Suysak ham, kuysak ham — yurakdan…

Taniqli adabiyotshunos olim, iqtidorli tarjimon, O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning adabiy-tanqidiy maqolalardan tashkil topgan “Haqiqatga sadoqat” (1989 yil, G'ofur G'ulom nashriyotida chop etilgan)nomli kitobi o'z davrida katta salohiyat va chuqur tafakkur bilan yozilgan. Kitobdan “Suysak ham, kuysak ham — yurakdan…” suhbat maqola ham o'rin olgan. Unda muallif Toshkent shahri ko'chalaridagi nomlar, atamalar to'g'risida o'z fikrlarini bildiradi. Biz ayrim juziy qisqartirishlar bilan ustozning mulohazalarini zukko o'quvchilarimiz hukmiga havola qilmoqdamiz. Garchi ushbu suhbat-maqola sobiq Ittifoq zamonida e'lon qilingan, bugungi kunga kelib unda tilga olingan ayrim muammolar Istiqlolimiz sharofati ila o'z ijobiy yechimlarini topgan bo'lsa-da, e'tibor qiladigan tomonlari haliyam yo'q emasdek.

 

…Esimni taniganimdan Toshkent bilan mustahkam bog'langanman. Umuman, Toshkent menga onaday qadrdon bo'lib qolgan, uning ruhi butun vujudimga singib ketgan. Ustoz G'afur G'ulomning bir she'rida aytilganidek, Toshkentni na Rum, na Parij, na boshqa shaharga alishtiraman.

Albatta, 30-yillardagi — bolaligimdagi Toshkent bilan hozirgi Toshkentning farqi osmon bilan yercha bor. U paytlari shahar, asosan, bir qavatli edi. Sharqona qiyofasi hali yo'qolmagan. Eski shaharu Yangi shahar keskin ajralib turardi. Eski shahar qismida guvala uylar, qing'ir-qiyshiq ko'chalar, an'anaviy imoratlar ko'p edi. Lekin shuning ham o'ziga yarasha fayzi, tarovati, jozibasi bo'lardi. Masalan, ertalablari hamma vaqt ko'chalar supirilib-sidirilib, suv sepib qo'yilgan bo'lardi, ikki chekkasidagi ariqlarda hamisha toza suvlar oqib turardi. Bu suvlar shunaqa toza, shunaqa shirin bo'lardiki, aksari xonadonlar shu ariqlarning suvidan ichardi. Suv­ni iflos qilish, umuman, ko'chani qarovsiz tashlab qo'yish juda ayb ish sanalardi. Mana, hozir shahrimiz butunlay o'zgarib ketdi: hammayoqqa suv quvurlari yotqizilgan, ko'chalar kengaytirilgan, transport vositalari kundan-kun ko'payib bormoqda.

Men bir narsadan ko'p siqilaman. dunyoning juda ko'p qadimiy shaharlari bor: Yerevan, Tbilisi, Boku, Kiyev, Leningrad (hozirgi Sankt-Petrburg. Tah.), Boltiqbo'yi shaharlari… Hammasi o'ziga xos qiyofaga ega. Yo bo'lmasa Parijni, Rimni, Qohira yo Istanbulni olaylik — bularning har birini buyuk qilgan jihat faqat aholi sonining ko'pligi emas, balki o'sha shaharlardagi imoratlardir. Ular ham har xil ehtiyoj tufayli qurilgan, ularni ham siz bilan bizga o'xshagan odamlar qurgan: ular bir necha asrlardan buyon nafaqat yashab kelyapti, balki shahar qiyofasini belgilab turibdi. Bir-birini takrorlamaydi, bir-biriga o'xshamaydi, har bittasi dunyo tarixiga bir bobday, sahifaday kirgan. Shulardan birortasi bo'lmasin, dunyo tarixi naqadar qashshoqlashib, kambag'allashib ketardi…

Navoiy teatri binosi bizning iftixorimiz, Xalqlar do'stligi saroyi ham hozirgi zamon me'morchiligining ajoyib namunasi. Lekin bundaylari kam-da. Aksari imoratlarimiz bir-biriga o'xshash, to'rtburchak shaklda, qup-quruq. Ichki imkoniyatlarini aytmay qo'yaqolay…

Me'morchilikda milliy an'a­­na­lar­dan foydalanish masalasini ola­y­lik. Men bu sohaning bilimdoni emasman, me'morlikka da'voim ham yo'q, lekin qaysidir jihatdan ularga aloqam bor: men shularning mehnatidan bahramand bo'laman, ularning mehnati oxir-oqibatda menga qaratilgan. Nazarimda, an'ana masalasini biz me'morchilikda ham ancha jo'n tushunadigandekmiz. “Korobka” uylarning old tomoniga betondan mehrobsimon yo yana boshqacha shakllar yasalsa, mayda koshinlar tarmashtirib sharqona bezaklar hosil qilinsa bo'ladi.

