Dudoqing ğunça desam, ğunça unçalar ermas

Muallif haqida: Muhammad Ali — Özbekiston xalq yozuvçisi. “Maşrab”, “Gumbazdagi nur”, “Avliyoning başorati”, “Oşiqlar ertagi” kabi dostonlar, “Boqiy dunyo” şeʼriy romani, “Navoiy va Boyqaro”, “Hindiston malikasi” tarixiy dramalari muallifi. Adib nasrda “Sarbadorlar” diologiyasi, Amir Temurga bağişlangan tört jildlik “Uluğ saltanat” epopeyasini yaratgan.

Muhammad Ali

Özbekiston xalq yozuvçisi,

Davlat mukofoti laureati

Şoirga daʼvat

Sen şoirsan, qalbingda bor ilohiy bir öt,

Qahratonlar çekinguvçi uçqunlaridan.

Qöllaringga olganingda nozik ado ud,

Yuraklarga şiddat kirgay sas-unlaridan.

Xayollaring çamanlarni çizgay havoda,

Çamanlarning gullariga bergay turfa rang.

Mehribonlik körgizursan beşak, mabodo

Biror gulning döl qayirib holi bölsa tang.

Hayot degan iqlim borki, sening haqqing möl,

Qadamingda gupuradi bemisl qudrat.

Nahot hali toğlarda bor sen solmagan yöl,

Nahotki bor sen topmagan şon-şaraf, şuhrat?

Nahotki bor sen tuymagan mehri möʼtabar?

Bordir hali ovozingga tuşmagan surud?

Sen kirmagan maydon bordir, sen körmagan qaʼr,

Sen keçmagan dali daryo, sen yonmagan öt?..

Hayot uluğ, qalamini çarxlagan şoir

Billur içra öynoqlagan nurday behisob.

Xavotirga tuşma, şoir, sen inson axir,

Tirik inson imkonida bor hisob-kitob.

Balki, balki sen toğlarga sololmassan yöl,

Ötolmassan u yöl bilan maydonlar sari.

Çehralarda balqimas ham, kezmas ham butkul

Sen yonmoqçi bölgan ötning şaʼn şuʼlalari.

Ehtimolki, nasib bölmas şon-şaraflar ham,

Oqolmassan sen keçmagan daryo suvidek…

O, barida, barçasida erkinsan, jöram,

Ogoh bölgil, bir narsada şoirda yöq erk:

Oftob misol haqiqatga solsang közingni,

Tuz hurmati, non hurmati — rost sözla faqat!

Yöqsa… bordir uçirguvçi yellar sözingni,

Bordir hali sen körmagan isnod va nafrat!

* * *

Dudoğing ğunça desam, ğunça unçalar ermas…

Oşiqlikda men tanho, heçkim mençalar ermas.

Şirinni şirin derlar, Zuhroni — tong yulduzi,

Laylini — Layli, ammo, ammo sençalar ermas.

Zulfingni lom deyurlar, qoşing hilolga qiyos,                                                                                    

Anoring gözal, hatto “nun” ham şunçalar ermas…

Sen saxiysan jafoga, boq Layliyu Zuhroga,              

Jabr qilurlar, vale,   zinhor   bunçalar ermas.       

Vaslingni tilab, Ali, yetolmay joni halak,

Könglim yiğlatgan özing, yöq, yöq, ğunçalar ermas…

 

“Muhokamat ul-luğatayn”ni öqib…

Hazrat Navoiy der: “Boy erur tilim,

Har bir nuktada jam imo-işora.

Rohat ham, azob ham kördi bu elim,

Har biriga bordir   kalom, ibora.”

 

Inçkirmoq — ingiçka un bilan yiğlaş,

Böxsamoq, singramoq   Haqqa havola.

Ingramoq — beayov bağirni tiğlaş,

Ökirmoq — falakka siğmagan nola…

Köp oqdi özbekning yoşi şaşqator,

Söz yöqdir, bu ajib sermaʼno sözdek.

Şul sabab har birin ifodasi bor…

Yiğining köp xilin biladi özbek…

* * *

Kelar asta boqib qiyo asalgina,

Bir baloyi ofatijon masalgina.

Bellariga boğlab nozik tasmasini,

Yaşirgança köksin amal-taqalgina.

Sarvi qomat, nozik ado, qaddi raso,

Teng keladur unga yolğiz haykalgina.

