Hikmat va ibrat dorilfununi

O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi

 

Abdulla Oripov — fenomenal ijodkor. Hayot va ijod yo'li bugungi va kelajak avlodlar uchun ham ibrat bo'la oladigan ulug' donishmand shoir. Ustoz haqida xotiralarim, aslida, ko'proq. Ul zotning pok ruhi oldidagi mas'uliyat esa undan ham zalvorli. Shu bois xotiralarni imkon qadar “saralash”ga harakat qildim.

Shoir bilan uchrashuv

Bolalikdan bu ulug' shoir asarlari ta'sirida o'sganmiz. Uyimizga akam Abdulla Oripovning “Ruhim” nomli she'rlar to'plamini olib kelgan. Kitobdagi aksar she'rlarni yod olib, adabiyot muallimimiz Sharif aka Oqnazarovga aytib berganlarim va u kishining alqaganlari ustoz shoir bilan ilk g'oyibona diydor bo'lganini qanday ham eslamay axir…

Talabalik yillarimizda “Yuzma-yuz”, “Najot qal'asi”, “Yillar armoni” to'plamlarini guruhimiz bilan o'qib, teran falsafa va yuksak badiiyatni mujassam etgan she'rlari mag'zini chaqishga uringanlarimiz bizda adabiyot haqidagi ilk tasavvurlarni shakllantirgani ayni haqiqatdir. O'sha yillari O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hozirgi Amir Temur xiyo­bonida joylashgan binosida o'tadigan har bir mushoirada ishtirok etganmiz. Zamonamizning Abdulla Oripov degan mashhur shoirini ilk bor ana shu adabiy yig'inlarda ko'rganmiz. Esimda, shunday yig'inlardan biri rus tilida olib borilayotgan edi. Biz — universitet talabalari ich-ichimizdan bunga ajablanganmiz (norozilik degan tushuncha o'sha kezlari xayolimizga ham kirib chiqmagan). Birdaniga so'z navbati Abdulla Oripovga berildi. Shoirning “Assalomu alaykum” degan samimiy va jarangdor ovozi shu qadar olqishlandiki, gulduros qarsak­lardan zal jaranglab ketdi go'yo. Abdulla aka uch-to'rt she'r o'qidi-yu zalga qaytdi. Biz uni yaqindan ko'rish ilinjida bo'ynimizni cho'zib, u tarafga qarar edik. Nazarimizda, shoir shu qadar yuksaklikda ediki, u bilan suhbatlashish mumkin emas edi go'yo. Buni hatto tasavvurga ham sig'dirishimiz imkonsiz tuyulgan bizga. Lekin u zaldagi o'rindiqqa qayta o'tirmadi. Sekin chiqib ketdi. Shundan keyin­gi necha-necha uchrashuvlarda ham u ayni shu odatini takrorlaganiga guvoh bo'lganmiz.

Bizdan kattaroq avlod va tengdosh­larimiz qalbiga milliy istiqlolga intilish, kindik qonimiz to'kilgan Vatanga, ona xalqimizga muhabbat, uning yorug' kelajagiga ishonch ruhi Abdulla Oripovning o'tli she'riyati bilan birga singgan desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Yanglishmasam, 1986 yili edi chamamda. Talabalar shaharchasida ajib bir xushxabar tarqaldi: “To'qimachilar madaniyat saroyi­­da Abdulla Oripov bilan uchrashuv bo'lar ekan!” Bu xabar yashin tezligida har bir talabaning qulog'iga, yo'q-yo'q, qulog'iga emas, qalbiga yetib borgan edi. O'sha kuni hozirgi Yengil sanoat vazirligi joylashgan bino talabalar shaharchasining yuragiga aylandi. Bo'lajak filolog va jurnalistlargina emas, universitetning barcha fakultetlari, Toshkent politexnika, avtomobil yo'llar institutlari talabalari, minglab she'riyat muxlislari — hamma To'qimachilar madaniyat saroyida jam bo'ldi. O'tiradigan joyga-ku orzu qilib ham erishish mushkul edi, shoirni tik turib tinglash uchun joy topish ham har kimga nasib qilmagan. Biyobonning qaqroq zamini “obi hayot”ni qanday tashnalik bilan sipqorsa, nazarimda, chanqoq qalblar shoir she'rlaridan ana shunday halovat olgan. Juda ko'p savol berildi desam, voqelikni to'laqonli ifodalay olmagan bo'laman. Savollar yomg'irday yog'ildi. Ularga berilgan javoblar esa yuksak donishmandlik va teran tafakkur mevalari edi. Jumladan, kimdir: “Abdulla aka, “Din xalq uchun afyundir”, deyishadi. Xalq tabobatida afyundan ham davo sifatida foydalaniladi-ku…”, deya savol bergan. Ustoz esa: “Bu savolni bergan ukamiz teran tafakkur egasi ekani ko'rinib turibdi. Haqiqatan, jamiyatdagi juda ko'p ma'naviy illatlarni muolaja etishda dinning foydasi ko'p”, deya qisqa va lo'nda javob bergan. Har bir o'qilgan she'r, har bir savol-javob qalblarga malham bo'lgan. Ruhim yettinchi samoga ko'tarilib chiqqanman o'sha uchrashuvdan. Mubolag'asiz aytishim kerak, o'sha uchrashuvda qanday tuyg'uni tuygan bo'lsam, shoirning har bir yangi she'rini o'qiganda ham xuddi shunday halovatni his etganman.

O'sha kezlari Abdulla Oripov bilan salomlashgan, yonma-yon yurgan odamlar, nazarimizda, qandaydir sir­­li bir olamning yuksak xilqatlari bo'lib tuyulgan. Unga yaqinlashish, u bilan muloqot qilish erishib bo'lmaydigan, hech qachon ushalmaydigan orzu edi, bizningcha… Lekin biror kun uning she'rlaridan ayri yashamaganmiz. Agar yillar o'tib, bizda adabiyotni anglash, uning sir-sinoatga to'liq olamidan bahra olish borasida ozgina qobiliyat paydo bo'lgan bo'lsa, adabiyotshunoslikda biror ilmiy natijaga erisha olgan esak, bu Abdulla Oripov she'riyatiga oshnolik sharofatidandir.

Samimiy muloqot baxti

1999 yili yangi ta'sis etilgan “Fidokor” gazetasida o'rindoshlik asosida bo'lim mudiri sifatida ishlay boshladim. Bosh muharrir Jaloliddin Safoyev kaminaga gazeta uchun ustoz Abdulla Oripov bilan suhbat uyushtirish vazifasini yukladi. Ustoz­ning bo'sh vaqtlarini topishim ancha qiyin bo'ldi. Baxtimga, suhbat vaqti tayinlandi. Adabiy gurung bosh­landi. Juda samimiy kechdi suhbatimiz. Muloqotni ovozyozgichdan qog'ozga o'tkazgach, kelishuv bo'yicha matnni telefonda ustozga o'qib berdim. Telefondagi mutolaa jarayonida ustoz matnga bir nechta benihoya o'rinli tahrir kiritganidan hayratga tushdim. Abdulla Oripovning haqiqiy so'z zargari ekanini amalda ko'rdim axir! Matnni og'zaki tinglaganda ham tahrir eta bilish — buning uchun qanchalik yuksak zako, chuqur bilim va ulkan tajriba kerak. Gazetaning 1999 yil 27 may sonida bosilib chiqqan suhbat shoir “Tanlangan asarlar”ining to'rtinchi jildiga ham kiritilgani iftixor bag'ishlaydi menga.

