Nayrang yoxud teleo'yin ishtirokchilari 2 mlrd so'mga aldandimi?

Mamlakatimizning tijorat telekanallarida yutuq uchun katta pul mukofoti hamda sovrinlar qo'yilgan o'yinlar namoyishi avj olmoqda. Bunday teleko'rsatuvlarda ishtirokchilar osongina telefon, mebel, yirik maishiy texnika jihozlari, tilla va avtomashinalarni yutib olishlari mumkin. Teleko'rsatuvlar reytingi bilan bir qatorda ko'rsatuvda ishtirok etish istagida bo'lganlar safi ham ortib bormoqda.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga respublikamizning turli hududlaridan xususiy telekanalda namoyish etilgan “Omadingizni bersin” o'yinida qo'lga kiritgan yutuqlarini olish imkoni bo'lmayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda. Bugungi kunga kelib, “Omadingizni bersin” teleo'yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 milliard so'mni tashkil etadi.

Shuni ta'kidlash kerakki, mazkur muammo ijtimoiy tarmoqlarda ham keskin muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

 

TELEO'YIN IShTIROKChISI BO'LISh JUDA OSON VA ODDIY

(televizion o'yinining nizomiga ko'ra):

  1. “MAA” savdo belgisi ostidagi stikerli mahsulotlarini xarid qilasiz.
  2. Stikerni o'chirib, maxfiy kodni topasiz.
  3. Kodni teleo'yin davomida ekranda ko'rsatilgan qisqa raqamga yuborasiz.

Mazkur o'yin “MIA-MAA” MChJ homiyligidagi “MAA” savdo belgisidagi mahsulotlarning xaridorlari o'rtasida o'tkazilmoqda. O'yin davomida telefon raqamlar bazasidan “Random” dasturi yordamida keyingi son ishtirokchilarining telefon raqamlari aniqlanadi.

 

SIZ PLANShET, TELEFON, MEBEL… AVTOMOBIL YuTIB OLDINGIZ!

Teleo'yinning sovrin jamg'armasi turli yutuqlardan tashkil topgan: telefon, planshet, noutbuk, yumshoq mebellar, turli maishiy texnika, tilla (turli grammda) va bosh sovrin — avtomobil.

Har haftada namoyish etilib, tezda mashhurlikka erishgan “Omadingizni bersin” teleko'rsatuvining qoidasiga ko'ra, ishtirokchilar 2ta bo'lakdagi sovrin maketini topgandan so'nggina shu yutuqqa ega bo'ladilar. Misol uchun, “Omadingizni bersin” ko'rsatuvining 13-sonida Farg'ona viloyatida istiqomat qiluvchi X.X.ga omad kulib boqdi va u quyidagi sovrinlarni yutib oldi:

1. Kir yuvish mashinasi.

2. Muzlatgich.

3. Gaz plitasi.

4. Mikroto'lqinli pech.

5. Changyutgich.

6. Planshet.

7. Smartfon …

8. va yana 50 million so'm.

Albatta, bu katta miqdordagi sovrin. Sizni telekanalda ko'rsatishadi, g'olib deb e'lon qilishadi, ammo ko'rsatuv suratga olingandan so'ng, teleo'yin nizomiga ko'ra, teleo'yin efirga uzatilgandan so'ng 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligini xabardor qilishadi. Ishtirokchi bir oy, ikki oy kutadi, 90 kun o'tadi, lekin va'da qilingan sovrindan darak bo'lmaydi. Teleo'yin esa telekanal orqali davom etadi va boshqalar ham u kabi bir nechta qimmatbaho sovrinlarni yutib olishayapti.

Bunday holatga teleko'rsatuvning 4-sonida ishtirok etib, 20 million so'm yutib olgan Farg'ona viloyati Uchko'prik tumanida yashovchi M.U. ham duch keldi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi O.J. joriy yilning 10 avgust kuni bo'lib o'tgan “Omadingizni bersin” ko'rsatuvining 10-sonida bir yo'la 10 million so'm, kir yuvish mashinasi, noutbuk va “Neksiya-3” avtomashinasini yutib oldi. Lekin shu kungacha kutgan sovrinlari va mashinasi ham berilmadi.

Joriy yilning 28 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi A.M. yutgan “Damas” avtomashinasi ham yetkazilmadi.

Namangan viloyatida yashovchi M.M. gaz plitasi, changyutgich, 2 dona smartfon, velosiped, planshet, noutbuk, 20 million so'm yutib oldi. Shu kungacha u ham sovg'aga ega bo'lmadi.

Noutbuk, smartfon, muzlatgich, changyutgich va “Damas” avtomashinasini qo'lga kiritganlardan yana biri Xorazm viloyatida yashovchi A.R. ham hanuzgacha o'z yutuqlarini kutmoqda.

Agentlik so'rovi va o'yin homiysi taqdim etgan ma'lumotga ko'ra, namoyish etilgan ko'rsatuvning jami 15 ta soni g'oliblaridan faqat 1-, 2- ,3- va 12-sonlarida bir nafardan ishtirokchi o'z yutuqlarini qo'lga kiritgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutishmoqda.Ta'kidlash joizki, teleo'yinga ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikamizning turli viloyatlaridan ishtirokchilar poytaxtga kelishgan.

 

“REKLAMA TO'G'RISIDA”GI QONUNGA MUVOFIQ:

Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o'ynaladigan rag'batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag'batlantiruvchi aksiyalarni o'tkazish chog'ida reklama beruvchi rag'batlantiruvchi aksiyani o'tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog'idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e'lon qilishi shart.

Rag'batlantiruvchi aksiyalar o'tkazilishi to'g'risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko'rsatuvchi iboralar bo'lmasligi kerak.

Tegishli mukofot fondi mavjud bo'lmagan holda rag'batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o'tkazish taqiqlanadi.

Undan tashqari, ishtirokchilar teleo'yin nizomidan xabardor bo'lmagan va ularga ma'lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan. Bu bilan Qonunning 21-moddasiga xilof ish tutilgan.

O'z navbatida Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan “MIA-MAA” MChJga nisbatan “Reklama to'g'risida”gi O'zbekis­ton Respublikasi Qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilganligi holati bo'yicha ish qo'zg'atilgan.

Shu bilan birga Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to'p­langan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun ma'lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Umida MANSUROVA,

Iste'molchilar huquqlarini

himoya qilish agentligi

bosh mutaxassisi

 

Hurmatli iste'molchilar!

 

Yodda tuting: Tadbirlarda ishtirok etishdan avval taqdim etilayotgan reklamalarda joylashtirilgan ma'lumotlarda tadbir tashkilotchisi, uni o'tkazish qoidalari va muddatlari, tadbir haqidagi axborot manbai, mukofotlar yoki yutuqlar miqdori, ularni olish muddatlari, joyi va tartiblari borligiga e'tibor bering va ular bilan birma-bir tanishib chiqishingiz maqsadga muvofiq bo'ladi.

Agar Sizda reklama to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga buzilishi yuzasidan aniq ma'lumot bo'lsa, Agentlikning 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkinligini bildiramiz.

Iste'molchilar huquqlarini

himoya qilish agentligi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eighteen =