Suysak ham, kuysak ham — yurakdan…
Taniqli adabiyotşunos olim, iqtidorli tarjimon, Özbekiston Qahramoni Ozod Şarafiddinovning adabiy-tanqidiy maqolalardan taşkil topgan “Haqiqatga sadoqat” (1989 yil, Ğofur Ğulom naşriyotida çop etilgan)nomli kitobi öz davrida katta salohiyat va çuqur tafakkur bilan yozilgan. Kitobdan “Suysak ham, kuysak ham — yurakdan…” suhbat maqola ham örin olgan. Unda muallif Toşkent şahri köçalaridagi nomlar, atamalar töğrisida öz fikrlarini bildiradi. Biz ayrim juziy qisqartirişlar bilan ustozning mulohazalarini zukko öquvçilarimiz hukmiga havola qilmoqdamiz. Garçi uşbu suhbat-maqola sobiq Ittifoq zamonida eʼlon qilingan, bugungi kunga kelib unda tilga olingan ayrim muammolar Istiqlolimiz şarofati ila öz ijobiy yeçimlarini topgan bölsa-da, eʼtibor qiladigan tomonlari haliyam yöq emasdek.
…Esimni taniganimdan Toşkent bilan mustahkam boğlanganman. Umuman, Toşkent menga onaday qadrdon bölib qolgan, uning ruhi butun vujudimga singib ketgan. Ustoz Ğafur Ğulomning bir şeʼrida aytilganidek, Toşkentni na Rum, na Parij, na boşqa şaharga aliştiraman.
Albatta, 30-yillardagi — bolaligimdagi Toşkent bilan hozirgi Toşkentning farqi osmon bilan yerça bor. U paytlari şahar, asosan, bir qavatli edi. Şarqona qiyofasi hali yöqolmagan. Eski şaharu Yangi şahar keskin ajralib turardi. Eski şahar qismida guvala uylar, qinğir-qiyşiq köçalar, anʼanaviy imoratlar köp edi. Lekin şuning ham öziga yaraşa fayzi, tarovati, jozibasi bölardi. Masalan, ertalablari hamma vaqt köçalar supirilib-sidirilib, suv sepib qöyilgan bölardi, ikki çekkasidagi ariqlarda hamişa toza suvlar oqib turardi. Bu suvlar şunaqa toza, şunaqa şirin bölardiki, aksari xonadonlar şu ariqlarning suvidan içardi. Suvni iflos qiliş, umuman, köçani qarovsiz taşlab qöyiş juda ayb iş sanalardi. Mana, hozir şahrimiz butunlay özgarib ketdi: hammayoqqa suv quvurlari yotqizilgan, köçalar kengaytirilgan, transport vositalari kundan-kun köpayib bormoqda.
Men bir narsadan köp siqilaman. dunyoning juda köp qadimiy şaharlari bor: Yerevan, Tbilisi, Boku, Kiyev, Leningrad (hozirgi Sankt-Petrburg. Tah.), Boltiqböyi şaharlari… Hammasi öziga xos qiyofaga ega. Yo bölmasa Parijni, Rimni, Qohira yo Istanbulni olaylik — bularning har birini buyuk qilgan jihat faqat aholi sonining köpligi emas, balki öşa şaharlardagi imoratlardir. Ular ham har xil ehtiyoj tufayli qurilgan, ularni ham siz bilan bizga öxşagan odamlar qurgan: ular bir neça asrlardan buyon nafaqat yaşab kelyapti, balki şahar qiyofasini belgilab turibdi. Bir-birini takrorlamaydi, bir-biriga öxşamaydi, har bittasi dunyo tarixiga bir bobday, sahifaday kirgan. Şulardan birortasi bölmasin, dunyo tarixi naqadar qaşşoqlaşib, kambağallaşib ketardi…
Navoiy teatri binosi bizning iftixorimiz, Xalqlar döstligi saroyi ham hozirgi zamon meʼmorçiligining ajoyib namunasi. Lekin bundaylari kam-da. Aksari imoratlarimiz bir-biriga öxşaş, törtburçak şaklda, qup-quruq. Içki imkoniyatlarini aytmay qöyaqolay…
Meʼmorçilikda milliy anʼanalardan foydalaniş masalasini olaylik. Men bu sohaning bilimdoni emasman, meʼmorlikka daʼvoim ham yöq, lekin qaysidir jihatdan ularga aloqam bor: men şularning mehnatidan bahramand bölaman, ularning mehnati oxir-oqibatda menga qaratilgan. Nazarimda, anʼana masalasini biz meʼmorçilikda ham ança jön tuşunadigandekmiz. “Korobka” uylarning old tomoniga betondan mehrobsimon yo yana boşqaça şakllar yasalsa, mayda koşinlar tarmaştirib şarqona bezaklar hosil qilinsa böladi.