2003 yili “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga ishga taklif qilindim. O'sha kezlari O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti bo'lish bilan bir vaqtda adabiyot ahlining ana shu yuksak minbarida dastlab bo'lim mudiri, keyin bosh muharrir o'rinbosari sifatida ishlaganman. Yozuvchilar uyushmasining nashri hisoblangan bu gazetadagi faoliyatim meni uyushmaning o'sha paytdagi rahbari ustoz Abdulla Oripov bilan yanada yaqinlashtirdi. Abdulla akaning maqolalarini gazetaga tayyorlash jarayonida bu ulug' ijodkorning so'zga mas'uliyati nechog'li yuksak ekanini ko'rib, to'g'risi, hayratim oshgan. Gazetaning 2004 yil avgust sonlaridan birida ustozning “Ertangi kun ishonchi” sarlavhali maqolasi bosildi. Tahririyatga oyning o'rtalarida topshirilgan maqola ustida qariyb ikki hafta davomida ustoz bilan birga ishladik. U kishi har kuni muntazam ravishda bir necha marta qo'ng'iroq qilib, qaysi sahifaga qanday tahrir kiritishni so'zma-so'z aytib turar, men bu tuzatish­larni matnga kiritar edim. Maqola gazetada bosilishidan bir kun avval esa ustoz tahririyatga keldi. Abdulla aka, bosh muharririmiz Ahmadjon aka Meliboyev va kamina birga o'tirib, tahrirni davom ettirdik. Ikkala ustoz o'z tahrirlarini kiritgach, mening fikrim bilan ham qiziqishdi. Tortinib-qimtinib ba'zi fikrlarni aytdim — ustoz mamnuniyat bilan qabul qildi. Maqola so'ngidan mana bu to'rtlik ham o'rin olgan edi:

Darvesh umr bo'yi chekib g'am, zahmat,

Dunyoda haqiqat axtardi faqat.

Bir kun o'rab dedi uni xaloyiq:

Haqiqat o'zing-ku, o'zing haqiqat!

Dastlabki variantda to'rtlikdagi “xaloyiq” o'rnida “olomon” so'zi qo'llangan edi. Ming bir istihola bilan: “Olomon” so'zida salbiy ohang bor. Aslida haqiqat darveshning o'zi ekanini anglagan toifani “olomon”dan ko'ra “xaloyiq” deyilsa, afzal bo'lmasmikan?!” — deya fikr bildirdim. O'sha zahoti ustoz: “E, “xaloyiq” deb o'zgartir, judayam to'g'ri!” — dedi mamnuniyat bilan. Ustozni kuzatib qo'ydik. Kechki payt telefon jiringladi. “Lab­bay!” deya go'shakni olsam, ustozning ovozlari: “Nurboy, o'tgan barcha ulug' ustozlarim va shaxsan o'zim nomimdan senga ming bor tashakkur “olomon”ni “xaloyiq”qa aylantirganing uchun!” — dedi samimiyat va mehr bilan. Zamonamizning shunday ulug' ijodkori yosh bir muxlisining fikriga shu qadar e'tibor bilan qarashi, badiiy so'zga bo'lgan yuksak talabchanligi chindan hayratga loyiq. So'zni qay darajada qadrlash, e'zozlash zarurligi haqidagi bu saboq chinakam ijodkorlik o'rnini yaltiroq so'zbozlik egallayotgan bugungi kunda naqadar ahamiyatli ekani izoh talab qilmaydi.

Ana shunday muloqotlar ustoz bilan bizni yaqin odamlarga aylantirdi. Bir kuni ustoz: “Uyushmaning adabiy tanqid kengashida ish sustroq ketyapti. Shu kengashni sizga topshirsak, jonlantirib bersangiz”, deb qoldi. Ming istihola bilan: “Buning uchun uyushma a'zosi bo'lish kerakmi, ustoz”, — dedim. Abdulla akam: “Adabiyot gazetasining bosh muharrir o'rinbosari bo'lib, hali uyushmaga a'zo emasmisiz?” — deb tezda hujjat tayyorlashni buyurdi. Shunday qilib, ustoz­ning tavsiya­si bilan Yozuvchilar uyushmasi a'zosi bo'ldim.

2004 yili doktorlik dissertatsiya­sini himoya qildim. Fan doktori dip­lomini olganimda bir piyola choy bahonasida bir guruh ustozlarning suhbatini olish istagi tug'ildi. Abdulla aka “Adolat ko'zgusi” nomli yangi nashrdan chiqqan to'plamini tuhfa sifatida olib kelibdi. Kitobdagi dastxatni ustozning o'zi o'qib berdi: “Katta olim ukam Nurboyga fan doktori degan yuksak rutbaga erishgan kunida sovg'a qilindi”. Imzo va sana qo'yilgandan keyin ustoz: “PS” ilovasi bilan: “Aytib qo'yay: sen adabiyotimiz uchun vaqtida yoqqan yomg'irsan!” — deb yozibdi. Kutilmagan va bunchalik samimiy bu e'tirofdan boshim ko'kka yetdi. “Ustoz, balki vaqti kelib yana ko'p e'tiroflarga loyiq ko'rilarman. Biror adabiyotshunosga shunga o'xshash baho berganmisiz-yo'qmi, bilmayman. Lekin sizday ulug' shoirning bu bahosi yosh bir ilm odami erishishi mumkin bo'lgan yuksak e'tirofdir. Bu — bizga berilgan avans. Ishonchingizni oqlashga harakat qilaman”, dedim hayajon bilan. Shu bois nimaiki yozmay, tepamda ustoz shoirning sinchkov nazarini sezaman. Uning ishonchiga munosib bo'lishga intilaman.

Abdulla Oripov ijodi haqida bir qancha maqolalar yozganman. Shunday maqolalardan biri “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasining 2007 yil 26 oktyabr sonida “Go'zal tashbih, sirli ruh…” sarlavhasi bilan e'lon qilingan. Maqola chop etilishidan avvalroq bir kuni ustozning oldiga kirsam, Moskvada chiqadigan “Roman-jurnal XXI vek” nashrini oldimga qo'ydi. Jurnalda Farhod Hamroyevning Abdulla Oripov va rus shoi­ri Nikolay Rubsov she'rlarining qiyosiy tahliliga bag'ishlangan “Filosofiya jizni i lyubvi poetov” sarlavhali tahliliy maqolasi bosilgan edi. Ustoz: “Talab­gorlar ko'p. Lekin bu maqolani siz tarjima qilishingizni istayman”, dedi. To'g'risi, yelkamdan qanot o'sib chiqqandek bo'ldi. Zamonamizning ulug' shoiri shunday ishonch bildirgani ko'ksimni tog'day ko'tardi. Shuning barobarida, buning nechog'li katta mas'uliyat ekanini ham his etardim.

Tarjimani yakunlab, “Jahon adabiyoti” jurnaliga topshirgan kunim ustoz davolanayotganini eshitib, ziyorat uchun 1-sonli hukumat shifoxonasiga yo'l oldim. Abdulla aka: “Jahon adabiyoti”dan telefon qilib, tarjima zo'r chiqqanini aytishdi. Bunga ishonchim komil. Lekin baribir “Adabiyot va san'at”dagi maqolangiz bosh­qacha yozilgan. U maqola emas, “qo'shiq bo'lgan”, dedi. Qalb qo'ri bilan yozilgan maqolam ustozga shunchalik ma'qul kelgani ko'nglimni yana ko'tardi. Ustoz bilan suhbat juda samimiy bo'ldi. Jahon adabiyoti darg'alari, xususan, Gyote va Shekspir ijodi haqida hech qaerda o'qimagan, eshitmagan nodir fikr­larni aytdi ustoz. Asosan shoir sifatida biladiganimiz Pushkin rus prozasining taraqqiyotini belgilab bergani, “Dubrovskiy”, “Kapitan qizi” romanlari va qissalari nasrning eng yuksak namunalari ekani haqidagi fikr­lar biz uchun tamomila yangilik edi. Abdulla aka fikrlariga aniq misollar keltirib, shu qadar yoniq va haroratli gapirardiki, bizning oldimizda zamonamizning atoqli shoirigina emas, jahon adabiyotining nodir tadqiqotchisi o'tirganini his etish qiyin emas edi. Ha, u kishi bugungi Abdulla Orif darajasiga yetguncha qanchalik katta ko'lamdagi badiiy, ilmiy adabiyotlarni o'qigani, o'qibgina qolmay, butun mohiyati bilan uqqani ayon edi. Ustoz erishgan kamolot sirlarining bir qismini anglaganday bo'lganman o'sha kezda.

Tengsiz shoir, benazir notiq

Abdulla Oripov she'r yozish bobida tengsiz ekani isbot talab qilmaydi. Ustoz she'rni tinglovchining qalbiga yetib boradigan darajada o'qish borasida ham benazir edi. Ha, nechog'li tengsiz shoir bo'lsa, shunchalik salohiyatli notiq ham edilar. 2015 yili xorijda davolanib kelgan kezlari ustozni Milliy universitetda o'tkaziladigan til bayramiga taklif qildim. Ustoz taklifni xursandchilik bilan qabul qildi. Universitet madaniyat saroyi katta zali professor-o'qituvchilar va talabalar bilan to'lgan. Abdulla Orifni ideal deb biladigan o'zbek filologiyasi va jurnalistika fakultetigina emas, matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, geografiya… xullas, barcha fakultetlar yoshlari ishtirok etyapti tadbirda. Ustoz kirganda, zal olqish­larga ko'mildi. So'z navbati zamonamizning ulug' shoiriga berilganda, talaba yoshlar yana bir karra samimiy olqishladi.

Ustoz ona tilining har qanday xalq uchun eng ulug' ne'mat ekanini mana bu hikoya orqali ta'sirchan ifodaladi: “Sho'rolar zamoni edi. Rus shoi­ri Andrey Voznesenskiy bilan adabiy hamkorlik doirasida Janubiy Koreyaga bordik. Garchi shoir deb nom chiqargan bo'lsak ham, cho'ntagimizda “hemiri” yo'q. Lekin ko'ngil-da, bozoru do'konlarni aylangimiz keldi. O'zga mamlakat, bozorlari qanday ekan, deb qiziqdik-da. Aylanib yurib, yoyma bozorga borib qoldik. Bir koreys ayolning savdo rastasidagi chiroyli tufli ko'zimga yaxshi ko'rindi, shekilli, qo'limga olib ko'rdim. Lekin na Andrey til biladi va na men. Biron og'iz so'z so'ray olmaymiz. Shu payt kampir menga qo'llarini paxsa qilib, qattiq koyiy bosh­ladi. Hayron bo'ldim, nima deya­yotganini tushunmasam. Andrey ham hayratda. Birpasda ancha-muncha odam yig'ildi. Oxiri ularning ichida ruschani sal-pal biladigan bir kishi topildi. Uning so'zlaridan ang­ladikki, kampir menga: “Koreys bo'la turib, ona tilingni unutishga uyalmadingmi?”, deb koyiyotgan ekan… Ana shunday voqealarga ham guvoh bo'lganman. Qissadan hissa shuki, ona tiliga muhabbat insonning insonligini, millatning millatligini ko'rsatuvchi bosh mezon”.

Bu fikrlarni zal gulduros olqish bilan qarshiladi. Shundan keyin ustoz roppa-rosa qirq besh daqiqa she'r o'qidi. Mening esa jonim halak: mabodo adabiyotdan yiroq biror talaba odobsizlik qilib qo'ysa, ustoz­ning kayfiyatiga yomon ta'sir qilishi mumkin edi-da, axir… Lekin… Haqiqiy she'r hammani muxlis qilib qo'yar ekan. Biz kitobdan, adabiyotdan yiroq deb o'ylaydigan zamonamiz yoshlari qirq besh minut davomida hayrat bilan tingladi ustozning she'rlarini. Abdulla akam nutqini yakunlagach, zal yana oyoqqa qalqib, gulduros qarsaklar bilan olqishladi. Tadbir tugagach, yoshlar ustoz bilan izma-iz borib, u kishidan dastxat olishdi. Yuzlab talabalar zamonamizning atoqli va ardoqli shoirini mashinagacha ehtirom bilan kuzatib qo'ydi. Men esa haya­jon bilan: “Ustoz, ko'ryapsizmi, bugungi yoshlar ham sizning she'rlaringizning otashin muxlislaridir. Ular sizni naqadar e'zozlashini isbotlayaptilar”, dedim. Abdulla akamning yuz-ko'zidan xursand­ligi yaqqol sezilib turar edi.

