Butalar bargida kumush sirg'alar

Muallif haqida: Jumanazar Yusupov — 1955 yilda Yangiariq tumanida tug'ilgan. Ko'p yillardan beri ijod bilan shug'ullanib keladi. “Na'jot ma'budi” she'riy to'plami nashr etilgan. Hozir “Yangiariq ovozi” tuman gazetasining muharriri vazifasida ishlaydi.

 

AZIZAM

                                             Naziraga

Azizam qaragin, xonatlas kiyib,

Bizning bog'imizda bahor yuribdi.

Yuragi ilohiy mehrdan iyib,

Ko'zlari sevinchdan kulib turibdi.

 

Azizam qaragin, u senga o'xshar,

Biram istarali, nozik, qalamqosh.

Sen aslo qayg'urma, muhabbat agar,

Chin bo'lsa o'n sakkiz yoshdir oltmish yosh.

Azizam…

 

SEN GULSAN…

Sen gulsan bahorlar sog'ingan,

Kuydirgan yozlarning dimog'in.

Men qishman qismatdan og'ringan,

Qorlarga ko'mib qalb titrog'in.

 

Fasllar karvoni kechikib,

Shamolday yeldimi yo yillar.

O'rtada ichikib-ichikib,

Kuz yig'lar,

                     kuz yig'lar,

                                       kuz yig'lar…

  

BIR XALQ EDIK…

Bir xalq edik nomusi butun,

Guvohidir o'chmagan izlar.

Yov qo'liga tushmaslik uchun,

Xaykalday tosh qotgan “Qirq qiz”lar.

 

Bilolmadim, qay shamol esib,

Ne ko'rgilik tushdi bu boshga.

Ayollari yurar yurt kezib,

Erkaklari aylangan toshga.

                        

           ARZI HOL

Halal bermang, men yashayapman,

Ko'nglim keng-u kulbam tor biroz.

Cho'ntagimda itlar huradi,

Tushlarimda qichqirar xo'roz.

Asli shundan boshqachasini,

Orzu ham qilmayman botinib.

Shukr, har kech uyda kutadi,

Bir etak bola-yu xotinim…

 

   XAYoL

Bir bahoring bo'lsa,

Yashil maysalar

Qo'shiq kuylasalar

Yuzlaring silab.

 

She'rlar yozaversang —

Majnun desalar,

So'ngsiz tunlaringni

Tonglarga ulab.

Bir bahoring bo'lsa,

Toshqin daryolar

Sirlaring oqizib,

Ketsa uzoqqa.

 

Sig'inib yashasang,

Bag'ringni yoqib.

Ishq degan, muhabbat —

Degan tuzoqqa.

 

SABR

Zildek og'ir to'rva bo'yningda,

G'ururingday bukilgan qadding.

Puch yong'oqqa to'la qo'yningda,

Jon talashar sig'magan hadding.

 

Tamshanasan so'laging oqib,

Tikilgancha g'o'raga, ammo,

Bilmaysanki, ichingni yoqib,

Bu daraxtda bitmaydi holvo.

 

Oltin emas, umring so'ngida,

Tegsa-tegar bir siqim tuproq.

Hayot degan tushning o'ngida,

Azoblar juft, toqatlaring toq.

 

Bosh qo'yganing kunda — beshafqat,

O'zing yirtib yirtiq yoqangni.

Sen tinchingni o'ylading faqat,

Ro'kach qilma bola-chaqangni.

 

Kuyinma, bu munosib yakun,

Kerak emas hadik, xavotir.

Kelding, ketding isbotlash uchun,

Chiqmasligin qo'rqoqdan botir.

 

QISh

Kiprigimda eriydi qor,

Sen ketgan yo'l adoqsiz.

Yuragimda og'ir tosh bor,

Alamlar son-sanoqsiz.

 

Vahimali ko'rinadi —

Tun bag'rida daraxtlar.

Kuylashardi sevgimizni,

Doston qilib bir vaqtlar.

 

Endi esa borliq nursiz,

Ko'nglimizday yupundir.

Qahri qattiq qahratonning

Changalida tutqundir.

 

Dunyo — beor, dunyo — ozor,

Xavf-xatarga liq to'la.

Yer, ko'k va men … Bizni bahor,

Tashlab ketgan bir yo'la.

    

SENI SOG'INGANIM…

Seni sog'inganim o'zimga ayon,

Gullar tasdiqlaydi yana bosh irg'ab.

Umidlar xazonrez bargday za'faron,

Sen qaytmas yo'llarga to'kilar yig'lab.

 

O'kinchlar qadalar nigohlarimga,

Ingranar mijjamga qalqmagan ohlar.

Hijron uloqtirgan janggohlarimga,

Asta tushib kelar ko'kdan ilohlar.

 

Naqadar iltifot! Yolg'onmi yo chin?

Shuurim qoplaydi shubha g'ubori:

Ayroliq azobin qaydan ham bilsin,

Yolg'izlik yarashgan Parvardigori…

 

Yuraman tunu kun ming bor o'tganim —

Tanish so'qmoqlarda tentirab, daydib.

Bilaman, qarshimdan chiqmas kutganim,

Kelaverar faqat qayg'ular qaytib.

