Umr yo'llarida shamchiroq

Kitoblarda o'ziga xos joziba bor, kitoblar bizga huzur bag'ishlaydi: ular biz bilan suhbatlashadi, bizga olijanob maslahatlar beradi, bizning jonli do'stlarimizga aylanadi degan edi donishmandlardan biri.

Shu o'rinda bir necha javobsiz savollar tug'iladi. Bugun internet rivojlangan bir paytda elektron kitoblarning ommalashib borayotgani hech kimga sir emas. Biroq nashriyotlarda chop etilayotgan kitoblarning qadr darajasi bilan ularni tenglashtirib bo'larmikan? Ayni payt­da, yoshlarimiz kitob o'qishmayapti, deb bong urayotgan kattalarimizning o'zlari farzandlariga qay darajada o'rnak bo'lishmoqda? Ularning qanday kitoblarni sevib mutolaa qilishlarini bilishadimi? O'zlari qoyilmaqom qilib kitob o'qib: “falon kitobda odob-axloq haqida bunday, tarbiya xususida unday deyilgan”, deya ayta oladimi?

Kitob — inson ma'naviyatini shakllantiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Shu sababdan ham, ma'naviyat qudratli kuchdir. Ammo ba'zi hollarda mana shunday qudratli kuch, agar Abdulla Qahhor ta'biri bilan aytadigan bo'lsak, “o'tin yorish uchun” sarflanayotgani achinarli hol. Zero, kitob — insonni kecha va bugun bilan bog'lab turuvchi, o'tmishdan saboq beruvchi, nurli kelajak sari eltuvchi eng to'g'ri yo'ldir. Unda odam va olam sirlari, hayot falsafasi, umrlar ibrati, hayot haqiqati aks etgan.

Biz o'tmishi ulug', kelajagi buyuk xalqmiz. Qanchadan-qancha to'fonlaru bo'ronlarni, taloto'p­larni ko'rgan bu zamin — o'z bag'rida ne-ne allomayu, daholarni ulg'aytmadi deysiz. Moziydan bizga teran nigohlar bilan boqib turgan Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviylar, Imom al-Buxoriylaru Forobiylar, Navoiy, Boburlarning boy merosi hali-hanuzgacha o'rganilmoqda. Ular yaratib ketgan asarlar dunyo hamjamiyatidagi barcha olimlarni hayratga solayotgani hech kimga sir emas. Shunday ekan, nima uchun biz o'z ma'naviy boyliklarimizdan oqilona foydalanmasligimiz kerak?

Kitob orqali inson o'zidagi barcha qusurlardan xoli bo'lgani holda, komillik sari intiladi. O'zini jismonan va ruhan mukammal inson sifatida tarbiya eta boshlaydi. Bundan ko'rinib turibdiki, kitob — tarbiya o'chog'i, odob-axloq gulzoridir.

Qolaversa, saxiylik, to'g'riso'zlilik, kamtarinlik, ilm, saxovatpeshalik, rostgo'ylik, adolatparvarlik singari barcha ezgu xislatlar kitob orqali bizning qon-qonimizga singib boradi. O'zingiz o'ylang, oddiy bir hikmat qa'rida qanchalar ma'no-mazmun mujassam. Uning zalvori shunchalar buyukki, asrlar oshsa ham qadr-qimmati aslo kamaymaydi. Aksincha, inson qalbida yangi orzu-istaklar tug'iladi, uni hayotga chorlaydi, kishini fikrlashga majbur etadi, mus­taqil qadam tashlashga o'rgatadi.

Kitoblar qalb ko'zini yanada ravshanlashtirib, dunyoga adolat nigohlari bilan boqishni o'rgatadi. Hayot sinovlarida dovdirab, tentirab qolmaslik uchun ham umr yo'llarida bir shamchiroq misol porlab turadi. U zamon dolg'alarida o'zining qimmatbaho yukini avlodlardan avlodlarga beminnat yetkazib beruvchi kema. Bu kemadan xalqlarning urf-odatlari, an'analari, milliy qadriyatlari joy olgan. Shu o'rinda, bevosita, o'zbek xalq og'zaki ijodi namunalariga e'tibor qaratsak. Birgina “Go'ro'g'li”, “Dalli xush keldi”, “Alpomish”, “Kuntug'mish”, “Rustamxon” dos­tonlarida farzand tarbiyasi, kamoloti asosiy o'rin egallaydi. Ularda kattaga hurmat, kichikka izzat, ota-onaga ehtirom kabi insoniy tuyg'ular aks etgan. Unda yigitlar mard, jasur, vatanparvar etib tarbiyalansa, qizlari nihoyatda hayoli, iboli ekanligini ko'rishimiz mumkin. Endi ayting-chi, kitoblar chinakam ibrat o'chog'i, umr mazmuni emasmi?

Demak, ayni damda, “yoshlarimiz mutlaqo kitob o'qimayapti degan xulosadan biroz chekingan holda, men farzandlarimga yoki o'quvchilarimga ibrat bo'lish uchun qanday kitoblar o'qiyap­man?” — degan savolga javob axtarish payti kelmadimikan?! Birovdan kamchilik axtarish oson. “Sen unday qilishing kerak, sen mana bu kitobni o'qishing lozim, kompyuter, telefon titkilaguncha kitob o'qisang bo'lmaydimi?!” — deya olishimiz uchun ham avvalo, o'zimiz namuna bo'lishimiz darkor. Bu borada uzoq mulohaza yuritish mumkin, gapiraversak gaplar ko'p. Biroq quruq aravani olib qochishdan ne naf. Shu sabab ham, hurmatli ota-onalar, jonkuyar ustoz-murabbiylar yoshlarimizning to'g'ri yo'ldan borishi bevosita sizning zimmangizda ekanligini unutmang. Zero, har qanday navnihol, shamol qaysi tarafga essa, o'sha tomonga bosh egadi. Ularning tik, sarvqomat bo'lib unish­larida beminnat e'tiboringizni ayamasangiz, foydadan xoli bo'lmasdi. Bugundan boshlab o'zingizga savol berib ko'ring: “Men qaysi kitobni o'qiyapman?”…

Dilnoza ABDUHAMIDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 4 =