QURBONLIK KIMLARGA VOJIB?

Qurbonlik qilish ushbu sifatlarga ega kishilarga vojibdir:

  1. Musulmon;
  2. Hur;
  3. Muqim;
  4. Boy.

Boylikning mezoni asl hojatidan tashqari 20 misqol (84 gramm) tillaga yoki 200 dirham (640 gramm) kumushga yoxud shu miqdordagi mablag'ga, tijorat moliga ega har bir musulmon, hanafiy mazhabiga ko'ra, qurbonlik qilishi vojibdir. Bunday nisobdagi boylikka ega kishining moli ustidan bir yil o'tishi shart emas.

Boy kishidan maqsad fitr sadaqasi berishga qodir kishi nazarda tutiladi. Qurbonlik faqat erkaklarga vojib emas. Qurbonlik aqlli, balog'atga yetgan, musulmon, hur, muqim, qurbonlik qilishga qodir erkagu ayolga vojibdir.

Shofeiy, molikiy va hanbaliy maz­hablariga ko'ra, qurbonlik qilish sunnati muakkadadir. Hanbaliy mazhabiga ko'ra, qaytarish imkoniga ega kishi qarz olib bo'lsa-da, qurbonlik qilishi lozim (“Al-Fiqhu alal mazahibil arba'a”).

Mazhabboshimiz Imomi A'zam rahmatullohi alayh qurbonlik so'yishning hukmini Qur'on va sunnatga tayanib vojib degan. Boshqa mazhablar sohiblari sunnati muakkada deganlar.

Olim yoki ilm ahli bo'lmagan kishilardagi kitoblar asliy ehtiyoj hisobiga o'tmaydi. Uch bosh sarpodan ziyod kiyim, zaruriy ehtiyojdan ortiq bo'lgan uy, ortiqcha yer va uy nisobga kiritiladi.

Bir kishining dala yeri bo'lsa va u dalasidan o'zining va oilasining bir yillik nafaqasini ta'minlasa, unga qurbonlik vojib bo'ladi. Agar daladan yig'ishtirib olingan mahsulot bir yilga yetmasa, u kishi faqir hisoblanadi (“Raddul muxtor”, “Durrul muxtor”, 6-jild, 312-bet).

Kambag'al va musofir qurbonliklarini so'yishgandan so'ng, hayitning uchinchi kuni tugamasdan boy va muqimga aylansa, avvalgi qurbonligi kifoya qiladi. Sahih qavlga ko'ra, yana qayta qurbonlik qilishi shart emas (“Raddul muxtor”, 6-jild, 316-bet).

O'ziga qurbonlik vojib bo'lgan kishi balog'atga yetmagan farzandlariga ham qurbonlik qilishi mustahabdir (“Javhara”, “Raddul muxtor”, 6-jild, 241-bet).

Qurbonlikni faqat oila boshlig'i emas, balki oiladagi moli nisobga yetgan barcha kishilar so'yishi vojibdir. Ayrim kishilar: “Men har yili qurbonlik qilaman. Bu yil ayolim qurbonlik qilsa bo'ladimi?” deb so'rashadi. Bu xato. Agar ayolga ham qurbonlik vojib bo'lsa, har yili eru xotin birgalikda qurbonlik qilaverishadi.

Qurbonlik qanday hayvonlardan qilinadi?

Qurbonlik uch xil hayvondan qilinadi:

  1. Kichik mol (qo'y, echki);
  2. Qoramol (sigir, ho'kiz, qo'tos);
  3. Tuya.

Echkining bir yoshlisi, qo'yning bir yoshga to'lgani yoki 6 oylik bo'lsa-da, bir yoshliday semirib, katta bo'lgani qurbonlik qilinadi.

Tuya kamida 5 yashar bo'lishi, qoramol esa kamida 2 yoshga to'lgan bo'lishi kerak. Ushbu hayvonlarning erkagini ham, urg'ochisini ham qurbonlik qilish joiz. Agar qurbonlik qilinadigan hayvonlarda shu shartlar bo'lmasa yoki jonivorning biror a'zosida nuqson bo'lsa yoxud cho'loq bo'lib, qurbonlik qilishga yaramasa, bunday jonivorlarni qurbonlik qilmagan ma'qul.