Qadim milliy me'morchiligimizning o'l­mas­ligi, dohiyonaligi shundaki, imoratlar qurilayotganda, avvalo, makonning tabiiy sharoitlari, iqlimi hisobga olingan. Yozda issiq 40 darajadan ortib ketadi, nafas olish og'ir bo'ladi, eski hovlilarda, eski uylarda mana shu jazirama issiqni sezmaysiz. Nega? Chunki uylar shunday qurilganki, ichkaridagi harorat tashqaridagidan 5-6 daraja past bo'ladi. Ikkinchidan, har bir hovlidan ariqchalar o'tgan bo'lardi, bu esa o'ziga xos mikroiqlim vujudga keltirgan. Xullas, me'morchilik iqlimga moslangan va doimo shart-sharoitni hisobga olgan. Milliy an'ana deganda, menimcha, mana shularni tushunish kerak…

Biz Toshkentimizni dunyoning eng go'zal, yashashga eng qulay shaharlari qatorida ko'rishni istaymiz. Mavjud nuqsonlarni yuragimiz achib gapirishimizning boisi ham shu. Yana bir masala: shahrimiz maydonlarini, ularni bezatish masalasini olaylik. Ahvol quvonarli emas. Ayniqsa, haykallar bobida hech maqtanolmaymiz. Bitta-ikkita haykalni demaganda, qolgan juda ko'pi — davlat arboblariga, yozuvchi-shoirlarga qo'yilgan haykallar san'at asari darajasida emas. Ular shunchaki illyustrativ xarakterdagi narsalardir.

Eng yomoni — ular odamlarga estetik zavq berish, go'zallikka oshno ruhda tarbiyalash o'rniga ularni buzadi. Leningrad yo Parijdagi haykallarni ko'z oldingizga keltiring: ha, har biri noyob asar, har biri bitta doston. Ana, “Mis chavandoz”! Oldidan ketolmay qolasiz, qarab ko'zingiz to'ymaydi. Bizda bormi shunaqa haykal? Aksincha, oshkora, yalang'och shiorlar tarzidagi haykallarga zo'r beramiz negadir…

Toshkentning o'ziga xos so'lim tomonlari borki, ular har birimizga ardoqli. Lekin bir narsa meni o'ylantiradi: dunyo shaharlari ichida adabiyot bilan munosabatda, adabiyotda in'ikos etish nuqtai nazaridan shahrimizning juda omadi kelmagan. Buyuk yozuvchilar o'zlari yashagan shaharga haykallar qo'yib ketishgan. Biz Gyugoning asarida Parijning bir so'nmas obrazini ko'ramiz, Dostoyevskiy asarlarida Peterburgning qiyofasini ko'ramiz va hokazo. Bizda esa Toshkentning buyukligini, poeziyasini ochib beruvchi asarlar juda oz. Hatto shahar hayotiga maxsus bag'ishlangan asarlarda ham uning o'zi poetik timsol, poetik obraz darajasiga ko'tarilmagan. Hozirgi yoshlarimiz, bundan keyingi ijodga qo'l uradigan yozuvchilarimiz Toshkentning haqiqatan takrorlanmas obra­zini yaratishlarini juda istardim. To'g'ri, she'riyatda Toshkentga bag'ishlangan uncha-muncha asarlar bor. G'afur G'ulomda shunday she'rlar ko'p. Shayxzodaning “Toshkentnoma” dostoni poy­taxtimiz haqidagi eng yaxshi asar desa bo'ladi. Lekin bular bari bir katta miqyoslarda adabiyotda o'zining badiiy ifodasini topgan emas.

Albatta, shahar rang-barang bo'lsa, ar­xi­­tekturasi boy bo'lsa, odamlarning xa­rak­teriga, ma'naviy qiyofasiga ham ta'sir qiladi. Odamlarda iliq tuyg'ular paydo qiladi, go'zallik odamlardagi go'zallikning barqarorroq bo'lishiga olib keladi va bu adabiyotda, deylik, teranroq aks etishi mumkin…

Keyingi paytlarda tabiatni asrash to'g'­risida ko'p gap bo'lyapti. Madaniy merosni asrash haqida gapirilmoqda. Xuddi shu gapni men Toshkentga nisbatan ham aytishni istardim. Biz Toshkentni ham asrashimiz kerak. Uni asrashimiz kerak deganim faqat, bu yerdagi eski obidalarni himoya qilish, ularni qaytadan ta'mirlash degan ma'noni bildirmaydi. Gap boshqa yoqda… Shaharlar, ko'chalar, maydonlarning nomlari masalasi bu. Toshkent ikki ming yillik tarixga ega. Shahardagi ko'p ko'chalar, maydonlar, dahalar, mahallalarning nomlari tarixiy xarakterga ega.