Qadim milliy meʼmorçiligimizning ölmasligi, dohiyonaligi şundaki, imoratlar qurilayotganda, avvalo, makonning tabiiy şaroitlari, iqlimi hisobga olingan. Yozda issiq 40 darajadan ortib ketadi, nafas oliş oğir böladi, eski hovlilarda, eski uylarda mana şu jazirama issiqni sezmaysiz. Nega? Çunki uylar şunday qurilganki, içkaridagi harorat taşqaridagidan 5-6 daraja past böladi. Ikkinçidan, har bir hovlidan ariqçalar ötgan bölardi, bu esa öziga xos mikroiqlim vujudga keltirgan. Xullas, meʼmorçilik iqlimga moslangan va doimo şart-şaroitni hisobga olgan. Milliy anʼana deganda, menimça, mana şularni tuşuniş kerak…
Biz Toşkentimizni dunyoning eng gözal, yaşaşga eng qulay şaharlari qatorida körişni istaymiz. Mavjud nuqsonlarni yuragimiz açib gapirişimizning boisi ham şu. Yana bir masala: şahrimiz maydonlarini, ularni bezatiş masalasini olaylik. Ahvol quvonarli emas. Ayniqsa, haykallar bobida heç maqtanolmaymiz. Bitta-ikkita haykalni demaganda, qolgan juda köpi — davlat arboblariga, yozuvçi-şoirlarga qöyilgan haykallar sanʼat asari darajasida emas. Ular şunçaki illyustrativ xarakterdagi narsalardir.
Eng yomoni — ular odamlarga estetik zavq beriş, gözallikka oşno ruhda tarbiyalaş örniga ularni buzadi. Leningrad yo Parijdagi haykallarni köz oldingizga keltiring: ha, har biri noyob asar, har biri bitta doston. Ana, “Mis çavandoz”! Oldidan ketolmay qolasiz, qarab közingiz töymaydi. Bizda bormi şunaqa haykal? Aksinça, oşkora, yalanğoç şiorlar tarzidagi haykallarga zör beramiz negadir…
Toşkentning öziga xos sölim tomonlari borki, ular har birimizga ardoqli. Lekin bir narsa meni öylantiradi: dunyo şaharlari içida adabiyot bilan munosabatda, adabiyotda inʼikos etiş nuqtai nazaridan şahrimizning juda omadi kelmagan. Buyuk yozuvçilar özlari yaşagan şaharga haykallar qöyib ketişgan. Biz Gyugoning asarida Parijning bir sönmas obrazini köramiz, Dostoyevskiy asarlarida Peterburgning qiyofasini köramiz va hokazo. Bizda esa Toşkentning buyukligini, poeziyasini oçib beruvçi asarlar juda oz. Hatto şahar hayotiga maxsus bağişlangan asarlarda ham uning özi poetik timsol, poetik obraz darajasiga kötarilmagan. Hozirgi yoşlarimiz, bundan keyingi ijodga qöl uradigan yozuvçilarimiz Toşkentning haqiqatan takrorlanmas obrazini yaratişlarini juda istardim. Töğri, şeʼriyatda Toşkentga bağişlangan unça-munça asarlar bor. Ğafur Ğulomda şunday şeʼrlar köp. Şayxzodaning “Toşkentnoma” dostoni poytaxtimiz haqidagi eng yaxşi asar desa böladi. Lekin bular bari bir katta miqyoslarda adabiyotda özining badiiy ifodasini topgan emas.
Albatta, şahar rang-barang bölsa, arxitekturasi boy bölsa, odamlarning xarakteriga, maʼnaviy qiyofasiga ham taʼsir qiladi. Odamlarda iliq tuyğular paydo qiladi, gözallik odamlardagi gözallikning barqarorroq bölişiga olib keladi va bu adabiyotda, deylik, teranroq aks etişi mumkin…
Keyingi paytlarda tabiatni asraş töğrisida köp gap bölyapti. Madaniy merosni asraş haqida gapirilmoqda. Xuddi şu gapni men Toşkentga nisbatan ham aytişni istardim. Biz Toşkentni ham asraşimiz kerak. Uni asraşimiz kerak deganim faqat, bu yerdagi eski obidalarni himoya qiliş, ularni qaytadan taʼmirlaş degan maʼnoni bildirmaydi. Gap boşqa yoqda… Şaharlar, köçalar, maydonlarning nomlari masalasi bu. Toşkent ikki ming yillik tarixga ega. Şahardagi köp köçalar, maydonlar, dahalar, mahallalarning nomlari tarixiy xarakterga ega.