 

Umr bevafodir, hayot beshafqat,

Muhabbatni esa mangu deganlar.

Visolga erishar bir kuni, albat,

Unutilmaganlar, unutmaganlar.

 

Dunyo va men

(Dunyoni anglash uchun dunyoga  

kelishning o'zi kamlik qiladi).

Dunyo kibor, men bir to'pori,

Turlichadir qarashlarimiz.

Menga yoqmas uning kasb-kori,

Shundan urush-yarashlarimiz.

— Esingni yig',— deydi bosh chayqab, —

Sen shoirsan, oddiy odammas.

Foyda bilan ziyonni farqlab,

Sal jiddiyroq qadam bossang bas.

— Qartayibsan va lekin, — deyman,

— O'xshamaysan donishmandga hech.

— Nodon, sening g'amingni yeyman,

Bosh og'rig'i g'ururingdan kech.

Tugamaydi bahs-munozara,

O'libmizmi bir gapdan qolib.

O'zicha haq dunyo bechora,

Muhimi, men o'zimcha g'olib.

Yuragimni chulg'ar mubham his,

Bir baloni boshlashim aniq…

Dunyo g'amgin, dunyo ko'p mayus,

Bo'g'zin tirnar yoniq xo'rsiniq:

— O'jar edi bobong juda ham,

Qolishmasdi otang ham undan.

Inson o'zi aslida bir kam,

Fe'lingdagi shakkoklik shundan…

Nadomatga ne hojat, axir —

Ibtido bor — bordir intiho…

So'lish olar o'y surib og'ir,

Mensizlikdan zerikkan dunyo.

Ko'p kuttirmay, erta yo indin,

Bilamanki, qaddini kerib.

Bir notanish, o'ktam o'spirin,

G'avg'o boshlar yoniga kelib.

Dunyo zimdan ko'z tashlab, ana –

Miyig'ida kulib qo'yadi.

Doimgidek kurashda yana,

Engilganin bilib qo'yadi.

So'ng titraydi asabiy, mulzam,

G'azablangan, mushti tugilgan.

— O'jar edi bobong juda ham,

Qolishmasdi otang ham undan…

Dunyo kibor, men bir to'pori.

 

BILMAYSANMI…

Qaldiroqday gumburlading, goh –

Nayga o'xshab navo qilding sen.

Turfa hikmat keltirib, e voh,

Odamiylik da'vo qilding sen.

Bilmaysanmi, dunyo tala-to'p,

El, til, fikr — bari mingquroq.

Bizda avliyo, payg'ambarlar ko'p,

Faqat inson biroz kamchilroq.

 

QIZ SEVGISI

Intilasan, yetolmaysan hech,

U tog' olis, u tog' viqorli.

Xayolingni chulg'ab erta-kech,

Chorlayverar cho'qqilar — qorli.

 

Butalarining — yo'llaring to'sgan,

Barglarida kumush sirg'alar.

Og'riqlari o'zidan o'zgan,

Oyog'ingni o'par jilg'alar.

 

Shabbodalar sho'xligi tutib,

Tortqilaydi alvon ro'moling.

Nafasini ichiga yutib,

Kuzatadi qirlar bu holing.

Binafshalar oddiy gul emas,

Yulduzlardan tushgan maktublar.

Izlaringdan hasad va havas —

Bilan boqar qancha mag'lublar.

 

Sevgi degan yoniq ro'yoga,

Hayotingni tikkanding yaxlit.

Sen baxtlisan, bilsang dunyoga,

Farishtalar kelar shu taxlit.

 

UZUM

Ustoz Qo'zi Davlat xonadonida yozilgan.

To'ldirib bog' sahnini ko'z olar qirmiz uzum,

Yuzlari lov-lov yonib, misli uyatchan qiz uzum.

 

Yo'l berib turgan kabi ishkomda mahzun qomati,

Sohibidek kamtarin, mehmonnavoz hargiz uzum.

 

Shoiru fozil bari jam bo'lib, ko'p muntazir,

Iltifot ko'rsatginu Abdullajon, bor uz uzum.

 

Chun bahor, yoz erkalab, bag'rida ming asrasin,

Ketmog'i qismat azal, kelganida kuz uzum.

Ey Suhan, tug'yonini qalb nechuk sir saqlagay,

Bilsa gar aysh ko'yida intiqligin mahfuz uzum.

                      

                       BUGUN

Kel, ko'ngil sendan bo'lak topmadim hamroh bugun,

Chekkali yor hajrida birga o'tlig' oh bugun.

 

Qahridan muz yog'dirib, aylanar charxi falak —

Kim oyoq ostida Yer otash ufurgan choh bugun.

 

Ko'rmayin ham kuymayin, deb chimmatin yopdimi yo,

Shafqatin bizdin ayab, ketdimikan ul moh bugun.

Hasrating qo'y, el bari shodlik bila mashg'ul dema,

Chun faqat ahvolimizdan ahli ishq ogoh bugun.

 

Ne ko'ribsan, ey Suhan, qilma pushaymonlig' sira,

Qismat ersa zohir o'lg'ay xohi erta, xoh bugun.

                                                     Jumanazar Yusupov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =