Dil tubida ovozsiz faryod
Muallif haqida:
Muhayyo Rustam qizi – 1973 yilda Paxtachi tumanida tug'ilgan. Navoiy davlat pedagogika institutini tugatgan.
Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi, viloyat “Do'stlik bayrog'i” gazetasi, “Yosh kuch”, “G'uncha” jurnallari, Respublika yosh ijodkorlar kengashida ishlagan. Hozirda O'zLiDeP Navoiy viloyati kengashi axborot xizmati rahbari.
She'rlari Respublika va xorij matbuotida e'lon qilingan.
QORMALAK
To'zg'ib-to'zg'ib bo'ralaydi qor,
Oq ko'ylagin kiyadi shahar.
Ayol erin ishga kuzatib
Derazadan termular sahar.
Baland uylar,ettinchi qavat,
Qorday oppoq, harir kechalar…
U ayolning sochlari kabi
Oqaradi sokin ko'chalar.
Jilmayarkan ayol oynadan,
Er ham qara-ab qo'yar tepaga.
To'rt faslda adashmadi ishq,
To'rt faslda mehr enaga.
Tashqarida yog'ayotgan qor –
Ikki dilning mayin izhori.
Musaffo tong oydin ko'ngilning
Otayotgan kumush nahori.
Qor tinmaydi… Ayozdan pana
Oppoq-oppoq bo'ralar xayol.
Bir otashin o'ylarga cho'mib
Derazada eriydi ayol.
* * *
Barmoqlarim sochilib ketdi
rutubatli fasl qa'riga.
Men bahor deb o'ylabman qishni.
Niho-oyatda uzoq yanglishdim,
yorib kirib muz qatlamini
mahobatli ulkan kemaday.
Ortga yo'l yo'q, osmon ham bekik.
Axir sochim gulladi qiyg'os
Qoyalarga sanchildi umrim.
Faqat qushlar…
Qushlar bor ko'kda,
orziqtirar mudom xayollar.
Dil tubida ovozsiz faryod.
Yuragimdan ufurar afsus,
muhabbating – abadiy muzlik.
Nega meni tanlading,nega?..
* * *
Unutib qo'yibman ismimni,
Kim deb atalishim bilmayman.
So'nggi yillar kitobin titib
topolmadim hech qursa o'zimga tanish ismni.
Qancha yillar o'tdi.
Hech kim chaqirmadi,
hech kim chorlamadi
birov so'ramagan ismimni
bir umrga unutib qo'ydim.
Olis qishloqdagi
paxsa devor yonida
taxta o'tirg'ichda o'tirgan
bir chol va bir kampir yuragida qolib ketdi U…
* * *
Men senga yetmadim
O'zimdan ketib,
Yuragimga tushdi bir hovuch yog'du.
Ikki shahlo ko'zing yondi ko'zimda.
Senga yetmadim.
Ko'zlarimda yonding, men ko'zingda yo'q.
Senda yo'q ekanman, o'zimda ham yo'q.
U kech eng bedavo telbamu edim,
Sen meniki dedim, meniki dedim,
Senga yetmadim.
Ey, yor,
Ey, mening dilozor yorim,
Ey mening avvalim, mening oxirim.
Ruhimni samoga berdim,
Bag'rim tuproqda
O'z boshimga yetdim,
Senga yetmadim.
OY SOHILI
- Ma'yus yolg'izlikka
Kuy chalar kecha,
Sukut to'lqinida
nur oqizar oy,
Ko'k qa'riga tortdi diqqatim.
- O-o,
naqadar tubsiz zulmat bu…
Ko'zlarimni qaritdi jimlik,
Yuragimni yaladi vahshat.
- Men Osmonga
bir tomib ko'rdim.
Osmon chuqur… Judayam chuqur.
- Sensiz qanday yashayin endi?..
Sensiz qanday yashayin endi?..
Biram sokin Oyning shu'lasi…
* * *
Bu kech mening tushimga kirdi,
Osmondan uzilgan yulduzlar.
Munavvar tunlarni izladim.
Hansiraydi tegramda xotir,
Chayqalgancha xayol sathida
Uu-uvv, maston dilimni istadim.
Bolg'alaydi ruhimni dunyo,
Manglayimga g'am qoqar hayot.
Tog' yasadim qiyilgan jondan.
Qonab ketdi qorachig'larim,
Tun qa'rida majhul taxayyul.
Men og'i-ir havoga yo'liqdim.
TUNGI XIRGOYI
Ko'ksi yirtiq yulduzlar
yoqalarin yamaydi.
Bir qiz sochini shamol
Tili bilan yalaydi.
(Shomda ufq roshiga o'rnatinglar chimildiq…)
Itlar hurar betinim,
Manzilga chorlov shudek.
Hayajonda entikib
yigit kiyadi etik.
(Orolanar ko'kda Oy.)
Yuragi idrar qizning,
Soyga dumalatar tosh.
Ko'zidagi to'lqindan
yuzlariga tomar yosh.
(Shuncha olismi Osmon?.)
Ishqqa mubtalo yigit
barmog'ini to'g'raydi.
Qoni oqqan barmoqlar
qiz sochini so'raydi.
(Oyoq iz botmas Yerga…)
* * *
Ko'zim g'amga to'ldi, ko'nglim qayg'uga,
Horg'in xotiramda so'ngsiz pushaymon.
Umr o'tib borar, to'ymay tuyg'uga
Va bil'aks baxt istar yuragim hamon.
Hamon parvoz etar ruhim qushlari,
Hamon tilagimning chegarasi yo'q.
Hamon ilhom qilar orzum tushlari,
Hamon hayotimda binafsha ko'k-tug'.
Yashil dunyolarni chertaman takror,
Tangrim, toleimning darichasin och.
Sezyapman, sevgiday kelmoqda bahor,
Har bitta barmog'i – gullagan og'och.
* * *
Xitoy chinnisiday
sofdir yuragim.
Uzluksiz jaranglar
bir marta chertsang…
Bodom gullarini
urganday sovuq
sanchilganda gardanimga
qismat tig'lari.
Zamharir yalagan idishlarimda
sovumadi sening nasibang.
Qaynoq munosabatimdan
aslo titrama.
Faqat ehtiyot bo'l
tushib ketmasin
kafting chizig'idan
mening siyratim.
Men – gullari og'irlik qilgan
sopol guldon kabi
indamay
bo'linib qo'ya olmasman.
Xitoy chinnisiday
toza yuragim…
* * *
Kech kuz… Barglar to'kildi essiz,
Borliq uzra taxayyul hokim.
Yaproqlarni kuzatib unsiz
yomg'ir bo'lib yig'layapman jim.
Ana mezon uchar tentirab,
xayolimday kezadi nasim.
Hu-uv samoda parquday oppoq
bulutlarga kelar havasim.
Sariq dengiz – xazon chayqalar,
miskin navo – tebranadi bog'.
Orzularga qilichlar qadab
xo'shlashadi sokin tiyramoh.
Dilgir havo-men kabi mulzam,
quyosh ishqi bag'rini tilgan .
Balki baxtli bo'lardim men ham
uchi-ib ketsam turnalar bilan.
Kech kuz… Barglar to'kildi essiz…
* * *
Munis tuyg'ularni g'ijimlar ozor,
Qop-qora zulflarda qo'nim topdi qor,
Bu masrur dunyoda majruh muhabbat
Unutildi bahor, unutildi yor.
Ko'zimni berkitdim ko'z yoshim bilan,
Xiyonating yopdim bardoshim bilan,
So'ngsiz umr ko'rdim yosh boshim bilan
Unut bo'ldi bahor, unut bo'ldi yor.
Ey,sas ber,ovoz ber, ruhimning rozi,
Chorbog'imda mehmon gulning pardozi,
Dil chalsa boz ishqning takrorin, sozin
Uni tildi bahor, uni tildi yor.
Agar qayta olsang omondir bog'im,
Yuragim – alamdan qotgan qadog'im.
Qo'rqma, qo'limdagi toshmas, sabog'im
Unutilgan bahor, unutilgan yor.
Hali oq olmaday gullagim kelar,
Umrimni iforga belagim kelar,
O'zimdan ham avval tilagim kelar
Unutmasa bahor, unutmasa yor.
Sening zaqqumingni ichdim abgorman,
Tanazzul bu hayot, menda dushvorman,
Toki maston husning, lutfingda borman
Meni unutma yor, unutma bahor.
MUSOFIR O'LAN
1
Samarqandda
sakkiz yildan buyon,
issiq ko'rpasiga o'ranib
soch-soqoli qorday oqargan
oppoq otam bor mening.
Samarqandda
oq bulutday oppoq otamning
momiq ko'rpalarin qavigan
duolari quyoshday qaynoq,
iltijosi nur kabi zarrin,
mehri alangaga o'xshagan
kundayin nurafshon enam bor mening.
Samarqandda
o'sha oppoq otam bilan issiq enamning
taqdirini kuya yeb qo'ygan,
qismatiga bit oralagan
xolis xayol o'g'li –
jabrdiyda padarim bor mening.
Samarqandda
hilpiragan bayroqchalar – jon jigarlarim,
najib alifbolar – yulduzchalarim,
ofatijon singlim, sho'x ukalarim —jajji mamlakatim bor mening.
Samarqandda…
2
Jaranglaydi xotira,
Potirlaydi xayolim,
Ko'kda zangori hilol.
Ko'zim uchdi – juft turna,
Kiprigim qoqdi shamol.
Chayqalar keksa dengiz.
Muhayyo Rustam qizi