Uchrashuv
Ular internetda tanishdi. Ijtimoiy tarmoqda “uchrashishdi”. Tunni-tongga, tongni esa tunga ulab suhbat qurishdi. Qiz ko'hlikkina dugonasining, yigit esa yaqin do'stining suratini yubordi. Fursat o'tib, haqiqiy uchrashuv onlari keldi. Yigit uchrashuv joyida singlisi kimni kutayotganini tushunmas edi…
Sukunat
Uning isyonkor qalbi bor: hayotdagi har bir voqeaga o'z munosabatini baralla aytadi, muammo haqida chuqur mushohada qiladi, fikrlash dunyosi keng. “Nega?”, “Qanday?” kabi savol — hayqiriqlari vulqonday qaynaydi, lekin bo'g'zidagi sukunat jariga cho'kib, yo'qoladi…
Nigoh
Ma'ruzada talabalarni tinchlantira olmayotgan o'qituvchi darsni tinglamasdan o'z ishi bilan ovora, ustidan kulib, mazax qilayotgan yigit-qizlarda yoshligini ko'rardi…
Dakki
Yaylovda chorvani o'tlatib yurgan vaqtda holdan toygan onani to'satdan ho'kiz suzib oldi.
— Ko'zga qarash kerak edi, oyi, — dedi barzangiday o'g'il to'shakka mixlangan onaga dashnom berib.
Taytuv
— Assalomu alaykum, qo'shni, betobsiz, deb eshitdim. Yaxshi bo'lib qoldingizmi?
— Ha, rahmat. Yura boshladim, ancha yaxshiman.
— Issiqqina manti pishirgandim…
— Voy, nima qilardiz ovora bo'lib?
— Bexijolat olavering, ovorasi borakanmi! Ortib qolgach, baribir sovib qoladi, bekorga tashlab ham yuborardik…
— …
Aldanish
Taksi to'xtadi:
— “Qoraqamish”ga…
— O'n ming so'm.
— Yetti ming!
— Bo'pti, chiq…
“Ko'ngli bo'sh ekan — osongina ko'ndi. Kunda 12 mingdan qatnaydigan yo'lga 7 ming bilan ketyapman”…
“Boshqa viloyatdan bo'lsa kerak, uch minglik yo'lga yetti ming bilan ketyapti” — o'yladi haydovchi.…
Odat
“Tamakining zarari” mavzuidagi ma'ruzasidan chiqqan ustoz, siqilgancha ustma-ust cheka boshladi…
Noshukrlik
Odam yashashga qo'rqadigan serhashamat hovlining yuqori qavatidan nola eshitildi: nega jo'mrakdan issiq suv kelmayapti? Nima gunohim borki, buncha azob berasan, ey, Xudo!
Maqsad
— Qaysi universitetda o'qimoqchisan?
— Ball va pulim yetganiga-da.
Abdulaziz Ahmad.