Unutilmas saboqlar

Abdulla Oripovning har bir qadami hikmat, har bir so'zi ibrat namunasi edi. Odamiylik fanini mukammal egallagan noyob siyrat egasi edi ustoz. Kunlardan birida ustozning muolajada ekanini eshitib, ziyo­ratiga bordik. Tabiiyki, o'zbekning urfiga ko'ra, davolanayotgan odamning oldiga quruq qo'l bilan borilmaydi. U-bu bozorlik qilgan bo'ldik. Bizni samimiy tabassum ila kutib olgan Abdulla akam: “Domla, bu narsalarni ko'taring, Matyoqub akaning oldiga o'tamiz”, dedi. Ma'lum bo'lishicha, zamonamizning ulug' olimlaridn biri, akademik Matyoqub Qo'shjonov ham shifoxonada muolaja olayotgan ekan. Shoirning o'zini emas, ustoz olimni o'ylagani, uning ko'nglini olish payi­­da bo'lganiyoq biz uchun unutilmas saboq edi. Matyoqub aka katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Suhbat qizigandan-qizidi. Badiiyat sirlari, matn ustida ishlash usullari, ijodkor laboratoriyasi… Ikki alloma, ikki mutafakkirning suhbati bizni adabiyotning hech bir kitobdan o'qib o'rganib bo'lmaydigan sehrli olamiga olib kirdi. Qanchalik ulug' ne'mat edi-ya o'sha suhbat. Diktofonga yozib olmaganim uchun hozirgacha afsuslanaman.

O'sha suhbatda yana bir odob darsini ham olganman. Gap shundaki, o'sha kezlari “Tafakkur” jurnali bosh muharriri o'rinbosari bo'lib ishlar edim. Matyoqub aka: “Nurboy, “Tafakkur”da ishlayotganingizni eshitdim. Menga telefon raqamingizni yozib bersangiz. Siz bilan maslahatlashadigan gaplarim bor”, deb qoldi. Yashirmayman, shunday mashhur akademik men bilan maslahatlashmoqchi bo'lganidan ich-ichimda quvonch hissi paydo bo'ldi. Telefonimni yozib bermoqchi ham bo'ldim. Shu payt Abdulla akam qat'iy ohangda mana bunday dedi: “Domla, Nurboy shogirdingiz-ku… U sizga o'zi qo'ng'iroq qiladi”. To'g'risi, ichimdagi o'ydan uyalib ketdim. Shu gapni men aytishim o'rniga ustozning e'tiboridan o'zimcha xursand bo'lganimni o'ylasam, hozirgacha xijolat chekaman. Shogirdning ustoz oldidagi odobi qanday bo'lishi kerakligi haqida olgan o'sha saboq bir umrga tatigulikdir.

Abdulla Orif – sho'ro mafkurasi hukm surgan murakkab va ziddiyatli bir davrda she'riyatimizga chinakam milliy ruhni olib kirgan naziri yo'q shoir. “Mayli, buyuklarga intilish bo'lsin, jahonning, bashariyatning eng ilg'or fikrlariga oshnolik bo'lsin, G'arb, Yevropa, Amerika deysizmi, mayli Lotin Amerikasi, mayli Oymi, Marsmi… darajasida fikrlashsin, lekin o'zbek fikrlasin, o'zbekcha fikr­lasin! Agar shu “kichkinagina” shart bajarilsa, qolganiga, albatta erishamiz”, degan yoniq va haqqoniy so'zlari ijodkorlarning bugungi va kelajak avlodi uchun ham mezon bo'la oladi. O'z ijodi misolida o'zbek tilining butun latofati-yu ifoda imkoniyatini, fasohatiyu balog'atini to'laqonli namoyon eta bilgan nodir salohiyat egasi edi Abdulla Orif. O'zbekning urf-udumiga hayotda ham to'laqonli amal qilgani uning so'zida o'zi aks etganiga yorqin dalildir.

