Orini tog'lardan baland etgan zot
Muallif haqida:
G'ayrat Majid — Kitob tumanidagi Xo'jailmkoni qishlog'ida tug'ilgan. O'zMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Gul sanam” (1997), “Hech kimga o'xshamaysan” (2000), “Seni sog'inaman” (2006), “Ko'ksimdagi yulduzlar” (2008), “Ishqqa borar yo'l” (2009), “Bobolarim yurti” (2013), “Oqqushlarga aylanar yurak” (2015), “Ayiqchaning tushi” (bolalar uchun she'rlar to'plami) (2016), Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablari haqida “Bunda bulbul kitob o'qiydi…” (2018), “Mumkin emas sening yig'lashing” (2020) kabi kitoblari nashr etilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari vazifasida mehnat qiladi.
HAZRATI BOBUR
Boshimni olib, ey Bobur,
ayoq yetgancha ketgaymen.
Z.M.Bobur
Kimga dunyo, kimga ko'ngil shoh ekan,
Dunyo deganlari alam, oh ekan,
Odamga umidi do'st, hamroh ekan,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
Iymonni dilida tug'day tutgan zot,
Orini tog'lardan baland etgan zot,
Otning ustida ham ash'or bitgan zot,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
Hayot boshdan oyoq bepoyon tilsim,
Goh og'a sotishin kim o'ylab bilsin,
Qalbi qulf kaslarga Xudo bas kelsin,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
Shu chog' yolg'iz qo'ygin habibi hamdam,
Ko'ngil zor qaqshasa kim qilgay motam,
Gohida o'zidan bezarkan odam,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
Siz birlan bir mumtoz mahallar ketdi,
Ishq bunyod etgan Tojmahallar ketdi,
Humoyun, Komronu Akbarlar ketdi,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
Etar bas, ko'nglimga ketgayman men ham,
Bir go'zal olamga yetgayman men ham,
Shu yurt deb,
Shu el deb o'tgayman men ham,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?
“Boburnoma”
Azal-azal dunyoda, harbu janglar ko'p bo'lgan,
Muzaffar bo'lgan bisyor, holi tanglar ko'p bo'lgan,
Oq niyatli dillarda oppoq ranglar ko'p bo'lgan,
Boburning adolati, nusrati – “Boburnoma”.
Meni maftun ayladi bir salobat, bir viqor,
Pokiza yuragimda oshiqlarning ohi bor,
Rabbim, g'arib ko'ngilni yaxshilik sori boshqor,
Boburning shijoati, g'ayrati – “Boburnoma”.
Qancha shoh, sulton o'tgan, na bir qutlug' shon topgan,
Shon topmagani mayli, na toza iymon topgan,
Na fido bo'lgan elga, na fidoyi jon topgan,
Boburning iztirobi, hasrati – “Boburnoma”.
Ruhning toza iqrori – may to'la jomlar chil-chil,
Oq tonglarga ishora, tiyra oqshomlar chil-chil,
Yurakni qora qilgan tanbal ayyomlar chil-chil,
Boburning pok suvrati, siyrati – “Boburnoma”.
Yolg'izgina ko'nglimdir, mahrami asror, nadim,
Tog'larni cho'ktirsa ham, dildagi faryod-dardim,
Ne balo kelsa senga, borini men ko'tardim,
Boburning jasorati, qudrati – “Boburnoma”.
Rostin aytsam, ko'nglimni, mingta hikoya bo'lgay,
Dardu armonim – Bobur, qayda nihoya bo'lgay,
Oqibat yolg'iz iymon – qo'rg'on, himoya bo'lgay,
Boburning shon-shavkati, davlati – “Boburnoma”.
“BOG'I BOBUR”DA
Agra shahrida Hazrat Bobur tomonidan barpo qilingan bog' bor. O'z vaqtida unga “Bog'i orom” deb nom berilgan. Hozirda shu yerlik aholi uni “Bog'i rom” deb atar ekan. Mening nazarimda, bu bog' bog'i rom emas, balki haqiqiy ma'noda “Bog'i Bobur”dir.
So'rdim, bu qanday bog', der bog'i rom bu,
Adashding, adashding, bog'i orom bu,
Aziz ajdodimdan rangin salom bu,
Ko'zimga yosh keldi “Bog'i Bobur”da.
Daryoning labida egiz ayvon bor,
Ayvonlar sahnida dard bor, armon bor,
Vatan deb o'rtangan ozurda jon bor,
Ko'zimga yosh keldi “Bog'i Bobur”da.
