Pushti atirgulday yonoqlaringiz

Muallif haqida:

Sherzod Komil Xalil — 1982 yil Kitob tumanidagi Iskana qo'rg'onida tug'ilgan.

O'zMU falsafa fakultetining 1999-2003 yillarda bakalavr, 2003-2005 yillarda magistratura bosqichlarida o'qigan. 2005-2007 yillarda Toshkentdagi Oliy Adabiyot kursini tamomlagan. 2009-2011 yillarda O'zMUning falsafa fakulteti aspiranturasida tahsil olgan.

2016 yilda AQShda “I left poetry” (“Men she'riyatdan ketganman”) she'rlar to'plami chop etilgan.

 

Gulg'uncha

      

Aybing onang seni chiroyli tuqqan.

                                        Muhammad Yusuf

 

Qaydan uchradingiz, qaydan azizam,

Kuyib kul bo'ldimku otashingizda;

Umidim olisda… pirpiradi sham,

Yoqishni bilasiz shu yoshingizda.

 

G'unchaday labingiz jon olg'ich buncha?!

Pushti atirgulday yonoqlaringiz;

Siz malak suvratli oydek gulg'uncha,

Hali o'pilmagan dudoqlaringiz.

 

Sevaman, sevaman — men o'zingizni,

Yurganim yurgandir ko'ksimni tilib;

Hech kimga o'xshatmay qosh-ko'zingizni,

Sizni falak tuqqan chiroyli qilib.

 

Siz erur angladim, umrim yulduzi,

Siz bilan xush ko'rdim adabiyotni;

Muhabbat ne o'zi, sevgi ne o'zi?!

Tushunib yetmadim sizsiz hayotni?!

 

Dog'i hijronida ko'mdilar g'amlar,

Visolingiz shirin orzumidi o?!

Sizni bir ko'rdimu guldek sanamlar,

Qiziqtirmay qo'ydi meni mutlaqo!

 

Siz o'sha tanhosiz, husnda yakto,

Men o'sha shoirman, sevgisi sohir!

Chidolmay o'laman hajringizda yo,

Vaslingizga yoki yetaman oxir…

 

Men she'riyatdan

ketganman

 

Dunyo o'zgardimi yo men o'zgardim,

Nima o'tgan bo'lsa, o'tdi o'zimdan;

Kecha men qizlarga she'rlar yozardim,

Go'zallar qolmasdi meni izimdan.

Endi o'z boshimga o'zim yetganman,

Men she'riyatdan ketganman!

 

Kecha sirlashardim yulduzlar bilan,

Mahliyo bo'lgancha oyning aksiga;

Endi taqdirimga butkul berdim tan,

Etolmay bir qaro qoshning vasliga.

Menga nima bo'lgan, o'zi netganman?!

Men she'riyatdan ketganman!

 

Endi poeziya oltin bog'lari,

Men uchun ham yetib bo'lmas bir armon.

Umrimning kechagi go'zal chog'lari,

Sizga yetishishga men endi zorman.

Yoshlikni shu taxlit abgor etganman,

Men she'riyatdan ketganman!

 

Iztirob na uchun, afsus na uchun,

O'tgan u kunlarni eslamoq nega?!

Billur idish sinsa bo'lmagay butun,

Ko'ngil sinsa axir topilmas chega.

Xotirlar — men sizni behud titganman,

Men she'riyatdan ketganman!

 

Zero, anglar edim, men ham hayotni,

Lek ketdim alvido, xayr, xush qoling;

Tomorqa qilganlar adabiyotni,

Faqat o'zingizni sal bosib oling.

Men sizga nafrat-la she'rim bitganman,

Men she'riyatdan ketganman!

 

Kafedra

 

Bir zamonlar ulug' universitetda,

Karyera qilgandim men ham bir sidra;

Mening xayolimda falsafiy bitta,

Ilmiy muassasa edi kafedra.

Nazariya, bahslar, professorlar,

Durdona ilmlar fanda bebadal;

Valiylar, kashshoflar va iqtidorlar,

Shu choshgoh ummonda to'qnashar har gal.

Azal shunday bo'lgan bepoyon ilm,

Oydinlarni yiqqan har dam kafedra.

Ammo ko'rganimda og'ridi dilim,

Unuta olmadim bu hisni sira.

Men ko'rdim, uchiga chiqqan ne vosvos,

Davr maddohlari — karnaysozlarni;

Men ko'rdim, umrini fanlarga emas,

Manfaatga bergan lo'ttibozlarni.

Men ko'rdim,   qalbida zarra yo'q uchqun,

Ammo fan boshida turgan “boss” larni;

Men ko'rdim, amalga hakkalash uchun,

Ilmni narvon deb bilgan kaslarni.

Har holda ko'rdim men, shunday yotganin,

Kafedrada ilm men kelgan vaqtda;

Ayollar nechtadan kompot yopganin,

Gaplashardi yana salatlar haqda.

Qiziq emas edi ular uchun fan,

Qiziq to'yu hasham, maishatlari;

Ortiq qololmasdim kafedrada man,

Ilmning shu bo'lsa kechdim shartlari.

Bas, ortiq qolmadim universitetda,

Karyera qildim-da bilmay bir sidra;

Mening xayolimda falsafiy bitta,

Ilmiy muassasa edi kafedra…

 

Yomg'irlar

 

Bu yomg'irlar neni eslatdi senga?!

Yig'lading xonangda nega qorako'z?!

Afsus vaqt bermading sen ortiq menga,

Cho'kdi yuragingda aysbergdek muz.

 

Bu yomg'irlar neni eslatdi senga?!

Dunyoning beayov g'aladonida;

Ortiq joy qolmadi ming afsus menga,

Bag'ritosh ayolning xonadonida.

 

Bu yomg'irlar neni eslatdi senga?!

Xazonrezgi kabi to'kilding bargdek;

Hech bo'lmasa bitta imkon ber menga?..

Xuddi avvalgidek – senga kerakdek.

 

Bu yomg'irlar neni eslatdi senga?!

Shalabbo bo'ldim men   eshigingni och.

Sendan o'zga hech kim kerakmas menga,

Yomg'irda ividim rosa qorasoch.

 

Bu yomg'irlar neni eslatdi senga?!

Men ular sirini yecha olmayman;

Yuzma-yuz o'tirib tushuntir menga,

Nega men sendan hech kecha olmayman?!

 

Bo'ri

 

Bo'rilarni otdilar bir-bir,

Solmasin deb qo'ylarga qiron;

G'arb shamoli esganda g'ir-g'ir,

Endi bo'ri qolmadi biron.

Cho'ponlarning yuzlarida bot,

Xotirjamlik bo'ldi ifoda.

Bu o'lkada bo'ri yo'q hayhot,

Ko'paygandan ko'paydi poda.

Har bahorning boshida turg'un,

En olinar, bichiladi zil;

Ming yillarki podalar uchun

O'zgarmaydi shudir taomil.

Men bo'riman, bo'rilarga yot,

Cho'pon-cho'liq, otaru-qo'ra;

Yolg'izlikda hayot berar tot,

Poda bo'lib yashashdan ko'ra.

O'lgan afzal qiru-qiyoda,

Tog'u-toshda bo'riday yayrab;

Yashagandan ko'ra dunyoga,

Cho'ponlarning ra'yiga qarab.

 

Sherzod Komil Xalil

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =