G'ofurjon Mirzayev: «Sirdaryoda inglizmas, o'zbeklar yashaydi-ku!»

Bu mavzuda ko'p yozdik, xo'b yozdik. Baribir to'xtamaymiz. Qachondir ko'r ko'zlar ochilar. Lekin Sirdaryoning Sir daryoligini amalda isbotlayotgan zahmatkash, g'ayratli hokimi G'ofurjon Mirzayevga rahmat aytgimiz keldi. Sababi, bu “tashabbus”   ommaviy tus olganida, eslasangiz Toshkent viloyatidan chiqayotib Sirdaryo hududiga kiraverishda, yo'l ikkiga ayrilgan joy ustida “Ay lavyu Sirdaryo” degan beo'xshov, ajnabiy va bema'ni yozuv ko'zga chiqqan chipqondek turardi.

Bugun o'sha art-ob'yekt o'zgartirilibdi: “Sirdaryoga xush kelibsiz!” Ochig'i, ayrimlar uchun arzimasdek tuyulguvchi bu o'zgarishdan juda suyundik. Kuni kecha esa Sirdaryoga yo'limiz tushdi. Sirdaryo tumanidagi   Sog'liqni saqlash vazirligiga qarashli “Muruvvat” nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida Sirdaryo viloyat hokimi tashabbusi bilan muassasadagi doimiy yashovchilar uchun Yangi yil arafasida ehson dasturxoni yozildi. Internat direktori Dilshod Payzillayevning izoh berishicha, keyingi bir yil ichida bu yerda juda e'tiborli qurilish-obodonchilik ishlari amalga oshirilibdi. Shu yerda viloyat hokimi G'. Mirzayev bilan uchrashdik.

— Men vaqt, imkon topdim degunimcha 250 nafar yurtdoshimiz yashayotgan ushbu Muruvvat uyiga kelib ketaman. Sababi, odamni yuragi junbushga keladi, sog'liq, insoniylik degan ulug' tushunchalar qadrini yanada teranroq anglaysiz.

Ularning ham sizu bizdek to'rt muchasi sog'lom odamlardek yashashga haqqi borku, to'g'rimi, lekin Allohning sinovi deymizmi, taqdirmi, shunday qismat bitilgan ekan, bir lahza ham ularni bee'tibor qoldirmoqqa yo'l qo'ymasligimiz kerak, — deydi u.

Boshqalarni ham ana shunday muassasalarga kelib turishga undayman.

— Ayniqsa, boy-badavlat insonlar, rahbar mutasaddilarning shunday joylarga kelib turishini aytaman.

O'ylantiradi, imoni butun insonlarning imonini yanada mustahkamlaydi, sal “shoshib” yurganlar bo'lsa, hovurini bosib, pasaytirib qo'yadi. Ey odam farzandi, to'rt muchang sog', oilang tinchligining o'zi katta davlat ekanligini anglatadi, shuning o'zi. Tushungan odamga bu katta maktab, saboq bo'lib xizmat qiladi…

Yana bir ajoyib tantana ustidan chiqdik. Viloyatning Sirdaryo tumani markazida biznes akselerator majmuasi foydalanishga topshirildi.

Shu yilning 24 dekabr kuni Sirdaryo biznes akseleratorining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi.

Mazkur biznes akseleratorni ishga tushirish yo'lida 6 mlrd. 50 mln. so'm mablag' sarf qilinibdi. Muassasaning asosiy vazifasi tadbirkorlik sub'yektlariga, ayniqsa, yoshlarga o'z biznesini yuritishda yaqindan yordam berish, ilg'or axborot, innovatsion va pedagogik texnologiyalar yordamida tadbirkorlik kurslarini tashkil etishdir. Markazda bir vaqtning o'zida 250 nafar tinglovchini tadbirkorlikka o'qitish mumkin.

Bu yerda yoshlar sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, elektro-gaz payvandlash, issiqxona xo'jaligini yuritish, avtotex xizmat, tele va radio ustasi hamda boshqa qator yo'nalishlarda kasb egalari bo'lishlari, shuningdek, ingliz, rus, yapon hamda koreys tili kurslarida o'qishlari mumkin.

Ma'lum bo'lishicha, ushbu kurslar yo'nalishiga qarab 1 oydan 6 oygacha davom etadi.

Majmua juda qisqa muddat — yetti oyda qurib bitkazildi. Eng muhimi esa, Vazirlar Mahkamasining yoshlarda muhandislik ko'nikmalarini shakllantirish va innovatsion faoliyatga bo'lgan qiziqishni uyg'otish, ularni ish bilan ta'minlash, shuningdek, hududning ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida qabul qilingan tegishli qarori asosida tashkil etilgan mazkur kasb-hunar markazi mamlakatimizdagi ilk o'quv-amaliy maskani hisoblanadi. Muassasaning asosiy vazifasi tadbirkorlik sub'yektlariga o'z biznesini yuritishda yaqindan yordam berish, ilg'or axborot, innovatsion va pedagogik texnologiyalar yordamida tadbirkorlik kurslarini tashkil etishdir. Ya'ni, “akseleratsiya” — biznesga yordam beramiz deganidir.

— Ana shunday markazlarni, nasib bo'lsa, barcha viloyatlarda ham tashkil etish niyatidamiz, deydi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmanov.

Muloqotlar orasida mavzuni sekin “Sirdaryoga xush kelibsiz!” va katta yo'l ustida Guliston shahriga kiraverishdagi sof o'zbekona lutf ufurib turgan milliy da'vatkor shiorlarga burdik. Va yana Muhammad Yusufning “O, ota makonim, jonajon o'lkam!” degan go'zal satriniyam hamma ko'radigan joyga yozdirilgani xayrli ish bo'lganini qistirib qo'ydik gurungga.

G'ofurjon Mirzayev kulimsirab qo'yib va sekin izoh berdi:

— Huv, o'sha, Sirdaryo viloyatiga kirishdagi “ay lavyu”sini o'zgartirgach, qarasam, boshqa yoqlargayam duch kelgan joyga inglizcha yozuv qo'yib tashlangan ekan. Ensasi qotadi odamning. Kimga kerak bunaqa zo'rma-zo'raki ajnabiy atamalar, mayli, hozir zamon talabi, xalqimiz, yoshlarimiz bu tilni o'rganyapti, rus, nemis, xitoy, yapon, koreys va boshqa tillarni ham egallashga intilish kuchli. Xorijiy tillarni o'rganish kerak. Ammo bu degani yurtimizning hamma joyini chet yozuvlar bilan to'ldirib chiqishimiz kerak degani ham emas-ku! Axir nima uchun o'zimizni asl milliy o'zbekcha jarangdor va yurakka yaqin so'zlarimiz turganda qayoqdagi “I love… ” ni ishlatishimiz kerak? Soxta, allambalo ma'no tashuvchi yurakning kimga keragi bor, ayting-chi!

Viloyat rahbari qalbimizni hayojonga solib, yana shunday dedi: — Masalan, Sirdaryoda inglizlar yashamaydi, to'g'rimi, hammasi o'zbeklar va shu Vatanimiz fuqarolari, boshqa qardosh millatlar bo'lsa, ularga qizig'iyam yo'q bunaqa ajnabiy tildagi shioringiz. Bundan ko'ra o'zbek tilida yozilgan bo'lsa har qanday sayyoh qiziqib tomosha qiladi…

Ha, Sirdaryodan boshlangan ibratli tashabbus birinchi navbatda Markaziy Osiyodagi eng go'zal poytaxtlardan biri azim Toshkentda (janob shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev), Navoiy viloyatida (viloyat hokimi Qobil Turdiyev), qo'yinki, boshqa qator viloyat va shahar mutasaddilariga ham ibrat bo'lib davom etmog'idan umidvormiz. Buning uchun juda katta aql yo mablag' talab qilinmaydi, aksincha, ozgina milliy vatanparvarlik tushunchasidan xabardorlik yetib ortadi deb o'ylaymiz. Yana takrorlaymiz, Vatanni soxta, quruq, bema'ni yozuvlar bilan sevib bo'lmaydi!

Norqobil Jalil,

Abdurasul Jumaqul

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 14 =