Özbekiston xalqiga bayram tabrigi
Muhtaram vatandoşlar!
Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutluğ ayyom – Özbek tili bayrami bilan çin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
1989 yil 21 oktyabrda, ğoyat murakkab ijtimoiy-siyosiy şaroitda yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinişi milliy mustaqillik sari qöyilgan muhim qadam bölganini barçamiz yaxşi eslaymiz.
Jamoatçiligimiz, xalqimizning xohiş-istaklarini inobatga olib, ötgan yili uşbu tarixiy sanani Özbek tili bayrami kuni sifatida belgilaş töğrisida qonun qabul qilganimizdan hammangiz xabardorsiz. Bugun mamlakatimizda birinçi marta keng nişonlanayotgan ana şu bayram maʼnaviy hayotimizdan mustahkam va munosib örin oladi, deb işonaman.
Hurmatli yurtdoşlar!
Bugungi kunda biz yangi Özbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etişdek ezgu maqsadlarimizga erişişda, heç şubhasiz, ona tilimizning hayotbaxş qudratiga tayanamiz.
Çunki, neça asrlar oşa ajdodlarimizdan bizga bezavol ötib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayğuriş – bu millatning özligini anglaşi, uning maʼnaviy kamolotini yuksaltiriş uçun kuraş demakdir. Davlat tilining obrö-eʼtibori — butun xalq, butun jamiyatning obrö-eʼtiboridir.
Hozirgi vaqtda yer yuzida özbek tilida sözlaşuvçilar soni qariyb 50 million kişini taşkil etişi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barça millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantiriş uçun ham zarur şaroitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda taşkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana şu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Köplab taʼlim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari özbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirğiz, tojik, turkman tillarida faoliyat körsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslaşgan hamda taʼlim çet tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalari soni oşib bormoqda.
Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy öquv yurtida özbek tili va adabiyoti örganilmoqda, uşbu sohada ilmiy izlaniş va tadqiqotlar olib borayotgan çet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.
Kuni keça Afğoniston Islom Respublikasida Özbek tili kuniga bağişlangan bayram tadbirlari birinçi marta davlat miqyosida nişonlanganini mamlakatimiz jamoatçiligi, butun özbek xalqi katta mamnuniyat va xursandçilik bilan olqişladi.
Fursatdan foydalanib, qardoş Afğoniston davlati rahbariyatiga özbek tiliga rasmiy til maqomini berib, unga körsatayotgan yuksak eʼtibor va hurmati uçun yana bir bor çin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu köhna zaminda yaşayotgan barça millatdoşlarimizni bugungi qutluğ bayram bilan el-yurtimiz nomidan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram yurtdoşlar!
Mamlakatimizda özbek tilini zamon talablari asosida rivojlantiriş, uning davlat tili sifatidagi örni va nufuzini yanada mustahkamlaş borasida oldimizda katta va masʼuliyatli vazifalar turibdi.
Şu maqsadda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasining yangi tahriri hamda şu munosabat bilan ayrim qonun hujjatlariga özgartiş va qöşimçalar kiritiş haqidagi qonun loyihalari tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunçilik palatasiga körib çiqiş uçun kiritildi.
Xabaringiz bor, kuni keça “Mamlakatimizda özbek tilini yanada rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi Prezident Farmoni imzolandi.
Farmonga muvofiq, özbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obrö-eʼtiborini tubdan oşiriş, unib-ösib kelayotgan yoşlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalaş, mamlakatimizda davlat tilini tölaqonli joriy etişni taʼminlaş, Özbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlaş va rivojlantiriş, davlat tili sifatida özbek tilini örganiş uçun şart-şaroitlar yaratiş, til siyosatini rivojlantirişning strategik maqsadlari, ustuvor yönaliş va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.
Farmon ijrosini taʼminlaş uçun davlat boşqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqşunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvçi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida töliq davlat tilida iş yuritiş böyiça boşlagan işlarimizni kuçaytirişimiz kerak.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yaşayotgan, Özbekistonimizni yagona va ahil oila deb biladigan turli millat va elatlar vakillari ham özbek tilini örganişga katta qiziqiş va istak bildirayotganlari ayniqsa eʼtiborlidir.
Şu munosabat bilan bu borada motivatsiya omillarini kuçaytiriş, maxsus darslik, luğat va qöllanmalar, video va audiomateriallar, zamonaviy öqitiş uslublarini keng joriy etiş muhim ahamiyatga ega.
Bugungi globallaşgan dunyoda tillarning bir-biriga özaro taʼsiri, jumladan, çetdan söz qabul qiliş kölami va surʼati ortib bormoqda. Afsuski, yurtimizda bu jarayon aniq tizim va ilmiy yondaşuvlarsiz yuz berayotganini tan olgan holda, mavjud holatni bartaraf etiş uçun taʼsirçan çoralar köriş lozim.
Ayni vaqtda özbek tili alohida fan sifatida öqitilayotgan xorijiy universitet va markazlar bilan yaqin hamkorlik örnatiş, ular uçun öquv adabiyotlari yaratiş borasida ham faol iş olib borişimiz lozim.
Jahon adabiyoti durdonalarini özbek tiliga hamda özbek adabiyotining sara namunalarini çet tillarga tarjima qiliş va naşr etiş, bu yönalişda şakllangan ijodiy maktablarni rivojlantiriş, yuqori malakali tarjimon-adiblar hamda mutaxassislarni tayyorlaş işlariga jiddiy eʼtibor qaratişimiz darkor.
Mamlakatimizda “Özbek xalq ijodi yodgorliklari”, “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, “Birinçi kitobim”, “Jahon adabiyoti durdonalari” kabi seriyalarni naşr etiş böyiça boşlangan işlarni tizimli asosda davom ettiriş kerak.
Şuningdek, özbek tilining jahon maydonida, xususan, Internet axborot tarmoğida munosib örin egallaşini taʼminlaş, ona tilimizda köplab yangi kompyuter dasturlarini yaratiş böyiça ham oldimizda turgan muhim va dolzarb vazifalarni hal qilişimiz zarur.
Uşbu qutluğ bayram arafasida qabul qilingan “Buyuk şoir va mutafakkir Alişer Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nişonlaş töğrisida”gi qaror ham özbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirişga qaratilgan amaliy harakatlarimiz bilan uyğun va hamohangdir.
Hurmatli döstlar!
Atoqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvçi buyuk kuçdir.
Şu maʼnoda, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boşlanadi, desak, yanglişmagan bölamiz.
Men mana şunday qaraş va tuşunça har bir yurtdoşimizning hayotiy eʼtiqodiga aylanadi, bu borada muhtaram ziyolilarimiz, faol yoşlarimiz, keng jamoatçiligimiz barçaga örnak va namuna böladilar, deb işonaman.
Aziz va qadrli vatandoşlarim!
Sizlarni Özbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barçangizga soğlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinçlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Özbek tilimiz hamişa bezavol yaşasin, doimo mağrur yangrasin!
Şavkat MIRZIYOYEV,
Özbekiston Respublikasi Prezidenti