Ko'rdim men, Jamnaning bo'yida, Bobur,
Samarqand, Andijon o'yida, Bobur,
Yonmagan dunyoning ko'yida, Bobur,
Ko'zimga yosh keldi “Bog'i Bobur”da.
Mudom adolatni xush ko'rgan, sulton,
Va Sohibqironni tush ko'rgan, sulton,
Dunyo – jom, ichini bo'sh ko'rgan, sulton,
Ko'zimga yosh keldi “Bog'i Bobur”da.
Shu damda xayolim burda, bilmaysen,
Sevgi – nur, saodat nurda, bilmaysen,
Yurt ishqi dil ichra dur-da, bilmaysen,
Ko'zimga yosh keldi “Bog'i Bobur”da.
DILRABO…
Ko'zumdin yoshinib, ey bahri altof,
Ko'zumning yoshini daryo qilibsen.
Z.M.Bobur
Dilrabo, dardingni davo qilibsen,
Savdolar yuborib g'avg'o qilibsen,
Oshiqqa ushshoqdan navo qilibsen,
Dilrabo…
Jonimga chirmashgan zulfing chiroyli,
Qalbim bandi etgan qulfing chiroyli,
Sitamlaring, yana lutfing chiroyli,
Dilrabo…
Atodek ardoqlab Havvoni, ko'ngil,
Rad aylab havoyi da'voni, ko'ngil,
Kuylaram eng go'zal navoni, ko'ngil,
Dilrabo…
G'am chekib yasharman qayg'u-g'amingda,
Parvona misoli yonib shamingda,
O'zimni topsaydim qutlug' damingda,
Dilrabo…
* * *
Bizni unutganni unutmoq kerak. Z.M.Bobur
Diloyim, dilingda dildiraydi jon,
Ochilgan g'unchamas, qonagan yurak.
Kel, suhbat quraylik yerga tush osmon,
Bizni unutganni unutmoq kerak.
Toqatim tog' manim, toqatim toqmas,
Dunyo, nazarlaring, ayt, nechun oqmas,
Yo'q, dildan o'zgasi dilimga shohmas,
Bizni unutganni unutmoq kerak.
Axir, nima o'zi dunyoyi oniy,
Turfa chamanzorning chiroyi oniy.
Demakki, firog'i savdoyi oniy,
Bizni unutganni unutmoq kerak.
Hislarim shu qadar, hislarim yashil,
Mehridil nigohim – ko'zlarim yashil.
Dunyoni yashnatar so'zlarim yashil,
Bizni unutganni unutmoq kerak.
Diloyim, dilingda dildiraydi jon,
Ochilgan g'unchamas, qonagan yurak.
Kel, suhbat quraylik, yerga tush, osmon,
Bizni unutganni unutmoq kerak.
YaShAMOQ KURAShDIR…
Tong sahar.
Dehlida ko'rib qoldim men,
Bahaybat toshsanam qarshisida qiz.
Ko'rdimu ko'p g'amgin o'yga toldim men,
Sanamga yig'lardi cho'kkanicha tiz.
Taassuf, tilini bilmayman uning,
Bilmayman, ne uchun chekmoqda fig'on.
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.
Balki jon talashib shifoxonada,
Mehribon onasi yotgandir bemor.
Muqaddas, munis zot – ona, ona-da,
Shifolar tilayman, ko'zlari xumor.
Axir, bor narsa-ku qazoi qadar,
Hammasi o'tkinchi, sarobdir dunyo.
Olamda muborak zot erur padar,
U ham otasidan ayrilganmi yo?
Ehtimol, yorga dil berib, nadomat,
Ko'rmaganmikin yo sadoqat, vafo.
Baribir muhabbat pokiza ne'mat,
Baxtiyor qay dilda bersa u sado.
Ming afsus, tilini bilmayman uning,
Nima u qalbini o'rtagan armon?
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.
Alloh bor,
Madadkor,
Yig'ini bas qil,
Ko'ksim yorib chiqdi fig'onu dudlar.
Yashamoq kurashdir,
Bo'l bardam, dadil,
Hech nega qodirmas bu tosh ma'budlar.
QIZIQ HANGOMALAR
KO'RADI ODAM…
Qiziq hangomalar ko'radi odam,
Agar dunyo bo'ylab qilsa sayohat.
Qaerda bo'lsang ham, aytardi otam,
Topganlaring bo'lsin hikmat-nasihat.