Vahshiy hayvonlar, tovuq va kurka kabi parrandalar qurbonlik qilinmaydi. Tovuq, xo'roz va kurka kabi parrandalarni qurbonlik niyatida so'yish majusiylarning odati bo'lgani uchun tahrimiy makruhdir.

Qo'y va echki qanchalik katta bo'lmasin, faqat bir kishi uchun qurbonlik qilinadi. Qoramol va tuya yetti va undan kam kishilar uchun so'yiladi. Qiymati teng bo'lsa, bir qo'y so'yish bir qoramol va bir tuyaning yettidan biridan afzaldir. Agar yirik hayvon (tuya yoki qoramol)ning yettidan biri qiymatliroq bo'lsa, u afzaldir.

Qurbonlikka atalgan hayvon so'yilishidan avval bolalasa, uning bolasi ham birgalikda so'yiladi (“Sunani Abu Dovud” 10/455).

Ayrimlar bolasi so'yilmaydi, sadaqa qilinadi, deyishgan. Bolasini tiriklayin sadaqa qilish mustahabdir.

Qurbonlikka atalgan hayvon shoxli yoki shoxsiz bo'lishi, shoxining singanligida hech qanday monelik yo'q, qurbonlik qilinaveradi. Chunki shox hech narsani hal qilmaydi. Ayrim faqihlar shoxning biri yoki ikkalasi ham tubidan sinsa, joiz emas, deyishgan. Yoshligida shoxlari ataylab sindirilgan hayvonni qurbonlik qilish joiz. Sun'iy urchitilgan hayvonni ham qurbonlik qilsa bo'ladi.

Qurbonlikka atalgan hayvon g'ilay, qo'tir bo'lishi, qorni to'ygandan so'ng o'ynoqlashi, qiyshayib qolishi, yo'tal, qisir, quloqlari teshilgan, en solingan, junlari qirqilgan bo'lishining zarari yo'q. Lekin bunday nuqsonli hayvonlarni qurbonlikka so'yish makruhi tanzihiydir.

QURBONLIK MA'LUMOTXONASI

Arafa – Qurbon hayitidan avvalgi kun.

Jaza' – olti oylik qo'y yoki echki.

Zabh – tuyadan boshqa barcha hayvonlarni so'yishdir.

Zuho – choshgoh. Qurbonlik hayitiga ham “Zuho” deyiladi.

Mudobara – qulog'ining uchi kesilgan hayvon.

Musinna — tuyadan besh yoshli, qoramoldan ikki yoshli, qo'y-echkidan bir yoshli bo'lgan hayvon.

Muqobala – qulog'ining bir tomoni kesilgan hayvon.

Nazr – atash, nazr qilish. Nahr – tuya so'yish. Ya'ni hayvonning to'shiga urib yiqitib, keyin uni bo'g'izlash tushuniladi.

Nisob – qurbonlik qilishga qodir kishi. Ya'ni, asl hojatidan tashqari 20 misqol (84 gramm) tillaga yoki 200 dirham (640 gramm) kumushga yoxud shu miqdordagi mablag'ga ega kishi.

Ra'y – fikr.

Saniy – bir yoshli qo'y va echkiga, ikki yoshli molga va besh yoshli tuyaga aytiladi.

Tarviya – yolg'on Arafa kuni, ya'ni arafadan avvalgi kun. Bu kun shak kuni bo'lgani uchun shunday nomlangan.

Tashriq takbiri – Arafa kuni bomdod namozidan boshlab bayramning to'rtinchi kuni asr namozigacha har farz namozi ortidan aytiladigan takbir.

Xarqo – qulog'i en solish uchun yirtilgan hayvon.

Sharqo – qulog'i yorilgan hayvon.

Qurbonlik – lug'aviy ma'nosi: “yaqinlik”, “qurbat hosil qilish” ma'nolarini anglatadi. Qurbonlik bilan Alloh taologa qurbat hosil qilish, ya'ni yaqinlashish tushuniladi. Istilohiy ma'nosi: Alloh roziligi uchun ibodat niyati ila muayyan kunlarda jins, yosh va vasflarini dinimiz belgilab bergan.

“Qurbonlik risolasi”

kitobidan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 2 =