Shunday nomlar borki, ularning zamirida, yo katta bir tarixiy voqealar yotadi yoki chiroyli poetik qarash, poeziya yotadi. Harholda eski nomlar Toshkentga bir joziba beradi. Boshqa joyda uchramaydigan takrorlanmas bir joziba. Yana Parijga qaytadigan bo'lsak, u yerda Yelisey maydoni deysizmi, Mon-Martr deysizmi, Mon-Parnas deysizmi — nomini aytishingiz bilan darrov nimalardir ko'z oldingizga keladi. Tarixiy voqealar gavdalanadi. Toshkentda ham shunday. Beshyog'och desangiz, Chuvalachi desangiz, Sebzor desangiz, Shayxontohur desangiz, qandaydir bir ajoyib voqealar, ajoyib bir manzaralar jonlanaveradi. Bu nomlarning o'zi ham bir tarix, nomlarda ham xalqning bir psixologiyasi, e'tiqodi, xalqning o'z qarashlari, tarixi bor. Bularni asrash kerak…

“O'rda”ni oling. Bir vaqtlar o'sha yerda chindanam O'rda bo'lgan. O'rda bu faqat xonning o'rdasi emas, qadimgi zamonda butun shahar bir qal'a ichida joylashgan. Keyin shahar atrofida, qal'aning devorlari atrofida odamlar yashagan. Yov hujum qilib kelganda, hamma qal'a ichiga kirgan. Ana shu yer O'rda deyilgan. Keyin-keyin borib uning ichida faqat xon yoki amir, yoki podsho saroyi joylashgan. Hozir endi u o'rdalardan nom-nishon ham qolmagan. Faqat nomigina saqlangan.. Yoki “O'qchi” mahallasi. Bu ham qadim zamonlarda shu yerda o'qchilar yashaganining nishonasi sifatida saqlanishga haqli…

Hamma narsaning o'z chegarasi, o'z me'yori bo'ladi. Shunga o'xshash ko'chaning ham o'z nomi bo'lishi kerak. U yo biror tarix bilan, yo biror shaxs bilan bog'liq, yo biror rivoyat, yo poeziya, obraz bilan shu jihatdan ajralib turadi…

Ota-bobolarimiz berib ketgan nom­larni biz isrof qilib, to'qlikka sho'x­lik deganlaridek, boyvachchalarday cho'n­tagimizning teshigidan tushirib ketaversak, sha'nimizga yaxshi bo'l­maydi. Bu bizga munosib ish emas. Aksincha, ota-bobolarimiz bizga qoldirgan boylik yoniga boylik qo'shishimiz kerak: uni behudaga sovurish uvol.

Tahririyatdan:   xalqimizning ulug' ziyolilaridan bo'lgan Ozod Sharafiddinovning yuqoridagi maqolasi yozilganiga qariyb 34 yil bo'libdi. Ammo eng asosiysi, taniqli adabiyotshunos olim mulohazalari bugungi kunda ham ahamiyatini yo'qotmagan.

Albatta, go'zal poytaxtimizda so'nggi yillarda ham ko'pdan-ko'p o'zgarishlar, bunyodkorliklar amalga oshirildi. Osmono'par binolar qad rostlamoqda. Bularning bari yaxshi. Faqat ana shu qurilishlaru, bunyodkorliklar, mahallayu, ko'chalarimizga qo'yilayotgan nomlararo qadim Toshkentning o'tmishi, ulug' merosiga aslo ziyon yetmasligi ham muhimdir.

Ayniqsa, maqolada tilga olinganidek, Eski shahar hududi ya'ni, bugungi Chorsu qiyofasi va yana Beshyog'och, Xadra, Sebzor, Chuvalachi, Qorasaroy, Labzak, Darxon, Ko'kcha, Samarqand darvoza kabi joylarning nomiyoq o'zligimizdan, boy o'tmishimiz, madaniyatimizdan hikoya qilib turgandek bo'ladi. Bu esa asl qadriyatlarni aslo e'tibordan chetda qoldirib bo'lmaslikdan dalolat.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 − 1 =