Uyushma kutubxonasi tashkil etildi
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida kutubxona va o'quv burchagini o'z ichiga olgan ma'naviyat xonasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu ma'naviyat xonasida jurnalistika sohasiga oid qo'llanmalardan tashqari, olti yuz donadan ziyod turli adabiyotlar o'rin olgan. Shuningdek, o'ttizdan ko'proq markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni bilan tanishishingiz mumkin, ularning elektron bazasi ham shakllantirilmoqda.
— Yaqinda ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari “Agar kimdir, ma'naviyat masalasi — bu faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o'ylasa, xato qiladi”, deya ta'kidladilar, — deydi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari Xolmurod Salimov. — Biz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ana shu yig'ilishda bildirgan fikr-mulohazalari, bergan topshiriqlaridan kelib chiqqan holda ishni tashkil etishga harakat qilmoqdamiz.
Kezi kelganda shuni aytishim kerak, ayni paytda har kuni uyushmamizga turli masala bo'yicha kamida to'rt-besh nafar sohamiz vakillari tashrif buyuradi. Yurtboshimizning tegishli qarori ijrosi doirasida uyushmamiz ishining jonlanishi, tashkilotimizga a'zolikning tiklanishi, uyushmamiz qoshidagi kengashlar faoliyatining rivojlanishi, qolaversa, mazkur ma'naviyat xonasining ochilishi bu yerga kelib-ketuvchilar soni yanada ko'payishiga xizmat qiladi, deb o'ylayman.
X. Salimovning so'zlariga ko'ra, joriy yil mobaynida mazkur ziyo maskani kengaytiriladi — bitta katta xonada minglab kitob fondiga ega uyushma kutubxonasi tashkil etilsa, yana bir shunday xonaga markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni taxlami joylashtiriladi. Ularning o'rtasidagi xona esa o'quv zali bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, barcha jurnalistlarimiz uchun eshiklari keng ochiq uyushmamizda vaqtni samarali va foydali o'tkazish, ma'naviy ozuqa olish uchun yaratilayotgan qulayliklar kengayib boraveradi.
Uyushmaning faoliyat boshlagan kutubxonasi javonidan o'rin olgan kitoblar bilan tanishar ekanman, bu yerda har bir ijodkor-jurnalist uchun kerakli bo'lgan kitoblarga ko'zim tushdi. Ular orasida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etilgan jurnalistika sohasiga oid o'n jildli kitob, Saydi Umirov, Sa'dulla Hakimov, Ibrohim Normatov, Qurbon Eshmatov kabi marhum jurnalistlar, shuningdek, Farida Usmonova, Jabbor Razzoqov, Abdusamad Isoqov, Sherzod G'ulomov, Muhammadjon Obidov singari soha faxriy va faollarining asarlarini ko'rish mumkin. Harbiy, internet, sport, huquqiy jurnalistika kabi soha yo'nalishlariga doir qo'llanma va ma'naviyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan bir-biridan qiziq badiiy adabiyotlarning jamlangani e'tiborga molik.
— Uyushma o'z kutubxonasini tashkil etayapti, degan gapni eshitib, to'g'risi juda xursand bo'ldim, — deydi faxriy jurnalist Jabbor Razzoqov. — Bu – xayrli ish. Kutubxonaga o'zimning “Vatan qadri”, “Umr bir qo'shiq” nomli kitoblarimni tuhfa qildim. Tadbirda qatnashgan Zulfiya Mo'minova, Iskandar Rahmon, Islom Usmonov kabi ijodkorlar ham o'z kitoblaridan uyushmaga tuhfa qilganidan suyundim.
Aytishlaricha, shu kungacha ma'naviyat xonasiga bir dona ham kitob taqdim qilinmagan. Tashabbus bilan chiqilganidan so'ng ziyolilar, tegishli tashkilotlar rahbarlari uyushmaga o'nlab adabiyotlarni sovg'a qilgan. Shu tariqa, olti yuzdan ortiq kitoblar yig'ilgan.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari G'ayrat Majidovlar ishtirok etishdi va kitoblar sovg'a qilishdi.
Ziyoda RASULOVA,
jurnalist