Bas, kuydirib otaşlarga otmasmidi,

Insof bölsa agar unda sal-palgina.

Koşki edi xabar olsa, bori-yöği

Kulib qöysa bizga bir loaqalgina…

Kelar asta boqib qiyo asalgina,

Bir baloyi ofatijon masalgina…

 

Eski rivoyat

Közi ojiz odam borar, qölida çiroq,

Hayron bölib boqar edi ötganlar biroq.

Özi közi ojiz bölsa, çiroq na darkor?

“Ayting, ey zot, bu tutumda qanday hikmat bor?..”

“…Özim qolib, men sizlarning ğamingiz yeyman,

Sizning borar   yölingizni yoritsam deyman…”

 

London gazetasida eʼlon

(Hazil)

Nufuzli gazetda çiqar bir eʼlon,

London boşdan-oyoq şov-şuvga tölar:

“Şanbada boringiz Xaymarket tomon,

Zotdor eşaklarning körigi bölar…”

Hamma şoşiladi, heç kimda yöq şak,

Odamga töladi tevarak maydon.

Odam, odam… yöqdir bitta ham eşak…

Hamma bir-biriga boqadi hayron…

 

Şoirning fazilati

Şoirda bari bor: obrö, eʼtibor,

Maoşu maşina, mansabu viqor…

Yana nima kerak tinmagan jonga?

Şoir nonga töyar, töymaydi şonga!..

 

Döstimga

                           Tölan Nizomga

Döstim, eslaysanmi bolalik çoğlar,

Biltang-biltang qilgan yolğiz oyoq yöl.

Podalar çangiga kömilmiş boğlar,

Çuçmoma, lolalar ösmaydigan çöl…

Olislar quyilar közimizga jim,

Çamanlar köramiz ufqlar ortida.

Bola qalblarimiz tepar betinim,

Qişloqmas, Vatanu jahon dardida…

Norasida sevgi zavqidan mağrur,

Şodmon tikilamiz bir-birimizga.

Tole vaʼda aylar bizga baxt-surur,

Osmon torlik qilar dil sirimizga.

Barçasin kaşf etib yurar edik mast,

Kuç-qudrat jam köngil zarblarimizda.

Çuçmoma, lolalar çöllarda emas,

Yaproq yozar edi qalblarimizda…

 

Xalq yölida

Izlaringni quva-quva,

Izlab bordim seni Quva.

Gir atrofim köm-kök boğlar,

Qiru adir,

Yaşil uva!

Izlaringni quva-quva,

Izlab bordim seni Quva.

Izlab borsam,   joyida yöq,

O, qizlaring biram quv-a!

Izlaringni quva-quva,

Izlab bordim seni Quva.

Topmay qaytdim…   Sariğ yuzim

Köz yoşlarim yuva-yuva…

Izlaringni quva-quva,

Ortga qaytdim endi, Quva!

Atrofimda   zaʼfar boğlar,

Taqir adir,

Sariq uva…

 

Maşrabga ikki muxammas

* * *

Özing tözim ber farzonalarga,

Kökni töldirgan afsonalarga,

Husningdan gung, lol hayronalarga,

Körsat jamoling mastonalarga,

Işqingda kuygan parvonalarga.

Köngilda yöqdir aslo halovat,

Ruhim tilaydur orom, faroğat.

Sendin umidim, ayla karomat,

Mendin duodir, sendin ijobat,

Jonim tasadduq jononalarga.

Sirdoşingman men, sir söylamaysen,

Holing nadur, deb böy böylamaysen,

Insofga kelib heç   öylamaysen,

Ey köngli qattiğ, rahm aylamaysen,

Qilğil nazora beçoralarga.

Dunyoda qayda sen kabi sohir,

Sohiru dono, kasbiga mohir,

Pinhon sirim yöq, barçasi zohir!

Kuygan ğaribmen, şafqat qil oxir,

Köyingda yurgan devonalarga.

Tilni tiy, Ali, nafsiz bayondin,

Otilgan öq heç qaytmas kamondin,

Haq sözi azal   xoli gumondin,

Maşrab seni deb keçdi jahondin,

Boşini qöyub ostonalarga…

 

Şarq

Şarq — ibtido, u biz aytgan Şarq bölsa,

Farq öşadir, u biz aytgan farq bölsa.        

Ustoz, haq gap, xalq — xoliqning himmati,

Xalq — buyuk kuç, agarda u xalq bölsa…

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan