ma'lumot bersa sud oldidi javob bersin. Bo'lmasa, ko'nglidagini ayt­sin… Bugun nima uchun gazetalarimizning adadlari pasayib ketgan. Chunki gazetxonni qiziqtiradigan, mushtariy bosh ko'tarmay o'qiydigan mavzular, axborotlar, suhbatlar, maqolalar juda kam.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bitiklarga kelganda shuni aytish kerakki, ular istasa-istamasa tarixni bosma nashrlar darj etadi. 1916 yilning 9 avgus­tida Toshkentga kelgan “Vaqt” gazetasining muxbiri Shohid Muhammadyorov: “Mardikorlik ari uyasiga cho'p suqqandek bo'ldi.Turkistonda bamisli yer larzaga keldi. Xalq bosh ko'tarib, yon-at­rofga qaradi. Bu Turkiston uchun chinakam 1905 yil bo'ldi…Turkiston birdan o'n sakkizinchi asrdan yigirmanchi asrga kirdi, desak, yanglishmaymiz”, — deb yozgan edi. “Vaqt” gazetasi Turkistonning eng fojiali kunlarini tarixda qoldirganini e'tirof etmasdan ilojimiz yo'q. Shunday ekan, o'zbegimning kuningdan bir kun qolguncha osh ye, deydigan kishilari qatorida kunidan bir kun qolguncha qo'lida gazeta ushlab yashashni istovchilari hali bor.

O'tgan asrning 90-yillarida bo'lsa kerak, ustoz yozuvchimiz Shukur Xolmirzayev “Adabiyot o'ladimi?” degan katta maqola yozgan edi. Unda adibimiz adabiyotning tub masalalari haqida fikr yuritib, keyingi vaqtda matbuotda ham, radio va hatto bunday mishmish G'arbning eng rivojlangan mamlakatlarida ham yo'q emasligini yozgandi. Va o'shanday sharoit­­da ham o'sha G'arbu Sharqda ba'zan-ba'zan yaxshi asarlar chop etilayotgani, ammo “O'zimizda – bu «bozor» sari ildam kirib borayotgan jamiyatimizda esa o'shanday asarlar yaratilmayotgani kundek ravshan”, deb qayg'urgan edi. Shukur akaning yuqoridagi fikr­larini bugungi kunda ham to'lasincha gazetachilik sohasiga-da tatbiq etilsa, hech xato bo'lmaydi. Ayni paytda “adabiy muxbirlarning” ham rosa po'stagini qoqqan edi, o'sha maqolasida go'ring nurga to'lgur Shukur aka. Gazetani esa adabiy muxbirlar emas, haqiqiy jurnalistlar yaratadi. Ha, yaratadi. Gazetaning har bir soni o'quvchining qalbini ishg'ol qila oladigan o'ziga xos bir qudratga ega asar bo'lishi kerak. Agar shunga erisholsak, Gazeta o'lmaydi.

Yoqubjon Xo'jamberdiyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − ten =