Katta do'kon ko'rdim Mo'g'ilsaroyda,
Kimdir meva sotar, kimdir gul sotar.
Nimani istasang bari shul joyda,
Pulini to'lasang hatto pul sotar.
Boqdim, bir rastada xaridor gavjum,
Molin maqtab-maqtab sotar ulgurji.
Menga-ku, kerakmas, so'radim sekin,
Necha rupiy turar haykalchalar, ji*.
Bular tangrim dedi jilmayib asta,
Oling uyingizga keltirar iqbol.
Jonsiz o'yinchoqni oh aqli xasta,
Xudo deb tursa-ya, yo Rabb, bu ne hol.
Ajab, sotayotgan moli – Xudoga,
Bir-bir yukunib ham qo'yar edi ul.
Shul dam ko'nglimdagi mahzun nidoga,
Quloq soladigan bormi ayt, ey gul.
Kim anglar, kim anglar yurakni alam,
Ko'kka o'rlab ketgan nidolarini.
Achinaman juda bu nochor odam,
Kun ko'radi sotib Xudolarini.
Qiziq hangomalar ko'radi odam,
Agar dunyo bo'ylab qilsa sayohat…
MAVLONO BEDIL
Oshiq yuragimning sharhi ne bo'lgay,
Qancha hislarimga o'zimman qotil.
Yashab bo'lmaydi-ku zulmatda tokay,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Ko'ngilda bo'yidan bo'lmasa bahra,
Gulning huzurida bo'lgaymi yod dil.
Ko'kda yo'lchi yulduz bo'lgandek Zuhra,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Nima dey, nima dey, ayt ko'ngil sanga,
Shu damda sokinman, shu damda betil.
Ichimda hayqirib ming Jamna, Ganga,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Bu Shahrisabzdan pokiza nigor,
Bobolar haqida o'ylayman shomil.
Tuzsiz xayollarim barisi bekor,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Ko'z ko'rib gar ibrat olmasa ko'rdir,
Sizdan mangu meros pok hikmat komil.
Tilovat bag'ishlar yuraklarga nur,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Rahmon bor, Rasul xaq, men oshiq Mashrab,
Shisha kabi chil-chil bo'lgaydir botil.
Ko'nglimdan ziyolar chiqmoqda sachrab,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
Vatanman, millatman, pokiza jonman,
Sizni yig'lab-yig'lab o'qiydi bu dil.
Siz bilan olamga sharafman, shonman,
Keldim qoshingizga Mavlono Bedil.
XAZINA
Yo'q, men sayyoh bo'lib kelgan emasman,
Quruq tomoshadan dilga ne bahra.
Har xil manzil sari yelgan emasman,
Senga oshiqqanim haqiqat, Agra.
Men nega talpindim, nechun yeldim man,
Ichimdan porlaydi quyosh shu mahal.
Bu hazrat bobolar yodi bildim man,
Tilimda Tojmahal, dilda Tojmahal.
Hindiston ko'ksida guldasta – oppoq,
Muqaddas sevgidan muazzam nishon.
O'lmagan Shoh Jahon, Arjumand – uyg'oq,
Faqat sof muhabbat ajaldan omon.
Tiniq marmariga maftun allakim,
Birovni naqshu ganch aylagan shaydo.
Kimdir sokin Jamna sohilida jim,
Boqadi, daryoda Tojmahal paydo.
Men esa qarshimda Mumtozmahalni,
Oshiq podishohni ko'rib turibman.
Dunyo ko'rganmikan menday mahtalni,
Ishq deya ishq tomon yurib turibman.
Haqiqiy sevgidan ogohga ayon,
“Lav lok”* olamlarga tarjimai hol.
Tojmahal oshiqlar holidan bayon,
Muhabbat, muhabbat, yo'q, boshqa iqbol.
Agraga bordimu tiynatimni ko'r,
Hamon ul manzilda qolib yuribman.
Tojmahalni, bilsang, ey dunyoi g'o'r,
Ko'ksimda, dilimda olib yuribman.
Olamni to'ldirib javohir – sirga,
Yo'llayman barchaga ishqiy manzuma.
Demakki, hammasi men bilan birga,
Hech kimda yo'q axir, bunday xazina.
G'ayrat MAJID
____________
*Ji (hindcha so'z) – janob, muhtaram
*Lav lok – lavloka lamo xalaqatu-l-aflok, ya'ni sen bo'lmasang olamlarni yaratmas edim. (Qudsiy hadis)