Şunday nomlar borki, ularning zamirida, yo katta bir tarixiy voqealar yotadi yoki çiroyli poetik qaraş, poeziya yotadi. Harholda eski nomlar Toşkentga bir joziba beradi. Boşqa joyda uçramaydigan takrorlanmas bir joziba. Yana Parijga qaytadigan bölsak, u yerda Yelisey maydoni deysizmi, Mon-Martr deysizmi, Mon-Parnas deysizmi — nomini aytişingiz bilan darrov nimalardir köz oldingizga keladi. Tarixiy voqealar gavdalanadi. Toşkentda ham şunday. Beşyoğoç desangiz, Çuvalaçi desangiz, Sebzor desangiz, Şayxontohur desangiz, qandaydir bir ajoyib voqealar, ajoyib bir manzaralar jonlanaveradi. Bu nomlarning özi ham bir tarix, nomlarda ham xalqning bir psixologiyasi, eʼtiqodi, xalqning öz qaraşlari, tarixi bor. Bularni asraş kerak…
“Örda”ni oling. Bir vaqtlar öşa yerda çindanam Örda bölgan. Örda bu faqat xonning ördasi emas, qadimgi zamonda butun şahar bir qalʼa içida joylaşgan. Keyin şahar atrofida, qalʼaning devorlari atrofida odamlar yaşagan. Yov hujum qilib kelganda, hamma qalʼa içiga kirgan. Ana şu yer Örda deyilgan. Keyin-keyin borib uning içida faqat xon yoki amir, yoki podşo saroyi joylaşgan. Hozir endi u ördalardan nom-nişon ham qolmagan. Faqat nomigina saqlangan.. Yoki “Öqçi” mahallasi. Bu ham qadim zamonlarda şu yerda öqçilar yaşaganining nişonasi sifatida saqlanişga haqli…
Hamma narsaning öz çegarasi, öz meʼyori böladi. Şunga öxşaş köçaning ham öz nomi bölişi kerak. U yo biror tarix bilan, yo biror şaxs bilan boğliq, yo biror rivoyat, yo poeziya, obraz bilan şu jihatdan ajralib turadi…
Ota-bobolarimiz berib ketgan nomlarni biz isrof qilib, töqlikka şöxlik deganlaridek, boyvaççalarday çöntagimizning teşigidan tuşirib ketaversak, şaʼnimizga yaxşi bölmaydi. Bu bizga munosib iş emas. Aksinça, ota-bobolarimiz bizga qoldirgan boylik yoniga boylik qöşişimiz kerak: uni behudaga sovuriş uvol.
Tahririyatdan: xalqimizning uluğ ziyolilaridan bölgan Ozod Şarafiddinovning yuqoridagi maqolasi yozilganiga qariyb 34 yil bölibdi. Ammo eng asosiysi, taniqli adabiyotşunos olim mulohazalari bugungi kunda ham ahamiyatini yöqotmagan.
Albatta, gözal poytaxtimizda sönggi yillarda ham köpdan-köp özgarişlar, bunyodkorliklar amalga oşirildi. Osmonöpar binolar qad rostlamoqda. Bularning bari yaxşi. Faqat ana şu qurilişlaru, bunyodkorliklar, mahallayu, köçalarimizga qöyilayotgan nomlararo qadim Toşkentning ötmişi, uluğ merosiga aslo ziyon yetmasligi ham muhimdir.
Ayniqsa, maqolada tilga olinganidek, Eski şahar hududi yaʼni, bugungi Çorsu qiyofasi va yana Beşyoğoç, Xadra, Sebzor, Çuvalaçi, Qorasaroy, Labzak, Darxon, Kökça, Samarqand darvoza kabi joylarning nomiyoq özligimizdan, boy ötmişimiz, madaniyatimizdan hikoya qilib turgandek böladi. Bu esa asl qadriyatlarni aslo eʼtibordan çetda qoldirib bölmaslikdan dalolat.
