Til — millat g'ururi

YuNESKO ma'lumotlariga ko'ra, bugun dunyoda 6 ming 909 til mavjud bo'lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz — o'zbek tilining borligi millatimizning iftixoridir.

Prezidentimiz 2019 yil 21 oktyabrda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to'lishi munosabati bilan “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonini imzolagan edi.

Mazkur Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, avvalo, ona tilimizning xalqaro hamjamiyatda nufuzini oshirsa, mamlakat misolida o'z davlatchiligimiz borligini ko'rsatadi. Farmondan kelib chiqib, bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar — Konsepsiya ishlab chiqildi, Dastur qabul qilindi va asosiy yo'nalishlar timsolida bayon etildi.

Davlat xizmatlari agentligi o'z ish tartibini Prezident farmonida belgilanganidek davlat tiliga binoan tashkil etgan. Hozirgi paytda hokimliklar, tashkilot, korxona va muassasalar tizimida hal etiladigan ayrim masalalar, aytaylik, aholining uy-joyga, mulkka, oilaviy sharoitini yaxshilash, foydali mehnat bilan band bo'lishida maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan foydalanish singari qator vazifalarni belgilangan tartibda ro'yxatga olish Davlat xizmatlari agentligi va uning bo'limlari tomonidan hal etilayapti.

Va yana fuqarolarning turli sohalarga oid ijtimoiy-huquqiy egaligini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlash, egasiga taqdim etish ishlari ham bizning agentlik tomonidan amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, xodimlarning davlat tiliga amal qilish, ish yuritish malakasini oshirish, hujjatlashtirish jarayonida kechadigan mijoz bilan muomala madaniyatini o'zbekona odob-axloq doirasida shakllantirish ishlari yo'lga qo'yildi.

O'zingizga ma'lum, Farmonda mamlakat miqyosida davlat tilining ahamiyatini oshirish, tashkilot va idoralarda hurmatini saqlash, joylarda atamalarni o'zbekchalashtirish ishlariga alohida ahamiyat qaratilish lozimligi ham aytib o'tilgandi.

Yashirishga hojat yo'q, ishlash jarayonida ayrim tashkilot va idoralar tomonidan davlat tiliga jiddiy e'tibor qaratilmayotgani sezilib qolayapti. Aytaylik, poytaxt va viloyatlardagi markaziy shaharlarda ko'cha yozuvlariga bepisandlarcha qarash kabi holatlar haligacha saqlanib qolgan. Vaholanki, chekka hududlarda yashovchi aholi markaziy shaharlarga, ayniqsa, poytaxtga faqatgina savdo-sotiq uchun emas, balki dam olish, mehmon sifatida ham tez-tez kelib turishadi. Ko'cha yozuvlarini ko'rganda o'qib tushunmasligi tayin, ammo ba'zi hollarda qaysi joyga kelib qolganini anglolmay qolayotgani biroz tashvishli. Buni agentlikka ish bilan kelayotgan odamlardan ham eshitayap­miz.

Albatta, agentligimiz ish faoliyatida bitta tamoyilga amal qilib keladi, ya'ni boylik, hashamni istagan paytda, istagancha topish mumkin, ammo Vatanni, xalqni, millatni topish uchun, avvalo, o'zligimizni anglab olishimiz kerak. Onalarimizning oq suti bilan kirgan tilimizni asrab-avaylab, uni kelajak avlodga sof holda yetkazish burchimiz.

Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida belgilanganidek, o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirishga, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga har bir yurtdoshimiz mas'ul bo'lmog'i kerak.

Shuningdek, mazkur yilning 1 aprelidan boshlab rahbar kadr­larning o'zbek tili va adabiyoti bo'yicha bilimini baholashning milliy test tizimi asosida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi ham farmonda aytilgandi. Shu kunlarda agentlikning barcha mas'ul xodimlari kelajakda yetuk kadr sifatida shakllanish uchun davlat tilini bilish bo'yicha daraja sertifikatlarini olishga tayyorgarlik ko'rmoqda.

O'zingizga ma'lum, agentlikka biron muammoli masalani hal etish uchun kelayotgan fuqarolar, asosan, davlat tilida murojaat qilishadi. Qolaversa, O'zbekistonda istiqomat qilayotganini ich-ichidan sezib turishi davlatimizga bo'lgan ishonchini yanada orttiradi. Shundagina odamlar mamlakat taraqqiyotida, istiqboldagi erishiladigan marralarda yelkadosh bo'ladi.

Madorbek MAShRAPOV,

Davlat xizmatlari agentligi mas'ul xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 2 =