O'g'limni uylantirganimda Abdulla aka xorijda davolanishda edi. Uylariga borib, taklif xatini qoldirdim. Kelganlarida ziyoratiga o'tdim. Baxtimga, o'sha paytda muhtaram ustozlar Erkin Vohidov va Ibrohim G'afurov ham borib qolishdi. Taxminan uch-to'rt soat zamonamizning ikki daho shoiri Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning suhbatini tinglash baxtiga muyassar bo'ldik. Ora-orada Ibrohim aka qo'shilib turganini e'tiborga olmasa, davradagi boshqa biror odam bu suhbatga qo'shilishga jur'at etmadi. Vatan va millat tarixining shonli sahifalaridan ayanchli davrlarigacha, hayot va ijod falsafasidan adabiyot, ayniqsa, she'riyat olamining sir-sinoatlarigacha, jahon adabiyoti klassiklari ijodidan bugungi adabiy jarayongacha bo'lgan barcha masalalar xususida shunday nodir fikrlar aytildiki, uni butun tafsilotlari bilan yozish imkonsiz. Ikki benazir ijodkorning muloqotini ikki ulug' daryoning ko'ngil sahrolariga obi hayot bilan jon bag'ishlashiga qiyoslash mumkindir, ehtimol. Ulug' mutafakkirlardan biri: “Ilm – ovning o'ljasi, uning xatga bitilishi – ovning qafasga solinishidir”, deganini o'qiganman. Bu suhbatni o'sha kunlariyoq daftarga yozib qo'ymaganimni o'ylasam, yana o'zimni kechirolmayman. Afsus, aksar ne'matlarning qadrini undan ayrilgandagina his etar ekan-da, odam.

Oradan o'n-o'n besh kun o'tib, Abdulla akam telefon qilib, to'y qutlug' bo'lsinga o'tishini aytib qoldi. O'zimda yo'q quvondim. Ustoz aytilgan kuni yangam bilan kelib, uyimizni ham, ko'ng­limizni ham obod qilgani bir umr yodimdan chiqmaydi. Mana, o'zbekning qadimiy urfiga sadoqat, kichik bir shogirdga izzat… Biz ham bolalarimning onasi Shahloxon bilan ko'p marta Abdulla akaning fayzli xonadonlarida ustozning hikmatlarga to'liq beqiyos suhbatlaridan, o'zbek ayoliga xos barcha fazilatlar egasi Xanifa yangamizning biri-biridan laziz taomlaridan bahramand bo'lganmiz. Yana bir gap: faxr ila ayta olamanki, ustoz Begali Qosimovning kenja o'g'li Shohruxjon uchun ustoz Abdulla Oripovning kenja qizi Ruxsoraga sovchi bo'lishdek mas'­uliyat ham mening zimmamga tushgan. Ushbu ikki ustozning dilbandlari jamiyatda o'z o'rnini topgan baxtli oilalardan. Ming shukrki, bugungi kunda ular Mironshoh, Oybek va Burhoniddin degan uch o'g'ilni tarbiyalab voyaga yetkazyaptilar. Bu jajji nevaralar ham ulug' bobolari singari Vatan va millat taraqqiysiga xizmat qilishidan umid­vormiz.

Sakson yosh… Aslida, ayni zamonda yetib bo'lmas marra emas. Qaniydi, sakson yillik yubileyni ustozning o'zlari ishtirokida nishonlaganimizda… Lekin… taqdirga tadbir yo'q ekan-da… Abdulla Oripov juda uzoq bo'lmagan, lekin behad barakali umrida milliy adabiyotimiz rivojiga beqiyos hissa qo'shdi. Uni jahon badiiy-estetik tafakkuri cho'qqisiga olib chiqish yo'lida munosib xizmat qildi. Milliy she'riyatimizda o'ziga xos maktab yaratdi. Adabiyotimizning keyingi oltmish yili uning ijodiyoti ta'sirida kechgani, Abdulla Oripovdan keyin ijod maydoniga kelgan barcha shoiru adiblar, istisnosiz, uning she'riyatidan saboq olgani buning yorqin isbotidir. Ishonch bilan aytish mumkinki, ulug' shoirning mahorat maktabi bundan keyin ham milliy adabiyotimiz ravnaqida alohida o'rin tutadi. Zamonaviy o'zbek adabiyotining tan olingan darg'asi ustoz Abdulla Oripov bilan aka-ukaday yaqin bo'lish hamda uning hikmat va ibrat dorilfununida saboq olish imkonini ato etgani uchun Yaratganga qanchalik shukrona aytsam, shunchalik oz.

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =